Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (keyingi oʻrinlarda — FAO), BMT Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — QXRXJ) hamda BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi (keyingi oʻrinlarda — BOOD) bilan hamkorlikda agrosanoat majmuini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, tarkibiy oʻzgartirishlarni samarali amalga oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni kuchaytirish, shuningdek, Rim shahrida (Italiya) joylashgan ushbu tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan resurs salohiyatini va natijadorlikni yanada oshirish maqsadida:
1. 2020-yil 2 — 4-noyabr kunlari boʻlib oʻtgan FAOning Yevropa uchun 32-Mintaqaviy konferensiyasida (keyingi oʻrinlarda — Mintaqaviy konferensiya) Oʻzbekiston Respublikasi ikki yil muddatga ushbu Mintaqaviy konferensiyaning raisi etib saylangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar FAO, QXRXJ va BOOD bilan hamkorlikni har tomonlama kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
Mintaqaviy konferensiyada mamlakat manfaatlarini ilgari surish, raislik doirasida qabul qilingan barcha qarorlarning samarali amalga oshirilishini taʼminlash, mazkur xalqaro tuzilmalar bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi amaliy hamkorlik rejalarini roʻyobga chiqarish;
Oʻzbekiston Respublikasining qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida jahonning eng ilgʻor tajriba va koʻnikmalari, bilim va innovatsiyalarini joriy etish uchun Mintaqaviy konferensiyaning ishtirokchi-mamlakatlari bilan yaqindan hamkorlik qilish;
Oʻzbekiston Respublikasining qishloq xoʻjaligi sohasi barqaror oʻsishini va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi yutuqlarini xalqaro hamjamiyatga yetkazish;
FAO, QXRXJ va BOOD doirasida mamlakatning agrar va oziq-ovqat siyosatini samarali amalga oshirish boʻyicha tub manfaatlari va pozitsiyasini ilgari surish, shuningdek, ularning salohiyatidan ixtisoslashgan global jamgʻarmalar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni chuqurlashtirishda keng foydalanish;
Oʻzbekiston aholisining ovqatlanish sifatini yaxshilash va turmush darajasini yuksaltirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish samaradorligini taʼminlash, shuningdek, sohada ilgʻor texnologiyalarni joriy etish maqsadida FAO, QXRXJ va BOODning grant, moliyaviy-texnik va ekspert koʻmagini jalb etish orqali milliy strategiyalar, dasturlar va loyihalar ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
FAO, QXRXJ va BOOD bilan doimiy aloqalar olib borish, yuqori darajadagi va ekspert hamjamiyatlarining oʻzaro tashriflar almashuvini amalga oshirish, tomonlar oʻtkazadigan xalqaro tadbirlarda ishtirok etish hamda ular bilan konstruktiv muloqotni mustahkamlash.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Italiya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi oʻrindoshlik asosida Oʻzbekistonning FAO, QXRXJ va BOOD huzuridagi Doimiy vakili etib tayinlansin hamda unga Oʻzbekistonning FAO, QXRXJ va BOOD bilan oʻzaro hamkorligiga doir barcha masalalarni muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Italiya Respublikasidagi Elchixonasi (keyingi oʻrinlarda — Elchixona) shtat jadvaliga, mehnatga haq toʻlash fondi tegishlicha oʻzgartirilgan holda, maslahatchi — Oʻzbekistonning FAO, QXRXJ va BOOD huzuridagi Doimiy vakili oʻrinbosari lavozimi kiritilsin hamda unga FAO, QXRXJ va BOOD bilan tizimli amaliy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha majburiyatlar yuklatilsin.
5. Elchixonaning maslahatchi lavozimi Elchixonaning savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchisi lavozimiga oʻzgartirilsin.
6. Quyidagilar:
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi PF-133-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan)
Oʻzbekiston Respublikasining BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti, BMT Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi hamda BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi bilan hamkorligini kengaytirish hamda FAOning Yevropa uchun 32-Mintaqaviy konferensiyasida Oʻzbekiston Respublikasining muvaffaqiyatli raislik qilishini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashqi ishlar vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda har yarim yilda bir marta “Yoʻl xaritasi”ning ijrosi holati tahlilini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borsin.
7. Moliya vazirligi qoʻshimcha bitta yengil avtomobilni saqlash uchun Elchixonaga limit ajratsin.
8. Tashqi ishlar vazirligi:
Elchixona shtat jadvalidagi oʻzgartirishlarni inobatga olgan holda, Elchixonani saqlab turish boʻyicha 2020-yilga moʻljallangan xarajatlar smetasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;
qoʻshimcha shtat birligini kiritish va yengil avtomobil xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirishni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarini saqlab turish uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan va ularning doirasida amalga oshirsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 2-apreldagi “Italiya Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasining Elchixonasini ochish toʻgʻrisida”gi 143-son qarorining 1-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 15-dekabr,
PQ-4922-son
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi PF-133-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 15-dekabrdagi PQ-4922-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti, BMT Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi hamda BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi bilan hamkorligini kengaytirish hamda FAOning Yevropa uchun 32-Mintaqaviy konferensiyasida Oʻzbekiston Respublikasining muvaffaqiyatli raislik qilishini taʼminlash boʻyicha