Oʻzbekiston Respublikasida mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yoʻnaltirilgan sifat jihatdan yangi darajada amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohot va oʻzgartirishlar xalqaro moliya institutlari bilan amaliy munosabatlarni yoʻlga qoʻyish va ular bilan intensiv muloqot oʻrnatish, shuningdek, uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirishni taqozo etadi.
Respublikaning Jahon banki Guruhi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari bilan mamlakat iqtisodiyotining eng muhim tarmoqlarini isloh qilishda koʻmaklashish boʻyicha ustuvor investitsiya loyihalari va dasturlarini amalga oshirishdagi sherikligi faol rivojlanib va chuqurlashib bormoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa va taraqqiyot banki oʻrtasida oʻzaro ishonch, hurmat va manfaatlarni inobatga olish tamoyillari asosidagi sheriklik munosabatlarida yangi bosqich boshlandi. 2017-yilning noyabrida bankning Toshkent shahridagi vakolatxonasi oʻz faoliyatini qayta tikladi.
Keyingi bir yarim yil mobaynida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan respublikada tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash loyihalarini moliyalashtirish uchun 190 million dollardan koʻproq miqdorda kredit liniyalari ajratib berildi.
Qishloq infratuzilmasini va uy-joy qurilishini rivojlantirish, energetika tarmogʻi va kommunal xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish, biznesni qoʻllab-quvvatlash sohalari va boshqa yoʻnalishlardagi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish toʻgʻrisida ahdlashuvlarga erishildi.
Qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish, energetika sektorini hamda Oʻzbekiston iqtisodiyotining beshta asosiy tarmoq va sohalarini isloh qilish boʻyicha uzoq muddatli dasturni ishlab chiqishda bank ekspertlarining ishtirok etishlari kelishib olindi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — YETTB) prezidenti S.Chakrabarti bilan 2018-yil 1-avgustdagi uchrashuv chogʻida erishilgan ahdlashuvlarni soʻzsiz amalga oshirish, YETTB bilan sheriklikni yanada kengashtirish va chuqurlashtirish, ustuvor loyihalar hamda oʻzaro hamkorlik dasturlarini qoʻllab-quvvatlash va olgʻa siljitish maqsadida:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasining YETTB bilan uzoq muddatli sherikligining asosiy yoʻnalishlari va vazifalari etib belgilansin:
respublika iqtisodiyotining eng muhim tarmoq va sohalarini isloh qilish boʻyicha uzoq muddatli dasturlarni birgalikda ishlab chiqish va olgʻa siljitish, ushbu maqsadda bankning maslahat va texnik koʻmagini jalb etish;
energetika, yoʻl-transport, kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, Uy-joy qurilishi, zamonaviy ishlab chiqarishlarni barpo etish hamda mamlakatning sanoat tarmoqlari va hududlarini kompleks rivojlantirishning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga YETTBning moliyaviy mablagʻlarini hamda xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etish;
tadbirkorlik subyektlarining investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun respublikaning tijorat banklari tomonidan YETTBning moliyaviy resurslarini faollik bilan jalb etish;
mamlakatda investitsiyaviy iqlim va ishbilarmonlik tadbirlarni olib borish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro imijini yuksaltirish.
2. 2018-2019-yillarda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklikni kengaytirish va chuqurlashtirish doirasidagi tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli komplekslari, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va xoʻjalik birlashmalarining rahbarlari zimmasiga “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar oʻz vaqtida toʻliq va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining raisi S.R. Xolmurodov:
“Yoʻl xaritasi” tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va xoʻjalik birlashmalarining ishlari samarali muvofiqlashtirilishini, shuningdek, yuzaga kelgan masalalarni tezkorlik bilan hal etishda ularga yordam koʻrsatilishini taʼminlasin;
Respublika mintaqalarida xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etgan va davlat-xususiy sherikligi mexanizmlarini tatbiq qilgan holda aniq loyihalarni olgʻa siljitish boʻyicha Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan YETTBning Toshkent shahridagi vakolatxonasi oʻrtasida har oy qoʻshma maqsadli uchrashuvlar va tadbirlarni oʻtkazib tursin;
“Yoʻl xaritasi”ga kiritilgan tadbirlarning toʻla miqyosda amalga oshirilishini taʼminlashda YETTB hamda uning Toshkent shahridagi vakolatxonasi bilan qalin hamkorlik oʻrnatsin;
Tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishini tizimli asosda monitoring qilib borsin, ushbu qarorning ijrosi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Ijro etuvchi apparatiga har oyda batafsil axborot kiritib tursin.
4. Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Banklar uyushmasi va tijorat banklari bilan birgalikda YETTB hamda boshqa xalqaro moliya institutlarining konsultantlarini ekspertlar sifatida jalb etgan holda tadbirkorlik subyektlari uchun mamlakat mintaqalarida seminar va treninglar oʻtkazish amaliyotini kengaytirsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari YETTB mablagʻlari ishtirokida loyihalarni amalga oshirish, joylarda YETTB vakillarining boʻlishi va ofislarining ochilishi va faoliyat yuritishi masalalarini hal etishga butun choralar bilan koʻmaklashsinlar.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmurodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-avgust,
PQ-3900-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-avgustdagi PQ-3900-son qarorigaILOVA
2018-2019-yillarda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklikni kengaytirish va chuqurlashtirish doirasidagi tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-oktabrdagi PQ-3983-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2018-y., 07/18/3983/2106-son)