Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) (keyingi oʻrinlarda — Ombudsman) institutining inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish boʻyicha mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyatini yanada oshirish, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash borasidagi vakolatlarini va hududlardagi ishtirokini kengaytirish, Ombudsman faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish maqsadida:
1. Ombudsmanning quyidagi yoʻnalishlardagi faoliyati inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashdagi eng ustuvor vazifa etib belgilansin:
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirishda ishtirok etish;
davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi kafolatlarini, shu jumladan ularning buzilishi toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqish orqali taʼminlash;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda roʻyobga chiqarilayotganligini oʻrganish hamda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish hamda boshqa gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaning oldini olish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrish;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgan holatlar haqidagi xabarlarni vakolatli davlat organlari, mansabdor shaxslar va nodavlat tashkilotlar vakillari bilan birgalikda tekshirish;
aholi orasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish sohasidagi xalqaro va milliy qonunchilik normalarini targʻib qilish, shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga koʻmaklashish;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
2. Oliy Majlis palatalarining Ombudsmanning joylarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari lavozimlarini joriy qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Ombudsmanning mintaqaviy vakillari faoliyatini doimiy asosda yoʻlga qoʻyish uchun 2022-yil 1-yanvardan Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan qoʻshimcha 14 ta shtat birligi ajratilsin.
3. Quyidagilar Ombudsman mintaqaviy vakillarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash, inson huquqlari monitoringini tashkil etish va oʻtkazish;
fuqarolarning shikoyatlarini qabul qilish va koʻrib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda koʻmaklashish;
oʻz tashabbusi bilan yoki murojaat muallifining iltimosiga koʻra, murojaatni ekspertlar, mutaxassislar va manfaatdor tashkilotlar vakillarining ishtirokida koʻrib chiqishni tashkil qilish;
ushlab turilgan, qamoqqa olingan, maʼmuriy jazo oʻtayotgan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar bilan uchrashuv va suhbatlar oʻtkazish;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish va ularni himoya qilish sohasidagi axborot-maʼrifiy ishlarni mahalliy davlat hokimiyati organlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda amalga oshirish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Ombudsmanning mintaqaviy vakillari:
oʻzlarining faoliyatida bevosita Ombudsmanga hisobdordir;
hududlarda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishi ahvoli boʻyicha tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga har yili maʼruza taqdim qiladi;
hududlarda joylashgan davlat organlari va tashkilotlariga moneliksiz kiradi va ularning mansabdor shaxslari tomonidan zudlik bilan qabul qilinadi;
b) mahalliy davlat hokimiyati organlari Ombudsman mintaqaviy vakillari faoliyatiga koʻmaklashadi.
5. Ombudsmanga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda ilgʻor xalqaro tajribani inobatga olgan holda yangi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish tavsiya etilsin va unda quyidagilar nazarda tutilsin:
Ombudsman oʻz oldida turgan vazifalarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun qoʻshimcha kafolatlar hamda uning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmatini ishonchli himoya qilish choralari;
davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi holati toʻgʻrisida Ombudsman tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisga tizimli ravishda axborot taqdim etish tartibi;
Ombudsmanning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yoʻnalishlari boʻyicha huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar koʻrishga qaratilgan maxsus maʼruzalar taqdim qilish huquqi;
Ombudsmanning qonunchilik tashabbusi huquqi;
Ombudsman lavozimiga oliy maʼlumotli, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida zarur tajribaga va yuksak axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan, saylanish kuni 30 yoshdan kichik boʻlmagan va bevosita saylovgacha kamida besh yil Oʻzbekiston hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkinligini belgilovchi qoida;
ayni bir shaxsning ikki martadan ortiq Ombudsman etib saylanishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
Ombudsman va uning oʻrinbosarining oʻz vakolat muddati davrida daxlsizligi boʻyicha qoʻshimcha kafolatlar;
Ombudsmanning doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakili maqomi;
Ombudsman tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish boʻyicha qonun hujjatlarining buzilishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarini yozma ravishda ogohlantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlar rahbarlariga aniqlangan qonun buzilishlari boʻyicha ularni sodir etishga imkon yaratgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida ijro etilishi majburiy boʻlgan taqdimnoma kiritish;
davlat organlari va tashkilotlarining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq yigʻilishlarida, shu jumladan Oliy sud Plenumi majlislarida Ombudsmanning ishtirok etish huquqi;
jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududida “Ombudsman qutisi”ni saqlashning huquqiy mexanizmlari, unda erkinlikdan mahrum etilgan shaxslar tomonidan murojaatlar joylashtirish tartibi;
inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi va himoya qilinishi holati toʻgʻrisida Ombudsman tomonidan jamoatchilikni xabardor qilish tartibi va mexanizmi.
6. Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari faoliyatini raqamlashtirish hamda axborot-texnik jihatdan taʼminlash maqsadida Ombudsmanga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda loyiha qiymati va tegishli ishlarni moliyalashtirish manbalarini aks ettirgan holda, mutasaddi vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va maʼlumotlar bazasi bilan integratsiyalashgan, Ombudsman va uning mintaqaviy vakillariga kelib tushayotgan murojaatlarning qayd etilishi, umumlashtirilishi va tizimlashtirilgan holda koʻrib chiqilishi ustidan nazorat qilishni taʼminlovchi Yagona axborot tizimini yaratish, keyinchalik texnik qoʻllab-quvvatlash va takomillashtirish boʻyicha texnik hujjatlarning ishlab chiqilishini hamda vakolatli organlardan ekspertizadan oʻtkazilishini, zarur mablagʻlar ajratilgandan soʻng toʻrt oy muddatda ushbu tizimning ishga tushirilishini taʼminlash;
Ombudsman kotibiyatining mintaqaviy vakillar, Oliy Majlis palatalari, davlat boshqaruvi organlari bilan axborot-kommunikatsiya va videokonferensaloqa orqali bogʻlanishini taʼminlash;
Ombudsmanning Kotibiyatida elektron hujjat aylanish tizimini yaratish va uni ishga tushirish, ushbu tizimni vazirlik va idoralarning axborot tizimlari hamda maʼlumotlar bazasi bilan integratsiya qilish, shuningdek, Ombudsman rasmiy veb-saytining uzluksiz ishlashini taʼminlash;
Ombudsmanning Kotibiyatini zarur aloqa, shu jumladan hukumat aloqasi bilan taʼminlash va keng polosali Internet tarmogʻiga oʻrnatilgan tartibda ulash tavsiya etilsin.
Bunda, axborot tizimlarini yaratish, texnik qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ularning funksional imkoniyatlarini muntazam takomillashtirib borish bilan bogʻliq barcha xarajatlar 2022-yildan boshlab Davlat budjetidan Ombudsmanga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qoʻyilsin.
7. Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Ombudsmanning Kotibiyatiga hududlarga “monitoring tashriflari”ni tashkil etish uchun 1 ta yengil avtotransport vositasi va 1 ta mikroavtobus ajratilishini taʼminlasin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mintaqaviy vakilni viloyat markazlarida joylashgan davlat organlarining binolariga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish, shuningdek, uni zarur mebel, aloqa va texnik vositalar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 10-sentabr,
PF-6312-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi PF-6312-son Farmoniga ILOVA
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish boʻyicha