PQ-5209-son Qaror · 04.08.2021

Respublika hududlarida gulchilik va koʻchatchilik sohalarini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-5209
  • Qabul qilingan sana:04.08.2021
  • Kuchga kirgan sana:05.08.2021
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/21/5209/0755

Respublika hududlarida gulchilik va koʻchatchilikni rivojlantirish, mahalliy va xorijiy gul navlarini parvarishlash, aholi oʻrtasida gulchilik sanʼati sir-asrorlarini ommalashtirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport salohiyatini yanada mustahkamlash maqsadida:

1. Respublikada gulchilik va koʻchatchilik sohalarini rivojlantirish, shu jumladan gul yetishtirishda aholi bilan kooperatsiya munosabatlarini yoʻlga qoʻyish, soha mutaxassislari malakasini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlariga ilmiy ishlanmalarni joriy etishda tadbirkorlarga har tomonlama koʻmaklashish maqsadida Gul yetishtiruvchilar uyushmasi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Gul yetishtiruvchilar uyushmasiga:

tadbirkorlik subyektlarini gulchilik va koʻchatchilik bilan shugʻullanishga qiziqtirish, ularni bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi uchun oʻqitish, shu jumladan xorijiy davlatlarda oʻqitish, shuningdek, bu jarayonga xorijiy mamlakatlardan malakali mutaxassislarni jalb qilish;

gulchilik sohasiga oid seminar, anjuman, yarmarka va koʻrgazmalar tashkil qilish, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda oʻtkaziladigan yarmarka va koʻrgazmalarda ishtirokini taʼminlash;

xorijiy davlatlardan eksportbop gul navlarini parvarishlash uchun olib kelish va ularni mahalliylashtirish, shuningdek, parvarishlangan gullarni eksport qilish ishlarini tashkil etish boʻyicha yaqindan amaliy yordam koʻrsatsin.

2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Andijon viloyatining Andijon, Izboskan va Oltinkoʻl tumanlarini, Namangan viloyatining Namangan va Davlatobod tumanlarini hamda Jizzax viloyatining Zomin va Gʻallaorol tumanlarini gulchilikka ixtisoslashtirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev, A. Toʻrayev) Gul yetishtiruvchilar uyushmasi bilan birgalikda uch oy muddatda gulchilikka ixtisoslashgan tumanlarda tajriba tariqasida gulchilik sohasida tajribaga ega boʻlgan tadbirkorlar tomonidan gulchilik klasterlari tashkil qilinishini taʼminlasin.

3. Xalqaro moliya institutlaridan qishloq xoʻjaligi sohasi uchun jalb qilinadigan kredit liniyalari mazkur qarorda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun ham yoʻnaltirilsin.

4. Belgilab qoʻyilsinki, gulchilikka ixtisoslashgan tumanlarda:

2024-yil 1-martdan boshlab gulchilik faoliyati bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlik subyektlarining oʻz faoliyatlarini kengaytirishlari uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha yer maydonlari elektron onlayn auksion savdolari orqali 30 yilga dehqon xoʻjaligini yuritish maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berish tartibida ajratiladi;

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-76-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 06/24/76/0336-son)

“Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida ajratilgan mablagʻlarning kamida 10 foizi gulchilik loyihalarini tashkil qilish uchun ajratiladi;

2024-yil 1-martdan boshlab “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga ochiq maydonda hamda issiqxonalarda gul yetishtirish boʻyicha agrotexnik tadbirlarni oʻrgatish maqsadida Andijon, Jizzax va Namangan viloyatlarida har birining maydoni 2 sotix boʻlgan 25 ta “Gulchilik oʻquv poligon”larini tashkil etish uchun 0,5 gektar yer maydoni tashabbuskor tadbirkorlarga elektron onlayn auksion savdolari orqali ijaraga beriladi;

(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-76-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 06/24/76/0336-son)

2024-yil 1-martdan boshlab “Gulchilik oʻquv poligon”larida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va maxsus sertifikat olgan ishsiz, ehtiyojmand oilalarga gul va koʻchat yetishtirishni rivojlantirish maqsadida 6 sotixdan yer maydoni elektron onlayn auksion savdolari orqali ijaraga beriladi.

(4-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-76-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 06/24/76/0336-son)

Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Andijon, Jizzax va Namangan viloyatlari hokimliklari ikki oy muddatda “Gulchilik oʻquv poligoni” tashkil qilish istagini bildirgan tashabbuskor tadbirkorlar uchun yer maydonlarining elektron onlayn-auksionga yoki ochiq elektron tanlovga qoʻyilishini taʼminlasin.

5. 2021-yil 1-sentabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021 — 2024-yillarda yillik eksport tushumida gul eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni va 100 ming AQSH dollaridan koʻpni tashkil qiladigan tadbirkorlik subyektlarining xom ashyo (gul koʻchatlari, urugʻlari, piyozlari va payvandtaglari) importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.

6. 2023-yil 1-yanvarga qadar tuganaklar, piyozboshlar, tuganaksimon ildizlar, tuganak piyozlar, ildizpoya, jumladan vegetativ tinim holatidagi, vegetatsiya yoki gullash davridagi sertarmoqlari, boshqa tirik oʻsimliklar (jumladan, ildizlari), qalamchalar va parxishi (TIF TN kodi 0601 va 0602) importida bojxona bojining nol stavkasi qoʻllanilsin.

7. Innovatsion rivojlanish vazirligi ikki oy muddatda ilmiy-texnik dasturlar doirasida gulchilik va koʻchatchilik sohalarida amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlarining koʻlamini kengaytirishga qaratilgan, aniq natija beradigan loyihalarga davlat buyurtmasini shakllantirib, raqobat asosida moliyalashtirishga tanlov eʼlon qilsin.

Bunda, ilmiy loyihalarga ajratiladigan mablagʻlarning kamida 40 foizi eksportbop va qimmat gullarni (orxideya, liliya, pion va boshqalar) mahalliy iqlimga moslashtirish uchun gen injeneriyasiga ixtisoslashgan ilmiy laboratoriyalarni tashkil etish hamda jihozlashga yoʻnaltirilsin.

8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda:

2022/2023 oʻquv yilidan boshlab qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarida Gulchilik magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻysin;

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Manzarali bogʻdorchilik va koʻkalamzorlashtirish bakalavriat taʼlim yoʻnalishining oʻquv rejasiga gulchilikka oid mutaxassislik fanlarini kiritish va oʻquv soatlarini oshirishga eʼtibor qaratsin.

9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetida Turkiya Respublikasining Isparta amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda Manzarali bogʻdorchilik va gulchilik sohasida kadrlar tayyorlashni qoʻshma taʼlim dasturlari asosida yoʻlga qoʻysin.

10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ishsiz fuqarolarni gulchilik sohasiga oʻqitish maqsadida ikki oy muddatda Andijon viloyati Shahrixon tumani, Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumani va Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi agrotexnologiyalar texnikumlarida landshaft dizayni, gulchilik seleksiyasi va koʻchatchilik yoʻnalishlarida oʻrta boʻgʻin kadrlarni tayyorlash boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil qilsin.

11. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev, A. Toʻrayev) uch oy muddatda Toshkent viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan gul yetishtiruvchi tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida “Gulchilikka oʻqitish markazi” faoliyatini yoʻlga qoʻysin.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Gulchilikka oʻqitish markazi”ga Niderlandiya qirolligi, Turkiya Respublikasi va Tailand qirolligidan jalb qilinadigan malakali mutaxassislarning Oʻzbekistonga kelib-ketish va yashash xarajatlarining 50 foizini Yevropa Ittifoqining “Budjetni qoʻllab-quvvatlash” dasturi doirasida agrosanoat majmuasini qoʻllab-quvvatlash uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplab berish choralarini koʻrsin.

12. Respublikada gulchilik va koʻchatchilikni rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

13. Gulchilik faoliyati bilan shugʻullanayotgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari har bir hududlarda gul koʻchatlari taʼminotchilari bilan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida loyihalar sonini koʻpaytirish uchun mahallalarda gulchilik loyihalari boʻyicha taqdimotlar va seminarlar oʻtkazilishini taʼminlasin;

Namangan, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda Namangan, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida gul hamda koʻchatlarning yirik ulgurji bozorini tashkil etish choralarini koʻrsin.

14. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Turizm va sport vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Namangan viloyati hokimligi bilan birgalikda har yili aprel-may oylarida Namangan viloyatida “Xalqaro gullar festivali”ni oʻtkazish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.

15. Bosh vazir oʻrinbosari Sh. Gʻaniyev bir hafta muddatda Gul yetishtiruvchilar uyushmasi faoliyatini tashkil etish, xorijiy mamlakatlardan ekspert va mutaxassislarni jalb qilish, mahalliy kadrlarni tayyorlash, xalqaro gullar festivali va koʻrgazmalarda ishtirok etish hamda ilmiy konferensiyalarni oʻtkazish, sohaga oid zamonaviy xorijiy adabiyotlarni olib kelish va tarjima qilish, gulchilik sohasiga oid mahalliy ilmiy ishlar, monografiyalar va nashrlarni ragʻbatlantirish, gul turlari tizimini yaratish (sogʻlom va boshlangʻich gul yetishtiriladigan koʻchatxonalar) uchun Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan 20 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.

16. Gulchilik sohasiga oid loyihalarni moliyalashtirish ustuvor ravishda “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan, shuningdek, “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida esa barcha tijorat banklari tomonidan amalga oshirilishi belgilansin.

17. Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (A. Toʻrayev) oʻz tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlarining boʻsh yer maydonlarida hududlarning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, tuproq-iqlim sharoitiga mos boʻlgan xona, gulzor, buta, manzarali daraxt va sovgʻa gullari yetishtiriladigan koʻchatxonalar tashkil etilishini taʼminlasin.

Bunda, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga mazkur bandda nazarda tutilgan koʻchatxonalarni mahalliy va xorijiy korxonalar bilan hamkorlikda tashkil etish uchun oʻziga tegishli yer maydonlarini ajratish huquqi beriladi.

18. Gul yetishtiruvchilar uyushmasi Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumanining A. Yassaviy mahallasi hududida joylashgan Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga tegishli binoda tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

19. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori A.M. Toʻrayev hamda Gul yetishtiruvchilar uyushmasi raisi belgilansin.

Ushbu qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2021-yil 4-avgust,

PQ-5209-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-avgustdagi PQ-5209-son qaroriga ILOVA

Respublikada gulchilik va koʻchatchilikni rivojlantirish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.