PQ-5053-son Qaror · 03.04.2021

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tuzilmasini maqbullashtirish va shtat birliklari sonini qisqartirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5053
  • Qabul qilingan sana:03.04.2021
  • Kuchga kirgan sana:03.04.2021
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5053/0274

Davlat tomonidan tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlari joriy etilishi, davlat organlarida sohaga oid boʻlmagan vazifalarning qisqartirilishi, ular faoliyatiga raqamli texnologiyalarning joriy etilishi, shuningdek, davlat funksiyalarini amalga oshirishga xususiy sektorning jalb qilinishi kabi yoʻnalishlarda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlardan kelib chiqib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini taʼminlash maqsadida:

1. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning idoraviy va hududiy boʻlinmalari boshqaruv xodimlarining shtat birliklarini qisqartirish va tuzilmasini maqbullashtirish boʻyicha Respublika komissiyasining quyidagi takliflari maʼqullansin:

a) 2021-yil 1-maydan boshlab:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning idoraviy va hududiy boʻlinmalari boshqaruv xodimlarining sonini 15 foizgacha maqbullashtirish hamda ularning yangilangan cheklangan sonini 1-ilovaga muvofiq belgilash;

vazirlik va idoralarning rahbar oʻrinbosarlari lavozimlarini 2-ilovaga muvofiq qisqartirish;

b) Kapital bozorini rivojlantirish agentligini tugatish va uning barcha vazifa, funksiya va vakolatlarini Moliya vazirligiga berish.

2. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjati loyihasini kiritsin:

Kapital bozorini rivojlantirish agentligining vakolatlari, huquq va majburiyatlari hamda mol-mulkini Moliya vazirligiga oʻtkazish;

tugatilayotgan Agentlikning xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarini, ular bilan kelishilgan holda, keyinchalik amalga oshirish mexanizmini belgilash;

Kapital bozorini rivojlantirish agentligining vakolatlari Moliya vazirligiga oʻtkazilishi hisobiga uning faoliyatini kengaytirish.

3. Mazkur qarorning ilovalarida koʻzda tutilgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari:

bir hafta muddatda markaziy apparat va idoraviy boʻysunuvdagi tashkilotlar xodimlari sonini maqbullashtirish boʻyicha komissiyalar tashkil etsin hamda qisqartiriladigan lavozimlar roʻyxatini tasdiqlasin;

shtat birliklari qisqartirilayotgan xodimlar bilan munosabatlarda mehnat qonunchiligi talablariga qatʼiy amal qilinishi hamda xodimlarning mehnat huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlasin;

shtat birliklarini maqbullashtirish natijasida funksional majburiyatlarning qayta taqsimlanishini hisobga olib, 2021-yil 1-mayga qadar boshqaruv xodimlarining lavozim yoʻriqnomalarini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.

4. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarni ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish choralarini koʻrsin.

5. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) 2021-yil 15-mayga qadar:

vazirlik, idoralar va boshqa budjet tashkilotlarining shtat jadvallarini ushbu qaror bilan belgilangan boshqaruv xodimlarining cheklangan soniga va yordamchi xodimlar sonining belgilangan meʼyorlariga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning idoraviy va hududiy boʻlinmalari faoliyati samaradorligini oshirish, yuqori samarali mehnatga intilishni kuchaytirish, xodimlarning oʻz kasb darajasini oshirishdan manfaatdorligini taʼminlashni nazarda tutuvchi mehnatga haq toʻlashning yagona tizimini joriy etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin.

6. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I.I. Norqulov), Moliya vazirligi (O.Z. Nasritdinxodjayev), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J. Ortiqov) ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq miqdorda boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishida, shuningdek, davlat korxonalari boshqaruv organlarida kamida bir nafardan oʻrinbosari lavozimlarini qisqartirish, shuningdek, boshqaruv xodimlari sonini 10 foiz miqdorida maqbullashtirish tashabbusi bilan chiqsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (O.A. Xasanov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I.I. Norqulov), Adliya vazirligi (R.Q. Davletov) boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

a) uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin:

axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol qoʻllash orqali mahalliy davlat hokimiyati hamda davlat boshqaruvi organlarida eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) asosida baholashning zamonaviy usullarini joriy etish;

maʼmuriy islohotlar doirasida davlat organlari faoliyati samaradorligi va natijadorligini, shuningdek, bir-birini takrorlovchi funksiya va vazifalarni chuqur tahlil qilgan holda davlat organlari sonini qisqartirish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tuzilmasi hamda boshqaruv xodimlari sonini qayta koʻrib chiqish;

b) 2021-yil 1-sentabrga qadar xodimlarning eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga (KPI) erishilganligi natijalarini reyting baholashni amalga oshirish uchun maxsus dasturiy majmua ishlab chiqilishini hamda davlat organlarida bosqichma-bosqich joriy etilishini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga 2021-yil 1-avgustga qadar axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 3-aprel,

PQ-5053-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-apreldagi PQ-5053-son qaroriga1-ILOVA

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning idoraviy va hududiy boʻlinmalari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni

Izoh:

* Davlat organi rahbariga, zarur hollarda, tashkilot markaziy apparati, idoraviy va hududiy boʻlinmalarining tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi beriladi;

zarur hollarda, mazkur davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarining mavjud shtat birliklarini qisqartirilishiga ruxsat etiladi;

** Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining Toshkent shahar hududiy boshqarmalari, shuningdek, Toshkent shahri tumanlaridagi boʻlinmalari shtat birliklari mazkur vazirliklar umumiy shtat birliklari soniga kiritilgan.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi PF-133-sonli Farmoni tahririda)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-apreldagi PQ-5053-son qaroriga 2-ILOVA

Vazirliklar va idoralarning qisqarayotgan rahbar oʻrinbosarlari va ularning cheklangan soni

Izohlar:

* Rahbar oʻrinbosarlari lavozimi soni 3 va undan ortiq boʻlganda rahbarning birinchi oʻrinbosari lavozimi kiritilishi mumkin;

** Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sherikchiligi agentligi direktori — moliya vaziri oʻrinbosari lavozimidagi “moliya vaziri oʻrinbosari” maqomi chiqarib tashlanadi;

*** Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining kasb-hunar taʼlimi boʻyicha oʻrinbosari lavozimi qisqartiriladi;

**** Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi boshligʻi — qurilish vaziri oʻrinbosari lavozimidagi “qurilish vaziri oʻrinbosari” maqomi chiqarib tashlanadi;

***** Transport vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimi qisqartiriladi;

Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisi — transport vaziri oʻrinbosari lavozimidagi “transport vaziri oʻrinbosari” maqomi chiqarib tashlanadi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.