PQ-4691-son Qaror · 22.04.2020

Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, budjet, bazaviy infratuzilma va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash uchun tashqi yordam mablagʻlarini jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4691
  • Qabul qilingan sana:22.04.2020
  • Kuchga kirgan sana:23.04.2020
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4691/0485

Sogʻliqni saqlash tizimi va sanitariya-epidemiologiya xizmatining koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni oʻz vaqtida aniqlash va ularga tibbiy yordam koʻrsatish samaradorligini va imkoniyatlarini oshirish, shuningdek, budjetni, qishloq xoʻjaligi, kommunal va energetika sohalaridagi korxonalarni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

1. Xalqaro moliya institutlari (keyingi oʻrinlarda — XMI) bilan umumiy qiymati 3 mlrd AQSH dollaridan ortiq uzoq muddatli imtiyozli kreditlar va grantlarni jalb qilish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar:

Koronavirus global pandemiyasining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish chora-tadbirlari uchun grantlar va uzoq muddatli imtiyozli moliyalashtirishni jalb qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — Yoʻl xaritasi) 1-ilovaga muvofiq;

Investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish doirasida grantlar va uzoq muddatli imtiyozli moliyalashtirishni jalb qilish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi guruh tarkibi (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtiruvchi guruh) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Quyidagilarni taʼminlash Muvofiqlashtiruvchi guruhning eng muhim vazifalari etib belgilansin:

Yoʻl xaritasidagi chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish;

XMI ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash, tasdiqlash va amalga oshirish bilan bogʻliq tezkor qarorlar qabul qilish;

XMI mablagʻlari hisobidan tovarlar va xizmatlar, birinchi navbatda, tibbiy uskunalar va tibbiy buyumlar xarid qilishning jadallashtirilgan mexanizmlarini amaliyotga joriy etish;

jalb qilingan XMI mablagʻlarining tegishli vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, korxonalar va tadbirkorlik subyektlariga ajratilishini tezlashtirish;

tashqi yordam hisobidan moliyaviy koʻmak oluvchi vazirliklar, idoralar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan XMI qarzlari va grantlaridan foydalanishda shaffoflik va hisobdorlik tamoyillariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash.

4. Sogʻliqni saqlash tizimini mustahkamlash uchun XMI grant va qarz mablagʻlarini jalb qilishda quyidagilar ustuvor maqsadlar etib belgilansin:

respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatini tubdan modernizatsiya qilish, tashkiliy tamoyillar, standartlar va javob qaytarish protokollarining epidemiologik vaziyat oʻzgarishlariga muvofiqligini taʼminlash, xalqaro standartlar va ilgʻor amaliyotlarga muvofiq texnik jihozlash va mutaxassislarni tayyorlash;

respublikaning har bir hududida xalqaro standartlarga muvofiq jihozlangan sanitariya-epidemiologiya laboratoriyalarini tashkil qilish;

sanitariya-epidemiologiya xizmatining barcha boʻgʻinlarida ishlashga malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, xalqaro tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilish;

yuqumli kasalliklarni ilgʻor kompyuter texnologiyalari va teletibbiyot usullaridan foydalangan holda, eng avvalo, bolalar va onalarni davolash uchun zamonaviy klinikalar yaratish va jihozlash.

5. Quyidagilar masʼul ijro etuvchi agentliklar etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi — respublika sogʻliqni saqlash tizimi va sanitariya-epidemiologiya xizmatini mustahkamlash uchun jalb qilinayotgan XMIning qarz mablagʻlarini jadal jalb qilish, ulardan samarali va maqsadli foydalanish yuzasidan;

Energetika vazirligi va Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi — Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlarining tegishincha energetika va kommunal sohalaridagi korxonalar aylanma mablagʻlarini moliyalashtirish uchun jalb qilinadigan qarz mablagʻlarini jadal jalb qilish, ulardan samarali va maqsadli foydalanish yuzasidan;

Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi — budjetni qoʻllab-quvvatlash uchun XMI qarzlarini jadal jalb qilish va ulardan samarali foydalanish yuzasidan;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi — meva-sabzavotchilikni rivojlantirish uchun XMI tomonidan taqdim etilayotgan kredit liniyalarini oʻz vaqtida jalb qilish va jadal oʻzlashtirish yuzasidan.

(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PF-36-son Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 06/21/36/1175-son)

Masʼul ijro etuvchi agentliklarga moliyalashtiruvchi XMI bilan kelishilgan holda tender savdolari va xaridlarni oʻtkazmasdan BMT tashkilotlarining global platformalari orqali dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalarni toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilishga ruxsat etilsin.

6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:

uch kun muddatda Osiyo taraqqiyot bankiga respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatini modernizatsiya qilish uchun 100 mln AQSH dollari miqdoridagi uzoq muddatli imtiyozli kredit ajratish boʻyicha soʻrov yuborsin;

oʻn kun muddatda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda mazkur loyiha konsepsiyasini OTB bilan kelishsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi farmatsevtika tarmogʻining ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish bazasini rivojlantirish, shuningdek, yuqumli va boshqa kasalliklarga tashxis qoʻyish va ularni davolash uchun zamonaviy samarali preparatlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish loyihasining moliyalashtirish manbalari yuzasidan 2020-yil 15-mayga qadar Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Muvofiqlashtiruvchi guruh (S. Umurzoqov):

investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish doirasida ijro etuvchi agentliklar, masʼul vazirliklar, idoralar va tijorat banklari vakillarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan hisobotlarini haftada ikki marta eshitgan holda Yoʻl xaritasining samarali bajarilishini taʼminlasin;

har hafta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga Yoʻl xaritasining ijrosi yuzasidan maʼlumotlarni kiritib borsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi zimmasiga budjetni qoʻllab-quvvatlash uchun XMIning qarzlarini jalb qilish boʻyicha javobgarlik yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

bir hafta muddatda budjetni qoʻllab-quvvatlash uchun qarzlarni jalb qilish grafigini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga grafiklarning ijrosi toʻgʻrisida axborot taqdim etib borsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gulyamov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari A.A. Paygamov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 22-aprel,

PQ-4691-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-apreldagi PQ-4691-son qaroriga1-ILOVA

Koronavirus global pandemiyasining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish chora-tadbirlari uchun grantlar va uzoq muddatli imtiyozli moliyalashtirishni jalb qilish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-apreldagi PQ-4691-son qaroriga2-ILOVA

Grantlar va uzoq muddatli imtiyozli moliyalashtirishni jalb qilish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi

* Izoh: guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.