PQ-4707-son Qaror · 07.05.2020

Eksport faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4707
  • Qabul qilingan sana:07.05.2020
  • Kuchga kirgan sana:07.05.2020
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4707/0545

Soʻnggi yillarda tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga doimiy eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tashkil etilib, eksport hajmini oshirish uchun eksport qiluvchi korxonalarga moliyaviy koʻmak berish mexanizmlari yaratildi.

Jahon bozorlarida raqobat keskinlashib borayotgan sharoit mahsulotlar eksporti hajmini oshirish orqali yangi bozorlarga kirib borish va anʼanaviy bozorlarda oʻz oʻrnini mustahkamlash uchun eksport qiluvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni yanada kengaytirish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.

Eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-maydagi PQ-4337-son “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sugʻurta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga muvofiq joriy etilgan mahsulotlarni eksport qilishda, shuningdek qayta ishlash mahsulotlarini “reeksport” bojxona rejimida olib chiqishda tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish mexanizmi mahsulotlarni avtomobil va havo transportida eksportga tashishga ham tatbiq etilsin.

(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi PF-115-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.04.2022-y., 06/22/115/0344-son)

Eksport qilishda avtomobil, temir yoʻl va havo transportida tashish xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadigan mahsulotlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasiga (S.U. Umurzakov) (keyingi oʻrinlarda — Hukumat komissiyasi) eksport qilishda transport xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiyalar taqdim etiladigan mahsulotlar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, subsidiyalar taqdim etish shartlari va miqdorlarini belgilash hamda tartibini tasdiqlash, shuningdek, mahsulot turi, hajmi va eksport yoʻnalishiga qarab subsidiyaning qatʼiy miqdorlarini belgilash vakolati berilsin.

Hukumat komissiyasi bir hafta muddatda mahalliy eksport qiluvchi korxonalar (ularning vakolatli vakillari)ga mahsulotlarni eksport qilishda, shu jumladan 2020-yil 1-apreldan buyon amalga oshirilgan eksport boʻyicha avtomobil, havo va temir yoʻl transportida tashish xarajatlarini qisman kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish tartibini tasdiqlasin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-oktabrdagi PF-6091-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2020-y., 06/20/6091/1399-son)

3. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan eksport operatsiyalari boʻyicha olib oʻtilayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishda jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan joriy qilingan barcha turdagi majburiy toʻlovlar va ijro hujjatlari boʻyicha qarzdorligi mavjudligini tekshirish amaliyoti 2021-yil 1-yanvarga qadar bekor qilinsin.

4. Belgilansinki, eksport qiluvchilar garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda sugʻurta mukofotini qoplashga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan kompensatsiyalar taqdim etiladi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Eksportni ragʻbatlantirish agentligining xarajatlari uchun asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan zarur mablagʻlar ajratsin va 2021-yildan har yili zarur budjet mablagʻlarini nazarda tutsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 7-may,

PQ-4707-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-maydagi PQ-4707-son qaroriga1-ILOVA

Eksport qilishda avtomobil, temir yoʻl va havo transportida tashish xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadigan mahsulotlar

* Import qiluvchi mamlakatdan qatʼiy nazar.

** Transportda tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish 2022-yil 1-yanvargacha amal qiladi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-iyundagi PQ-5146-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2021-y., 07/21/5146/0555-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-maydagi PQ-4707-son qaroriga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-maydagi “Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4335-son qarori 4-bandining “a” kichik bandidan ““Oʻzstandart” agentligining asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq” soʻzlari chiqarib tashlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-maydagi “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sugʻurta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4337-son qarorida:

a) 3-bandda:

birinchi xatboshi “ilovadagi roʻyxatga muvofiq mahsulotlarni eksport qilishda temir yoʻl transportida” soʻzlari “avtomobil, temir yoʻl va havo transportida” soʻzlari bilan almashtirilsin;

ikkinchi xatboshi “tatbiq etilmaydi,” soʻzlaridan keyin “Afgʻoniston Islom Respublikasiga eksport qilinadigan mahsulotlar va” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

b) ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-iyuldagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4406-son qarori 7-bandining “a” kichik bandidan “Oʻzstandart” agentligining asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq” soʻzlari chiqarib tashlansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish, sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4549-son qaroriga ilovaning 4-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi “Chorvachilik tarmogʻini davlat tomonidan koʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4576-son qaroriga 2-ilovaning 1-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.