Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-fevraldagi “Turizm, madaniy meros va sport sohalarida davlat boshqaruvini takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-75-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar:
Turizm va madaniy meros vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Turizm va madaniy meros vazirligi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 84 nafar boʻlgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Turizm va madaniy meros vazirligining hududiy boʻlinmalari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 386 nafar etib belgilansin.
3. Bosh vazir oʻrinbosari — turizm va madaniy meros vaziriga:
turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosarlari oʻrtasida aniq vazifalar va funksiyalarni taqsimlash;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va taʼlim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, ekspertlarni maslahatchi sifatida jalb qilish;
zarur hollarda, xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida Turizm va madaniy meros vazirligi markaziy apparati, shuningdek, tizim tashkilotlari tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligining viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) boʻlimlari tuzilmalari va nizomlarini tasdiqlash, shuningdek, ular boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini belgilash huquqi berilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Turizm va sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) etib qayta nomlanadi;
Turizm va madaniy meros vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari faoliyati Davlat budjeti mablagʻlari, vazirlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Jamgʻarma mablagʻlari Turizm va madaniy meros vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari, shuningdek, tizim tashkilotlari xodimlarini qoʻshimcha ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi;
Turizm va sport vazirligining mol-mulki, shu jumladan avtotransport vositalarini Turizm va madaniy meros vazirligiga oʻtkazishda qayta rasmiylashtirish uchun toʻlovlar undirilmaydi;
Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan qayta tashkil etilayotgan, tugatilayotgan, oʻzgartirilayotgan va boshqa tashkilotlar tizimiga oʻtkazilayotgan tashkilotlarga biriktirilgan koʻchmas mulk obyektlariga va boshqa mol-mulkka boʻlgan huquqlar tegishli yigʻimlar va boshqa toʻlovlar undirilmagan holda qayta rasmiylashtiriladi;
Turizm va sport vazirligining markaziy apparati xodimlarini Turizm va madaniy meros vazirligiga ishga qabul qilish Bosh vazir oʻrinbosari — turizm va madaniy meros vaziri tomonidan tegishli davlat organlari tomonidan ilgari amalga oshirilgan kelishuvlarni, tanlov natijalarini inobatga olgan holda, mustaqil amalga oshiriladi;
Turizm va madaniy meros vazirligi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangunga qadar, Turizm va madaniy meros vazirligi hamda hududiy boʻlinmalar xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tartibi va shartlari Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 31-iyuldagi 477-son qarori bilan tasdiqlangan Turizm va sport vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga va amaldagi tartibga asosan amalga oshiriladi.
Turizm va madaniy meros vazirligi bir oy muddatda vazirlik toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning qoʻshimcha manbalari etib belgilansin:
muassisi Turizm va madaniy meros vazirligi hisoblangan korxonalar va tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda — tizim tashkilotlari) ixtiyorida soliqlar va yigʻimlar toʻlanganidan keyin qoladigan sof foydaning bir qismi;
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)
tizim tashkilotlarining mol-mulkini (bundan koʻchmas mulk mustasno) sotishdan tushgan mablagʻlarning 50 foizi;
tizim tashkilotlarining mol-mulkini ijaraga berishdan tushgan budjetga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlarning 50 foizi;
tizim tashkilotlari faoliyatini tekshirish natijalari boʻyicha Turizm va madaniy meros vazirligining ichki audit xizmatlari tomonidan aniqlangan Davlat budjeti mablagʻlarining, shuningdek talon-toroj, rastratalar, kamomadlar summalarining 50 foizi;
tizim tashkilotlari faoliyatini tekshirish natijalari boʻyicha Turizm va madaniy meros vazirligining ichki audit xizmatlari tomonidan aniqlangan hamda davlat maqsadli jamgʻarmalari va budjetdan tashqari jamgʻarmalar daromadiga undirilgan noqonuniy sarflangan budjet mablagʻlari, talon-toroj, rastratalar, kamomadlar summalari;
tizim tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalariga tushadigan mablagʻlarning 10 foizi;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
turizm va madaniy meros sohalaridagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishdan tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Turizm va madaniy meros vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Davlat budjetining 2022-yil uchun tasdiqlangan budjet parametrlariga ushbu qaror talablaridan kelib chiqib tegishli oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Madaniy meros agentligi Toshkent shahri, Amir Temur shoh koʻchasi, 107 b-uy manzili boʻyicha joylashtirilsin.
8. Turizm va madaniy meros vazirligi:
ikki hafta muddatda vazirlikning hududiy, tarkibiy va quyi boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlar (ustavlar), ularning tuzilmalari, shuningdek, xodimlarning lavozim yoʻriqnomalari qayta tasdiqlanishini taʼminlasin;
bir oy muddatda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 18-fevral,
PQ-135-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-fevraldagi PQ-135-son qaroriga 1-ILOVA
Turizm va madaniy meros vazirligining tashkiliy tuzilmasi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-fevraldagi PQ-135-son qaroriga 2-ILOVA
Turizm va madaniy meros vazirligi markaziy apparatining tuzilmasi
Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 84 nafar, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni oʻrnatilgan meʼyorlarga muvofiq belgilanadi.
*Madaniy meros agentligining Komplayens nazorat va ichki audit xizmati tugatilib, shtat birliklari Turizm va madaniy meros vazirligi markaziy apparatiga oʻtkaziladi.