PQ-5094-son Qaror · 28.04.2021

2021-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5094
  • Qabul qilingan sana:28.04.2021
  • Kuchga kirgan sana:29.04.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5094/0382

Aholi bandligi va daromadlarini oshirishga har tomonlama koʻmaklashish, ishsizlar, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar, mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan bitiruvchilar bandligini taʼminlash boʻyicha yangi taʼsirchan mexanizmlarni joriy etish, ehtiyojmand aholini mehnat faoliyatiga jalb qilishda qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yangi ish oʻrinlarini tashkil etgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yanada ragʻbatlantirish maqsadida:

1. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan, quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi 2021-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda — Davlat dasturi) maʼqullansin:

a) 2021-yilda 457 127 ta doimiy yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlari, shu jumladan:

2021-yilda doimiy yangi ish oʻrinlarini tashkil etishning yigʻma prognoz koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;

2021-yilda tarmoq investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlarining prognoz koʻrsatkichlari 1.1-ilovaga muvofiq;

2021-yilda hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish va yangi kichik korxona, mikrofirmalar tashkil etish hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlarining prognoz koʻrsatkichlari 1.2-ilovaga muvofiq;

2021-yilda yakka tartibdagi tadbirkorlikni hamda hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlarining prognoz koʻrsatkichlari 1.3-ilovaga muvofiq;

b) 2021-yilda mehnat organlari tomonidan 513 575 nafar fuqaro bandligiga koʻmaklashish va ish beruvchilarni ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlarning prognoz koʻrsatkichlari, shu jumladan:

2021-yilda aholi bandligiga koʻmaklashish va ish beruvchilarni ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlarning umumiy prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

2021-yilda ishsizlarni boʻsh va zaxira ish oʻrinlariga ishga joylashtirish prognoz koʻrsatkichlari 2.1-ilovaga muvofiq.

2. Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2021-yilda aholi bandligiga koʻmaklashish uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya, nafaqalar va mikrokreditlar ajratish prognoz koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

subsidiyalar ajratish uchun — 92,3 mlrd soʻm;

ishsizlik nafaqalari toʻlab berish uchun — 65,1 mlrd soʻm;

kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish xarajatlarini qoplash uchun — 40,6 mlrd soʻm;

yangi ish oʻrinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi kichik loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklariga ajratiladigan resurslar uchun — 125 mlrd soʻm.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki hafta muddatda:

Davlat dasturi doirasidagi prognoz koʻrsatkichlarini tuman (shahar)lar va sektorlar boʻyicha oylar va choraklar kesimida ishlab chiqib, ularning xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlarida muhokamadan oʻtkazilishini;

Davlat dasturi doirasidagi 2021-yilga moʻljallangan loyihalarning tarmoq jadvallarini ishlab chiqib, hududiy mutasaddi tashkilot va idoralar tomonidan tasdiqlanishini;

2021-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish toʻgʻrisidagi hududiy (manzilli) dastur toʻgʻrisida qaror qabul qilinishini taʼminlasin.

4. Davlat dasturini oʻz vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan quyidagi idoralar rahbarlari tegishli yoʻnalishlar boʻyicha masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin:

Bosh vazir oʻrinbosari S.U. Umurzakov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.V. Voitov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (B.K. Abdinazarov) — tarmoq investitsiya loyihalarini amalga oshirish va 34 881 ta ish oʻrni yaratishga;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (O.B. Rustamov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (S.M. Xolxoʻjayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari — hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish va 206 098 ta ish oʻrni yaratishga;

Bosh vazir oʻrinbosari B.M. Musayev, Maktabgacha taʼlim vazirligi (A.V. Shin), Xalq taʼlimi vazirligi (Sh.X. Shermatov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshqulov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.M. Xadjibayev), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (A.M. Boboyev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari — ijtimoiy soha obyektlarini ishga tushirish va 6 641 ta ish oʻrni yaratishga;

Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (S.M. Xolxoʻjayev), Davlat soliq qoʻmitasi (Sh.D. Kudbiyev), Savdo-sanoat palatasi (A.I. Ikramov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari — yuridik shaxs tashkil etgan holda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga ish oʻrinlarini tashkil etish va 121 038 ta ish oʻrni yaratishga;

Davlat soliq qoʻmitasi (Sh.D. Kudbiyev), Savdo-sanoat palatasi (A.I. Ikramov), Davlat xizmatlari agentligi (U.I. Muhammadiyev), Moliya vazirligi (D.Sh. Sultonov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari — yuridik shaxs tashkil etmagan holda yakka tartibdagi tadbirkorlikni, shu jumladan hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga ish oʻrinlarini tashkil etish va 88 469 ta ish oʻrni yaratishga;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Husanov) — mehnat organlari tomonidan 513 575 nafar fuqaro bandligiga koʻmaklashishga;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Husanov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (S.M. Xolxoʻjayev) — masʼul davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Davlat dasturi oʻz vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirishga.

Davlat dasturi yuzasidan ushbu bandda koʻrsatilgan masʼul vazirlik, idora hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har oy yakuniga koʻra keyingi oyning beshinchi sanasiga qadar tegishli maʼlumotlarni umumlashtirish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga taqdim etib borsin.

5. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bir oy muddatda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksining Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat statistika qoʻmitasi axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin. Bunda, quyidagilar “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida aks ettiriladi:

mehnat staji uchun ijtimoiy soliq toʻlagan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har oy yakuni boʻyicha hisobot oyidan keyingi oyning beshinchi sanasiga qadar;

tashkil etilgan ish oʻrnida band boʻlgan jismoniy shaxslardan (yakka tartibdagi tadbirkorlardan) olinadigan daromad soligʻi yoki ijtimoiy soliq hamda norasmiy faoliyat koʻrsatayotgan yashirin ish oʻrinlarini rasmiylashtirish, shuningdek, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har oy yakuniga qadar;

yuridik shaxslar tomonidan yangi tashkil etilgan va qisqartirilgan ish oʻrinlari soni toʻgʻrisidagi oylik, choraklik, yillik maʼlumotlar (kichik korxona va mikrofirmalardan tashqari) hisobot oyidan keyingi oyning beshinchi sanasiga qadar.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har oy yakuni boʻyicha:

Davlat dasturi ijrosi yuzasidan umumlashgan tahliliy maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin;

Davlat dasturi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasi Rayosatida hisobot berib borsin.

6. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining vaqtincha, mavsumiy va bir martalik ishlarda (keyingi oʻrinlarda — vaqtincha ishlar) band boʻlgan fuqarolarning mehnat faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha quyidagilardan iborat yangi tizimni yaratish haqidagi taklifi maʼqullansin:

vaqtincha ishlarda band boʻlgan fuqarolarga koʻrsatilayotgan xizmatlar koʻlamini kengaytirish, shu jumladan ularga vaqtincha ish joylari va ish beruvchilarni qidirishda koʻmaklashish, oʻzini oʻzi band qilib ishlash uchun zarur sharoitlar yaratib berish;

ish beruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga vaqtincha ishlarda band boʻlgan fuqarolarni yollash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish, mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etish masalalari boʻyicha maslahat va uslubiy yordam berish;

vaqtincha ishlarda band boʻlgan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnatini muhofaza qilish, ularga mehnat qurollari, shaxsiy himoya vositalari va maxsus kiyimlar bilan taʼminlash xizmatlarini koʻrsatish;

“barcha uchun ish” tamoyili asosida vaqtincha ishlarni tashkil etishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, ish beruvchilar va ishlovchilarga masofadan turib xizmatlar koʻrsatishni keng joriy etish;

vaqtincha ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish jarayonlariga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik subyektlarini keng jalb etish, bunda ish izlovchilarni yotoqxona va transport bilan taʼminlash, tezkor buyurtmalar olish va boshqa qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish.

7. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari huzurida faoliyat yuritayotgan vaqtincha bir martalik ish bilan taʼminlash byurolari Kunlik mehnat markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markaz) sifatida qayta tashkil etilsin hamda quyidagilar ularning asosiy vazifalari etib belgilansin:

ish izlovchilarni roʻyxatga olish, ular toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasini yuritish, ish beruvchi jismoniy va yuridik shaxslardan fuqarolarni vaqtincha ishlarga yollash boʻyicha buyurtmalar olish;

vaqtincha ishlarni bajaruvchi shaxslarning oʻzini oʻzi band qilgan sifatida roʻyxatdan oʻtishi va elektron (qogʻoz) shakldagi maʼlumotnoma olishiga shart-sharoit yaratish;

ish izlovchilarni korxona va tashkilotlardagi boʻsh (vakant) ish oʻrinlari bilan muntazam tanishtirib borish hamda doimiy ishga joylashishlariga koʻmaklashish;

vaqtincha ishlar bilan shugʻullanuvchi shaxslarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etish, kasbga tayyorlash (qayta tayyorlash va malakasini oshirish)ni tashkil etish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;

manfaatdor ish beruvchilar va ish izlovchilar ishtirokida boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalarini tashkil qilish;

vaqtincha ishlar bilan shugʻullanuvchi shaxslarga mehnat qurollari, shaxsiy himoya vositalari va maxsus kiyimlarni ijaraga berish.

8. Belgilansinki:

Markazda vaqtincha ishlarni bajaruvchi shaxslarga ularning doimiy yashash joyidan qatʼi nazar (eksterritoriallik tamoyili boʻyicha), ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatga olingan holda bandlik xizmatlari koʻrsatiladi;

Markazda tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazi direktori tomonidan tayinlanadigan ishga joylashtirish mutaxassislari faoliyat yuritadi;

tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazi direktorining oʻrinbosari bir vaqtning oʻzida ushbu hududdagi Markazning rahbari hisoblanadi;

jamoat tartibini saqlash uchun Markazga tegishli tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimining masʼul xodimi doimiy ravishda biriktiriladi;

Markaz xodimlarining va unga doimiy ravishda biriktirilgan tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimining masʼul xodimi mehnatiga haq toʻlash tegishli ravishda tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazi hamda ichki ishlar boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi.

9. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda olti oy muddatda “barcha uchun ish” tamoyili asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydonini ishga tushirsin:

ishsizlar, ayniqsa, ayollar, yoshlar, talabalar, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ishlar, masofadan turib bajariladigan ishlar, uyda bajariladigan ishlar, kasanachilik ishlari, frilanserlik faoliyati, ish grafiklari, talab etiladigan malaka darajasi, ish haqi miqdori va boshqalarni aks ettirish;

oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari) hamda ularga ehtiyoji bor boʻlgan ish beruvchilar toʻgʻrisida maʼlumotlarni olish;

oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari)ni reklama qilish;

oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va ularning xizmatiga ehtiyoji bor ish beruvchilar oʻrtasida kunlik va uzoq muddatli oferta shartnomasi tuzish.

10. Belgilab qoʻyilsinki:

“Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydonini ishga tushirishni moliyalashtirish Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

vaqtincha bir martalik ishlar toʻgʻrisidagi kunlik maʼlumotlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning faoliyat turlari (xizmatlari, ishlari) toʻgʻrisidagi eʼlonlar “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn maydoni orqali bepul taqdim etib boriladi;

xususiy bandlik agentliklariga kunlik ishlar haqidagi axborotni va ish izlovchilarning rezyumelarini eʼlon qilish uchun “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydonida shaxsiy kabinet ochishiga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ruxsat beriladi;

tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari huzurida ehtiyojdan kelib chiqib, filial shaklida Markazlarni tashkil etish, Markaz toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash hamda shtat birliklari ajratish mehnat bozorining konyunkturasi va kunlik ishlarga boʻlgan talabdan kelib chiqqan holda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;

Markazlarni tashkil etish, saqlash va moddiy-texnik taʼminlash xarajatlari Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, ularda videokuzatuv va ogohlantiruvchi aloqa tizimlarini oʻrnatish Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda vaqtincha, mavsumiy va bir martalik ishlarda band boʻlgan fuqarolarning mehnatfaoliyatini tartibga solish hamda Kunlik mehnat markazlari faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha Hukumat qarori qabul qilinishini taʼminlasin.

11. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

2021-yil 1-iyulga qadar yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha hisobotlarni yuritish, ularni real vaqt rejimida Davlat soliq qoʻmitasining yagona integratsiyalashgan axborot resurs bazasi bilan monitoring qilishga moʻljallangan elektron dastur ishlab chiqilishini;

uch oy muddatda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini, jumladan nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumanlar (shaharlar) hokimlarining qarori bilan belgilangan ish oʻrinlarining eng kam soni va ish beruvchilar tomonidan ish oʻrinlari zaxiraga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida aks ettirilishini;

ikki oy muddatda nogironligi boʻlgan shaxslar hamda tadbirkorlik subyektlari uchun bandlik sohasida interaktiv xizmatlar doirasi kengaytirilishini taʼminlasin.

12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Husanov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga 2021-yil 1-dekabrga qadar axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 28-aprel,

PQ-5094-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-apreldagi PQ-5094-son qaroriga 1-ILOVA

2021-yilda doimiy yangi ish oʻrinlarini tashkil etishning yigʻma prognoz koʻrsatkichlari

* 2021-yil davomida prognoz koʻrsatkichlariga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-apreldagi PQ-5094-son qaroriga 1.1-ILOVA

2021-yilda tarmoq investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlarining prognoz koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-apreldagi PQ-5094-son qaroriga 1.2-ILOVA

2021-yilda hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish va yangi kichik korxona, mikrofirmalar tashkil etish hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlarining prognoz koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi PQ-5094-son qaroriga 1.3-ILOVA

2021-yilda yakka tartibdagi tadbirkorlikni hamda hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga yaratiladigan ish oʻrinlarining prognoz koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-apreldagi PQ-5094-son qaroriga 2-ILOVA

2021-yilda aholi bandligiga koʻmaklashish va ish beruvchilarni ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlarning umumiy prognoz koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-apreldagi PQ-5094-son qaroriga 2.1-ILOVA

2021-yilda ishsizlarni boʻsh va zaxira ish oʻrinlariga ishga joylashtirish prognoz koʻrsatkichlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-apreldagi PQ-5094-son qaroriga 3-ILOVA

2021-yilda aholi bandligiga koʻmaklashish maqsadida Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya, ishsizlik nafaqalari va mikrokreditlar ajratish prognoz koʻrsatkichlari

* Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan prognoz koʻrsatkichlariga oʻzgartirish kiritilishi mumkin.

** Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi va Jahon bankining grant mablagʻlari.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.