PF-6074-son Farmon · 25.09.2020

Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-6074
  • Qabul qilingan sana:25.09.2020
  • Kuchga kirgan sana:26.09.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/20/6074/1322

Soʻnggi yillarda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv obyektlarini davlat tomonidan tartibga solish, boshqarish va ekspluatatsiya qilish tizimini takomillashtirish maqsadida hududiy suv taʼminoti korxonalarini birlashtirgan holda “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzsuvtaʼminot” AJ) tashkil etildi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) tizimiga oʻtkazildi. Natijada Vazirlikning ushbu sohadagi nazorat funksiyalari kengaytirilib, unga xos boʻlmagan xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq vazifalar “Oʻzsuvtaʼminot” AJga yuklatildi.

Suv taʼminoti va oqova suv xizmatlarini koʻrsatish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, sohada shaffoflik hamda xususiy sektorning ishtirokini taʼminlash, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va suv taʼminoti tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. 2020-yil 1-oktabrdan boshlab ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv sohasida investitsiya loyihalarini saralash, amalga oshirish hamda ularning natijadorligini monitoring qilish boʻyicha shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

loyiha takliflari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlarida muhokama qilinishi va faqatgina ularning roziligi bilan amalga oshirilishi shart va har bir loyihaning bajarilishi holati muntazam ravishda tegishli mahalliy hokimiyat vakillik organlari deputatlari tomonidan joylarga chiqqan holda monitoring qilib boriladi;

shakllantirilgan loyiha takliflari boʻyicha loyihaoldi tadqiqotlari “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari, loyiha tashkilotlari hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan birgalikda har bir hududning xususiyatlarini inobatga olgan holda oʻtkaziladi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda loyihalarning sifatli amalga oshirilishi va hukumat kafolati ostida xalqaro moliya institutlaridan olingan kreditlarning qaytarilishi uchun javobgar hisoblanadi;

ichimlik suvi taʼminoti loyihalarida loyiha tashabbuskorining tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, hisoblagichlarning majburiy ravishda oʻrnatilishi bilan bir qatorda ichimlik suvi uy xoʻjaligigacha oʻtkazilishi ham nazarda tutiladi. Bunda, tarmoqlarni uy xoʻjaligigacha yetkazish sarf-xarajatlari amalga oshirilayotgan loyiha doirasida ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplab beriladi.

2. Belgilansinki, buyurtmachi va pudrat tashkiloti oʻrtasida suv taʼminoti va oqova suv sohasidagi investitsiya loyihasini amalga oshirish yuzasidan tuzilgan shartnomada va unga ilova qilinadigan mablagʻ bilan taʼminlash jadvalida quyidagilar hisobga olinishi zarur:

a) qurilishi yangidan boshlanayotgan tayyor holda foydalanishga topshiriladigan obyektlarni qurishda:

belgilangan tartibda ajratilgan avansning mutanosib ravishda ushlab qolinishini hisobga olgan holda, bajarilgan ishlar qiymatining 90 foizi miqdorida har oyda joriy moliyalashtirish;

belgilangan tartibda tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan kafolatli muddat oʻtgandan keyin obyekt qiymatining 10 foizini toʻlash;

b) obyektlarni shartnoma asosida qurishda (keyingi yilga oʻtuvchi obyektlar, obyektlarni foydalanishga tayyor holda qurish hollaridan tashqari) ishlarning amalda bajarilishidan kelib chiqib, obyekt qiymatining kamida 90 foizi miqdorida har oyda joriy moliyalashtirish hamda qolgan 10 foiz miqdoridagi qismini shartnomada nazarda tutilgan kafolatli muddat oʻtgandan keyin, biroq moliyaviy yil tugashidan kechiktirmay toʻlash.

3. 2020-yil 1-oktabrdan boshlab hududlarda tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, suv taʼminoti va oqova suv tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlar (tariflar) ular boʻyicha dastlab sohada davlat siyosatini yurituvchi vakolatli organ va narxlarni (tariflarni) tartibga solish organi xulosalari olinib, keyinchalik tegishligicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarorlari bilan maʼqullanganidan soʻng tasdiqlanadi.

(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-fevraldagi PF-35-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/35/0204-son)

Bunda, suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari uchun tariflarni oʻrnatilgan tartibda shakllantirish va belgilashda isteʼmolchilar uchun koʻrsatiladigan xizmatlar tannarxini toʻliq qoplash nazarda tutiladi, shuningdek, suv taʼminoti va oqova suv tashkilotlarini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish xarajatlari hisobga olinadi.

4. Vazirlik va “Oʻzsuvtaʼminot” AJning 2021-2022-yillarda 1-ilovadagi roʻyxatga muvofiq tuman va shaharlarning ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini tadbirkorlik subyektlariga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida topshirish (keyingi oʻrinlarda — davlat-xususiy sheriklik loyihalari) toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Vazirlar Mahkamasi (A. Ramatov) 2021-yil 1-aprelga qadar davlat-xususiy sheriklik loyihalari konsepsiyalarining tasdiqlanishini taʼminlasin.

“Oʻzsuvtaʼminot” AJ (S. Saifnazarov) Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi (Gʻ. Xoljigitov) bilan birgalikda:

2021-yil 1-iyunga qadar tanlov (tender) oʻtkazish toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida hamda oʻz rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilsin;

2021-yil 1-sentabrga qadar tanlov (tender) hujjatlarida bayon etilgan shartlar, muddatlar va tartib-taomillarga muvofiq tanlov (tender) gʻolibi bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitimlarni rasmiylashtirsin.

Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi (Gʻ. Xoljigitov) 2021-yil 15-sentabrga qadar davlat-xususiy sheriklik loyihalarining konsepsiyasi va bitimini Davlat-xususiy sheriklik loyihalarining reyestriga kiritsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda xususiy sektorni keng jalb qilishda va xususiy investorlarning barqaror faoliyat yuritishiga amaliy yordam koʻrsatsin.

5. Belgilansinki, ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik subyektlariga berilishi boʻyicha tanlovlar (tender)ni oʻtkazishda tegishli hududdagi fuqarolar yigʻini raisi va boshqa jamoatchilik vakillari ishtiroki taʼminlanishi lozim.

6. Belgilab qoʻyilsinki, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

(6-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)

b) “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tuman (shahar) suv taʼminoti tashkilotlarining moliyaviy mustaqilligini taʼminlash, avariyalarni bartaraf etish, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va joriy taʼmirlashni moliyalashtirish uchun ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlarini koʻrsatishdan tushgan mablagʻlarning kamida 10 foizi ularning maxsus hisob raqamlariga oʻtkaziladi.

(6-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)

7. Quyidagilar:

2021 — 2025-yillarga moʻljallangan respublika va viloyatlarga boʻysunuvchi shaharlar kesimida ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini kompleks rivojlantirish dasturining yigʻma parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

2021 — 2025-yillarga moʻljallangan tuman markazlari kesimida ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini kompleks rivojlantirish dasturining yigʻma parametrlari 3-ilovaga muvofiq;

2021 — 2025-yillarga moʻljallangan respublika va viloyatlarga boʻysunuvchi shaharlar kesimida oqova suv tizimlarini kompleks rivojlantirish dasturining yigʻma parametrlari 4-ilovaga muvofiq;

2021 — 2025-yillarga moʻljallangan tuman markazlari kesimida oqova suv tizimlarini kompleks rivojlantirish dasturining yigʻma parametrlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tegishliligi boʻyicha Investitsiya dasturlarini shakllantirishda ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini kompleks rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilgan loyihalarning investitsiya dasturlariga kiritilishini va ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borilishini taʼminlasin.

8. Belgilansinki:

2020-yil 1-oktabrdan boshlab, Vazirlik har yili markazlashgan ichimlik suvi taʼminoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan taʼminlash va ularga oqova suv xizmatlari koʻrsatish boʻyicha nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan elektron ommaviy axborot vositalarida tanlov eʼlon qiladi. Bunda, davlat ijtimoiy buyurtmalarining maqsadlari, shartlari va vazifalari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;

(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PF-140-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2022-y., 06/22/140/0450-son)

davlat ijtimoiy buyurtmalari doirasida 2021-yilda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida, 2022-yildan boshlab esa respublikaning boshqa hududlarida loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutiladi va loyihalarda oqova suv xizmatlari bilan taʼminlash ham nazarda tutiladi;

davlat ijtimoiy buyurtmalarida nazarda tutilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida ajratiladigan mablagʻlar hisobidan Vazirlikka 2021-yil uchun 14 mlrd soʻm alohida ajratiladi.

Bunda, keyingi yillarda ushbu maqsadlar uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlar va loyihalar soni Vazirlikning asoslantirilgan hisob-kitoblariga koʻra oshirib boriladi.

9. Vazirlik (M. Saliyev) har chorakda davlat ijtimoiy buyurtmalarini oʻz vaqtida berish, loyihalarning samarali amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish ishlari hamda mablagʻlarning sarflanishi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga hisobot kiritib borsin.

Moliya vazirligi (T. Ishmetov) davlat ijtimoiy buyurtmalari doirasida loyihalarni toʻliq va oʻz vaqtida moliyalashtirishni hamda davlat ijtimoiy buyurtmalari doirasida qurilgan ichimlik suvi taʼminoti tizimini boshqaradigan ichimlik suvi taʼminoti tashkiloti tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun narxlarni (tariflarni) tasdiqlashda amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlasin.

10. Vazirlik (M. Saliyev) bir oy muddatda ushbu Farmonga muvofiq davlat ijtimoiy buyurtmalarini shakllantirish va ularning amalga oshirilishiga koʻmaklashish hamda natijadorligini monitoring qilish uchun Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan xorijiy va mahalliy ekspertlarni jalb qilsin.

11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

a) 2021-yil 1-yanvardan boshlab oqova suvlarni tozalash uchun zamonaviy texnologiyalarni tanlashda ishtirokchilar takliflari oʻrtasida teng sharoitlar yuzaga kelgan hollarda bitimni tuzish boʻyicha ustuvorlik huquqi taklif qilinayotgan texnologiyaga servis xizmat koʻrsatish va uning ehtiyot qismlari bilan uzluksiz taʼminlash majburiyatini olgan ishtirokchilarga beriladi;

b) 2022-yil 1-yanvardan boshlab:

markazlashtirilgan oqova suv tizimiga ulanmagan aholi punktlarida uy-joy komplekslari oqova suv tozalash inshootlari bilan birga quriladi;

oqova suv tozalash inshootlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish yoki yangi inshootlarni qurish loyihalari boʻyicha texnologik yechimlarni saralash uchun tanlov (tender) oʻtkazish davomida inshootning kelgusidagi ekspluatatsiya xarajatlarini maqbullashtirish va unga jami sarflangan mablagʻlarning toʻliq qoplanishi hisobga olinadi;

v) 2023-yil 1-yanvardan boshlab:

Davlat budjeti, hukumat kafolati ostida jalb qilingan xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobiga ishlab turgan oqova suv tozalash inshootlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish hamda yangi oqova suv tozalash inshootlari qurilishi bilan bogʻliq loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarida yuqori ekspluatatsiya xarajatlarini talab qiladigan va sarflangan mablagʻlarni 10 yildan koʻp muddatda qoplaydigan eski samarasiz texnologiyalar qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;

oqova suv tozalash inshootlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish yoki yangi inshootlarni qurishda uzluksiz tozalash sikli, xususan kavitatsion-fermentli ishlov berish innovatsion usuli hamda boshqa innovatsion usullar qoʻllaniladi.

12. Quyidagilar:

a) “Oʻzsuvtaʼminot” AJ zimmasiga — oʻzi tomonidan ekspluatatsiya qilinadigan ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv obyektlarini qurish, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish hamda loyihalashtirish boʻyicha buyurtmachi;

b) Vazirlik zimmasiga:

ilgʻor xorijiy tajriba asosida mamlakatda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari koʻrsatish sohasini samarali rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirilishini taʼminlash;

ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganligi darajasi boʻyicha respublikadagi barcha hududlarning, shu jumladan tuman, shahar va qishloq aholi punktlari kesimida batafsil elektron maʼlumotlar bazasini yuritish;

(12-bandning “b” kichik bandi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PF-140-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2022-y., 06/22/140/0450-son)

ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlaridan foydalanish imkoni boʻlmagan aholi yashash punktlarini ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari bilan qamrab olish uchun davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish hamda suv taʼminoti va oqova suv xizmatlarini koʻrsatish sohasida xususiy sektorning ishtirokini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida kengaytirish;

ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari koʻrsatish sohasidagi meʼyoriy va metodologik bazani ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek, ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari boʻyicha tariflar siyosatini shakllantirishga koʻmaklashish;

respublikadagi ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirish bosh sxemasining ishlab chiqilishini va yangilab borilishini taʼminlash;

(12-bandning “b” kichik bandi oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi PF-140-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2022-y., 06/22/140/0450-son)

v) Vazirlik huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga:

investitsiya dasturlari asosida ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv obyektlarida amalga oshirilgan qurilish, rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari natijasida isteʼmolchilarning suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari bilan qamrab olinishi hamda tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, suv taʼminoti va oqova suv tashkilotlari bilan isteʼmolchilar oʻrtasida shartnomaviy munosabatlar yoʻlga qoʻyilganligi ustidan nazorat qilish;

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan birgalikda tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, suv taʼminoti tashkilotlari tomonidan aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifati, standartlar va oʻrnatilgan talablarga javob berishi yuzasidan nazorat oʻrnatish funksiyalari yuklansin.

(12-band “v” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)

13. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ suv taʼminoti tashkilotlarining Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi oldidagi 112,9 mlrd soʻm qarzdorligi 6-ilovadagi roʻyxatga asosan hisobdan chiqarilsin.

14. Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va uning tizimi tashkilotlari faoliyatiga davlat organlari tomonidan qonunga xilof ravishda aralashish, shu jumladan ularning xodimlarini faoliyat yoʻnalishiga xos boʻlmagan ishlarga jalb qilish holatlarining oldini olish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda “Oʻzbekkommunalloyihaqurilish” DUKni Vazirlik tizimidan chiqarish va “Suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini qurish boʻyicha injiniring kompaniyasi” DUK va uning hududiy boshqarmalarini “Oʻzsuvtaʼminot” AJga berish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.

15. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ taʼsis hujjatlariga, shu jumladan vazifalariga mazkur Farmondan kelib chiqib, tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini taʼminlasin.

16. Vazirlik “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat geologiya qoʻmitasi bilan birgalikda 2021-yildan boshlab xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kredit va grant mablagʻlari hisobidan 2035-yilgacha ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirish sxemalarini ishlab chiqish hamda ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinmagan respublikadagi barcha hududlarning, shu jumladan tuman, shahar va qishloq aholi punktlari kesimida batafsil elektron maʼlumotlar bazasini yuritish uchun zarur mablagʻlar jalb etilishini taʼminlasin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

18. Vazirlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 25-sentabr,

PF-6074-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-sentabrdagi PF-6074-son Farmoniga 1-ILOVA

2021-2022-yillarda ichimlik suvi taʼminoti tizimlari tadbirkorlik subyektlariga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida topshiriladigan tuman va shaharlar

Izoh: Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan mazkur roʻyxatga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-sentabrdagi PF-6074-son Farmoniga2-ILOVA

2021 — 2025-yillarga moʻljallangan respublika va viloyatlarga boʻysunuvchi shaharlar kesimida ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini kompleks rivojlantirish dasturining yigʻma parametrlari

Eslatma: Loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosalari olingandan soʻng moliyalashtirish va ish hajmiga aniqlik kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-sentabrdagi PF-6074-son Farmoniga3-ILOVA

2021 — 2025-yillarga moʻljallangan tuman markazlari kesimida ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini kompleks rivojlantirish dasturining yigʻma parametrlari

Izoh: Loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosalari olingandan soʻng moliyalashtirish va ish hajmiga aniqlik kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-sentabrdagi PF-6074-son Farmoniga4-ILOVA

2021 — 2025-yillarga moʻljallangan respublika va viloyatlarga boʻysunuvchi shaharlar kesimida oqova suv tizimlarini kompleks rivojlantirish dasturining yigʻma parametrlari

Izoh: Loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosalari olingandan soʻng moliyalashtirish va ish hajmiga aniqlik kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-sentabrdagi PF-6074-son Farmoniga5-ILOVA

2021 — 2025-yillarga moʻljallangan tuman markazlari kesimida oqova suv tizimlarini kompleks rivojlantirish dasturining yigʻma parametrlari

Eslatma: Loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertiza xulosalari olingandan soʻng moliyalashtirish va ish hajmiga aniqlik kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-sentabrdagi PF-6074-son Farmoniga6-ILOVA

Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi oldidagi qarzdorliklarni hisobdan chiqarish yoʻli bilan qarzdorligi restrukturizatsiya qilinadigan suv taʼminoti korxonalari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-sentabrdagi PF-6074-son Farmoniga7-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 18-apreldagi PF-5017-son Farmonida:

a) 1-bandning toʻrtinchi xatboshisida “Koʻp xonadonli uylar,” soʻzlari “Koʻp xonadonli uylarni mukammal va joriy taʼmirlash hamda” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 2-bandda:

toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“issiqlik taʼminoti obyektlari qurilishi boʻyicha buyurtmachi funksiyalarini amalga oshirish, eski va avariya holatidagi uy-joylar buzilishini tashkillashtirish;”

oʻn birinchi xatboshisidan “suv taʼminoti, kanalizatsiya” soʻzlari chiqarib tashlansin;

v) 4-bandning uchinchi xatboshisidan “koʻp xonadonli arzon uylar, suv taʼminoti, kanalizatsiya va” soʻzlari chiqarib tashlansin;

g) 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“8. Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzkommunxizmat” agentligi “Kommunxizmat” agentligi etib qayta tashkil qilinsin va u Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tuzilmasiga kiritilsin hamda uning zimmasiga uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasida xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokida investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifalari yuklansin.”;

d) 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Adliya vazirligi hamda tijorat banklarining Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligida Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasini tuzish, uning mablagʻlarini birinchi navbatda issiqlik taʼminoti obyektlarini qurish, koʻp xonadonli arzon uy-joy fondini va issiqlik taʼminoti obyektlarini mukammal va joriy taʼmirlashga, maxsus texnika, uskunalar, mashina va mexanizmlar bilan jihozlashga hamda vazirlik zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa maqsadlarga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin”.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 19-iyundagi PQ-655-son qarori bilan tasdiqlangan Issiqlik taʼminoti va suv taʼminoti korxonalari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash toʻgʻrisidagi nizomning 6-bandi uchinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlariga muvofiq belgilanadigan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori oʻzgartirilganda” soʻzlari chiqarib tashlansin.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2023-y., 06/23/151/0661-son)

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi toʻgʻrisida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2910-son qarorida:

a) 2 — 5, 7, 11-bandlari hamda 1 — 7 ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

b) 12-bandda “Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” MXK Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining” soʻzlari “Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ “Oʻzsuvtaʼminot” AJning” soʻzlari bilan almashtirilsin.

v) 8-ilovada:

10-bandda:

birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

Moliya vazirligi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasini moliyaviy tartibga solish departamentining “Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamgʻarmasi” mablagʻlarini boshqarish boʻlimi:”;

uchinchi xatboshidagi “tahlili va monitoringini” soʻzlari “tahlilini” soʻzi bilan almashtirilsin;

yettinchi — toʻqqizinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

12-bandda “Iqtisodiyot vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

13-bandda “Iqtisodiyot vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin;

14-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“14. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda har yili:

1-iyulga qadar navbatdagi yilga moʻljallangan suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimi obyektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish boʻyicha manzilli roʻyxatlarning yakuniy parametrlarini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilab berilgan Jamgʻarmaga kelib tushishi prognoz qilinayotgan mablagʻlar doirasida shakllantiradi;

1-avgustga qadar shakllantirilgan manzilli roʻyxatlarni koʻrib chiqish va kelishish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga kiritadi.”;

15-band “Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligini” soʻzlaridan keyin “va “Oʻzsuvtaʼminot” AJni” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

17-banddan “Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining” soʻzlari chiqarib tashlansin;

19-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“19. Qurilish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish boʻyicha sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligi tomonidan buyurtmachilarning toʻlov topshiriqnomalari asosida, manzilli roʻyxatlar boʻyicha oʻrnatilgan limitlar hamda quyidagilarni nazarda tutuvchi tender (tanlov) savdolarining natijalarini hisobga olib tuzilgan shartnomalarga muvofiq qoplanadi:

qurilish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilishning dastlabki ikki oyi mobaynida tender (tanlov) savdolari natijalari boʻyicha qurilishning prognoz qilinayotgan yiliga belgilangan ishlar qiymatining 30 foiziga qadar miqdorda teng ulushlar bilan boʻnak toʻlovlarini amalga oshirish;

ajratilgan boʻnakning mutanosib ravishda ushlab qolinishini hisobga olib, bajarilgan ishlar qiymatining 90 foizi miqdorida har oy joriy moliyalashtirish;

shartnomada kelishilgan kafolat muddati tugagach — pudratchiga qolgan 10 foizni toʻlash.”;

24-band “Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi” soʻzlaridan keyin “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

25-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“25. Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti hamda uning hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi”;

26-band “Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi” soʻzlaridan keyin “va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

27-band “Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi” soʻzlaridan keyin “va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-iyundagi PQ-3060-son qarori bilan tasdiqlangan Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda:

a) 4-bandda:

uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

toʻrtinchi — oʻn birinchi xatboshilar tegishli ravishda uchinchi — oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin;

b) 17-1-banddagi “shuningdek, suv taʼminoti va suv chiqarish xizmati koʻrsatishdan” soʻzlari chiqarib tashlansin;

v) 24-bandning sakkizinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 30-noyabrdagi PQ-4040-son qarori 17-bandning “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“b) 2019-yilning 1-yanvaridan boshlab, atrof-muhitni ifloslantirish va Oʻzbekiston Respublikasi hududida chiqindilarni joylashtirish uchun kompensatsiya toʻlovlarining kanalizatsiya tashlanmalariga taalluqli qism “Oʻzsuvtaʼminot” AJning hududiy suv taʼminoti masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan undiriladi hamda ularning tegishlicha maxsus hisob raqamlariga oʻtkaziladi.”.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 8-yanvardagi PQ-4102-son qarorida:

1-ilovaning 23-pozitsiyasidagi “Suvoqova” viloyat ishlab chiqarish boshqarmasi” soʻzlari “Oʻzsuvtaʼminot” AJning hududiy masʼuliyati cheklangan jamiyati” soʻzlari bilan almashtirilsin;

2-ilovaning 18-pozitsiyasidagi “Tuman suvoqova korxonasi” soʻzlari “Oʻzsuvtaʼminot” AJning hududiy masʼuliyati cheklangan jamiyatining tuman (shahar) boʻlimi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika suv taʼminoti tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2019-yil 26-noyabrdagi PQ-4536-son qarorining 4-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.