Soʻnggi yillarda aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi isloh qilinib, ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, ayrim turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, maʼmuriy tartib-taomillardan oʻtish muddatlari sezilarli ravishda qisqartirildi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan beriladigan bir qator maʼlumotnomalar bekor qilindi.
Shu bilan birga, davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa davlat tashkilotlarida eskirgan byurokratik tartibotlar, shu jumladan elektron tizim orqali olish imkoniyati mavjud boʻlgan maʼlumotlarni qogʻoz koʻrinishida soʻrab olish, ish faoliyatini tashkil etish uchun muhim boʻlmagan hujjatlarni talab qilish natijasida aholi va tadbirkorlik subyektlarini ovora qilish amaliyoti saqlanib qolmoqda.
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash va davlat xizmatlarini koʻrsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirish maqsadida:
1. 2021-yil 1-iyundan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
fuqarolarning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish eksterritorial tamoyil asosida amalga oshiriladi;
notarial harakatlarni amalga oshirishda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari bilan bogʻliq barcha maʼlumotlar notarial idoralar tomonidan mustaqil ravishda, fuqarolardan ortiqcha maʼlumot talab qilmasdan, “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali olinadi;
tadbirkorlik subyekti boʻlgan yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan yigʻim va davlat boji toʻlovlarini toʻlashda ularning vakili tomonidan naqd pul shaklida toʻlovni amalga oshirishga ruxsat beriladi;
xorijiy tijorat tashkilotlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxona xodimini akkreditatsiya qilishda unda odamning immunitet tanqisligi virusi kasalligi yoʻqligi toʻgʻrisidagi sertifikatni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi;
davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlardan foydalanishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ortiqcha toʻlangan toʻlovlar, shuningdek, davlat xizmatini tezlashtirilgan tartibda koʻrsatish uchun qoʻshimcha toʻlangan yigʻimlar summasi (tezlashtirilgan tartibda koʻrsatilmagan taqdirda) soddalashtirilgan tartibda Adliya vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bir ish kuni ichida qaytariladi. Bunda qaytarib berilgan mablagʻlar Vazirlik tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan regress tartibida undirib olinadi.
(1-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
davlat xizmatini koʻrsatish natijasida beriladigan hujjatlar QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyish orqali berilganda ularning dublikatlarini berish tartibi bekor qilinadi. Bunda, ushbu hujjatlar elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali cheklanmagan miqdorda bepul olinadi.
2. Quyidagilar:
Ayrim turdagi maʼlumotlar va elektron koʻrinishdagi hujjatlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda berish uchun masʼul boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
2021-yil 1-maydan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining xohishiga koʻra koʻrsatilgan davlat xizmatining natijasi pochta aloqasi orqali yetkaziladigan davlat xizmatlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Ayrim turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatish tartib-taomillarini soddalashtirish va optimallashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Bosh vazir maslahatchisi O.M. Umarov mazkur Farmonga 1-ilovada koʻrsatilgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-mayga qadar axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda ularning idoraviy axborot tizimlari, resurslari va maʼlumotlar bazalarida mavjud va davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun zarur boʻlgan axborot va maʼlumotlarning “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga integratsiya qilinishini taʼminlasin.
Bosh vazir maslahatchisi O.M. Umarov hamda vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga elektron maʼlumot bazalarini oʻz vaqtida va sifatli shakllantirish, maʼlumotlarni raqamlashtirish, maʼlumotlar hamda elektron koʻrinishdagi hujjatlarni muddatida berish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. Belgilansinki, 2021-yil 1-iyundan boshlab davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik subyektlaridan:
a) quyidagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni:
ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
narkologiya boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
sudlanganlik;
manzil-maʼlumot axboroti;
fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy mavjud yoki mavjud emasligi;
turar joyning maydoni;
soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;
soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyilganligi;
pensiya va nafaqa miqdori;
pensiya va nafaqa oluvchilar roʻyxatida mavjud yoki mavjud emasligi;
nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi;
b) quyidagi hujjatlarni:
shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati;
tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining maʼlumotnomalari;
mehnat daftarchalari va ularning nusxalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda soʻrash bundan mustasno);
ish haqi va ish stajini, oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasasida oʻqiganlikni tasdiqlovchi arxiv maʼlumotnomalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda soʻrash bundan mustasno);
kadastr hujjatlari va ularning nusxalarini talab qilish bekor qilinadi.
Bunda, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa maʼmuriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur bandda nazarda tutilgan hujjat va maʼlumotlarni ushbu Farmonga 1-ilovada belgilangan masʼul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab oladi.
Ushbu bandda koʻrsatilgan hujjat yoki maʼlumotlarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan aholidan talab qilinishi davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish deb hisoblansin.
5. Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
2021-yil 1-maydan boshlab xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun ariza-anketani va davlat boji toʻlovini elektron tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish imkonini yaratish;
2021-yil 1-iyundan boshlab 16 yoshga toʻlgan shaxslarga identifikatsiya ID-kartalari berish ularni davlat soliq xizmati organlarida soliq toʻlovchi sifatida hisobga qoʻyish hamda fuqaroni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida hisobga qoʻyish bilan bir vaqtning oʻzida amalga oshirish tizimini joriy etish;
2021-yil 1-iyuldan boshlab soliq organlarida soliq toʻlovchilarning hisobini yuritish jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamidan foydalangan holda amalga oshirishga oʻtish. Bunda, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini berish va fuqaroni jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida hisobga qoʻyish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish bekor qilinadi.
Belgilab qoʻyilsinki:
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni koʻrsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator hisoblanadi;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarni identifikatsiya qiladigan alohida raqamlarni yuritish taqiqlanadi.
6. Davlat soliq qoʻmitasi Davlat personallashtirish markazi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyulga qadar:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining hamda Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning mavjud soliq toʻlovchining identifikatsiya raqamini ularning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami bilan oʻzaro bogʻlash ishlarini yakunlasin;
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami mavjud boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining hamda Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami orqali soliq toʻlovchi sifatida hisobga qoʻyilishini taʼminlasin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, 2021-yil 1-iyundan boshlab:
Davlat xizmatlari markazlari yuridik shaxslarni (nodavlat notijorat tashkilotlari, banklar va kredit byurolaridan tashqari) davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha yagona vakolatli organ hisoblanadi;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
davlat organlari va tashkilotlari, yuridik shaxslar birlashmalari, bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlari, matlubot, ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi kooperativlari hamda advokatlik tuzilmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
8. Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat personallashtirish markazi va Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi 2021-yil 1-mayga qadar oʻzlarining axborot tizimlarini “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga integratsiya qilishni taʼminlasin. Bunda, jismoniy shaxsning oʻlimi qayd qilingan kundan boshlab 10 kun ichida:
Ichki ishlar vazirligi — vafot etgan shaxsning fuqarolik pasporti yoki ID-kartasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning yashash guvohnomalari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning harakatlanish hujjatlari, haydovchilik guvohnomalari hisobdan chiqarilishini, agar fuqaro qidiruvda boʻlsa, qidiruv va jinoyat-protsessual ishlariga (hujjatlariga) tegishli maʼlumotlar kiritilishini;
Mudofaa vazirligi — vafot etgan shaxs harbiy roʻyxatdan chiqarilishini;
Tashqi ishlar vazirligi — vafot etgan chet el fuqarolari va chet elda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar boʻyicha tegishli xorijiy davlatga yoki uning Oʻzbekistondagi vakolatxonasiga xabar berilishini;
Sogʻliqni saqlash vazirligi — vafot etgan shaxs nogironligi boʻlgan shaxslar roʻyxatidan chiqarilishini;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi — vafot etgan shaxs “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi hisobidan chiqarilishini;
Davlat soliq qoʻmitasi — soliq qarzi mavjud boʻlmagan vafot etgan shaxs soliq toʻlovchi sifatida roʻyxatdan chiqarilishini;
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi — vafot etgan shaxsga ilgari tayinlangan pensiya va pensiya bilan birgalikda toʻlanadigan boshqa toʻlovlarning toʻlovi toʻxtatilishini;
(8-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi — vafot etgan shaxsga ilgari tayinlangan nafaqalarning toʻlovi toʻxtatilishini;
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoniga asosan toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
Adliya vazirligi — vafot etgan yakka tartibdagi tadbirkorning Tadbirkorlik subyektlarining Yagona davlat reyestrida faoliyati tugatilgan maqomiga oʻtkazilishini taʼminlasin.
(8-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
2021-yil 1-maydan boshlab FHDY organlarining ushbu bandda belgilangan organlarga jismoniy shaxsning oʻlimi qayd qilinganligi haqidagi maʼlumotni taqdim etish majburiyati bekor qilinsin.
9. 2021-yil 1-iyundan boshlab:
fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan davlat statistika organlariga dalolatnoma yozuvlarining nusxalarini yuborish va hisobotlarni topshirish amaliyoti bekor qilinsin. Bunda, davlat statistika organlari “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga oʻzlarining elektron tizimlarini integratsiya qilgan holda ushbu maʼlumotlarni real vaqt rejimida oladi va statistik hisobotlarni shakllantiradi;
huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Adliya vazirligi va davlat xizmatlari markazlaridan soʻrash toʻxtatilsin. Bunda, mazkur tashkilotlar tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimidan mustaqil ravishda oladi.
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
10. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
mazkur Farmonga 1-ilovada nazarda tutilgan davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda ikki oy muddatda ularning “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga ulanishini hamda barcha davlat organlari va tashkilotlariga mazkur tizimdan foydalanish imkoni yaratilishini taʼminlasin;
uch oy muddatda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlaridan foydalanishda ariza-soʻrovnomalarni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talabini bekor qilish hamda identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalarini joriy qilish orqali foydalanuvchilarga tizimga kirish va undan foydalanish uchun qulay imkoniyatlarni yaratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Adliya vazirligi:
Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda fuqarolar tomonidan ortiqcha toʻlangan toʻlovlar, vakolatli idoralar tomonidan oʻz vaqtida koʻrib chiqilmagan hamda rad etilgan murojaatlar boʻyicha, shuningdek, tezlashtirilgan tartibda davlat xizmati koʻrsatilmaganligi uchun qoʻshimcha undirilgan yigʻimlar summasini soddalashtirilgan tartibda qaytarish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
ayrim turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatish tartib-taomillarini soddalashtirish va optimallashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning ijrosi boʻyicha barcha zarur choralar koʻrilishini, mazkur Farmonning oʻz vaqtida ijro etilishida masʼul tashkilotlarga har tomonlama uslubiy va amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlasin, shuningdek, har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga uning amalga oshirilishi jarayoni toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim etsin.
12. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
13. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir maslahatchisi O.M. Umarov hamda adliya vaziri R.K. Davletov belgilansin.
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-apreldagi PF-113-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 06/22/113/0330-son)
Mazkur Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyul va 2022-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 23-mart,
PF-6191-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi PF-6191-son Farmoniga1-ILOVA
Ayrim turdagi maʼlumotlar va elektron koʻrinishdagi hujjatlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda berish uchun masʼul boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi PF-6191-son Farmoniga2-ILOVA
2021-yil 1-maydan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining xohishiga koʻra koʻrsatilgan davlat xizmatining natijasi pochta aloqasi orqali yetkaziladigan davlat xizmatlari
1. Sudlardan chiqadigan rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish.
2. Taʼlim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish.
3. Taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjat dublikatini taqdim etish.
4. Xorijiy davlatlarda umumiy oʻrta va oʻrta, oliy taʼlim olganlik toʻgʻrisida hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash.
5. Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash.
6. Oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga sanatoriylarda imtiyozli davolanishi uchun yoʻllanmalar berish.
7. Haydovchilik guvohnomasini berish, almashtirish va yoʻqolganlari oʻrniga yangisini berish.
8. Odamning immunitet tanqisligi virusi mavjud emasligi toʻgʻrisida sertifikat berish.
9. Avtomototransport vositalari va tirkamalarga (yarim tirkamalarga) roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini berish va qayd etish guvohnomasini berish.
10. Avtomototransport vositalari va tirkamalarga (yarim tirkamalarga) tranzit roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgisini berish.
11. Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish uchun yoʻllanma berish.
12. Qurilish loyihalarini ekspertizadan oʻtkazadigan shaxslarni akkreditatsiya qilish.
13. Mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderi berish.
14. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va reyestrdan koʻchirma berish.
15. Ipoteka hamda binolar va inshootlarga boʻlgan ashyoviy huquqlar ipotekasi toʻgʻrisidagi shartnomalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish.
16. Kadastr ishini tayyorlash va koʻchmas mulk obyektlariga kadastr pasportini rasmiylashtirish.
17. Oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) toʻgʻrisidagi kelishuvni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va reyestrdan koʻchirma berish.
18. Ixtiroga patent berish.
19. Foydali modelga patent berish.
20. Sanoat namunasiga patent berish.
21. Seleksiya yutugʻiga patent berish.
22. Integral mikrosxemalar topologiyalarini roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma berish.
23. Tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisida guvohnoma berish.
24. Tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisiga doir guvohnoma berish.
25. Muhtoj shaxslarga protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya texnik vositalari va kreslo-aravachalar yetkazib berish.
26. Keksa va nogironligi boʻlgan shaxsni yolgʻiz yashaydigan yoki yolgʻiz keksa va nogironligi boʻlgan shaxs deb eʼtirof etish.
27. Fuqarolik holatini qayd etish hujjatlarini berish.
28. Imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish.
* Davlat xizmatlarining natijasi pochta aloqasi orqali yetkazilganda pochta xizmatlari uchun amalga oshiriladigan toʻlovlar davlat xizmatidan foydalanuvchi hisobidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi PF-6191-son Farmoniga3-ILOVA
Ayrim turdagi davlat xizmatlarini koʻrsatish tartib-taomillarini soddalashtirish va optimallashtirish boʻyicha