Oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash, Oʻzbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida oʻzbek tilini oʻrganish uchun shart-sharoitlar yaratish, oʻzbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yoʻnalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5850-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar:
a) 2020 — 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unda quyidagilar nazarda tutilsin:
mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishish;
taʼlim tashkilotlarida davlat tilini oʻqitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish;
davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish;
davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini taʼminlash;
davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar tillarini rivojlantirish maqsadida keng va teng imkoniyatlar hamda ularga davlat tilini oʻrganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
b) 2020 — 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020 — 2022-yillarda amalga oshirish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 2-ilovaga muvofiq;
v) 2020 — 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari (keyingi oʻrinlarda — Asosiy yoʻnalishlar) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Asosiy yoʻnalishlar quyidagilarni nazarda tutadi:
a) taʼlim tashkilotlarida davlat tilini oʻqitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish sohasida:
2025-yilga qadar davlat maktabgacha taʼlim tizimida amaldagi maktabgacha taʼlim muassasalarining hududlarini kengaytirish yoki yangi quriladigan muassasalar hisobiga oʻzbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030-yilgacha esa 80 foizga yetkazish;
2030-yilga qadar umumtaʼlim maktablarida oʻquv yillari uchun tayanch oʻquv rejalarida oʻzbek tili fanini oʻqitish koʻlamini amaldagi haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish;
oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tili kafedralari sonini 2025-yilga qadar 120 taga, 2030-yilgacha esa 140 taga yetkazish;
b) davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish sohasida:
lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida “Oʻzbekiston milliy qomusi” jildlarini nashr etishni bosqichma-bosqich koʻpaytirib borish;
2020-yilda oʻzbek tilining lugʻat boyligini oshiruvchi 15 ta lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lugʻatlar yaratish;
teleradiokanallar suxandon-boshlovchilarining oʻzbek adabiy tilidagi nutq madaniyatini oshiruvchi qayta tayyorlov kurslarida oʻqitish tizimini joriy etish va qamrovni 2030-yilgacha 100 foizga yetkazish;
v) davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga integratsiyalashuvini taʼminlash sohasida:
2025-yilga qadar davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish uchun 14 ta onlayn dastur ishlab chiqish, 2030-yilgacha esa ushbu koʻrsatkichni 25 taga yetkazish;
dasturiy mahsulotlarning oʻzbekcha ilovalari va elektron lugʻat dasturlarini yaratish;
xorijliklar uchun oʻzbek tilini oʻrgatuvchi dasturlar yaratish;
g) davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish sohasida:
2030-yilga qadar xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tilini oʻrgatuvchi markazlar sonini amaldagi 17 tadan 60 tagacha koʻpaytirish;
2025-yilga qadar “Oʻzbek tilining doʻstlari” klublari sonini 30 taga, 2030-yilgacha esa 40 taga yetkazish;
xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tili kurslarini zarur ilmiy, oʻquv-uslubiy, badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash, oʻzbek tilini oʻrgatishga doir ilmiy tadqiqotlar miqdorini oshirish.
3. Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov) uch oy muddatda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtishni taʼminlash maqsadida ishchi guruhini tashkil qilsin va aniq chora-tadbirlar hamda ularni moliyalashtirish manbalari va hajmlarini nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
2021-yil 1-apreldan boshlab oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatlari joriy etiladi;
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida oʻzbek adabiy tili meʼyorlari va davlat tilida ish yuritish boʻyicha qisqa muddatli (1-2 oygacha) oʻquv kurslari muntazam ravishda tashkil etiladi.
Davlat test markazi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Fanlar akademiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzbek tilidagi mavjud lugʻatlar asosida uzluksiz taʼlimning barcha turlari uchun quyidagi oʻquv lugʻatlarini yaratish choralarini koʻrsin, shu jumladan:
koʻp jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ning toʻldirilgan yangi nashri (kirill va lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida);
“Oʻzbek tilining imlo lugʻati”;
“Oʻzbek tili sinonimlari lugʻati”;
“Oʻzbek tili sinonimlarining katta izohli lugʻati”;
“Oʻzbek tili frazeologizmlarining katta izohli lugʻati”;
“Oʻzbek tili omonimlari lugʻati”.
Mazkur bandda koʻrsatilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari yoʻnaltirilsin.
6. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
oliy taʼlim muassasalarining filologiya taʼlim yoʻnalishlarida “Kompyuter lingvistikasi”, “Amaliy filologiya” yoʻnalishlarini tashkil qilsin;
Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tili markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻysin;
oʻzbek tiliga oid barcha ilmiy, nazariy va amaliy maʼlumotlarni oʻzida jamlagan elektron koʻrinishdagi oʻzbek tili milliy korpusini yaratish choralarini koʻrsin;
Xalq taʼlimi vazirligi, Fanlar akademiyasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har yili 1-dekabrga qadar Dasturda va Asosiy yoʻnalishlarda belgilangan topshiriqlar yuzasidan amalga oshirilgan ishlarni puxta tahlil qilish asosida Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot kiritib borsin.
7. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda oʻzbek tilidan jahonning yetakchi xorijiy tillariga va xorijiy tillardan oʻzbek tiliga tarjima qiluvchi kompyuter dasturini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yaratish choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda tizimdagi axborot-tahliliy, maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy-gumanitar telekanallarini xorijiy davlatlarda teleradiokompaniyaning OTT platformasini (Internet tarmogʻi orqali teledasturlarni namoyish etish tizimi) Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ishga tushirish va boshqa zamonaviy informatsion texnologiyalardan foydalangan holda namoyish etilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasining “Oʻzbekiston” telekanalida yurtimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalarini targʻib qiluvchi, mamlakatimizga oid axborot-tahliliy, maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy-gumanitar bilim doirasini kengaytirishga xizmat qiluvchi va intellektual hamda boshqa maʼlumotlarni xorijiy tillarda (Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan turli millatlar tilida) yoritadigan “Doʻstlik” axborot-maʼrifiy dasturlar tahririyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilab qoʻyilsinki, “Doʻstlik” axborot-maʼrifiy dasturlar tahririyati Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ajratilayotgan budjet mablagʻlari va quyi tashkilotlarning mavjud shtat birliklari doirasida tashkil etiladi.
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi manfaatdor tashkilotlarni jalb qilgan holda 2021-yil 1-yanvardan boshlab markaziy telekanallarda “Tilga eʼtibor”, “Ona tilida soʻzlashamiz”, “Notiqlik mahorati”, “Til – millat koʻzgusi”, “Kitob bilim manbai”, “Bilimli yoshlar — kelajak bunyodkori” kabi turkum koʻrsatuv va eshittirishlarni tashkil qilib, muntazam ravishda efirga uzatib borilishini taʼminlasin.
9. Mazkur Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib Davlat budjeti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi, oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar kreditlari (qarzlari) va grantlari, shuningdek qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.
10. Quyidagilarga:
Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamentiga — Konsepsiya va Dasturni amalga oshirish hamda Asosiy yoʻnalishlarga erishish borasida davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar rahbarlariga — Konsepsiya, Dastur va Asosiy yoʻnalishlarda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
11. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 20-oktabr,
PF-6084-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son Farmoniga 1-ILOVA
2020 — 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish
1-bob. Umumiy qoidalar
2020–2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5850-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Konsepsiya oʻzbek tilini uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradi hamda quyidagi maqsadli vazifalarga erishishni nazarda tutadi:
oʻzbek tilining mamlakatimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini oshirish;
oʻzbek tili taʼlimini takomillashtirish, yoshlarni milliy hamda umuminsoniy anʼana, qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosidan gʻururlanish va ularni yanada boyitish ruhida tarbiyalash;
jamiyatda oʻzbek tiliga (davlat tiliga) hurmat-eʼtibor va mehr-muhabbat muhitini shakllantirish;
mamlakatimizda har bir fuqaroning davlat tilini bilishiga va buni burch va majburiyat sifatida his etishiga erishish;
oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” tamoyili asosida mamlakat taraqqiyotining yangi davrida davlat tilini rivojlantirishni yuksak bosqichga koʻtarish;
respublikamiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida davlat tilining toʻliq joriy etilishini taʼminlash, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish.
2-bob. Davlat tilini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari
Uzoq istiqboldagi maqsadli vazifalardan kelib chiqib, davlat tili quyidagi ustuvor yoʻnalishlar asosida rivojlantiriladi:
mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishish;
taʼlim tashkilotlarida davlat tilini oʻqitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish;
davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish;
davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini taʼminlash;
davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar tillarini rivojlantirish maqsadida keng va teng imkoniyatlar hamda ularga davlat tilini oʻrganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.
1-§. Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishish
Oʻzbek tilini siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy va boshqa sohalarda qoʻllash doirasini kengaytirish, undan davlat tili sifatida toʻliq va toʻgʻri foydalanishni taʼminlash maqsadida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yurita olish darajasini aniqlash mexanizmini ishlab chiqish hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatlarini joriy etish;
barcha vazirlik va idoralar tarkibida ish yuritish, shuningdek barcha idoralararo hujjatlar aylanishi davlat tilida boʻlishini toʻliq taʼminlash va bu jarayonda davlat tiliga qatʼiy amal qilishni nazorat qilish;
davlat tilini rivojlantirishga doir yagona davlat siyosatini yuritish boʻyicha ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish;
davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish uchun onlayn dasturlar yaratish;
lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini, imlo qoidalarini yanada takomillashtirish va yangi yozuvga toʻliq oʻtishni taʼminlash.
2-§. Taʼlim tashkilotlarida davlat tilini oʻqitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish
Taʼlim tashkilotlarida davlat tilini oʻqitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalarga oʻzbek tilini oʻrgatish tizimini takomillashtirish;
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻzbek tilini oʻqitish tizimini tubdan takomillashtirish, oʻzbek tili boʻyicha mashgʻulot va dars soatlarini koʻpaytirish;
oʻzbek tili boʻyicha bilimlarni baholash tizimini takomillashtirish;
oʻzbek adabiy tilining yozma nutq meʼyori va qoidalarini oʻrganish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida qisqa muddatli oʻquv kurslarini muntazam ravishda tashkil qilib borish va masofaviy oʻqitish tizimida taʼlim olish imkoniyatini yaratish;
taʼlimning barcha bosqichlarida davlat tili oʻqitilishi hamda oʻzbek tili va adabiyotini yanada rivojlantirish borasidagi ilmiy, ilmiy-amaliy izlanishlar koʻlamini kengaytirish;
oʻzbek tili oʻquv leksikografiya tarmogʻini rivojlantirish, zamonaviy, yangi avlod oʻquv lugʻatlarini tuzish hamda ularning elektron shakllarini va sohalar boʻyicha atamalar lugʻatini yaratish;
oʻzbek tilining oʻziga xos xususiyatlari toʻla hisobga olingan imlo va punktuatsiya qoidalari aks ettirilgan “Oʻzbek tili meʼyorlari” ilmiy-ommabop oʻquv qoʻllanmasini nashrga tayyorlash;
davlat oliy taʼlim muassasalarining taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan yoʻnalishlarida “Oʻzbek tilining sohada qoʻllanilishi” fanini oʻqitish tizimini yoʻlga qoʻyish;
barcha oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat bosqichida “Kasbiy nutq madaniyati” fanini joriy qilish;
oliy taʼlim muassasalarining filologiya taʼlim yoʻnalishlarida “Kompyuter lingvistikasi”, “Amaliy filologiya” yoʻnalishlarini tashkil qilish;
oʻzbek tili va adabiyotini oʻqitishning zamonaviy metodikasini yaratish;
birlamchi moddiy va yozma manbalar asosida oʻzbek tilining koʻp ming yillik tarixiy rivojlanishini yoritib beruvchi ilmiy adabiyotlarni nashrga tayyorlash va chop etish.
3-§. Davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish
Oʻzbek tilini muntazam boyitib borish, uning sofligini saqlash, aholining davlat tilidagi nutq madaniyatini yuksaltirish borasida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston teleradiokanallarining koʻrsatuv va eshittirishlari, ommaviy kino, konsert dasturlari, ommaviy axborot vositalarining audiovizual asarlarida suxandon-boshlovchilar va barcha qatnashchilarning oʻzbek adabiy tilida soʻzlashini taʼminlash;
koʻp jildli “Oʻzbekiston milliy qomusi”ni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida nashrga tayyorlash va chop etish;
jadid namoyandalarining boy maʼnaviy merosi, hayoti va faoliyatini oʻrganishga oid ilmiy izlanishlarni ragʻbatlantirish;
oʻzbek tili dialektlari xaritasini yaratish;
oʻzbek tilining oʻziga xos noyob xususiyatlari aks etgan folklor va mumtoz adabiy asarlarni nashrga tayyorlash va chop etish;
yoshlar oʻrtasida nutq madaniyatini oshirishga qaratilgan tanlovlar oʻtkazish, jumladan, “Zulfiyaxonim qizlari”, “Mard oʻgʻlonlar” tanlovlari nomzodlariga davlat tilini bilishi shartini kiritish;
savdo, ishlab chiqarish, maishiy xizmat koʻrsatish obyektlariga oʻzbekcha nom qoʻyishning normativ-huquqiy asosini shakllantirish.
4-§. Davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini taʼminlash
Davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalaridagi oʻrnini kuchaytirish, zamonaviy dasturiy ishlanmalarni yaratishdagi mavqeyini oshirish yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
oʻzbek tiliga oid barcha ilmiy, nazariy va amaliy maʼlumotlarni oʻzida jamlagan elektron koʻrinishdagi oʻzbek tili milliy korpusini yaratish;
oʻzbek tilini Internet jahon axborot tarmogʻida ommalashtirish, unda munosib oʻrin egallashini taʼminlash, dasturiy mahsulotlarning oʻzbekcha ilovalarini yaratish, oʻzbek tilini oʻrgatuvchi kompyuter dasturlarini keng miqyosda amaliyotga tatbiq qilish;
oʻzbek tilidagi matnlar tahririga moʻljallangan kompyuter dasturlarini yaratish;
oʻzbek tilidan jahonning yetakchi xorijiy tillariga va xorijiy tillardan oʻzbek tiliga tarjima qiluvchi kompyuter dasturini yaratish;
davlat tilida yaratilgan dasturiy taʼminotlarning yagona sertifikatlash va standartlashtirish xizmatini joriy etish.
5-§. Davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish
Davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish hamda boshqa tillar bilan aloqalarini kengaytirish boʻyicha quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
oʻzbek tilini xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilish, uni oʻrganish istagida boʻlgan chet ellik fuqarolarga koʻmaklashishga moʻljallangan oʻzbek tilini oʻrgatuvchi onlayn platforma tashkil qilish, uning axborot bazasini taʼminlash va muntazam boyitib borish;
xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning madaniy va til oʻzligini saqlab qolish, ularning oʻzbek madaniy anʼana va qadriyatlari ruhida tarbiya topishlariga koʻmaklashish, oʻzbek milliy madaniy markazlarini badiiy adabiyotlar bilan muntazam taʼminlab borish;
xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tili markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
xorijda faoliyat koʻrsatayotgan oʻzbek tili oʻqituvchilari bilan muntazam aloqa oʻrnatish va oʻzaro tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish;
xorijiy oliy taʼlim muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan oʻzbek tili kurslarini zarur ilmiy, oʻquv-uslubiy adabiyotlar bilan taʼminlash tizimini joriy etish;
xorijda oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan olimlar, tadqiqotchilar, tarjimonlar bilan muntazam aloqa oʻrnatish, ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari huzurida “Oʻzbek tilining doʻstlari” klublarini koʻpaytirish;
fan va taʼlimdagi hamkorlikni kuchaytirish orqali chet ellik yoshlarning oʻzbek tiliga boʻlgan qiziqishini oshirish;
xorijda oʻzbek tilining xalqaro nufuzi, jozibadorligi va imkoniyatlari haqida ilmiy anjumanlar, davra suhbatlari, muloqot va suhbatlar tashkil etish va ommaviy axborot vositalarida keng yoritish;
xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va oʻzbek tilini oʻrganish istagida boʻlgan chet el fuqarolari uchun oʻzbek tili darsliklari, elektron dasturlar ishlab chiqish;
turkiy tilli davlatlar bilan hamkorlik jarayonlarini rivojlantirish maqsadida oʻzbek tilining qardosh tillar bilan tarjima lugʻatlarini hamda ularning mobil ilovalarini yaratish.
6-§. Mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar tillarini rivojlantirish maqsadida keng va teng imkoniyatlar hamda ularga davlat tilini oʻrganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish
Davlat tilining mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar uchun birlashtiruvchi vosita sifatidagi oʻrni va rolini kuchaytirish borasida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
boshqa millat vakillariga davlat tilini oʻrgatuvchi oʻquv-metodik qoʻllanmalar, koʻrgazmali materiallar yaratish;
taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan taʼlim muassasalarining oʻquvchilari uchun davlat teleradiokanallarida oʻzbek va ona tilini hamda boshqa fanlarni oʻrganishga bagʻishlangan turkum dasturlar tashkil qilish;
fuqarolarning ona tilida taʼlim olish imkoniyatini taʼminlash darajasini oshirish;
ommaviy axborot vositalari va davriy nashrlarda davlat tilini oʻrganishga bagʻishlangan turkum dastur va ruknlar tashkil qilish;
audiovizual asarlar, badiiy filmlar, adabiyotlarni davlat tilidan boshqa tillarga tarjima qilish ishlarini keng yoʻlga qoʻyish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻzbek va qoraqalpoq tillarining davlat tili sifatida muomalada boʻlishiga teng shart-sharoitlar yaratish.
3-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
Konsepsiya doirasida belgilangan vazifalarni bajarish orqali oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va maqomini rivojlantirishda 2030-yilgacha quyidagi natijalarga erishish nazarda tutilmoqda:
mamlakat hayotining barcha sohalarida, jumladan, davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishiladi;
davlat organlari va tashkilotlari rahbar xodimlariga davlat tilini talab darajasida bilish va unga hurmat bilan munosabatda boʻlish majburiyati yuklanadi;
barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritish salohiyatiga ega boʻlgan malakali kadrlar faoliyat koʻrsatadi;
ilmiy asoslangan yangi soʻz va atamalar muntazam ravishda rasmiy muomalaga kiritib boriladi;
davlat tili barcha fan tarmoqlariga oid ilmiy tadqiqotlarda ilm-fan tili sifatida nufuzga ega boʻladi;
oʻzbek tili oʻquv leksikografiya tarmogʻini rivojlantirish, zamonaviy, yangi avlod oʻquv lugʻatlarini tuzish hamda ularning elektron shakllarini yaratish orqali sohalar boʻyicha milliy terminologik tizim takomillashtiriladi;
oʻzbek tili va adabiyotini oʻqitishning yangi, zamonaviy metodikasini yaratish orqali til taʼlimi samaradorligini oshirishga erishiladi;
maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oʻzbek tilini oʻqitishga moʻljallangan qiziqarli multimedia oʻyinlari, didaktik adabiyotlar yaratiladi, bu esa bolalarning bogʻcha yoshidan davlat tilini oʻzlashtirishiga qulay imkoniyatlar yaratadi;
ommaviy axborot vositalarining audiovizual asarlarida barcha ishtirokchilarning oʻzbek adabiy tilida soʻzlashiga erishiladi;
davlat tilining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari bilan faol integratsiyasi taʼminlanadi, oʻzbek tilining ilm-fan va texnologiyalar sohasida qoʻllanilishi imkoniyatlari yanada kengayadi;
mamlakatimiz hududida istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar tillarini rivojlantirish uchun keng va teng imkoniyatlar yaratiladi;
xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning etno-madaniy va til oʻzligini saqlab qolish, ularda oʻzbek madaniy anʼana va qadriyatlariga hurmat shakllanishi uchun keng imkoniyatlar yaratiladi;
xorijda oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan olimlar, tadqiqotchilar bilan muntazam aloqa oʻrnatiladi, ilmiy hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi;
davlat tili tom maʼnoda mamlakatimiz fuqarolarini, millatidan qatʼiy nazar, birlashtiruvchi umumxalq qadriyatiga aylantiriladi, uning xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzi oshadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son Farmoniga 2-ILOVA
2020 — 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020 — 2022-yillarda amalga oshirish
Izohlar:
1) normativ-huquqiy hujjatlar tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki bir hujjatga birlashtirilishi mumkin;
2) 2020 — 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tegishli davrga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlardan kelib chiqib, har ikki yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan alohida “Yoʻl xarita”si orqali bosqichma-bosqich amalga oshirib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son Farmoniga 3-ILOVA
2020 — 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning
Izohlar:
* yaqin yillarga istiqbolli yoʻnalishlar
** yiliga ortishi hisobida