Bir necha asrlar davomida aniq va tabiiy fanlar Oʻzbekiston zaminida keng rivojlanib, Oʻrta Osiyo hududi dunyo intellektual markazi boʻlib kelgan. Yurtimiz hududida yuzaga kelgan birinchi va ikkinchi Renessans davri butun dunyo tan oladigan mashhur daholarni yetishtirib berdi. Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Fargʻoniy, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshgʻariy, Abu Ali ibn Sino, Nasriddin Tusiy, Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi va Sharqning boshqa olimlari ilmiy tadqiqotlari jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshdi.
Buyuk ajdodlarimizning ilmiy anʼanalarini munosib davom ettirgan holda, XX asrning 40-yillaridan boshlab Oʻzbekistonda fizika fanini rivojlantirish jarayonida nufuzli ilmiy maktablar tashkil etildi, ularning vakillari xalqaro mukofotlarga sazovor boʻldi va xorijiy akademiyalar aʼzolari boʻlib saylandi. Eng muhim ilmiy yoʻnalishlarni shakllantirishda Fanlar akademiyasining taniqli ilmiy maktablar yaratgan atoqli fiziklari muhim oʻrin tutdi. Mamlakatimiz fizika maktabi qattiq jismlar fizikasi, atom yadrosi fizikasi, yarim oʻtkazgichlar fizikasi, lazer fizikasi va issiqlik fizikasi sohalarida jahon ilm-faniga ulkan hissa qoʻshdi.
Bugungi kunda taʼlim muassasalarida fizika fanini oʻqitish sifatini oshirish, taʼlim jarayoniga zamonaviy oʻqitish uslublarini joriy qilish, iqtidorli oʻquvchilarni saralash, mehnat bozoriga raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda amaliy natijadorlikka yoʻnaltirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, sohada yechimini topmagan qator masalalar fizika sohasidagi taʼlim sifati va ilmiy tadqiqot samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zaruratini koʻrsatmoqda. Jumladan:
birinchidan, yoshlarning fizika faniga qiziqishlarini kuchaytirishga yetarli eʼtibor berilmayapti, taʼlim dasturlari oʻquvchilarda mustaqil, kreativ fikrlashni shakllantirishga va rivojlantirishga qaratilmagan, taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar zamon talablariga javob bermaydi;
ikkinchidan, taʼlim jarayonini tashkil etishda umumiy oʻrta va oliy taʼlim dasturlarining uzviyligi taʼminlanmagan;
uchinchidan, pedagog kadrlarning kasbiy bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida ularni xorijdagi nufuzli taʼlim va ilmiy muassasalarda taʼlim olishi hamda stajirovkadan oʻtishi uchun qulay sharoitlar yaratilmagan, xorijlik yetakchi mutaxassis, olim va oʻqituvchilarni dars jarayoniga jalb etish darajasi pastligicha qolmoqda;
toʻrtinchidan, fizika fani boʻyicha zamonaviy darsliklarni yaratish yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan, oʻquv adabiyotlarining mazmuni fan va texnika taraqqiyotining bugungi darajasini yetarli qamrab olmagan, masalalar toʻplami, praktikum, laboratoriya ishlarini bajarish boʻyicha qoʻllanmalar, multimedia dasturlarini yaratishga eʼtibor qaratilmagan;
beshinchidan, fizika taʼlimi va tadqiqotlari infratuzilmasining moddiy-texnik bazasi eskirganligi, fizika fani boʻyicha oʻquv va ilmiy laboratoriyalar zamonaviy jihozlar bilan taʼminlanmaganligi kadrlar tayyorlash sifatiga va tadqiqotlar samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda;
oltinchidan, fizika ixtisosliklari boʻyicha ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash salmogʻining kamligi bu sohadagi ilmiy salohiyatning pastligiga sabab boʻlmoqda;
yettinchidan, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar koʻlami yetarli darajada natijadorlikka yoʻnaltirilmagan, olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining ishlab chiqarish korxonalari muammolariga qaratilmaganligi natijasida sohada innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish koʻrsatkichlari talabga javob bermaydi.
Fizika fani boʻyicha taʼlim sifatini tubdan oshirish, yuqori malakali pedagog va ilmiy xodimlarni tayyorlash, taʼlim muassasalarini zamonaviy laboratoriyalar, darsliklar va boshqa oʻquv jihozlari bilan taʼminlash, ilmiy tashkilotlarning salohiyatini rivojlantirish, ularning faoliyatini samarali tashkil etish, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari oʻrtasida oʻzaro yaqin muloqot va hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
1. 2021 — 2023-yillarda fizika fanlari boʻyicha taʼlim sifatini oshirish va fizika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning natijadorligini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Kompleks dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Kompleks dasturning asosiy maqsad va vazifalari etib belgilansin:
umumtaʼlim muassasalarida fizika fanini oʻqitish sifatini oshirish, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarini takomillashtirish;
fizika fani boʻyicha kadrlarni, xususan, qishloq joylardagi maktablarning oʻqituvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini rivojlantirish;
taʼlim jarayoniga zamonaviy oʻqitish uslublarini, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish;
pedagog kadrlar va oʻquvchilarning fizika fanini bilish darajasini baholash, iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularning mahalliy va xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi hamda sovrinli oʻrinlar egallashini taʼminlash;
oliy taʼlim muassasalarida fizika fanlarini oʻqitishning integrativ prinsiplarini joriy etish, yangi va taʼlim bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish orqali yoshlarning fizika taʼlimi bilan qamrab olish darajasini oshirish;
fizika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning ishlab chiqarish bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolar yechimiga qaratilgan ilmiy ishlar koʻlamini kengaytirish;
ilmiy tadqiqotlarning va innovatsiya ishlarining natijadorligi va amaliy ahamiyatini oshirish.
2. Quyidagilar:
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
2021 — 2023-yillarda fizika faniga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari va fizika fani chuqurlashtirib oʻqitiladigan sinflar tashkil etiladigan maktablarning fizika fani boʻyicha sinf xonalari va laboratoriyalarini mebel, oʻquv laboratoriyasi asbob-uskunalari va boshqa texnik vositalar bilan jihozlash dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, mazkur qarorga 4-ilovada koʻrsatilgan maktablarning fizika fani boʻyicha sinf xonalari va laboratoriyalarini mebel, oʻquv laboratoriyasi asbob-uskunalari va boshqa texnik vositalar bilan jihozlash 2021-yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari, 2022-2023-yillarda Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ixtisoslashtirilgan maktablarning boshqa fanlar boʻyicha sinf xonalari va laboratoriyalarini (fizika fanidan tashqari) mebel, oʻquv laboratoriyasi asbob-uskunalari va boshqa texnik vositalar bilan jihozlash maqsadida qoʻshimcha mablagʻlarni ajratib borsin.
3. Quyidagilarga:
Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internati zimmasiga — fizika faniga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari va fizika fani chuqurlashtirib oʻqitiladigan sinflar tashkil etiladigan maktablar (keyingi oʻrinlarda — ixtisoslashtirilgan maktablar) uchun metodik koʻmak koʻrsatish, fizika fani boʻyicha malaka oshirish kurslari uchun taʼlim dasturlari va multimedia materiallarini ishlab chiqish;
oliy taʼlim muassasalari zimmasiga — oʻziga biriktirilgan ixtisoslashtirilgan maktablarda oʻquv jarayoni sifatini oshirish, professor-oʻqituvchilar va iqtidorli talabalarni taʼlim jarayoniga jalb qilish, mahorat darslari, toʻgaraklar va yozgi maktablarni tashkil etish yuzasidan javobgarlik yuklansin.
4. Xalq taʼlimi vazirligi:
a) 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida fizika fani kengroq oʻqitiladigan variativ oʻquv rejasini joriy qilsin;
ixtisoslashtirilgan maktablarda fizika fani tayanch oʻquv rejada belgilangan oʻquv soatlar doirasida haftasiga 3 soatdan oʻqitilishini taʼminlasin;
b) 2021-yil 1-oktabrga qadar fizika fani oʻqituvchilarining malakasini oshirish boʻyicha oʻquv modullarini ishlab chiqsin, ular boʻyicha videodarslarni tayyorlasin va foydalanish uchun “Uzluksiz kasbiy taʼlim” maxsus elektron platformasiga joylashtirsin;
v) ixtisoslashgan maktablarning oʻquv laboratoriyalaridan unumli foydalanish maqsadida ushbu maktablarda maktabdan tashqari “Amaliy fizika” toʻgaraklarini tashkil qilsin hamda ularning faoliyatiga yoshlarni keng jalb qilish choralarini koʻrsin;
g) 2022-yil 1-yanvarga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bittadan “Barkamol avlod” bolalar maktablarida “STEM” fizika klublarini tashkil etsin, klub aʼzolari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻrtasida har yili “Milliy fizika” musobaqasini oʻtkazib borsin.
5. Xalq taʼlimi vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda:
fizika fanini oʻqitish usullarini takomillashtirish maqsadida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab, tajriba-sinov tariqasida 20 ta umumtaʼlim muassasasida “virtual laboratoriya” loyihasini taʼlim jarayoniga tatbiq etish choralarini koʻrsin;
tajriba natijalaridan kelib chiqib, 2022-yil 1-iyunga qadar “virtual laboratoriya”larni boshqa umumtaʼlim muassasalarning taʼlim jarayoniga joriy qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflar kiritsin.
6. Davlat test markazi va Xalq taʼlimi vazirligi 2022-yil 1-yanvarga qadar fizika fanidan bilimlarni baholash boʻyicha milliy sertifikatlash tizimini joriy qilsin.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-241-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2022-y., 07/22/241/0408-son)
7. Bosh vazir oʻrinbosari B. Musayev Fargʻona viloyati hokimligi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil noyabr oyida Fargʻona viloyatida buyuk mutafakkir Ahmad al-Fargʻoniy nomidagi fizika fanidan xalqaro olimpiadani yuqori saviyada tashkil etish choralarini koʻrsin.
8. Belgilansinki, 2021-yil 1-sentabrdan boshlab:
a) oliy taʼlim muassasalarining “Fizika”, “Biotibbiyot fizikasi”, “Fizika va astronomiya” kabi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi talabalari oʻrtasida oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadasi gʻoliblari va fizika boʻyicha nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlari fizika mutaxassisliklari boʻyicha qabul parametrlaridan tashqari davlat granti asosida magistraturaga oʻqishga qabul qilinadi;
b) oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan:
fizika fanlari boʻyicha xalqaro va respublika olimpiadalari gʻoliblarini tayyorlagan professor-oʻqituvchilarga oylik maoshining 100 foizi miqdorida bir martalik pul mukofoti;
fizika fanlari boʻyicha talabalar uchun toʻgaraklar olib borayotgan professor-oʻqituvchilarning oylik maoshlariga 25 foiz miqdorida har oylik ustama haq toʻlanadi.
9. Quyidagilar:
Vazirlik, xoʻjalik birlashmalari va ishlab chiqarish korxonalariga fizika yoʻnalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda oliy taʼlim muassasalarini biriktirish roʻyxati 5-ilovaga muvofiq;
fizika fanlari boʻyicha yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash hamda ularning ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida hududlarda tashkil etiladigan oliy taʼlim muassasalariaro ilmiy-oʻquv markazlari roʻyxati 6-ilovaga muvofiq;
2022 — 2024-yillarda fizika fani boʻyicha oʻquv laboratoriyalari zamonaviy jihozlar bilan taʼminlanadigan oliy taʼlim muassasalari roʻyxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Belgilab qoʻyilsinki:
oliy taʼlim muassasalarida fizika fani boʻyicha oʻquv laboratoriyasi jihozlarini xarid qilish hamda hududlarda oliy taʼlim muassasalariaro ilmiy-oʻquv markazlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish foydalanuvchi oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari, xorijiy grantlar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
hududlardagi oliy taʼlim muassasalariaro ilmiy-oʻquv markazlarining laboratoriya jihozlaridan foydalanish, ularni saqlash va ekspluatatsiya qilish, butlovchi buyumlar va sarflanadigan materiallar bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish buyurtmachi oliy taʼlim muassasasining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
xoʻjalik birlashmalari va ishlab chiqarish korxonalari zimmasiga oʻziga biriktirilgan ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy taʼlim muassasalarida fizika yoʻnalishida oʻquv jarayonini samarali tashkil etish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga erishish, soha mutaxassislari rahbarligida amaliyotlarni oʻtash, ilmiy ish natijalarini amaliyotga tatbiq etishga koʻmaklashish va tijoratlashtirish, pedagog va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish va stajirovkaga yuborishni tashkil etish yuzasidan javobgarlik yuklanadi.
11. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tizimida fizika fanlarini sohalarga moslashtirilgan holda oʻqitishni yoʻlga qoʻysin;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-noyabrga qadar yoshlar oʻrtasida fizika fanlariga boʻlgan qiziqishni oshirish, ularning fizika, elektronika sohasidagi iqtidorini rivojlantirishga qaratilgan “Yosh fiziklar portali”ni ishga tushirsin;
2022-yil 1-iyunga qadar oliy taʼlim muassasalari tasarrufidagi akademik litseylarning fizika fani chuqurlashtirib oʻqitiladigan taʼlim yoʻnalishlari uchun takomillashtirilgan dasturlar asosida yangi darslik va muqobil adabiyotlar yaratish, moddiy-texnik, laboratoriya va oʻquv-metodik taʼminotini, shu jumladan budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan yangilash boʻyicha zarur choralarni koʻrsin;
yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda fizika sohalari boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻysin;
Samarqand davlat universiteti tuzilmasida fizika sohalari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi “Samarqand davlat universitetining muhandislik fizikasi instituti”ni tashkil etish choralarini koʻrsin.
12. Oʻzbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Fanlar akademiyasi huzuridagi Yadro fizikasi instituti va Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutiga fizika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (Dsc) ilmiy darajalarini berish vakolati taqdim etilsin.
13. Innovatsion rivojlanish vazirligi:
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2021-yildan boshlab oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar buyurtmasiga muvofiq fizika yoʻnalishi boʻyicha doktoranturaga qabul parametrlarini bosqichma-bosqich oshirib borish;
2021-yilda “Boʻlajak olim” tanlovi doirasida soddalashtirilgan mexanizm orqali kosmonavtika va aerodinamika sohalarini rivojlantirishga qaratilgan startap loyihalarni moliyalashtirish choralarini koʻrsin.
14. Fanlar akademiyasining:
Fanlar akademiyasi huzuridagi Fizika-texnika instituti tuzilmasida elektrotexnika sohasida xorijiy mamlakatlarning ilgʻor texnologiyalarini oʻrganish va mahsulotlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan saqlanadigan tajriba ishlab chiqarish va konstruktorlik byurosini tashkil etish;
Fanlar akademiyasi tizimiga kiruvchi fizika yoʻnalishidagi ilmiy tashkilotlarda ularning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan marketing va tijoratlashtirish boʻlimlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
15. Quyidagilar:
2021 — 2023-yillarda fizika yoʻnalishidagi ilmiy tashkilotlarni ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash dasturi (keyingi oʻrinlarda — Jihozlash dasturi) 8-ilovaga muvofiq;
2021-2022-yillarda fizika yoʻnalishida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan amaliy va innovatsion loyihalar boʻyicha yangi ilmiy ishlanmalar (texnologiyalar, mahsulotlar) yaratish dasturi 9-ilovaga muvofiq;
Fizika yoʻnalishidagi ilmiy tashkilotlarning ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirish boʻyicha “Yoʻl xarita”si 10-ilovaga muvofiq;
2021 — 2023-yillarda fizika yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan ilmiy xodimlarni yetakchi xorijiy ilmiy markazlar va ishlab chiqarish korxonalariga doktorantura va stajirovkaga yuborish reja-grafigi 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
16. Belgilansinki:
Jihozlash dasturi doirasida ilmiy laboratoriya asbob-uskunalarini xarid qilish Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grant mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;
mazkur qarorga 11-ilovaga muvofiq fizika yoʻnalishidagi ilmiy xodimlarni doktorantura va stajirovkaga yuborish qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda ishtirokchilarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
17. Fizika yoʻnalishida faoliyat koʻrsatayotgan taʼlim va ilmiy tashkilotlar, olimlar, oʻqituvchilar va fizika ixtisosligi boʻyicha tahsil olayotgan talabalarning Oʻzbekiston fiziklar kengashini (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin va quyidagilar Kengashning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
fizika sohasida ilm-fan va taʼlimni rivojlantirishga oid dolzarb muammolarni aniqlash, ularni keng jamoatchilik ishtirokida, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar orqali muhokama qilish va ilmiy yechimi boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
fizika yoʻnalishidagi taʼlim va ilmiy tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, Kengash aʼzolarining ijodiy faolligini oshirish va qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
fizika fani boʻyicha taʼlim sifatini oshirish, oʻquv dasturlari va darsliklarni takomillashtirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish boʻyicha ishlarni mazmunli va maqsadli tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
taʼlim, fan va ishlab chiqarishning oʻzaro mustahkam integratsiyasini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish, Kengash aʼzolariga fizika yoʻnalishidagi tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish hamda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishda koʻmaklashish;
masʼul vazirlik va idoralarning fizika sohasida taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish boʻyicha faoliyati ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, bu borada ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilish;
fizika fanini rivojlantirishga qaratilgan elektron platformalar yaratish, konferensiya, simpozium, seminar va davra suhbatlarini tashkil etish, fizika fani namoyandalari nomidagi stipendiyalarni taʼsis etish, oʻquvchi va talabalar oʻrtasida olimpiadalar hamda eng yaxshi ilmiy ishlar tanlovlarini oʻtkazish;
fizika yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan xorijiy taʼlim muassasalari, ilmiy jamiyat va tashkilotlar bilan aloqa oʻrnatish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, sohaga chet el investitsiyalarini jalb qilishga koʻmaklashish.
18. Belgilab qoʻyilsinki, Kengash tomonidan tayyorlangan takliflar tegishli vazirlik va idoralar hamda davlat taʼlim va ilmiy tashkilotlari tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqiladi, ular Kengashga vazifalarini amalga oshirishda har tomonlama koʻmak beradi, soʻralgan zarur maʼlumotlarni taqdim etib boradi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi Kengashga faoliyatini tashkil etish va yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatsin.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-390-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/390/1228-son)
20. Innovatsion rivojlanish vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi, Fanlar akademiyasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Mazkur qarorni samarali amalga oshirish va unda belgilangan yakuniy natijalarga erishish uchun:
xalq taʼlimi vaziri Sh.X. Shermatov hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori X.Oʻ. Umarovaga — hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, yoshlar seleksiyasini taʼminlash, fizika fanini oʻqitish sifatini oshirish, darsliklarni sodda va tushunarli tilda yaratish;
oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulovga — oliy taʼlim muassasalarida fizika fanlarini oʻqitish sifatini oshirish, ilgʻor xorijiy tajriba asosida ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda fizika fanlari boʻyicha zamonaviy darsliklarning nashr etilishini taʼminlash va tizimdagi ilmiy tashkilotlarning faoliyatini natijadorlikka yoʻnaltirish;
innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu. Abdurahmonovga — fizika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tizimining samaradorligini oshirish va “fan-taʼlim-ishlab chiqarish-hudud” integratsiyasini chuqurlashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va joriy etish;
Fanlar akademiyasining prezidenti B.S. Yuldashevga — ilmiy tashkilotlarning natijadorligini kuchaytirish, yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va joriy etish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga — tegishli hududdagi ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini samarali tashkil etish hamda amalga oshirilayotgan ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishda koʻmaklashish yuzasidan shaxsiy masʼuliyat belgilansin.
22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 19-mart,
PQ-5032-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-martdagi PQ-5032-son qaroriga1-ILOVA
2021 — 2023-yillarda fizika fanlari boʻyicha taʼlim sifatini oshirish va fizika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning natijadorligini taʼminlash boʻyicha
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi PF-106-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2022-y., 06/22/106/0314-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-martdagi PQ-5032-son qaroriga4-ILOVA
2021 — 2023-yillarda fizika faniga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari va fizika fani chuqurlashtirib oʻqitiladigan sinflar tashkil etiladigan maktablarning fizika fani boʻyicha sinf xonalari va laboratoriyalarini mebel, oʻquv laboratoriyasi asbob-uskunalari va boshqa texnik vositalar bilan jihozlash
* Jihozlash summasi loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqish va tanlov oʻtkazish natijalariga koʻra aniqlashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-martdagi PQ-5032-son qaroriga5-ILOVA
Vazirlik, xoʻjalik birlashmalari va ishlab chiqarish korxonalariga fizika yoʻnalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda oliy taʼlim muassasalarini biriktirish
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-martdagi PQ-5032-son qaroriga6-ILOVA
Hududlarda tashkil etiladigan oliy taʼlim muassasalariaro ilmiy-oʻquv markazlar
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-martdagi PQ-5032-son qaroriga7-ILOVA
2022 — 2024-yillarda fizika fani boʻyicha oʻquv laboratoriyalari zamonaviy jihozlar bilan taʼminlanadigan oliy taʼlim muassasalari
(7-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-martdagi PQ-5032-son qaroriga8-ILOVA
2021 — 2023-yillarda fizika yoʻnalishidagi ilmiy tashkilotlarni ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash
* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-avgustdagi PQ-3190-son va 2017-yil 1-noyabrdagi PQ-3365-son qarorlariga muvofiq Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
** Xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grant mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
*** Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PQ-4550-son qarorida belgilangan manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-martdagi PQ-5032-son qaroriga9-ILOVA
2021-2022-yillarda fizika yoʻnalishida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan amaliy va innovatsion loyihalar boʻyicha yangi ilmiy ishlanmalar (texnologiyalar, mahsulotlar) yaratish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-martdagi PQ-5032-son qaroriga10-ILOVA
Fizika yoʻnalishidagi ilmiy tashkilotlarning ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-martdagi PQ-5032-son qaroriga11-ILOVA
2021 — 2023-yillarda fizika yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan ilmiy xodimlarni yetakchi xorijiy ilmiy markazlar va ishlab chiqarish korxonalariga doktorantura va stajirovkaga yuborish
(12-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi PQ-390-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/390/1228-son)