PQ-4892-son Qaror · 12.11.2020

Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4892
  • Qabul qilingan sana:12.11.2020
  • Kuchga kirgan sana:13.11.2020
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/20/4892/1510

Oʻzbekiston va Afgʻoniston davlatlarining tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasida olib borayotgan siyosati natijasida soʻnggi yillarda siyosiy, savdo, energetika, transport, kommunikatsiya va boshqa sohalarda keng qamrovli hamkorlik amalga oshirilmoqda.

Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan oʻzaro savdoni yanada erkinlashtirish, ikki davlat tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatda keng ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda oʻzaro savdo hajmlarini oshirish maqsadida:

1. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S.U. Umurzakov) va Surxondaryo viloyati hokimligiga (T.A. Bobolov) Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan hamkorlik doirasida quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklansin:

ikki mamlakat oʻrtasida tovarlar va xizmatlarni erkin ayirboshlashni taʼminlashga qaratilgan qulay sharoitlar yaratish;

Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan oʻzaro yillik savdo hajmini 2023-yilgacha 2 milliard AQSH dollariga yetkazish maqsadida berilgan vakolatlari doirasida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

Oʻzbekiston Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasining tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida sheriklik aloqalarini oʻrnatish, investitsiyaviy loyiha takliflarini ishlab chiqish, savdo va investitsiya shartnomalarini tuzishda koʻmaklashish;

Surxondaryo viloyatining chegaraoldi hududida Afgʻoniston fuqarolari uchun tibbiyot, oʻquv va boshqa xizmatlar infratuzilmasini tashkil etish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6109-son Farmoniga muvofiq “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

3. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi markaziy apparati tuzilmasiga Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan tashqi iqtisodiy hamkorlik boʻyicha vazirning oʻrinbosari lavozimi kiritilsin va u bir vaqtning oʻzida “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi direksiyasi direktori etib belgilansin.

4. Quyidagilar:

Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha idoralararo ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruhi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Surxondaryo viloyatida tashkilotlar tomonidan ochiladigan vakolatxonalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari (keyingi oʻrinlarda — “Chora-tadbirlar”) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan tashkilotlar rahbarlari joriy yilning 1-dekabriga qadar Surxondaryo viloyatida vakolatxonalar ochilishini taʼminlasin.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S.U. Umurzakov), Surxondaryo viloyati hokimligi (T.A. Bobolov), masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari mazkur qarorning 3-ilovasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash uchun shaxsan masʼul ekanliklari belgilab qoʻyilsin.

5. Surxondaryo viloyati hokimligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Ishchi guruhi samarali faoliyat olib borishi uchun Surxondaryo viloyati Termiz shahrida barcha sharoitlarga ega maʼmuriy bino yoki ishchi xonalar ajratsin va zarur jihozlar hamda ularning faoliyati davrida turar joy bilan taʼminlasin.

6. 2020-yil 1-dekabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining Afgʻoniston Islom Respublikasidagi elchixonasi shtatlar jadvaliga mehnatga haq toʻlash fondiga tegishli oʻzgartirishlar kiritgan holda savdo va iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchi lavozimi kiritilsin.

7. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ikki hafta muddatda Afgʻoniston Islom Respublikasi hududida respublika tarmoq xoʻjalik birlashmalarining qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlarini yetkazib beruvchi markazlashgan savdo uylarini tashkil etish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Belgilab qoʻyilsinki:

Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan tashqi iqtisodiy hamkorlik boʻyicha oʻrinbosari — Afgʻoniston Islom Respublikasi hududidagi savdo uylari hamda tashkilotlarning Surxondaryo viloyatida tashkil etiladigan vakolatxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish;

Ishchi guruhi — “Chora-tadbirlar”ning tegishli vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;

Surxondaryo viloyatida vakolatxonalar tashkil etadigan tegishli tashkilotlar rahbarlari — vakolatxonalarning samarali faoliyatini taʼminlash hamda Afgʻonistonga eksport hajmlarini oshirish uchun masʼuldir.

9. Bosh vazir oʻrinbosari S.U. Umurzakov ikki hafta muddatda Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan oʻzaro yillik savdo hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazish borasida erishilgan kelishuvlarning ijrosi yuzasidan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xaritasi” Afgʻoniston tomoni bilan birga ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini taʼminlasin.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi har oy yakuni bilan “Chora-tadbirlar” va qoʻshma “Yoʻl xaritasi” ijrosi yuzasidan umumlashtirilgan maʼlumotni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga* muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

* 4-ilova berilmaydi.

11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov belgilansin.

12. Mazkur qarorning ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Qabul qilingan chora-tadbirlar natijadorligi toʻgʻrisida 2021-yil 1-mart hamda 1-sentabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2020-yil 12-noyabr,

PQ-4892-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4892-son qaroriga 1-ILOVA

Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha idoralararo ishchi guruhi

Izohlar.

Ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtganda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Ishchi guruhiga zarur holda vazirlik va idoralar rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb qilish huquqi beriladi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4892-son qaroriga 2-ILOVA

Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Surxondaryo viloyatida tashkilotlar tomonidan ochiladigan vakolatxonalar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi PQ-4892-son qaroriga 3-ILOVA

Afgʻoniston Islom Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 11-sentabrdagi PF-139-sonli Farmoni tahririda)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.