Axborot texnologiyalari sohasidagi kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va aholining kundalik hayotiga keng joriy etishni taʼminlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Axborot texnologiyalari sohasidagi kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar davlat organlari va tarmoq tashkilotlarini malakali IT-mutaxassislar bilan taʼminlash uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab va bir qator xorijiy universitetlar filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, tuman va shaharlarda raqamli texnologiyalarga oʻqitish markazlari bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, respublikaning mehnat bozorida malakali kadrlar yetishmovchiligi axborot texnologiyalari sohasidagi oʻquv dasturlari va uslublarini takomillashtirish, taʼlim muassasalarining IT-kompaniyalar bilan oʻzaro hamkorligini kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Axborot texnologiyalarining oʻqitilishini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, mehnat bozorining malakali IT-mutaxassislarga boʻlgan talabini qoniqtirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
2. Quyidagilar:
2020-yilda tashkil etiladigan, informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari hamda ularga biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari, ilmiy va innovatsiya markazlari, hamda ishlab chiqarish korxonalari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
2020 — 2023-yillarda informatika va axborot texnologiyalari yoʻnalishida uzluksiz taʼlim sifatini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
5. Prezident taʼlim muassasalari agentligi, Xalq taʼlimi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
a) 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab:
ixtisoslashtirilgan va boshqa umumtaʼlim maktablarida “Informatika va axborot texnologiyalari” fanining “Bir million dasturchi” loyihasiga oid oʻquv dasturlari bilan bosqichma-bosqich integratsiya qilinishini taʼminlasin;
oʻquvchilari “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan davlat umumtaʼlim maktablarining 100 nafar eng yaxshi “Informatika va axborot texnologiyalari” fani oʻqituvchilarini Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi va IT-parkning mablagʻlari hisobidan har yili bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida bir martalik mukofotlash tizimini joriy qilsin;
b) umumiy oʻrta taʼlimning oʻquv dasturini ishlab chiqish doirasida “Informatika va axborot texnologiyalari” fani boʻyicha oʻquv dasturlarini axborot texnologiyalari sohasida oʻqitishning zamonaviy tendensiyalariga muvofiqlashtirsin;
(5-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
6. Ixtisoslashtirilgan maktablarga biriktirilgan tashkilotlarning ushbu maktablarni muqobil darslik va qoʻllanmalar bilan taʼminlash, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va oʻqituvchilari malakasini oshirishda amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.
Belgilansinki, ixtisoslashtirilgan maktablarni rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, shu jumladan ularni zamonaviy jihozlar, mebel, kompyuter va tashkiliy texnika bilan jihozlash, shuningdek, oʻquv adabiyotlari, metodik qoʻllanmalar va boshqa vositalar bilan taʼminlash quyidagi mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-noyabrdagi “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4537-son qaroridagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlashning asosiy parametrlarida nazarda tutilgan moliyalashtirish manbalari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mahalliy budjetlari qoʻshimcha manbalari va budjetdan tashqari mablagʻlari;
ixtisoslashtirilgan maktablarga biriktirilgan oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari, ilmiy va innovatsiya markazlari hamda ishlab chiqarish korxonalarining homiylik mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning texnik koʻmagi va grant mablagʻlari;
homiylik mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
8. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Xalq taʼlimi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda 2021-yil 1-martga qadar “Informatika va axborot texnologiyalari” fani oʻqituvchilarini sertifikatlash milliy tizimini joriy qilsin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-241-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2022-y., 07/22/241/0408-son)
10. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining axborot texnologiyalari yoʻnalishi boʻyicha oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlaydigan texnikumlarga 4-ilovaga muvofiq ishlab chiqarish korxonalarini biriktirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda ushbu korxonalar tomonidan quyidagilar amalga oshirilishi nazarda tutiladi:
texnikumlar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni kompyuter va boshqa jihozlar, darsliklar va zamonaviy adabiyotlar bilan taʼminlashda doimiy asosda amaliy yordam koʻrsatish;
texnikumlarda oʻquvchilarni, shu jumladan axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha korxonalarning yillik tarmoq buyurtmasini shakllantirish;
texnikumlarda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inxa universiteti va Toshkent shahridagi Amiti universiteti oʻqituvchilarini jalb qilgan holda, shu jumladan masofaviy oʻqitish orqali oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazishga koʻmaklashish.
11. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
a) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda 2021/2022 oʻquv yilidan Toshkent viloyatida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining filialini tashkil etsin.
Vazirlar Mahkamasi 2021-yil 1-yanvarga qadar Toshkent viloyatida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining filiali faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin;
b) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda har bir hududda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari yoʻnalishlari boʻyicha kadrlarni tayyorlash uchun texnikumlar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida Hukumat qarori loyihasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining:
oliy taʼlim muassasalarining tegishli taʼlim yoʻnalishlari talabalari oʻrtasida informatika, dasturlash va axborot texnologiyalari sohalarida oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadalari gʻoliblari, shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilanadigan nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlari boʻlgan talabalarni oliy taʼlim muassasalarining tegishli magistratura yoʻnalishlariga ajratilgan kvota doirasida davlat grantlari asosida imtihonsiz qabul qilish;
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab informatika va axborot texnologiyalari yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlayotgan barcha oliy taʼlim muassasalari tomonidan umumtaʼlim maktablari bitiruvchi sinflari oʻquvchilari oʻrtasida “Informatika va axborot texnologiyalari” fani boʻyicha koʻp bosqichli (tuman (shahar) — viloyat — oliy taʼlim muassasasi) oʻz olimpiadasini oʻtkazishi va 1 — 3-oʻrinlarni egallagan oʻquvchilarni birinchi oʻquv yili uchun toʻlov oliy taʼlim muassasalarining mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan holda imtihonsiz oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
13. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021-yildan boshlab “Informatika va axborot texnologiyalari” fani boʻyicha xalqaro olimpiadalar gʻoliblarini tayyorlagan professor-oʻqituvchilarni oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan bir oylik maosh miqdorida bir martalik mukofotlash tizimi joriy etiladi.
Bunda, oliy taʼlim muassasasi oʻz moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, olimpiadalarning gʻoliblari tomonidan egallangan oʻringa qarab, ularni tayyorlagan professor-oʻqituvchilarni qoʻshimcha mukofotlash tizimini joriy etish huquqiga ega.
14. Oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturi doirasida psixologiya-pedagogika fanlarini oʻrgangan informatika va axborot texnologiyalari yoʻnalishi bitiruvchilariga ixtisoslashtirilgan maktablar va umumtaʼlim maktablarida “Informatika va axborot texnologiyalari” fanlarini oʻqitishga ruxsat berilsin.
15. Belgilab qoʻyilsinki:
oliy taʼlim muassasalarining informatika va axborot texnologiyalari bilan bogʻliq taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha imtiyozli diplomga ega boʻlgan bitiruvchilari mazkur oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga kirish imtihonlarisiz toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi;
umumtaʼlim maktablarining “Informatika va axborot texnologiyalari” fani boʻyicha oʻrta-maxsus maʼlumotli va kamida bir yil pedagogik ish stajiga ega oʻqituvchilari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga pedagogika yoʻnalishi boʻyicha masofaviy oʻqitish shaklida toʻlov-kontrakt asosida kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi.
16. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar quyidagilarni joylashtirib borishni nazarda tutuvchi “Oʻzbekistonning IT-isteʼdodlari” portalini ishga tushirsin:
axborot texnologiyalari sohasidagi xalqaro va tarmoq olimpiadalari, kompyuterda dasturlash va kibersport boʻyicha xakatonlar gʻoliblarining muntazam reyestri;
“Bir million dasturchi” dasturini amalga oshirishning holati, axborot texnologiyalari va kompyuterda dasturlash sohasida oʻtkaziladigan olimpiadalar, tanlovlar va aksiyalar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
axborot texnologiyalari va kompyuterda dasturlash sohasiga ixtisoslashtirilgan markazlar, maktablar va boshqa taʼlim muassasalari, shuningdek, oʻtkaziladigan oʻquv kurslari, toʻgaraklar va treninglar toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar.
17. Axborot texnologiyalari sohasidagi ilmiy va innovatsiya markazlarining istiqbolli loyihalarini tijoratlashtirishni tashkil etish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Tijoratlashtirish dasturi) 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar Tijoratlashtirish dasturida belgilangan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishni taʼminlasin.
Tijoratlashtirish dasturi ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga masʼul tashkilotlarning oʻz mablagʻlari, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish Prezident jamgʻarmasining mablagʻlari, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan ushbu maqsadlarga ajratilgan mablagʻlar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalarning mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi belgilansin.
18. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda, shu jumladan raqamli texnologiyalar oʻquv markazlarini jalb etgan holda aholini mehnat bozorida axborot texnologiyalari hamda Internet tarmogʻi orqali koʻrsatiladigan autsorsing xizmatlari sohasidagi talab yuqori boʻlgan kasblar va tadbirkorlik asoslariga oʻqitishni tashkil etsin.
19. Moliya vazirligi ushbu qarorni joriy yilda amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni 2020-yilga tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida ajratsin, 2021-yildan boshlab esa kelgusi yil Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.
20. Mazkur qarorda belgilangan vazifalar va chora-tadbirlarning sifatli hamda oʻz vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilishning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:
xalq taʼlimi vaziri Sh. Shermatov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori S. Babaxodjayev — umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Informatika va axborot texnologiyalari” fanini oʻqitish sifatini oshirish, hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini samarali tashkil etish va yoshlarni xalqaro olimpiadalarga tayyorlashni taʼminlaydi;
oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I. Majidov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sadikov, tegishli oliy taʼlim muassasalari rektorlari — oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalarida, faoliyat yuritayotgan va yangi tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan maktablarda “Informatika va axborot texnologiyalari” fanini samarali oʻqitishni va ularga oʻquv-uslubiy yordam koʻrsatishni muvofiqlashtiradi;
innovatsion rivojlanish vaziri I. Abduraxmonov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sadikov, tegishli ilmiy va oliy taʼlim muassasalari rahbarlari — yoshlarni informatika va axborot texnologiyalari sohasida ilmiy-tadqiqotga jalb qilish va olimlarni ragʻbatlantirish, ularning ishlab chiqarish tarmoqlarida mavjud muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan dasturiy mahsulotlarni yaratishiga koʻmaklashish yuzasidan tizimli va keng qamrovli ishlarni tashkillashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B. Musayev, Bosh vazir maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi O. Umarov — mazkur qarorda belgilangan vazifalar va chora-tadbirlarning sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi ustidan tizimli nazoratni tashkil etadi.
21. Xalq taʼlimi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-oktabr,
PQ-4851-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-oktabrdagi PQ-4851-son qaroriga 1-ILOVA
2020-yilda tashkil etiladigan, informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari hamda ularga biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari, ilmiy va innovatsiya markazlari, hamda ishlab chiqarish korxonalari
Izoh. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ushbu roʻyxatdagi umumtaʼlim maktablariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-oktabrdagi PQ-4851-son qaroriga 3-ILOVA
2020 — 2023-yillarda informatika va axborot texnologiyalari yoʻnalishida uzluksiz taʼlim sifatini oshirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-oktabrdagi PQ-4851-son qaroriga 4-ILOVA
Axborot texnologiyalari yoʻnalishi boʻyicha oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlaydigan texnikumlarga ishlab chiqarish korxonalarini biriktirish
Izoh. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ushbu roʻyxatga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-oktabrdagi PQ-4851-son qaroriga5-ILOVA
Axborot texnologiyalari sohasidagi ilmiy va innovatsiya markazlarining istiqbolli loyihalarini tijoratlashtirishni tashkil etish