Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, axborot olish erkinligini taʼminlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. Barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan Hisob palatasi, Markaziy bank, sud va prokuratura organlari hamda ularning tarkibiy va hududiy boʻlinmalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalari (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) tomonidan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Adliya vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda tahlillar asosida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatini yanada kengaytirish boʻyicha doimiy ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritib borsin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari:
a) har yili:
1-martga qadar oʻz faoliyatiga oid hisobotni (davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun moʻljallangan maʼlumotlar bundan mustasno) rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, 10-martga qadar uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar beradi;
1-aprelga qadar oʻz faoliyatiga oid hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumanlarini oʻtkazadi;
b) 2021-yil 1-iyuldan boshlab quyidagilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portaliga (keyingi oʻrinlarda — Portal) va oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, ularni har chorakda yangilab boradi:
amalga oshirilgan davlat xaridlari, shu jumladan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar);
mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari (xizmat safarining yoki tashrifning maqsadi, sutkalik pul, transport va yashash bilan bogʻliq xarajatlar, bundan davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun moʻljallangan maʼlumotlar mustasno);
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan individual imtiyozlar berilgan subyektlarning benefitsiarlari (yakuniy manfaatdor jismoniy shaxslari), ular tomonidan toʻlangan soliqlar va moliyaviy koʻrsatkichlar;
oʻzlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi, shu jumladan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish xarajatlari;
v) 2021-yil 1-iyuldan boshlab oʻz huzurida faoliyat yurituvchi jamoatchilik kengashlari bilan birgalikda rasmiy veb-saytlarida quyidagi maʼlumotlarni joylashtirib, ularning har chorakda yangilanib borilishini taʼminlaydi:
jamoatchilik kengashining tasdiqlangan aʼzolari haqidagi maʼlumotlar bilan bir qatorda ularning aloqa maʼlumotlari (telefon, pochta va elektron manzillari);
jamoatchilik kengashining yigʻilishlari va kun tartibidagi masalalar;
davlat xaridlarini amalga oshiruvchi komissiyaning tasdiqlangan aʼzolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (familiyasi, ismi va otasining ismi, ish joyi va egallab turgan lavozimi);
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli hamda xabarnomalarni qabul qiladigan organlarning hududlar kesimida masʼul xodimlari, shu jumladan ushbu toifadagi hujjatlarni berishni tashkillashtiradigan tegishli komissiya aʼzolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (familiyasi, ismi va otasining ismi, egallab turgan lavozimi).
3. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Davlat test markazining quyidagi imtihonlarni oʻtkazish jarayonini Internet tarmogʻida jonli efirga uzatish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish uchun test va ijodiy (kasbiy) imtihonlar;
oliy taʼlim muassasalarining magistratura (klinik ordinatura) bosqichiga qabul imtihonlari;
respublikadagi yoki xorijdagi oliy taʼlim muassasasidan respublikadagi davlat oliy taʼlim muassasasiga oʻqishni koʻchirish istagini bildirgan talabalardan olinadigan imtihonlar;
xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olishda talabgorlardan olinadigan test sinovlari.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Davlat test markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
tizimida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralarni jalb qilgan holda 2021/2022 oʻquv yili qabuliga qadar “transfer.edu.uz” platformasi negizida mazkur bandda koʻrsatilgan imtihon jarayonlarini Internet tarmogʻida jonli efirga uzatishni taʼminlaydigan, barcha foydalanuvchilar uchun ochiq boʻlgan “imtihon.uz” veb-platformasini ishga tushirsin;
bir oy muddatda imtihonlarni (test sinovlarini) oʻtkazish jarayonini Internet tarmogʻida jonli efirga uzatish boʻyicha texnik talablarni (oʻrnatiladigan videokameralar va tasvir sifati, joylashish sxemasi va boshqalar) ishlab chiqsin;
mazkur bandda koʻrsatib oʻtilgan talablarga rioya qilmaydigan masʼullarga nisbatan qatʼiy javobgarlik choralarini koʻrish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Hukumatga kiritib borsin.
4. Quyidagilar 2021-yil 1-iyuldan boshlab qayd etilgan maʼlumotlarni Portalga joylashtirish va ularning har chorakda yangilanishini taʼminlasin:
Hisob palatasi, Moliya vazirligi, nazorat qiluvchi organlar — davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarning yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirning muhofaza qilinishini taʼminlagan holda oʻtkazilgan har bir taftish va tekshiruv (nazorat obyekti nomi, taftish yoki tekshiruvning maqsadi va muddatlari, uni oʻtkazgan davlat xizmatchisining lavozimi, familiyasi, ismi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (tegishli nazorat qiluvchi organning rahbarini xabardor etgandan soʻng);
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi — ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar hamda davlat unitar korxonalari (keyingi oʻrinlarda — davlat ishtirokidagi korxonalar) roʻyxatini (davlat nomidan aksiyador (ishtirokchi, mulkdor) funksiyalarini amalga oshirayotgan tashkilot, korxona hududi, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, davlat ulushi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrsatgan holda), shuningdek, ustav fondining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortigʻi davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar roʻyxatini;
Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari — oʻzlari aksiyador (ishtirokchi, mulkdor) funksiyalarini bajaruvchi davlat ishtirokidagi korxonalarning ijroiya organi (direktor, boshqaruv raisi, boshqaruv aʼzolari) va kuzatuv kengashi aʼzolarining ismi va familiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Davlat soliq qoʻmitasi — davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan yil (chorak) yakuni boʻyicha toʻlangan dividendlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Moliya vazirligi — davlat ishtirokidagi korxonalarga sarflangan Davlat budjeti mablagʻlari, tegishlicha xorijdan jalb etilgan mablagʻlar, shu jumladan davlat tashqi qarzi summalari hamda ularning sarflanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi — davlat muassasalari roʻyxatini (tashkil topgan sanasi, yuqori turuvchi organ) hamda xususiylashtirilgan davlat mulki obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (davlat sirlarini tashkil etuvchi maxfiy vazifa yuklatilgan davlat korxonalari va muassasalari bundan mustasno).
(4-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)
5. Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-sentabrga qadar Portalning davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portali bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.
6. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi 2021-yil 1-avgustga qadar doimiy ravishda yangilab turiladigan Ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari toʻgʻrisidagi axborot bazasini Qoʻmitaning rasmiy veb-saytida va Portalda ishga tushirsin.
Bunda, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bilan birgalikda “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 36-moddasida koʻrsatilgan maʼlumotlar bilan bir qatorda quyidagi maʼlumotlar mazkur axborot bazasida aks ettirilishini taʼminlasin:
ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish toʻgʻrisidagi tuzilgan barcha shartnomalar, ovchilik xoʻjaligini yuritish huquqi tugatilgan holatlar hamda undirilgan haq miqdorlari;
yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma berilgan barcha shaxslar va ruxsatnomadagi maʼlumotlar hamda undirilgan haq miqdorlari;
Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitdan ajratib olishga doir berilgan barcha ruxsatnomalar va ulardagi maʼlumotlar hamda undirilgan haq miqdorlari;
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining oʻrmon-ovchilik xoʻjaliklari tomonidan berilgan ovchilik yoʻllanmalari (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasi) hamda undirilgan haq miqdorlari.
7. Agentlikning davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash borasidagi vazifalarini belgilash maqsadida:
a) Agentlik zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan ularning normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan maʼlumotlarni Internet tarmogʻiga joylashtirish (eʼlon qilish) boʻyicha majburiyatlari hisobini yuritish;
davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan ommaviy axborot vositalari orqali samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish boʻyicha choralarning ishlab chiqilishi va joriy etilishiga koʻmaklashish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlaridan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni “Mening fikrim” veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqarish;
Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatini uzluksiz toʻldirish, takomillashtirib borish va yangilab borish boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirishga koʻmaklashish;
ommaviy axborot vositalari orqali davlat organlari va tashkilotlari xizmatchilariga “davlat organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi” madaniyatini singdirish hamda davlat organlari va mansabdor shaxslar xalq oldida hisobdorligini taʼminlash muhimligi toʻgʻrisida tushuntirish ishlari olib borilishini tashkil etish;
b) Agentlik tuzilmasida boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash boshqarmasi tashkil etilsin;
v) Agentlik:
davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida koʻrsatilgan talablarni muntazam ravishda buzayotgan aybdor mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin;
har yili faoliyat yoʻnalishi boʻyicha erishgan asosiy yutuqlar hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida uchrayotgan kamchiliklar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot tayyorlasin va oʻz rasmiy veb-sayti orqali eʼlon qilib borsin;
“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonun amalga oshirilishi ustidan nazoratni, shuningdek, Jahon odil sudlov loyihasining “Hukumatning ochiqligi” indikatori boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilashga oid kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
8. Davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari hamda murojaatlar bilan ishlash boʻlinmalariga mazkur organlarda ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarining ijro etilishini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash vazifasi yuklatilsin.
9. Davlat xavfsizlik xizmati Adliya vazirligi, Agentlik hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin:
cheklab qoʻyilgan axborotlar roʻyxati, undan foydalanish va maʼlumotlarni bunday axborotlar jumlasiga kiritish hamda chiqarish asoslari, muddatlari va tartibi;
cheklab qoʻyilgan axborotlar roʻyxatiga kirmaydigan maʼlumotlarni maxfiylashtirishni taqiqlash;
cheklab qoʻyilishi fuqarolarning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan axborotlarning davlat sirlariga kiritilishini man etish;
fuqarolar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning davlat xizmatchilari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga davlat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar bilan ishda foydalanishga ijozatni rasmiylashtirish shartlari va tartiblari;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi va ilgʻor tendensiyalarni hisobga olgan holda davlat sirlarini saqlashning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish va takomillashtirish.
10. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik darajasini yanada oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Agentlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Adliya vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda 2021-yil 1-oktabrga qadar davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlash boʻyicha faoliyatni tartibga soluvchi, shu jumladan monitoring oʻtkazish, amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash, ochiqlik indeksini hisoblashga qaratilgan Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikani ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.
12. Belgilab qoʻyilsinki, 2021-yil 1-dekabrdan boshlab:
mazkur Farmonning 11-bandida koʻrsatilgan metodika asosida har yil yakuni boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining Ochiqlik indeksi aniqlanadi;
Agentlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining Ochiqlik indeksini aniqlash boʻyicha choralarni koʻradi, natijalarni oʻz rasmiy veb-saytlari va ommaviy axborot vositalari orqali ommaga yetkazilishini taʼminlaydi.
13. Oliy Majlis palatalariga oʻz rasmiy veb-saytlarida quyidagi maʼlumotlarni joylashtirish tavsiya etilsin:
parlament nazorati obyektlarining hisobotlarini eshitish natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlar;
Qonunchilik palatasida deputatning har bir qonun (qaror) loyihasini qabul qilish yoki rad etishdagi, senatorning har bir qonunni (qarorni) maʼqullash yoki rad etishdagi ishtiroki toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Oliy Majlis Senati aʼzosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, saylov okruglari hamda ularning elektron pochta manzillari haqidagi maʼlumotlar.
13-1. Belgilab qoʻyilsinki:
a) birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilar tomonidan:
har yili 1-aprelga qadar Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari hisobidan hududlar, tuman (shahar)larga taqsimlangan mablagʻlar boʻyicha maʼlumotlar;
har chorak yakuni bilan keyingi oyning 15-sanasigacha moliya yili davomida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalaridan ajratilgan subsidiyalar boʻyicha hudud, tuman (shahar)lar kesimidagi maʼlumotlar tegishli xalq deputatlari Kengashlariga taqdim etib boriladi;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotning tashqi auditi hamda uni baholash natijalari, shuningdek, kelgusi yil uchun tuzilgan budjet loyihasi boʻyicha Hisob palatasi xulosalarining tegishli Xalq deputatlari kengashlarining majlislaridagi muhokamasida Hisob palatasi masʼullari ishtirok etishini tashkillashtiradi.
(13-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)
14. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Agentlik:
a) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini yoritishga oid maqolalar va telekoʻrsatuvlarni tashkil etsin;
b) manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan birgalikda 2021-yil 1-dekabrdan boshlab quyidagi tadbirlar telekanallar, shuningdek, Internet tarmogʻi orqali jonli efirga uzatilishini taʼminlasin:
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari (yopiq majlislar bundan mustasno);
taraflarning roziligi bilan fuqarolar huquq va erkinliklari hamda jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi, aholi sogʻligʻini saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi, shu jumladan davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga oid ishlar, shuningdek, ayrim oilaviy nizolarga oid fuqarolik ishlari boʻyicha sud majlislari (yopiq sud majlislari bundan mustasno).
15. Mazkur Farmonda koʻrsatilgan qoida va tartiblarning buzilishi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi sifatida baholansin.
16. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Agentlik, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xalqaro standartlarni inobatga olgan holda:
2022-yil 1-yanvarga qadar “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonun loyihasi konsepsiyasini;
2022-yil 1-aprelga qadar ushbu qonun loyihasini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
17. Agentlik Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 16-iyun,
PF-6247-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmoniga1-ILOVA
Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmoniga2-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik darajasini yanada oshirish boʻyicha
Izoh: Normativ-huquqiy hujjatlar zaruratga qarab, tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga koʻra, yagona hujjatga birlashtirilishi yoki qayta koʻrib chiqilishi mumkin.