PQ-4740-son Qaror · 08.06.2020

Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4740
  • Qabul qilingan sana:08.06.2020
  • Kuchga kirgan sana:09.06.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4740/0737

(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PQ-323-sonli qarori tahririda)

Oʻtgan vaqt mobaynida respublikada yer qaʼrini kompleks geologik oʻrganish, uzoq istiqbolga moʻljallangan mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta toʻldirish dasturlarining samarali bajarilishini taʼminlash, yer osti boyliklaridan oqilona foydalanish va ularning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha yagona geologiya xizmatini tashkil qilish yuzasidan bir qator kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, kelgusida ushbu sohada foydali qazilmalar zaxiralarini koʻpaytirish va ulardan oqilona foydalanishni taʼminlash, eng avvalo hududlarda zamonaviy sanoat ishlab chiqarishini tashkil etishda yetarli xom ashyo bazasini yaratish uchun quyidagilarga alohida eʼtibor qaratish lozim:

birinchidan, geologiya sohasi ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini hozirgi zamon talablariga toʻliq moslashtirish;

ikkinchidan, geologiya sohasida taʼlim, ilm-fan va amaliyot oʻrtasida uzviy bogʻliqlikni yetarli darajada taʼminlash, yer haqidagi fanlar, shu jumladan ularning fundamental yoʻnalishlari hamda amaliyot oʻrtasida real integratsiyalashuv jarayoni uchun shart-sharoitlar yaratish;

uchinchidan, yer haqidagi fanlar sohasidagi ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning aniq mezonlari hamda samarali mexanizmlarini joriy etish;

toʻrtinchidan, kadrlar tayyorlash tizimida moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini yaratgan holda oliy taʼlim muassasalariga halol va yuqori malakali xodimlarni jalb qilish.

Geologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish, oʻqitishning zamonaviy uslublaridan keng foydalanish, geologiya sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, taʼlim jarayonining moddiy-texnika bazasini ilgʻor xorijiy texnologiyalar asosida mustahkamlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat geologiya qoʻmitasi), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining geologiya sohasida taʼlim, ilmiy-tadqiqot va amaliyot integratsiyasiga ixtisoslashgan, Davlat geologiya qoʻmitasi taʼsischiligida davlat muassasasi shaklidagi Geologiya fanlari universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

geologiya sohasining ilmiy-tadqiqot, ishlab chiqarish va boshqa vazifalari bilan uzviy bogʻlagan holda, yuqori malakali va zamonaviy fikrlovchi oliy maʼlumotli kadrlarni xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq tayyorlash;

zamonaviy taʼlim dasturlari va shakllarini ishlab chiqish va joriy etish, oʻquv jarayoniga ilgʻor pedagogika va axborot texnologiyalarini hamda fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini qoʻllash, ilmiy-pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash;

fan va taʼlimning uzviyligi va uzluksizligi tamoyili asosida, shuningdek, jahon taʼlimi va ilmiy hamjamiyatiga integratsiyalashuvni taʼminlash hisobiga mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish;

geologiya sohasida taʼlim, ilm-fan va amaliyotning uzviy integratsiyalashuvi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarga iqtidorli talabalarni keng jalb qilish, ularni samarali ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish;

foydali qazilmalarning yangi turlarini aniqlash, ularni geologik oʻrganish va sanoatda oʻzlashtirishning zamonaviy usullari, innovatsion va raqamli texnologiyalarni joriy etishga yoʻnaltirilgan ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish;

yer haqidagi fanlar sohasidagi ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishning aniq mezonlari va samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, ularning natijalarini geologiya sohasi amaliyotiga keng joriy qilish;

xorijiy davlatlarning yetakchi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, biznes-hamjamiyatlari va xalqaro geologik jamiyatlar bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish hamda mustahkamlash;

geologiya sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, jahon geologiya fani hamda amaliyoti erishgan yutuqlar va yangiliklarni chuqur oʻrgatish asosida ularga yetkazish, shuningdek, oʻquv dasturlarini takomillashtirib borish;

foydali qazilmalar namunalari kolleksiyalarini yigʻish, saqlash va toʻldirib borish, noyob va ilmiy-maʼrifiy ahamiyatga molik boshqa eksponatlarni yaratish, shuningdek, yer osti boyliklari va geologik xilma-xillik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni jamoatchilik orasida keng targʻib qilish.

3. Davlat geologiya qoʻmitasi:

bir oy muddatda Universitet ustavining ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;

ikki oy muddatda oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari uchun belgilangan meʼyorlar va ilgʻor xalqaro tajribani oʻzida mujassamlashtirgan Universitetning tashkiliy tuzilmasining ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-sentabrga qadar Universitet professor-oʻqituvchilarining tarkibini yuqori malakali kadrlar bilan, shu jumladan ilmiy-tadqiqot institutlari ilmiy xodimlari hisobidan toʻldirilishini taʼminlasin.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

Universitet Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, togʻ-kon sanoati korxonalari va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun geologiya yoʻnalishidagi malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish boʻyicha respublikaning ixtisoslashgan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi;

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PQ-323-sonli qarori tahririda)

Mineral resurslar instituti, Geologiya va geofizika instituti, Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti, Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti, Togʻ-kon va geologiya sohasi xodimlari malakasini oshirish instituti, Geologiya muzeyi hamda Kitob geologiya tabiat milliy bogʻi Universitet tarkibiga kiradi. Bunda ushbu tashkilotlar va “Oʻzbekgidrogeologiya” davlat muassasasi Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani Olimlar koʻchasi 64-va 45-uy manzilidagi Universitet kampusining binolarida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi;

(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PQ-323-sonli qarori tahririda)

Toshkent shahridagi Italiyaning Piza universiteti filiali Universitet kampusiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi hamda unga Universitet binolaridan, oʻquv-laboratoriya, kutubxona, sport majmuasi, yotoqxona, oshxona va inventarlardan tekin foydalanishga ruxsat beriladi;

(4-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PQ-323-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)

Universitetga talabalar Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi buyurtmalariga asosan shakllantiriladigan va har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi;

(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PQ-323-sonli qarori tahririda)

Universitetda kadrlar mazkur qarorning 1-ilovasida keltirilgan yoʻnalishlar (mutaxassisliklar) boʻyicha tayyorlanadi;

Universitetda talabalar Oʻzbekiston Respublikasining davlat taʼlim standartlari asosida geologiya va konchilik yoʻnalishidagi yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan Sankt-Peterburg konchilik universitetining (Rossiya Federatsiyasi) qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha, ular bilan erishiladigan kelishuvlarga muvofiq oʻqitiladi;

Universitet tegishlicha Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi tashkilotlar va “Oʻzbektelekom” AJning Toshkent shahar, M. Ulugʻbek tumani, Olimlar koʻchasi 43, 45, 49, 64-uy manzillaridagi, Universitet avtogaraji esa Toshkent shahar, Yashnobod tumani, M. Ashrafiy koʻchasi 70-uy manzilidagi mavjud va yangidan quriladigan bino va inshootlarida joylashtiriladi va ular operativ boshqaruv huquqi asosida Universitetga beriladi.

(4-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PQ-323-sonli qarori tahririda)

Bunda, “Oʻzbektelekom” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi Universitetga berilayotgan obyektning balans (qoldiq) qiymatiga kamaytiriladi.

5. Universitet faoliyati quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:

talabalarni davlat grantlari asosida oʻqitish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligiga ajratiladigan mablagʻlari;

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PQ-323-sonli qarori tahririda)

Universitet tomonidan Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan toʻlov-kontrakt asosida talabalarni oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;

(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PQ-323-sonli qarori tahririda)

har yilgi mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta toʻldirish davlat dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot loyihalarini moliyalashtirish, saqlash va boshqa xarajatlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlar;

(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PQ-323-sonli qarori tahririda)

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar;

(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PQ-323-sonli qarori tahririda)

respublika va xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;

Universitet tomonidan shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Universitetga akademik erkinlik hamda oʻzini oʻzi moliyalashtirish va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash tamoyillari asosida xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish huquqi berilsin.

6. Geologiya fanlari universitetining Geoinnovatsion texnologiyalar markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etilsin.

Belgilansinki, Markazda:

yer qaʼrini geologik oʻrganish, oqilona foydalanish va muhofaza qilish sohasida tadqiqotlar va ishlanmalarni yanada rivojlantirish uchun ilgʻor ilmiy-texnik baza yaratiladi va samarali faoliyat yuritiladi;

mineral xom ashyoni oʻrganishning eng yangi usullarini va texnologiyalarini egallagan malakali kadrlarning yangi avlodi tarbiyalanadi;

pirovard natijada, yer osti boyliklaridan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish va moddiy qiymatlarni qayta toʻldirishga yoʻnaltirilgan ixtirochilik gʻoyalari va loyihalari shakllanishi uchun noyob tadqiqot maydonchasi, izlanuvchanlik va ixtirochilik muhiti yaratiladi;

global innovatsion tizimga integratsiya qilish, zamonaviy raqobatbardosh usullar va texnologik yechimlar yaratish uchun investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalarni jalb etishga, shuningdek, ilmiy-texnik va innovatsion dasturlarda, xalqaro konkurslar va grantlarda faol qatnashishga imkoniyatlar yaratiladi.

Markazni jihozlash uchun zamonaviy laboratoriya-texnologik uskunalar va inventarlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat geologiya qoʻmitasi, “Navoiy KMK” AJ va “Olmaliq KMK” AJning Markazni zamonaviy laboratoriya-texnologik uskunalar va inventarlar bilan jihozlash “Navoiy KMK” AJ va “Olmaliq KMK” AJ tomonidan teng ulushlarda ajratadigan homiylik mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

“Oʻzbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi Akkreditatsiya markazi” davlat unitar korxonasi belgilangan tartibda Markaz laboratoriyalarining akkreditatsiyadan oʻtkazilishini taʼminlasin va keyinchalik Markazning xalqaro tan olingan akkreditatsiya organlarida akkreditatsiyadan oʻtishiga koʻmaklashsin.

Universitet va uning tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlariga Markazning binolari va zamonaviy laboratoriya-texnologik uskunalari hamda inventarlaridan tekin foydalanish huquqi berilsin.

(6-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PQ-323-sonli qaroriga asosan oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilgan)

7. 2022-yil 1-yanvarga qadar Universitet faoliyatini taʼminlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatga muvofiq import qilinadigan kitoblar, jurnallar, oʻquv adabiyotlari, dasturiy taʼminotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari, oʻquv va ilmiy laboratoriyalar hamda sarflanadigan laboratoriya materiallari (reaktivlar, kimyoviy idish, butlovchi, biologik materiallar va boshqa obyektlar), shuningdek, 2-ilovaga muvofiq Markaz uchun “Geoltextaʼminot” davlat korxonasi tomonidan import qilinadigan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskunalar va inventarlar bojxona bojidan ozod qilinsin.

8. Davlat ilmiy texnika dasturlari doirasida “Raqamli geologiya” va “Togʻ jinslari va minerallarning milliy elektron bazasi” loyihalari amalga oshirilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Davlat geologiya qoʻmitasi 2021-yil 1-martga qadar:

foydali qazilmalar yagona elektron platformasini ishlab chiqsin;

Universitetda raqamli aero-kosmik suratlardan foydalangan holda foydali qazilma konlarini masofaviy zondlash boʻyicha kadrlar malakasini oshirish kurslarini joriy qilsin.

9. Universitet faoliyatini oʻz vaqtida yoʻlga qoʻyish va belgilangan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlash maqsadida, istisno tariqasida:

“Geoltextaʼminot” davlat korxonasiga, Universitet va uning tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlariga — Markazni jihozlash uchun mazkur qarorga 2-ilovada nazarda tutilgan zamonaviy laboratoriya-texnologik uskunalar va inventarlarni xarid qilish uchun texnik topshiriqlarni “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda majburiy ekspertizadan oʻtkazmaslikka;

(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PQ-323-sonli qarori tahririda)

Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga — har yilgi mineral xom ashyo bazasini rivojlantirish davlat dasturlarini bajarish uchun geologiya-qidiruv ishlariga oʻzaro hamda ilmiy-tadqiqot va laboratoriya-tahlil ishlariga Universitet bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat berilsin.

(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi PQ-323-sonli qarori tahririda)

10. Davlat geologiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2020-yil 1-sentabrga qadar:

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda 2020/2021 oʻquv yili uchun Universitetga talabalarni qabul qilish jarayonini talabga muvofiq oʻtkazilishini taʼminlasin;

oʻquv jarayoniga ilgʻor taʼlim metodikalari va texnologiyalarini, bilim darajasini baholash mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, amaliy mashgʻulotlar va oʻquv ishlab-chiqarish amaliyotlarining davomiyligini oshirishni nazarda tutuvchi Universitet fan dasturlari va oʻquv rejalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;

Universitet huzurida yetakchi geologiya va konchilik yoʻnalishidagi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining, shu jumladan Sankt-Peterburg konchilik universitetining maxsus umumtaʼlim va bazaviy texnik fanlarini oʻqitishga ixtisoslashgan Boshlangʻich muhandislik tayyorlash markazini tashkil etsin.

Universitet huzuridagi Boshlangʻich muhandislik tayyorlash markazi bitiruvchilari oʻz oʻqishlarini mutaxassisligi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat geologiya qoʻmitasining nufuzli taʼlim muassasalari bilan kelishuviga asosan xorijiy oliy taʼlim muassasalarida, shu jumladan Sankt-Peterburg konchilik universitetida yoki Universitetda davom ettirishi belgilab qoʻyilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

2020-2021 oʻquv yilida Universitet talabalarini qabul qilish va oʻqitish jarayonini oʻz muddatida tashkil qilish maqsadida, birinchi oʻquv yilida ularni I. Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining togʻ-kon ishi fakulteti va oʻquv-laboratoriya binolarida taʼlim olishlariga sharoit yaratib bersin;

Davlat geologiya qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq Universitetda tayyorlanadigan mutaxassisliklar roʻyxatini inobatga olgan holda, Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga belgilangan tartibda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini taʼminlasin.

Universitet 2020-2021 oʻquv yilida I. Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

12. Quyidagilar:

Geologiya fanlari universitetini tashkil etish va unda fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini yoʻlga qoʻyish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;

Geologiya fanlari universitetida sanoat korxonalaridagi geologiya sohasiga oid muammolar yechimiga qaratilgan ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishning maqsadli dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari mazkur qarorning 3 va 4-ilovalarida nazarda tutilgan chora-tadbirlar hamda ilmiy-tadqiqot loyihalarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash uchun shaxsan masʼul ekanliklari belgilab qoʻyilsin.

13. Geologiya fanlari universitetining Vasiylik kengashi tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar Universitet Vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:

yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish, undan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida oliy taʼlimni rivojlantirishga yoʻnaltiruvchi yangi shakllar, dasturlar va istiqbolli tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, ilmiy ishlanmalar natijalarini geologiya-qidiruv ishlari amaliyotiga samarali joriy qilish;

Universitetning taʼlim va ilmiy-tadqiqot salohiyatini rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash, hamkorlik bitimlarini tuzish amaliyotini rivojlantirish va ularni amalga oshirish;

ilmiy-texnik ishlanmalarni moliyalashtirish va strategik loyihalarni amalga oshirish uchun respublika va xalqaro grant mablagʻlarini jalb qilishga koʻmaklashish;

Universitetni muntazam rivojlantirishni taʼminlash uchun homiylik xayriya mablagʻlarini, texnik qoʻllab-quvvatlash (grantlar) va budjetdan tashqari boshqa mablagʻlarni jalb qilish;

Universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy oʻquv-laboratoriya va tajriba-sanoat uskunalari bilan taʼminlashga yordam koʻrsatish;

taʼlim va ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish;

davlat, jamiyat va biznes tuzilmalari bilan bitiruvchilarni ishga joylashtirish boʻyicha yanada samarali hamkorlik qilish;

Universitetning pedagog, ilmiy va boshqa xodimlari ish sharoitlarini hamda ijtimoiy taʼminotini yaxshilash.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat geologiya qoʻmitasi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 8-iyun,

PQ-4740-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi PQ-4740-son qaroriga1-ILOVA

Geologiya fanlari universitetida mutaxassislar tayyorlanadigan oliy taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklar)

Izoh. Geologiya fanlari universitetida kadrlar har yili tasdiqlanadigan kvotalar doirasida belgilangan taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklar) boʻyicha tayyorlanadi.

Taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklar) roʻyxatiga isteʼmolchi tashkilotlarning kadrlarga ehtiyojlarini inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda, Vasiylik kengashi tomonidan oʻzgartirishlar yoki qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi PQ-4740-son qaroriga2-ILOVA

Geologiya fanlari universitetining Geoinnovatsion texnologiyalari markazini jihozlash uchun zamonaviy laboratoriya-texnologik uskunalar va inventarlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi PQ-4740-son qaroriga3-ILOVA

Geologiya fanlari universitetini tashkil etish va unda fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini yoʻlga qoʻyish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi PQ-4740-son qaroriga4-ILOVA

Geologiya fanlari universitetida sanoat korxonalaridagi geologiya sohasiga oid muammolar yechimiga qaratilgan ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi PQ-4740-son qaroriga5-ILOVA

Geologiya fanlari universitetining Vasiylik kengashi

Izoh. Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.