PQ-5020-son Qaror · 05.03.2021

Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5020
  • Qabul qilingan sana:05.03.2021
  • Kuchga kirgan sana:06.03.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5020/0191

Mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning taʼlim va kasbiy koʻnikmalar olishi hamda bandligini taʼminlashga har tomonlama koʻmaklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qoʻllab-quvvatlash, joylarda “Ayollar daftari”ni shakllantirish va unga kiritilgan xotin-qizlar muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlarini tizimli oʻrganish, tahlil qilish va hal etish borasidagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida, shuningdek, “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq:

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi PF-87-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2022-y., 06/22/87/0198-son)

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi PF-87-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2022-y., 06/22/87/0198-son)

3. Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) sifatida qayta tashkil etilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslar, nogironligi boʻlgan farzandlarini tarbiyalayotgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarga uy-joylarning boshlangʻich badalini toʻlab berish;

xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, sogʻligʻini saqlash, ayollar sportini rivojlantirish, mehnat va oʻqish sharoitlarini yaxshilash bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirishga koʻmaklashish;

xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun tijorat banklariga resurs mablagʻlarini belgilangan tartibda joylashtirish;

xotin-qizlarga mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha bilim va koʻnikmalarni egallashlari uchun zarur sharoitlar yaratish bilan bogʻliq tadbirlarni moliyalashtirishga koʻmaklashish.

Belgilab qoʻyilsinki, Respublika kengashi (T.K. Narbayeva, Q.M. Rafikov) Jamgʻarma mablagʻlari xarajatlari parametrlarini tasdiqlaydi, mablagʻlardan toʻgʻri va samarali foydalanish boʻyicha doimiy monitoring oʻrnatadi.

4. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

Respublika kengashining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq har yili 300 milliard soʻmgacha boʻlgan miqdorda ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlanadigan Davlat budjeti mablagʻlari;

Jamgʻarmaning boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Belgilansinki:

a) Jamgʻarma har yili AT “Xalq banki”ga 100 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlarni 2021-yilda Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada, 2022-yildan boshlab esa yillik 10 foiz stavkada yoʻnaltiradi;

(5-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PQ-55-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 07/21/55/1173-son)

b) quyidagi dasturlarni muvaffaqiyatli oʻzlashtirgan xotin-qizlarga mazkur mablagʻlar hisobidan har bir mahallaga mahallabay ishlash boʻyicha biriktirilgan hokim yordamchisining tavsiyasiga koʻra, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 3 yilgacha muddat va 6 oygacha imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada 33 million soʻmgacha boʻlgan miqdorda kreditlar ajratiladi:

(5-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PQ-55-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 07/21/55/1173-son)

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan maʼqullangan dasturlar asosida tashkil etilgan oʻquv kurslarini;

(5-bandning “b” kichik bandi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-apreldagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son)

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga oʻqitish maskanlari hamda Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari yoki nodavlat taʼlim muassasalarining kasbga oʻrgatish oʻquv kurslarining maxsus oʻqitish dasturlarini;

v) ajratiladigan kreditlar, istisno tariqasida, 2022-yil 1-yanvarga qadar Markaziy bankning asosiy stavkasi doirasida, 2022-yil 1-yanvardan tijorat banki tomonidan yillik 14 foiz stavkada beriladi;

(5-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PQ-55-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 07/21/55/1173-son)

(5-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-yanvardagi PF-1-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2025-y., 06/25/1/0022-son)

d) kreditlar bogʻdorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish uchun 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga, chorvachilik (qoramol, qoʻy, echki) uchun 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga har bir mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining tavsiyalariga muvofiq tuman (shahar) Oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazining asoslantirilgan va natijadorligi aniq hisob-kitob qilingan holdagi qarori asosida beriladi.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi PQ-55-sonli qaroriga asosan “d” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 07/21/55/1173-son)

6. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov):

a) 2021-yilda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash maqsadida, ularga ipoteka kreditlari boʻyicha boshlangʻich badalni toʻlab berish va ijtimoiy uy-joylar sotib olish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga:

noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy-joy bilan taʼminlashga — 10 milliard soʻmdan;

ota-onasidan yoki ularning biridan ayrilgan hamda yolgʻiz onasi, yolgʻiz otasi yoki boshqa shaxslar qaramogʻida boʻlgan voyaga yetgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlashga — 5 milliard soʻmdan mablagʻ ajratsin;

(6-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi PF-24-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 06/21/24/1085-son)

b) bir hafta muddatda ayollar muammolarini tizimli va manzilli ravishda oʻrganish va hal etish doirasida shakllantirilgan maxsus jarrohlik amaliyotlari oʻtkazish orqali davolanishga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar roʻyxatidagi hamda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlarning davolanishi uchun Jamgʻarmaga 30 milliard soʻm yoʻnaltirsin.

Belgilansinki, mazkur bandda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish xarajatlari uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan jami 240 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar,Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklari:

2021-yilda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi boʻlgan va oʻzgalar parvarishiga muhtoj xotin-qizlarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatish uchun 80 milliard soʻm, shuningdek, noturar joylarda istiqomat qilayotgan xotin-qizlarga turar joy ijarasi kompensatsiyasini toʻlash uchun 11 milliard soʻm yoʻnaltirsin;

(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari talabnomasi asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjeti va Toshkent shahrining shahar budjeti, tuman (shahar) budjetlarida shakllangan qoʻshimcha manbalar hisobidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga mablagʻ ajratish yuzasidan tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublika Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlariga har chorakda taklif kiritilishini taʼminlasin.

(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Bosh prokuratura (N.T. Yoʻldoshev) 2021-yilda majburiy undiruvlar hisobidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalariga 150 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishini taʼminlasin.

8. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (G.M. Marufova) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari bilan birgalikda 2021-yil 1-mayga qadar mazkur qarorning 6-7-bandlarida nazarda tutilgan mablagʻlar yoʻnaltiriladigan xotin-qizlar roʻyxatini shakllantirib, toʻlovlarni amalga oshirishni boshlasin.

Respublika kengashi (T.K. Narbayeva, Q.M. Rafikov) ushbu mablagʻlarning oʻz vaqtida ajratilishi va manzilli ishlatilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin hamda masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib borsin.

9. Respublika “Hunarmand” uyushmasi (U.T. Abdullayev) Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (G.M. Marufova), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda xotin-qizlarni hunarmandchilikka jalb etish chora-tadbirlarini amalga oshirsin. Bunda:

2021-yil mobaynida har bir hududda asosan xotin-qizlar faoliyat yuritadigan hunarmandchilik turlariga ixtisoslashgan klasterlar faoliyati tajriba sifatida joriy etiladi;

ushbu klasterlar hunarmandchilik mahsulotlari uchun xom ashyo yetishtirish, uni qayta ishlash va sotish faoliyatini qamrab oladi, shuningdek, klasterlar ustav kapitalining 50 foizi teng ulushlarda Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi va Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi, qolgan 50 foizi hunarmandlarning oʻz mablagʻi hisobidan shakllantiriladi.

10. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov), Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov), Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (G.M. Marufova), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining quyidagi takliflari maʼqullansin:

“Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni samarali yuritish, ishsiz fuqarolarga bandlik sohasida tizimli yordam koʻrsatish hamda “mahallabay” tizim asosida ishlarni tashkil qilish maqsadida har bir mahallada mehnat inspektoriga “jamoatchi yordamchi”larni jalb etish;

“jamoatchi yordamchi”lar bilan 11 oy muddatgacha jamoat shartnomalari tuzish hamda ularning ish haqini mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining bir yarim baravari miqdorida belgilash;

“jamoatchi yordamchi”larning ish haqini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtirish.

11. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov) bir oy muddatda:

oʻz tasarrufiga oʻtayotgan kasb-hunar taʼlim muassasalarining boʻsh turgan qismini tadbirkorlik subyektlariga oʻquv xonasi va ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun 30 yilgacha boʻlgan muddatga imtiyozli ijaraga berish tartibini;

xotin-qizlar tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan soʻng 3 oy mobaynida ularga berilgan boʻsh turgan binolarning ijara toʻlovlarini Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha boʻlgan miqdorda toʻlab berish, shuningdek, boʻsh turgan binolarni 1 yilgacha boʻlgan muddatda imtiyozli ravishda ijaraga berish tartibini joriy etsin.

12. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (G.M. Marufova) bir oy muddatda:

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda xotin-qizlarni kasbga oʻrgatish, ularning bandligini taʼminlashga koʻmaklashuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida grantlarni eʼlon qilsin;

Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va uning hududiy tuzilmalarini ayollar huquqlarini himoya qilish maqsadida kiritilgan daʼvo arizalari boʻyicha davlat bojidan ozod qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Bosh prokuratura (S.B. Ortiqova), Adliya vazirligi (R.K. Davletov), Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2021-yil yakuniga qadar Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha respublika, hududiy va tumanlararo namunali markazlari faoliyatini samarali tashkil etish choralarini koʻrsin. Bunda:

(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi PF-61-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son)

bir oy muddatda barcha hududlarda zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarga yordam koʻrsatish boʻyicha bittadan tumanlararo namunaviy markazlar tashkil qilinsin;

(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi PF-61-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son)

ushbu tumanlararo namunaviy markazlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun Vazirlar Mahkamasi zaxira jamgʻarmasidan jami 10 milliard soʻm hamda mahalliy budjetlar qoʻshimcha manbalaridan mablagʻlar yoʻnaltirilsin.

(13-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-yanvardagi PF-61-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2022-y., 06/22/61/0084-son)

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-iyundagi PQ-4749-son qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi PF-6155-son Farmoniga muvofiq 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan xotin-qizlar uchun davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari ajratilganligi, shuningdek, ehtiyojmand oilalar farzandi boʻlgan xotin-qizlar uchun oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni ikki baravarga oshirish orqali ikki mingtaga yetkazilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berishda “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning qiz farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga alohida eʼtibor qaratsin.

(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-yanvardagi PF-1-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2025-y., 06/25/1/0022-son)

15. 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab bazaviy toʻlov-kontrakt asosida davlat oliy taʼlim muassasasiga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat oliy taʼlim muassasalari hisobidan oʻqitish tartibi joriy etilsin. Bunda, oʻqish uchun toʻlov pullari:

2021/2022 oʻquv yilida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 100 nafardan xotin-qizlar uchun har yili mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hamda moliyaviy barqaror davlat oliy taʼlim muassasalari tomonidan ularning Kengashi qaroriga asosan 50 nafargacha xotin-qizlar uchun davlat oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan;

2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 150 nafardan xotin-qizlar uchun har yili mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplab beriladi.

(15-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-61-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/61/1195-son)

16. Maktabgacha taʼlim vazirligi (A.V. Shin):

a) bir oy muddatda Moliya vazirligi bilan birgalikda quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin:

ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʻiz ayollarning farzandlarini maktabgacha taʼlim tashkilotlariga imtiyozli roʻyxatga kiritish orqali qabul qilish;

boquvchisini yoʻqotgan ayollarga farzandini maktabgacha taʼlim tashkilotlari, shu jumladan oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalariga berish xarajatlarini budjetdan qoplash;

b) Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

ikki oy muddatda bolaning ilk rivojlanishiga xizmat qiladigan maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini yanada kengaytirish maqsadida mahallalarda boʻsh turgan va foydalanilmayotgan binolar (xonalar)ni xatlovdan oʻtkazsin;

ikki oy muddatda maktabgacha taʼlim tashkilotlari mavjud boʻlmagan mahallalarda maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagan bolalar roʻyxatini shakllantirsin;

2021-yil yakuniga qadar maktabgacha taʼlimga ehtiyoj mavjud boʻlgan mahallalarda, shu jumladan qishloq joylarida maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini tashkil qilish va ularni zarur moddiy-texnika vositalari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

17. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi (A.Sh. Bekmurodov) Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda bakalavriat bosqichini muvaffaqiyatli tamomlab, xorijiy mamlakatlarning nufuzli taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasalariga “El-yurt umidi” jamgʻarmasining stipendiyalari asosida oʻqishga yuboriladigan stipendiatlar orasida xotin-qizlar ulushini kamida 20 foizga koʻpaytirsin.

18. Oliy Majlis palatalari bir oy muddatda xotin-qizlarni, shu jumladan nogironligi boʻlgan ayollarni davlat va jamiyat oldidagi fidokorona xizmatlari, mamlakatning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy salohiyatini oshirishga qoʻshgan hissasi, irodasi, ilmiy va amaliy sohalardagi erishgan yutuqlari uchun ularni ragʻbatlantirishni nazarda tutuvchi davlat mukofotlarini taʼsis etish masalasini koʻrib chiqsin.

19. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari oʻz sessiyalarida mutasaddi davlat organlari rahbarlarining xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga koʻmaklashish, shuningdek, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha axborotini eshitib borsin.

20. Quyidagilar:

Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Ijro etuvchi direksiyasi tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Jamgʻarma Respublika kengashining ishchi organlari hisoblanishi belgilab qoʻyilsin.

21. Respublika kengashi (T.K. Narbayeva, Q.M. Rafikov) bir oy muddatda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi oʻrnini mustahkamlash maqsadida zamonaviy ijtimoiy va siyosiy faol xotin-qizlarning milliy imijini keng targʻib qilish boʻyicha media-reja ishlab chiqsin hamda uning ijrosini taʼminlasin.

22. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J. Xadjayev), Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (G.M. Marufova) ikki oy muddatda yoshlarga har tomonlama oʻrnak boʻlayotgan ayollarimizni jalb qilgan holda, xotin-qizlar uchun “Iffatli ayol” telekoʻrsatuvi namoyishini yoʻlga qoʻysin.

23. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xotin-qizlarga motivatsiya berish maqsadida fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar bilan doimiy ravishda uchrashuvlar tashkil etib borsin.

24. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

25. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyul va 2022-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 5-mart,

PQ-5020-son

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi PF-87-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2022-y., 06/22/87/0198-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-martdagi PQ-5020-son qaroriga 2-ILOVA

Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Ijro etuvchi direksiyasi

Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 18 nafar.

Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar shtat birliklari soni oʻrnatilgan normativlar asosida belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-martdagi PQ-5020-son qaroriga 3-ILOVA

Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-apreldagi PF-69-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2026-y., 06/26/69/0420-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.