[Koʻchirma]
Mamlakatimizda aholiga koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar va yordamning manzilliligini yanada oshirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, aholini ijtimoiy himoya qilish tartib-taomillari bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda.
Xususan, jahonda boʻlib oʻtayotgan koronavirus pandemiyasi aholining ehtiyojmand qismini qisqa muddatlarda aniqlash va ularni davlat tomonidan manzilli qoʻllab-quvvatlashning shaffof va samarali instrumentlari boʻlishini taqozo etmoqda.
Shu bilan birga, ushbu sohada zarur idoraviy axborot tizimlari, elektron resurs va maʼlumotlar bazalari mavjud emasligi qogʻozda ish yuritishdan voz kechish, davlat ijtimoiy xizmati yoki yordamini taqdim etish vaqtini qisqartirish imkoniyatini bermayapti.
Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishning yagona tizimini yaratish maqsadida:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
2019-yilning 1-oktabridan Sirdaryo viloyatida tajriba loyihasi doirasida bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa, 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqalar va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam (keyingi oʻrinlarda — ijtimoiy nafaqalar) tayinlashni koʻrib chiqish va belgilash tartib-taomillari “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish YUNISEFning Oʻzbekistondagi Vakolatxonasining granti asosida beriladigan moliyaviy, texnik va ekspert koʻmagi asosida amalga oshirilmoqda;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimini respublika boʻylab joriy etish uchun kompyuter uskunalari va periferiya qurilmalarini sotib olish Jahon banki imtiyozli krediti hisobiga amalga oshiriladi;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi foydalanuvchisi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hisoblanadi.
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-iyundagi PQ-5144-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.06.2021-y., 07/21/5144/0548-son)
2. Belgilansinki:
2020-yilning 1-sentabridan boshlab, ijtimoiy nafaqalarni tayinlash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari 1-ilovaga muvofiq bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi vositasida amalga oshiriladi;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi “Elektron hukumat” tizimining tarkibiy qismidir;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (keyingi oʻrinlarda — shaxsiy identifikatsiya raqami) “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida jismoniy shaxsning identifikatori hisoblanadi;
davlat ijtimoiy xizmatlari yoki yordamini taqdim etish doirasida davlat organlari va tashkilotlarining idoralararo elektron hamkorligi “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsion platformasi orqali amalga oshiriladi.
3. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimini joriy etishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilansin:
idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllash vositasida oʻzaro hujjat almashish jarayonini avtomatlashtirish orqali davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etish uchun zarur boʻlgan maʼlumotnoma va tasdiqlovchi hujjatlar sonini tubdan qisqartirish;
belgilangan mezonlarga muvofiq kam taʼminlangan oilalarning ehtiyojmandlik darajasini, shuningdek, ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtab boʻlgan fuqarolar tomonidan taqdim etilgan tadbirkorlik, meʼmorchilik, hunarmandchilik kabi yoʻnalishlardagi loyihalarni obyektiv baholash, davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etish jarayonlarini avtomatlashtirish orqali qarorlarni qabul qilishda subyektiv yondashuvni bartaraf etish;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyundagi PQ-299-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2022-y., 07/22/299/0572-son)
aholining ehtiyojmand toifasi tarkibi oʻzgarishi dinamikasi monitoringi va tahlilini yuritish, ularni baholash mezonlarini respublika va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini hisobga olgan holda takomillashtirish;
davlat ijtimoiy xizmatlari va ijtimoiy yordam oluvchilarning doimiy yangilanib turadigan yagona maʼlumot bazasini shakllantirish;
manfaatdor vazirlik, idoralar va tashkilotlarning oʻzlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishda xizmatlarni bepul yoki imtiyozli asosda taqdim etishi uchun maʼlumot bilan taʼminlash.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 2-ilovada nazarda tutilgan hujjatlar va maʼlumotlar fuqarolardan talab etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
belgilangan tartibda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan shaxslar yoki oilalar qoʻshimcha hujjatlar va maʼlumotnomalarni taqdim etmasdan 3-ilovaga muvofiq xizmatlar va imtiyozlardan ham foydalanishga haqlidir;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
Ijtimoiy reyestrga kiritilganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi va oʻn ikki oy davomida amal qiladi.
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
5. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi va manfaatdor vazirlik va idoralar axborot tizimlari oʻrtasida oʻzaro elektron hamkorlikni yanada yaxshilash va kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Dastur ijrosi ustidan doimiy monitoring oʻrnatsin va chora-tadbirlarni bajarish muddatlarining buzilishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini koʻrish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2021-yilning 1-yanvariga qadar “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (keyingi oʻrinlarda — FHDY organlari) arxivlarida qogʻoz tashuvchilarda saqlanayotgan hujjatlarning elektron bazalari shakllantirilishini taʼminlasin.
Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi 2020-yil 1-sentabrga qadar FHDY organlari arxivlarida qogʻoz tashuvchilarda saqlanadigan hujjatlarning elektron maʼlumotlar bazalarini shakllantirish uchun zarur boʻladigan qoʻshimcha xodimlarni vaqtincha ishga jalb etish va ularni joylashtirish choralarini koʻrsin, ularga zarur boʻlgan kompyuter va boshqa orgtexnika vositalari, ofis jihozlari, kanselyariya tovarlari, telefon va internet aloqasi bilan taʼminlasin, shuningdek, arxiv hujjatlari bilan ishlash tartibiga qatʼiy rioya qilinishini nazorat qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq FHDY boʻlimlari arxivlarida qogʻoz tashuvchilarda saqlanadigan hujjatlarning elektron maʼlumotlar bazalarini shakllantirish, shuningdek, shartnoma asosida xodimlarni vaqtinchalik jalb etish hamda zarur kompyuter va boshqa orgtexnika vositalarini xarid qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan 30 mlrd soʻm mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.
Belgilansinki:
Adliya vazirligi tomonidan mazkur qaror doirasida kompyuter va boshqa orgtexnika vositalari, istisno tariqasida, eng yaxshi takliflarni tanlab olish orqali xarid qilinishi mumkin;
(7-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
“FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimida FHDY organlarining arxivlarida qogʻoz tashuvchilarda saqlanadigan hujjatlarning elektron maʼlumotlar bazalarini shakllantirish boʻyicha tadbirlar toʻliq yakunlangandan keyin, ushbu qaror doirasida xarid qilingan kompyuter va boshqa orgtexnika vositalari, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining taqsimotiga muvofiq tegishli tumanlar (shaharlar) umumtaʼlim muassasalariga belgilangan tartibda begʻaraz oʻtkazib beriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashgan platformasi orqali “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi bilan idoraviy axborot tizimlari va resurslari oʻrtasida sifatli va toʻlaqonli axborot almashinuvini taʼminlasin, bunda Moliya vazirligiga har tomonlama, shu jumladan zarur texnik koʻmak bersin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2020-yil yakuniga qadar Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish” loyihasi doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi toʻlaqonli va sifatli ishlashi uchun zarur boʻlgan serverlar, kompyuter va boshqa texnika vositalar, asbob-uskunalarni sotib olishni;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi funksional imkoniyatlarini kengaytirishni;
“FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimida ariza beruvchining oila aʼzolari tarkibini aniqlash funksiyasi joriy etilganidan soʻng “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash uchun arizalar elektron tarzda onlayn rejimida qabul qilinishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga tijorat banklari bilan birgalikda 2020-yil 1-oktabrga qadar maʼlumotlar taqdim etish maxfiyligi va yopiqligini taʼminlash asosida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga ariza beruvchi va uning oila aʼzolari nomiga olingan pul oʻtkazmalari va ochilgan depozit hisobvaraqlaridagi qoldiqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olinganda ariza beruvchilar va ularning muomalaga layoqatli oila aʼzolari roziligi bilan taqdim etish imkoniyatini yaratish tavsiya etilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi oʻzlarining hamda tarkibidagi tashkilotlarning xizmatchilari va xodimlari, ularning oila aʼzolari (turmush oʻrtogʻi va bolalari) shuningdek, pensionerlari tomonidan ijtimoiy nafaqalar va kam taʼminlangan oilalar uchun nazarda tutilgan boshqa davlat ijtimoiy xizmatlarini olish uchun “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali arizalar taqdim etishini cheklash va ularning koʻrib chiqilishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrsin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-iyuldagi PF-117-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2023-y., 06/23/117/0530-son)
Bunda ushbu talablar ish haqi toʻgʻrisida maʼlumotlari Soliq qoʻmitasining fuqarolar ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestrida mavjud boʻlgan hamda mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnomalari “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida hisobga qoʻyilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoniga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi 2021-yil 1-yanvarga qadar “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimidagi fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlariga fuqarolarga tegishli boʻlgan shaxsiy identifikatsiya raqamini biriktirish orqali ariza beruvchining oila aʼzolari tarkibini aniqlash funksiyasi joriy etilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
bir oy muddatda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, ijtimoiy nafaqalarni tayinlashda ustuvorlik daromadi nisbatan pastroq boʻlgan oilalarga berilishi nazarda tutilsin;
ikki oy muddatda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etishning yagona tizimini joriy etish, ijtimoiy nafaqalarni, xizmatlarni va yordamni tayinlashda asos qilib olinadigan muhtojlikni aniqlash mezonlarini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingunga qadar Sirdaryo viloyatining kam taʼminlangan oilalariga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi boshqa hududlarga ham tatbiq etilsin.
15. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ushbu qaror maqsadi va vazifalari ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmogʻida keng yoritilishini taʼminlasin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 4-avgust,
PQ-4797-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-avgustdagi PQ-4797-son qaroriga1-ILOVA
Respublikaning barcha hududlarida ijtimoiy nafaqalarni tayinlash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va ularni tayinlash jarayoniga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimini bosqichma-bosqich joriy etish
* “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimini joriy etish boʻyicha tashkiliy ishlar jadallashtirilganda, ushbu axborot tizimi mazkur jadvalda koʻrsatilgan muddatlardan oldin joriy etilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-avgustdagi PQ-4797-son qaroriga2-ILOVA
2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishda fuqarolardan talab etilishiga yoʻl qoʻyilmaydigan hujjatlar va maʼlumotlar
1. Doimiy yashash uchun roʻyxatdan oʻtganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma.
2. Oila tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, bolalar soni va ularning yoshi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, vafot etganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, turmush qurganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, ajrashganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma.
3. Avtotransport vositasi mavjudligi va uning texnik holati toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.
4. Oilaning (oila aʼzolarning) rasmiy daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar.
5. Koʻchmas mulkning mavjudligi, koʻchmas mulk hajmi, foydalanuvda boʻlgan yerning boniteti toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar.
6. Ish qidiruvchi, ishsiz, jamoat ishlari bilan bandlik maqomi berilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar.
7. Pensiya va nafaqa koʻrinishidagi daromadlari, 1 va 2 guruh nogironligi boʻlgan shaxslar ekanligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.
8. Mehnat faoliyati bilan vaqtincha shugʻullanish imkoniyatini bermaydigan kasallikning mavjudligi, nogironlik guruhining mavjudligi, doimiy parvarishga muhtoj oila aʼzosining mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar.
9. Bank plastik kartasining mavjudligi, toʻlovlar va vedomostlarni yuborish, toʻlangan mablagʻlar toʻgʻrisidagi hisobotlar, oila aʼzolariga kelib tushgan pul oʻtkazmalari, bank plastik kartasi qoldiqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar.
10. Oila aʼzolarining qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshirgan operatsiyalari, dividendlar olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar.
11. Talabalar safida mavjudligi, stipendiya miqdori, oʻqish shakli (kunduzgi, sirtqi), oʻqish turi (davlat granti, toʻlov kontrakt) toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-avgustdagi PQ-4797-son qaroriga3-ILOVA
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bepul yoki imtiyozli shartlarda koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar
(3-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
1. Davlat maktabgacha taʼlim muassasalarida ota-onalar toʻlovidan ozod etish.
2. Maktabgacha taʼlim muassasalarida oʻrnatilgan miqdorlarda ota-onalar toʻlovini toʻlash.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
5. Ayrim fanlarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan umumiy oʻrta maktablar oʻquvchilarini ovqatlanish xarajatlaridan ozod etish.
6. Sanʼat maktablari, musiqa maktablari, “Barkamol avlod” markazlari va boshqa maktabdan tashqari taʼlim muassasalarida oʻqish xarajatlaridan ozod etish.
7. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning nogironligi boʻlgan aʼzolarini protez — ortopediya moslamalari bilan taʼminlash.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
Eʼtibor bering. 7-bandga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni bilan 2026-yil 1-fevraldan kuchga kirishi belgilangan oʻzgartirish mavjud.
8. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida bepul maxsus (ambulator yoki kunduzgi) tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha yoʻllanma (order) olish.
Izoh: Ijtimoiy reyestr orqali mazkur ilovada koʻrsatilmagan boshqa ijtimoiy xizmatlar va imtiyozlar ham joriy etilishi mumkin.
(izoh Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-avgustdagi PQ-4797-son qaroriga4-ILOVA
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi va manfaatdor vazirlik va idoralar axborot tizimlari oʻrtasida oʻzaro elektron hamkorlikni yanada yaxshilash va kengaytirish boʻyicha
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-73-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 07/21/73/1227-son)
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)