Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5853-son Farmoni ijrosini taʼminlash, jumladan qishloq xoʻjaligida erkin raqobatni taʼminlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish, paxta va gʻalla yetishtirishda davlat buyurtmasini bekor qilish, ishlab chiqarish iqtisodiy samaradorligini va mahsulot ishlab chiqaruvchilar manfaatdorligini oshirish, investitsiyalarni keng jalb qilish hisobiga qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” AJ, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining 2020-yil hosilidan boshlab paxta xom ashyosini yetishtirishda davlat buyurtmasini bekor qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Paxtachilikda bozor tamoyillari joriy etilishi munosabati bilan paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari va qayta ishlovchi korxonalarning oʻzaro munosabatlarini tartibga solish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
a) 2020-yil hosilidan boshlab:
paxta xom ashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi;
paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar (fermer xoʻjaliklari, paxta-toʻqimachilik klasterlari, kooperatsiyalar)ga rayonlashtirilgan gʻoʻza navlarini erkin joylashtirish huquqi beriladi;
paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarni sifatli urugʻlik bilan taʼminlash maqsadida sertifikatlangan urugʻlik yetkazib berish tizimi (shu jumladan, urugʻlik paxta uchun amaldagi ustama toʻlash tartibi) saqlab qolinadi hamda bosqichma-bosqich Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urugʻchilik klasterlari hamda paxta-toʻqimachilik klasterlari zimmasiga yuklatiladi;
b) respublikaning barcha hududlarida fermer xoʻjaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyalari tashkil etiladi.
(2-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-iyuldagi PF-103-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.07.2024-y., 06/24/103/0542-son)
Quyidagilar kooperatsiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
kooperatsiya aʼzolari bilan shartnomalar tuzish orqali paxta xom ashyosi yetishtirish yuzasidan kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
kooperatsiya aʼzolari tomonidan paxta xom ashyosi yetishtirish uchun zarur boʻlgan mulk komplekslari, texnika, uskuna, transport vositalaridan, paxta tozalash zavodlaridan birgalikda foydalanishni tashkil etish;
kooperatsiya va ularning aʼzolari oʻrtasida imzolanadigan shartnoma asosida kooperatsiya aʼzolarini qishloq xoʻjaligi texnikasi, yonilgʻi-moylash materiallari, mineral oʻgʻit, urugʻlik, shuningdek, kimyoviy va biologik himoya vositalari bilan taʼminlash;
paxta xom ashyosini tayyorlash, tashish, saqlash, qayta ishlash va tegirmon usulida qayta ishlashni shartnomalarga asosan amalga oshirish va vositachilik shartnomalari asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishni tashkillashtirish;
kooperatsiya aʼzolariga agrotexnika, buxgalterlik, konsalting, vositachilik va boshqa xizmatlarni koʻrsatish;
kooperatsiya bilan hamkorlik qilish uchun eksport qiluvchilarni jalb etish, ichki va tashqi bozorlarda marketing tadqiqotlari oʻtkazish;
kooperatsiya aʼzolari tomonidan ishlab chiqariladigan paxta tolasi va ikkilamchi mahsulotlarni birjada yoki birjada shakllangan narxlarda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotish.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasterlariga belgilangan imtiyozlar paxta xom ashyosini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi kooperatsiyalar uchun ham tatbiq etiladi;
v) respublikada ishlab chiqarilgan paxta tolasi uchun birjada boshlangʻich narx shakllanishida amalda qoʻllanilayotgan 10 foiz miqdoridagi chegirma bekor qilinadi;
g) qishloq xoʻjaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarni oʻz vaqtida mahalliy sharoitga mos sifatli urugʻlik bilan taʼminlash, tegishli tartibda ishlov berilmagan urugʻlik orqali kasalliklar tarqalishining oldini olish, paxta xom ashyosi hosildorligini izchil oshirib borish maqsadida 2020-yil hosili uchun urugʻlik chigit “Oʻzpaxtasanoat” AJ tizimidagi urugʻchilik sexlari va paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan yetkazib beriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-dekabrdagi PF-205-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2023-y., 06/23/205/0934-son)
4. Belgilansinki, Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining imtiyozli kredit resurslari hisobidan tijorat banklari tomonidan ajratilgan kredit mablagʻlaridan fermer xoʻjaliklari, paxta-toʻqimachilik klasterlari va urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urugʻchilik xoʻjaliklari agrotexnik tadbirlardan kelib chiqib, erkin foydalanadi hamda moddiy resurslar yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlaydi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-dekabrdagi PF-205-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2023-y., 06/23/205/0934-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
paxta xom ashyosi va donni xarid qilish uchun jalb etiladigan tijorat kreditlari foizining bir qismini qoplab berish uchun respublika budjetidan Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga, ehtiyojga qarab, 700 mlrd soʻmgacha mablagʻ ajratsin;
paxta xom ashyosi va gʻallani sotib olishni kredit resurslari bilan taʼminlashda tijorat banklarida mablagʻlarga ehtiyoj tugʻilganda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari, budjetni qoʻllab-quvvatlash uchun jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, suveren va korporativ xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan tijorat banklarini zarur mablagʻlar bilan taʼminlasin;
ikki oy muddatda paxta xom ashyosi va boshoqli don ekinlarining boʻlgʻusi hosilini sugʻurtalash mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:
paxtachilik sohasida klaster tizimini samarali tashkil etish maqsadida paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomni;
paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etilmagan respublika hududlarida fermer xoʻjaliklarining ixtiyoriy ravishda birlashishi asosida paxta tozalash korxonalari negizida paxta xom ashyosini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi kooperatsiyalar tashkil etishni nazarda tutuvchi qarorni qabul qilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasining “Oʻzpaxtasanoat” AJni tugatish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Oʻzpaxtasanoat” AJni tugatish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzgidromet” markazi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi sohasiga zamonaviy servis xizmatlarini tashkil etish maqsadida daryolar va respublika hududlarida kutilayotgan va mavjud suv resursi, meteorologik, gidrologik va agrometeorologik maʼlumotlarni “on-line” rejimida olish imkonini beruvchi maxsus elektron sahifa tashkil etsin hamda doimiy faoliyatini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga paxta tolasini import qilish boʻyicha cheklovlar oʻrnatilmaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
10. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-dekabrdagi “2020-yilda gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirish va paxta xom ashyosi yetishtirishning prognoz hajmlari toʻgʻrisida”gi 985-son qarorining 1-bandi toʻrtinchi xatboshisi, shuningdek, qarorga 3-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-mart,
PQ-4633-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi PQ-4633-son qaroriga 1-ILOVA
Paxtachilikda bozor tamoyillari joriy etilishi munosabati bilan paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari va qayta ishlovchi korxonalarning oʻzaro munosabatlarini tartibga solish boʻyicha amalga oshiriladigan
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)