PF-6167-son Farmon · 11.02.2021

Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-6167
  • Qabul qilingan sana:11.02.2021
  • Kuchga kirgan sana:12.02.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/21/6167/0103

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6096-son Farmoniga muvofiq hamda iqtisodiyotga xususiy investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish maqsadida:

1. Xalqaro konsalting, auditorlik va investitsiya maslahatchilari, investitsiya banklari va boshqa ixtisoslashgan kompaniyalarni (keyingi oʻrinlarda — professional tashkilotlar) jalb etgan holda davlat aktivlarini xususiylashtirishning zamonaviy usullarini joriy etish amaliyoti boshlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq mazkur Farmonning 1 va 2-ilovalarida koʻrsatilgan davlat aktivlarini ommaviy savdolarga qoʻyishda va ularni sotish jarayonlarini tashkil etishda:

professional tashkilotlarni jalb etish Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yoki “UzAssets” investitsiya kompaniyasi tomonidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida amalga oshiriladi. Bunda, ular bilan tuziladigan shartnomalarni ekspertizadan oʻtkazish talab etilmaydi;

professional tashkilotlar tomonidan davlat aktivlarini sotish maqsadida aniqlangan qiymat yoki qiymatlar oraligʻi (baholash faoliyatining milliy standarti talablaridan qatʼi nazar) savdo jarayonida moʻljal sifatida hisobga olinishiga ruxsat beriladi;

baholash tashkilotining baholash toʻgʻrisidagi hisobotida tavsiya etilgan va uning ekspertiza xulosasida aniqlangan narxni davlat aktivining boshlangʻich narxi sifatida majburiy belgilash toʻgʻrisidagi talab amal qilmaydi;

Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasiga davlat aktivlarining boshlangʻich narxini eʼlon qilmagan holda sotish toʻgʻrisida eʼlonlar berish hamda 2 tadan kam boʻlmagan takliflar orasida eng yaxshisi asosida sotish boʻyicha qarorlar qabul qilish vakolati beriladi (baholash toʻgʻrisidagi hisobotda tavsiya etilgan va ekspertiza xulosasida aniqlangan narxdan qatʼi nazar).

(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2023-y., 06/23/42/0177-son)

3. Belgilansinki, 2022-yil 1-fevraldan boshlab davlat aktivini samarali boshqarishni tashkil etishda (xususiylashtirish, ishonchli boshqaruvga berish, xoʻjalik jamiyatlari ustav fondiga kiritish, davlat aktivini tasarruf etish va butligini saqlash bilan bogʻliq boshqa holatlarda) baholovchi tashkilotlar xizmatlarining boshlangʻich qiymatini aniqlash, ularning takliflarini baholash va tanlash tartibi joriy etiladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 15-yanvarga qadar davlat aktivini samarali boshqarishni tashkil etishda baholovchi tashkilotlar xizmatlarining boshlangʻich qiymatini aniqlash, ularning takliflarini baholash va tanlash tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son)

3-1. “UzAssets” AJ investitsiya kompaniyasi ustav kapitaliga berish orqali sotilgan davlat aksiya paketlari (ulushlari)ni sotishdan tushgan mablagʻlar (“UzAssets” AJ Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan saqlash xarajatlari, jumladan, korxonalarni sotishdan oldingi tayyorlash va sotish bilan bogʻliq xarajatlarni chegirgan holda) har chorakda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi.

Bunda, ushbu aktivlarni sotishdan tushgan mablagʻlar boʻyicha “UzAssets” AJ foyda soligʻi hamda toʻlov manbaidan ushlab qolinadigan dividendlardan olinadigan soliq summasini toʻlashdan ozod etiladi.

(3-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

5. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va javobgar etib Bosh vazirning oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortiqov belgilansin.

Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 11-fevral,

PF-6167-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi PF-6167-son Farmoniga1-ILOVA

2021-yilda savdoga chiqariladigan davlat aktivlarining

Izoh.

1. Ushbu ilovada koʻrsatilgan davlat aktivlarini sotishdan tushgan mablagʻlarning (aktivlarni savdolarga chiqarish va sotish bilan bogʻliq xarajatlarni chegirgan holda) 95 foizi Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga yoʻnaltiriladi, 5 foizi Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi tasarrufida qoldiriladi.

2. Obyektlar ulush yoki mulkiy majmua sifatida savdolarga chiqariladi. Ulush sifatida chiqarilganda ushbu ilovada koʻrsatilgan obyektlar jamiyat ustav fondiga balans qiymatida beriladi.

3. Sotish shartlari va usullari (jumladan professional tashkilotlarni jalb etish zarurati) Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

4. Obyektlarning maydoniga kadastr hujjatlari asosida aniqlik kiritiladi.

5. Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortigʻi 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar boshqaruv organlari qarorlari asosida ushbu ilovada koʻrsatilgan obyektlar yuridik shaxslarning davlat va xoʻjalik jamiyati ulushini obyektning balans qiymatiga kamaytirish hisobiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazish orqali savdoga chiqariladi.

* “Poytaxt biznes majmuasi” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushi va unga operativ boshqaruvga berilgan davlat koʻchmas mulk obyekti jamiyat ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish uchun balans qiymatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkaziladi.

** “Byeldirsoy oromgohi” dam olish maskani, “Chorvoq oromgohi” dam olish maskani va “Qizil suv sport sogʻlomlashtirish” MChJ davlat aktivlarini sotishdan tushgan mablagʻlarning (aktivlarni savdolarga chiqarish va sotish bilan bogʻliq xarajatlarni chegirgan holda) 90 foizi Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga va 5 foizi Togʻli va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi, 5 foizi Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi tasarrufida qoldiriladi.

*** “Ichan qalʼa” mehmonxona majmuasi davlat aktivlarini sotishdan tushgan mablagʻlarning (aktivlarni savdolarga chiqarish va sotish bilan bogʻliq xarajatlarni chegirgan holda) 90 foizi Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga va 5 foizi Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi, 5 foizi Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi tasarrufida qoldiriladi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2023-y., 06/23/95/0372-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi PF-6167-son Farmoniga2-ILOVA

2021-yilda savdoga chiqariladigan davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlari va davlat korxonalari

Izoh.

1. Mazkur roʻyxatning birinchi boʻlimidagi davlat aksiya paketlari (ulushlar) “UzAssets” AJ investitsiya kompaniyasi ustav kapitaliga nominal qiymatda berish orqali sotiladi.

2. Ushbu ilovada koʻrsatilgan aktivlarni sotishdan tushgan mablagʻlar (“UzAssets” AJ Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadigan saqlash xarajatlari, jumladan, korxonalarni sotishdan oldingi tayyorlash va sotish bilan bogʻliq xarajatlarni chegirgan holda) har chorakda Agentlik huzuridagi budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi va 95 foizi Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga yoʻnaltiriladi, 5 foizi Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi tasarrufida qoldiriladi.

3. Davlat ulushi miqdori va korxonalarning tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgargan taqdirda, aktivlarning sotilishi oʻzgarishlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi.

* “Oʻzkimyosanoat” AJga tegishli ulush belgilangan tartibda boshqaruv organi qarori asosida balans qiymatida ustav fondidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga “UzAssets” investitsiya kompaniyasi ustav fondiga nominal qiymatda oʻtkazilib, yaxlit paketda savdoga chiqariladi.

** Ushbu korxonalardagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi “UzAssets” investitsiya kompaniyasi jalb etadigan professional tashkilotlar orqali sotiladi.

*** Ushbu ilovada koʻrsatilgan korxonalarning ustav kapitalida davlat ulushi ustun mavqega ega boʻlgan korxonalarning ulushi mavjud boʻlganda, ularning ulushlari belgilangan tartibda boshqaruv organlari qarorlari asosida balans qiymatida ustav fondidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazilib, yaxlit paketda savdoga chiqariladi.

**** Mazkur korxonalardagi sotuvga chiqariladigan davlat ulushi miqdori va sotiladigan korxonalarning nomma-nom roʻyxati Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi taklifiga asosan Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi qarori bilan tasdiqlanadi.

(izohning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2023-y., 06/23/42/0177-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi PF-6167-son Farmoniga3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi “Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5666-son Farmoni 4-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari yoki Davlat tender komissiyasining qarori bilan boshqacha tartib oʻrnatilmagan boʻlsa, davlat mulki obyektlarini (aksiyalardan tashqari) sotish boʻyicha savdolar “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladi;”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5887-son Farmonining 9-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston futbol federatsiyasi takliflari asosida professional futbol klublari ustav fondidagi davlat ulushini ishonchli boshqaruvga berish yoki boshqa tashkilot va idoralarga oʻtkazish huquqi berilsin”.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-iyuldagi “Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4771-son qarorining 8-bandi “v” kichik bandi “davlat muassasasi shaklidagi” soʻzlaridan keyin “budjet tashkilotiga tenglashtirilgan” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-avgustdagi “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6044-son Farmoniga 5-ilovaning 43-pozitsiyasi “Ijro muddati” ustunidagi “2020-yil 1-dekabr” soʻzlari “2021-yil 1-avgust” soʻzlari bilan almashtirilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6096-son Farmonida:

a) 10-bandning “g” kichik bandining ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

b) 12-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “mazkur Farmonning 4-ilovasidagi” soʻzlari “xususiylashtirilishi belgilangan” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 13-bandning birinchi xatboshisidagi “uch oy muddatda” soʻzlari “2021-yil 1-iyulga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin;

g) 15-bandning ikkinchi xatboshisidagi “2020-yil 1-dekabrga qadar” soʻzlari “2021-yil 1-iyunga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin;

d) 20-bandda:

uchinchi xatboshidagi “2020” raqami “2021” raqami bilan almashtirilsin;

toʻrtinchi xatboshisidagi “uch oy muddatda” soʻzlari “2021-yil 1-iyunga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin;

e) 5-ilovadan “** Obyektlar mulkiy majmua sifatida barcha mavjud mol-mulki baholangan holda savdoga chiqariladi” soʻzlari chiqarib tashlansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 21-iyuldagi PQ-423-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulkini sotish boʻyicha tender savdolari oʻtkazuvchi Davlat komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomda:

a) 1-banddagi “Vazirlar Mahkamasi qarorlari” soʻzi “Hukumati hujjatlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 4-bandda:

quyidagi mazmundagi oʻn toʻrtinchi — oʻn yettinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:

“korxonalar sof aktivlarining davlat aksiya paketlari (ulushlari)ga nisbatan proporsional qiymati 100 mln soʻmdan oshmasa, sof aktivlarining proporsional ulushiga teng (sof aktivlari ustav kapitalidan kam boʻlganda nominal) qiymatda jamiyat qatnashchilarining sotib olishdagi ustunlik huquqini qoʻllamagan holda ommaviy savdolarga qoʻyish boʻyicha qarorlar qabul qilish;

davlat aktivlarini ommaviy savdolarga chiqarishda ularning boshlangʻich narxini (balans, nominal qiymatlarida, fond birjasi kotirovkasi boʻyicha, sof aktivlari qiymatida yoki davlat aktivlari baholangan narxining 70 foizgacha pasaytirilgan miqdorida) belgilash;

davlat unitar korxonalarini xususiylashtirish maqsadida xoʻjalik jamiyatlariga oʻzgartirishda korxonaning mol-mulklari va majburiyatlarini xatlov hamda baholashni oʻtkazmasdan, ularning ustav kapitali miqdorini soliq organlariga topshirilgan oxirgi buxgalteriya balansi maʼlumotlari asosida sof aktivlari qiymatida, sof aktivlari manfiy boʻlgan taqdirda, korxona ustav kapitali miqdorida belgilash;

davlat aktivlarini ustav kapitaliga berish orqali xususiylashtirish yoki davlat ishtirokidagi korxonalarning boshqaruv organlari qarorlari asosida ularning nosohaviy aktivlarini davlatga berish orqali ulardagi davlat ulushlarini kamaytirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish.”;

oʻn toʻrtinchi — oʻn toʻqqizinchi xatboshilari tegishincha oʻn sakkizinchi — yigirma uchinchi xatboshilar deb hisoblansin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PF-42-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2023-y., 06/23/42/0177-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.