PF-87-son Farmon · 07.03.2022

Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-87
  • Qabul qilingan sana:07.03.2022
  • Kuchga kirgan sana:07.03.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/22/87/0198

Mamlakatda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sogʻligʻini saqlash, kasbga oʻqitish va bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlarni tizimli davom ettirish, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

2022 — 2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha Milliy dastur 1-ilovaga muvofiq;

2022 — 2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha Milliy dasturni 2022-2023-yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF-206-sonli Farmoniga asosan 2-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2026-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.11.2025-y., 06/25/206/1017-son)

3. Xotin-qizlarga taʼlim olishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ilmiy salohiyati va malakasini tizimli oshirib borishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:

a) oliy taʼlim muassasalari, texnikum va kollejlarda kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiyotgan xotin-qizlarning taʼlim kontraktlarini toʻlash uchun 7 yil muddatga foizsiz taʼlim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga Davlat budjetidan har yili 1,8 trillion soʻm resurs mablagʻlari yoʻnaltirilsin.

(3-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-maydagi PF-82-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.05.2024-y., 06/24/82/0372-son)

Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshkulov) ikki oy muddatda mazkur kichik bandda nazarda tutilgan mablagʻlarni ajratish grafigini tijorat banklari kesimida tasdiqlasin;

b) davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlarini qaytarish shartisiz qoplash maqsadida, Davlat budjetidan har yili kamida 200 milliard soʻm moliyalashtirilsin.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshkulov) hamda Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) 2022-yil 1-sentabrga qadar davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichiga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan va taʼlim olayotgan xotin-qizlarning davlat oliy taʼlim muassasalari kesimida roʻyxatini shakllantirsin hamda 2022-yil 1-oktabrga qadar kontrakt toʻlovlarini qoplab bersin;

v) xorijiy oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim dasturlari boʻyicha — 50 nafar, magistratura taʼlim dasturlari boʻyicha — 10 nafar xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali qoʻshimcha grantlar ajratib borilsin.

Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ushbu kichik bandda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga har yili Davlat budjetidan kamida 6 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin;

g) har yili Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) tavsiyalariga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 150 nafardan jami 2 100 nafar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlarning taʼlim kontraktlari mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplab borilsin.

Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshkulov) ikki oy muddatda mazkur kichik bandda nazarda tutilgan ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlar roʻyxatini shakllantirish, ularga tavsiyalar berish va taʼlim kontraktlarini qoplab berish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

d) mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy maʼlumotga ega boʻlmagan 500 nafar xotin-qizlarni har yili Qoʻmita tavsiyanomalariga asosan davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish amaliyoti joriy etilsin.

Qoʻmita (Z.B. Maxkamova), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshkulov) hamda Davlat test markazi (M.M. Karimov) bir oy muddatda mazkur kichik bandda nazarda tutilgan alohida kvotalarni davlat oliy taʼlim muassasalari kesimida taqsimlash, xotin-qizlarga tavsiyalar berish, alohida test sinovlarini oʻtkazish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

e) davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy taʼlim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib borilsin.

Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmanov) hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshkulov) ikki oy muddatda xotin-qizlar uchun mazkur kichik bandda nazarda tutilgan maqsadli kvotalar davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy taʼlim muassasalari kesimida tasdiqlanishini taʼminlasin.

4. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasining:

asosan xotin-qizlarga dizayn, toʻqimachilik, axborot texnologiyalari, tarmoqlar iqtisodiyoti, marketing va talab yuqori boʻlgan boshqa taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim beradigan alohida universitetni;

ushbu universitet huzurida paxta-toʻqimachilik va pillachilik klasterlari ishtirokida bosqichma-bosqich hududiy texnikumlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari qoʻllab-quvvatlansin.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshkulov), Qoʻmita (Z.B. Maxkamova), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J. Ortiqov), Toshkent shahar hokimligi (J.A. Artikxodjayev) ikki oy muddatda universitet faoliyatini yoʻlga qoʻyish, uning moddiy-texnika taʼminoti va joylashtirilishi boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Xotin-qizlarni ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanishga jalb qilish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abduraxmanov):

Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) bilan birgalikda har yili mart oyida amaliy innovatsion loyihalar boʻyicha “Olima ayol” tanlovini oʻtkazib borsin;

ikki oy muddatda “Boʻlajak olim” tanlovi doirasida “Ayollar biznesi uchun birinchi qadam” tanlovini oʻtkazish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kamida 10 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin.

6. Qoʻmita, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining xotin-qizlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini hayotga tatbiq etish, startap loyihalarini moliyalashtirish maqsadida Qoʻmita huzurida “Olima ayollar jamiyati”ni tuzish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) va Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bir oy muddatda “Olima ayollar jamiyati”ni tashkil etish chora-tadbirlari boʻyicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda “Olima ayollar jamiyati”ga xotin-qizlarni amalda qoʻllab-quvvatlash va yanada ragʻbatlantirish uchun Davlat budjetidan 50 milliard soʻm ajratilishi nazarda tutilsin.

7. 2022-yil 1-iyundan boshlab davlat va nodavlat taʼlim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga oʻqitishning yangi tartibi joriy etilsin. Bunda:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari huzurida malakani baholash markazlari tashkil etiladi;

malakani baholash markazlari kasbiy malaka talablarini ishlab chiqadi va salohiyatli taʼlim muassasalariga davlat buyurtmasini beradi;

oʻquv kurslarini tugatgan xotin-qizlar bilimi darajasi malakani baholash markazlari tomonidan aniqlanadi va shu asosda ularga malaka sertifikatlari beriladi;

malaka sertifikatini olgan xotin-qizlarga mehnat faoliyatini boshlashi uchun oʻqish xarajatlariga teng miqdorda malakani baholash markazlari tomonidan subsidiyalar beriladi;

malakani baholash markazlari tomonidan umumiy oʻrta taʼlim maktablari, kasb-hunar maktablari, akademik litsey va kollejlarning bitiruvchi sinf oʻquvchi-qizlarini axborot texnologiyalari yoʻnalishlarida qoʻshimcha kurslarda oʻqitish boʻyicha davlat buyurtmasi beriladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (S.M. Xolxoʻjayev), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.H. Toshkulov) hamda Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bir oy muddatda davlat va nodavlat taʼlim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida xotin-qizlarni kasbga oʻqitish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. “2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan 2022-yilda xotin-qizlarni kasbga oʻrgatish va bandligini taʼminlashga koʻmaklashadigan hamda ularning muammolari bilan shugʻullanadigan nodavlat notijorat tashkilotlariga 17,1 milliard soʻm miqdoridagi grant mablagʻlari ajratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Qishloq joylaridagi ayollarni kasbga oʻqitish, tadbirkorlikka jalb qilish va ish bilan taʼminlash loyihalarini amalga oshirish maqsadida 2023-yildan boshlab tuman (shahar) sektor shtablari joylashgan binolarning kamida bittadan xonasida oʻquv kurslarini oʻtkazish uchun zarur sharoitlar yaratilsin.

(8-bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoniga asosan ikkinchi xatboshisi bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)

9. 2022-yil 1-sentabrdan boshlab mehnat resurslari zich boʻlgan qishloq joylarining reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) joriy etilsin.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (S.M. Xolxoʻjayev):

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar tumanlarda mehnat resurslari zich boʻlgan qishloq joylari roʻyxatini shakllantirsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Reyestrni shakllantirish va yuritish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Belgilansinki, 2022-yil 1-sentabrdan 2025-yil 1-yanvarga qadar Reyestrga kiritilgan hududlardagi umumiy xodimlari soni kamida 10 nafar boʻlgan va ularda ishlovchi xotin-qizlarning mehnatiga haq toʻlash fondi umumiy mehnatga haq toʻlash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan kichik tadbirkorlik subyektlariga:

Reyestrga kiritilgan hududda joylashgan obyektlar boʻyicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi 50 foiz imtiyoz qoʻllagan holda hisoblanadi;

ularda ishlovchi xotin-qizlar mehnatiga haq toʻlash fondiga ijtimoiy soliq 1 foizlik stavkada hisoblanadi;

budjet tashkilotlariga yillik umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 750 baravarigacha boʻlgan mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri sotish huquqi beriladi;

ular tomonidan koʻchmas mulk ijaraga olinganda 3-ilovaga muvofiq imtiyozlar beriladi.

10. Oliy Majlis Senati va Vazirlar Mahkamasi tomonidan Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlanganligi, Oliy Majlis Senati raisi T.K. Narbayeva — komissiya raisi hamda Bosh vazir oʻrinbosari Z.B. Maxkamova va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Q.M. Rafikov — komissiya raisi oʻrinbosarlari etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi (T.K. Narbayeva) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligini oshirish dasturi”ni tasdiqlasin va ijroga qaratilishini taʼminlasin:

a) Davlat boshqaruvi akademiyasida rahbar xotin-qizlarni tayyorlash boʻyicha alohida oʻquv kurslarini tashkil etish hamda har yili kamida 100 nafar xotin-qizlarni oʻqitish;

b) 2024-yil 1-yanvarga qadar:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi hamda ularning tizimidagi tashkilotlar xodimlari orasida xotin-qizlarning ulushini kamida 30 foizga yetkazish;

barcha davlat organlari va tashkilotlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan tashkilotlar hamda ularning tizimidagi tashkilotlar rahbarlarining kamida 1 nafar oʻrinbosarini xotin-qizlar orasidan tayinlash. Bunda, mazkur talab tegishli tashkilot rahbari xotin-qizlar orasidan tayinlanganda yoki unda faqat bir nafar oʻrinbosar boʻlgan taqdirda majburiy hisoblanmaydi.

11. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida xotin-qizlarning biznes-loyihalarini moliyalashtirish uchun 2022-yilda qoʻshimcha 1 trillion soʻm ajratsin.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi koordinatorlari (S.M. Xolxoʻjayev, A.A. Kamalov, D.Sh. Sultanov) 2022-yilda mazkur dastur doirasida ajratilayotgan mablagʻlarning jami 4 trillion soʻm qismi tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shugʻullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarga yoʻnaltirilishini taʼminlasin.

12. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.A. Vafayev) uch oy muddatda xotin-qizlarning tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida xalqaro moliya institutlarining 300 million AQSH dollari miqdoridagi moliyaviy resurslari jalb etilishini taʼminlasin.

13. Belgilab qoʻyilsinki, 2022-yil 1-apreldan boshlab:

tadbirkorlik faoliyatini yangi boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga ajratilayotgan subsidiya miqdori 7 million soʻmdan 10 million soʻmga oshiriladi;

“Hunarmand” uyushmasi qoshidagi hunarmandchilik markazlarida kamida 40 foiz tadbirkor xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar joylashtiriladi.

14. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartish vazirligi (S.M. Xolxoʻjayev), Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.B. Voitov) ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2022 — 2024-yillarga moʻljallangan “Biznes ayollar” dasturi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

tadbirkorlik subyektlari orasida xotin-qizlarning ulushini 40 foizgacha yetkazish;

xotin-qizlarga oʻz tomorqasida gul va meva-sabzavot yetishtirish uchun issiqxona qurish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilikni yoʻlga qoʻyish uchun 35 million soʻmgacha imtiyozli kreditlar ajratish.

15. 2022-yil 1-iyundan boshlab mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari (keyingi oʻrinlarda — markazlar) tashkil qilinsin. Bunda:

2026-yil 1-yanvardan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari markazlarni tashkil etish uchun hokimlik zaxirasidagi boʻsh yer maydoni mavjud mahallalarda 300 metr kvadratgacha boʻlgan yer uchastkasini doimiy foydalanish huquqi asosida yoki boʻsh turgan davlat mulki obyektini operativ boshqaruv huquqi asosida tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri oila va xotin-qizlar boshqarmalariga ajratsin;

(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-dekabrdagi PF-240-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2025-y., 06/25/240/1122-son)

markazlar tuman (shahar) hokimliklari tomonidan qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan manbalar hisobidan hamda davlat-xususiy sheriklik shartlarida yoki xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish vakolati boʻlgan tashabbuskor tadbirkorlarning boʻsh turgan binolarida tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlarining tavsiyasi asosida tashkil etilsin;

(15-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-dekabrdagi PF-240-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2025-y., 06/25/240/1122-son)

tuman (shahar) hokimliklari mablagʻlari hisobidan barpo etilgan markazlar tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping, xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish faoliyatini tashkil etish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahri oila va xotin-qizlar boshqarmalari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda ijaraga berilsin;

(15-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-dekabrdagi PF-240-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2025-y., 06/25/240/1122-son)

Markazlarda faoliyat olib borish istagini bildirgan tadbirkorlarga mazkur markazlarda tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlari tavsiyasi asosida xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitishga ruxsat beriladi, shuningdek, ularga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan grantlar ajratish imkoniyati yaratiladi.

(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-dekabrdagi PF-240-sonli Farmoniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2025-y., 06/25/240/1122-son)

16. Xotin-qizlarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida:

a) 2022-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha ajratiladigan subsidiyalarning kamida 40 foizi xotin-qizlarga yoʻnaltirilsin;

b) 2022-yil 1-apreldan boshlab uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan, shu jumladan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan voyaga yetgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni ijara huquqi asosida vaqtinchalik joylashtirish uchun ijtimoiy uy-joylarni “Xalqparvar” komissiyalari bilan kelishgan holda ikkilamchi uy-joy bozoridan sotib olishga ruxsat berilsin;

v) uy-joyga muhtoj, jumladan xususiy uy-joy fondida ijara huquqi asosida istiqomat qilayotgan “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarga ular tomonidan toʻlanadigan oylik ijara toʻlovining 50 foizi, lekin koʻpi bilan 500 ming soʻmgacha boʻlgan qismi “Ayollar daftari” jamgʻarmasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan qoplab berilsin. Bunda:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan 2022-yildan boshlab zarur mablagʻlar ajratib borilsin;

ushbu bandda koʻrsatilgan imtiyozlardan foydalanish uchun xotin-qizlarga ijtimoiy kontrakt asosida kasb oʻrganish, mehnat qilish imkoniga ega boʻlsa, mustaqil yoki Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari yoʻllanmasi asosida ishga joylashish boʻyicha ijtimoiy majburiyatlarni yuklash tartibi joriy etilsin.

17. 2022-yil 1-apreldan boshlab:

a) boquvchisini yoʻqotgan xotin-qizlarning:

farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga toʻlanadigan ota-onalar badalidan ozod qilinsin;

3 yoshgacha boʻlgan farzandlari uchun nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga Davlat budjetidan subsidiyalar belgilangan tartibda ajratilsin;

b) toʻliq quvvat bilan ishlamayotgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalarni pullik xizmat koʻrsatish shaklida qabul qilishga ruxsat berilsin;

v) kechki smenada xotin-qizlar ishlaydigan korxona va tashkilotlar oʻz huzurida maktabgacha taʼlim tashkilotini tashkil qilganda, ulardagi tarbiyachilarning ish haqi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berilsin.

Maktabgacha taʼlim vazirligi (A.V. Shin) va Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ikki oy muddatda mazkur bandning “v” kichik bandida nazarda tutilgan kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Mazkur bandning uchinchi xatboshida nazarda tutilgan ota-onalar badalidan ozod qilingan tarbiyalanuvchilarning davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi oziq-ovqat xarajatlari toʻliq davlat budjetidan qoplab berilsin.

(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PF-221-sonli Farmoniga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.01.2024-y., 06/24/221/0003-son)

18. Belgilansinki:

aliment toʻlovchining boshqa ijro hujjatlari boʻyicha majburiyatlari mavjud boʻlganda, qarzdordan undirilgan mablagʻlar aliment toʻlovlari boʻyicha qarzdorlik toʻliq qoplangandan soʻng qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va navbatda taqsimlanadi. Xuddi shu kabi, ijro harakatlari davomida qarzdorga solingan jarimalar va ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlari ham aliment toʻlovlaridan joriy qarzdorlik toʻliq qoplangandan soʻng undiriladi;

aliment majburiyatlarini bajarishdan boʻyin tovlab kelayotgan va qidiruvga eʼlon qilingan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni majburiy ijro organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirish, shuningdek, davlat ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish amaliyoti joriy etiladi. Bunda, ushbu manbalarda qidiruvdagi shaxslar va ularning mol-mulki toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlgan fuqarolarga majburiy ijro va ichki ishlar organlariga xabar berish imkoniyati yaratiladi.

19. Adliya vazirligi (R.Q. Davletov) va Bosh prokuratura (N.T. Yoʻldoshev) uch oy muddatda aliment toʻlovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish yuzasidan qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritsin. Bunda, shu jumladan quyidagilar nazarda tutilsin:

a) aliment boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganda qarzdorlik toʻliq bartaraf etilguniga qadar:

qarzdorning transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash;

qarzdorga litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega boʻlgan davlat xizmatlarini vaqtincha koʻrsatmaslik;

b) aliment boʻyicha qarzdorlik mavjudligini nikoh tuzish uchun monelik qiladigan holat sifatida belgilash.

20. Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etilsin va unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 50 milliard soʻm ajratilsin.

Belgilansinki, sud qarori bilan aliment toʻlash majburiyati yuklatilgan shaxslardan belgilangan mablagʻlarni uch oy ichida undirish imkoni boʻlmagan hollarda “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari aliment toʻlovlari boʻyicha shakllangan qarzdorlikni bir yoʻla toʻlash uchun yoʻnaltiriladi hamda keyinchalik aliment toʻlash majburiyati yuklatilgan qarzdordan sud qarorisiz majburiy tartibda undirib olinadi.

Bosh prokuratura (N.T. Yoʻldoshev) va Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ikki oy muddatda “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish, jamgʻarma mablagʻlari hisobidan aliment toʻlovlaridan qarzdorlik toʻlanadigan holatlar va shaxslar toifasini belgilash tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

21. Xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlarga xos boʻlgan kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish maqsadida:

a) Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) va Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.A. Musayev) ikki oy muddatda yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatilishi lozim boʻlgan ehtiyojmand 6 ming nafar xotin-qizlar, reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlanishga muhtoj boʻlgan 10 ming nafar nogironligi boʻlgan xotin-qizlar roʻyxatlarini Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasiga taqdim etsin;

b) Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.A. Musayev):

Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) bilan hamkorlikda 2022-yilda 3 million nafar xotin-qizlar onkologik skriningdan oʻtkazilishini taʼminlasin;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.A. Vafayev) bilan birgalikda 2022 — 2025-yillar davomida 227 ta tugʻuruq kompleksi va 46 ta tumanlararo perinatal markazlarni toʻliq taʼmirlash va jihozlash uchun xalqaro moliya institutlarining 105 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni jalb qilsin;

v) Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) 2022-yilda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan quyidagilar ajratilishini taʼminlasin:

yuqori texnologik tibbiy yordamga muhtoj xotin-qizlar uchun Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasiga qoʻshimcha — 100 milliard soʻm;

nogironligi boʻlgan xotin-qizlarni reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash uchun Tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligiga qoʻshimcha — 17 milliard soʻm;

barcha tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tarkibidagi “Onko-nazorat” (“Cancer — nazorat”) ayollar koʻrik xonalarini tibbiy asbob-uskunalar va tibbiy vositalar bilan jihozlash uchun — 20 milliard soʻm;

9 — 12 yoshdagi 815 ming nafar oʻsmir qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi hamda 12 turdagi vaksinalar bilan emlash uchun — 200 milliard soʻm.

22. Adliya vazirligi (R.Q. Davletov), Bosh prokuratura (N.T. Yoʻldoshev), Oliy sud (K.F. Kamilov), Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) va Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) 2022-yil 1-iyunga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi order sud tomonidan bir yil muddatgacha berilishini belgilash;

chet el fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasi hududida aliment majburiyatlarini bajarmaganlik uchun sudlangan yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʻlsa, unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasidan chiqarib yuborish va Oʻzbekiston Respublikasiga kirish huquqini cheklash boʻyicha majburlov choralarini qoʻllamaslik;

ayolni oʻz homilasini sunʼiy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;

yaqin qarindoshi boʻlgan xotin-qizga qasddan tan jarohati yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish;

shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, shaʼni va nomusini kamsituvchi maʼlumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash;

ikki oydan ortiq muddat mobaynida moddiy yordamga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlagan shaxsga nisbatan haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yoki boshqa ishga majburiy jalb qilish tarzidagi maʼmuriy huquqbuzarlikka oid jazo turini belgilash.

23. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J. Xadjayev) Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) va Yoshlar ishlari agentligi (A.Z. Saʼdullayev) bilan birgalikda uch oy muddatda:

iqtidorli qizlarning ijodiy salohiyatini qoʻllab-quvvatlash hamda intellektual va innovatsion tashabbuslarini rivojlantirish maqsadida “Bilimdon qizlar” telekoʻrsatuvi;

turli sohalarda yutuqlarga erishgan xotin-qizlar toʻgʻrisida ibo-hayo, poklik, sabr-toqat va ilmga intilish singari ezgu qadriyatlarni targʻib qiluvchi “Ayol muvaffaqiyati” ruknidagi teledasturlar tayyorlanishi hamda efirga uzatilishini taʼminlasin.

24. Farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish maqsadida oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan oilalarga beriladigan “Ibratli oila” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin va uni 15-may — Xalqaro oilalar kunida topshirish tartibi belgilansin.

Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) bir oy muddatda “Ibratli oila” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom loyihasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

25. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 4-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

26. Qoʻmita (Z.B. Maxkamova) ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga muvofiq ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

27. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilish maqsadida:

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi T.K. Narbayeva — 10-band;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvahitov — 3-band;

Bosh vazir oʻrinbosari Z.B. Maxkamova — 1, 4, 5, 22 — 25-bandlar;

Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov — 2, 6 — 9, 11, 13 — 16, 20-bandlar;

Bosh vazir oʻrinbosari S.Oʻ. Umurzakov — 12-band;

Bosh prokuror N.T. Yoʻldoshev — 17 — 19, 21-bandlarda nazarda tutilgan tadbirlar ijrosi sifatli va oʻz vaqtida taʼminlanishi uchun masʼul va javobgar etib belgilansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi T.K. Narbayeva va Bosh vazir oʻrinbosari Z.B. Maxkamova har uch oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 7-mart,

PF-87-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmoniga1-ILOVA

2022 — 2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha

Oʻzbekistonda “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar” doirasida ustuvor maqsadlardan biri sifatida “Gender tenglikni taʼminlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” belgilangan.

Ushbu maqsadga erishish uchun xotin-qizlarning oʻz huquq va manfaatlarini ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirishida ularni qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutuvchi dasturlarni kengaytirish talab etiladi.

2022 — 2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha Milliy dastur (keyingi oʻrinlarda — Milliy dastur) xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi.

Milliy dastur Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida“, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida”gi qarori, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillari va meʼyorlari, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiquvchi qoidalar va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq tayyorlangan.

Milliy dasturda xotin-qizlarning huquqlariga inson huquqlarining ajralmas boʻlagi sifatida qaraladi hamda u “Inson qadri uchun” tamoyilidan kelib chiqqan holda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.

Milliy dasturning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi xotin-qizlarning jamiyat siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida teng huquqlar asosida toʻlaqonli ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishning muhim omili boʻlib xizmat qiladi.

1-bob. Milliy dasturning maqsad va vazifalari

Milliy dasturning maqsadi — xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish, ularning salomatligini mustahkamlash, qizlarning taʼlim-tarbiya olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, iqtidorli va bilimli qizlarni tarbiyalash hamda ularning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, jamiyatda, xususan, davlat boshqaruvida ularning rolini mustahkamlash hamda gender tenglikni taʼminlashdan iborat.

Milliy dasturni amalga oshirishda quyidagi asosiy vazifalar belgilab olindi:

xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish;

gender tenglikka erishish, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

xotin-qizlarning taʼlim olishlari uchun qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish hamda ularni ilm-fan sohasiga keng jalb etish;

xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish choralarini kuchaytirish;

xotin-qizlar orasida tazyiq va zoʻravonlikka uchrash hamda odam savdosi qurboni boʻlish holatlarining oldini olish;

jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan, chet elga chiqib ketgan, davlat va jamoat tashkilotlarida hamda xususiy sektorda mehnat qilayotgan xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash va ularning qonuniy manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish;

ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash choralarini yanada takomillashtirish;

nuroniy onaxonlarni eʼzozlash, ularning bilim va boy hayotiy tajribasidan oilalarni mustahkamlash, qizlarning taʼlim-tarbiyasi, maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirishda foydalanish, shuningdek, ularning madaniy hordiq chiqarishlari uchun shart-sharoitlarni yaratish;

oila institutini mustahkamlash, umuminsoniy va milliy qadriyatlarni targʻib etish orqali oilalardagi sogʻlom va maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash;

xotin-qizlar orasida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularda huquqiy madaniyat va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga daxldorlik hissini oshirish choralarini koʻrish.

2-bob. Milliy dasturning dolzarbligi, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirishdagi muammolar

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning toʻlaqonli ishtirok etishini taʼminlash, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.

Parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, 32 foizni tashkil etdi. Xotin-qizlarning boshqaruv lavozimidagi ulushi 27 foizga, tadbirkorlik sohasida 25 foizga, siyosiy partiyalarda 44 foizga, oliy taʼlimda 46 foizga yetdi.

Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) boʻlinmalari tashkil etildi, yangi Bosh vazir oʻrinbosari lavozimi joriy etilib, u mazkur qoʻmita raisi hisoblanishi belgilandi.

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi, mahalliy xalq deputatlari Kengashlarida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar tashkil etildi.

Xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun Xalq banki tizimida rahbarning xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etildi.

Viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari hamda tuman (shahar)lar hokimliklarida hokim oʻrinbosarlari — oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari lavozimlari, har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi kiritildi.

Xotin-qizlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan maxsus jamgʻarma hisobidan ularning hayotiy ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan mablagʻlar ajratib kelinmoqda.

Jumladan, 2018 — 2021-yillarda ogʻir-ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, 5,6 mingdan ziyod xotin-qizlar uchun uy-joy toʻlovining boshlangʻich badali toʻlab berildi, nogironligi boʻlgan 20 mingga yaqin ayollarga nogironlik aravachasi, eshitish moslamalari va boshqa reabilitatsiya vositalari olib berildi, 18 mingga yaqin xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar berildi, 500 nafar xotin-qizlarning jarrohlik amaliyoti xarajatlari toʻlab berildi.

“Ayollar daftari” bilan ishlash orqali ijtimoiy koʻmakka muhtoj xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimi yaratilib, 2021-yilning oʻzida 900 mingga yaqin xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik koʻmak berish uchun 2 trillion soʻmga yaqin mablagʻ yoʻnaltirildi.

Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarning oʻqish uchun kontrakt toʻlovlarini toʻlab berish tizimi joriy etilib, oliy taʼlim muassasasiga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grant oʻrinlar soni ikki baravarga oshirildi.

Xotin-qizlar uchun ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan biznes loyihalarini moliyalashtirish maqsadida 6 oylik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi, “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida 126 mingga yaqin ayollarga imtiyozli kreditlar berildi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qariyb 215 ming oilaga 6 trillion soʻmdan ziyod kredit ajratildi. 55 ming nafar xotin-qizlar tadbirkorlik va kasb-hunar markazlari tomonidan oʻqitildi, hunarmandchilik va kasanachilikka jalb etildi.

Beshta muhim tashabbus doirasida chekka hududlarda tikuvchilik sexlari tashkil etilib, 10 ming nafar xotin-qizlar bandligi taʼminlandi.

Uy-joy sotib olish uchun 1 250 nafar xotin-qizlarga 22 milliard soʻmga yaqin boshlangʻich badallar toʻlab berildi.

Har yili 28 nafar iqtidorli xotin-qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanib, mukofot laureatlarini oliy taʼlimning bakalavriat va magistratura bosqichlariga kirish imtihonlarisiz davlat granti asosida qabul qilish yoʻlga qoʻyildi.

“Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etilib, oʻtgan davr mobaynida 855 nafar faollar ushbu koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Davlat buyurtmasi asosida aholini ish bilan taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini yaratish tizimi hamda oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarning ish stajini qayd etish tartibi yoʻlga qoʻyilib, norasmiy sektorda band boʻlgan xotin-qizlarning ulushi 27 foizgacha qisqardi.

Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish masalalari boʻyicha mustahkam huquqiy asoslar yaratildi. Jumladan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi himoya orderini berish tartibi yoʻlga qoʻyilib, ushbu tartib orqali 2020-2021-yillarda zoʻravonlikdan jabr koʻrgan 35 mingdan ziyod xotin-qizlar himoya qilindi.

Xotin-qizlarning murojaatlari boʻyicha kunu-tun faoliyat yuritadigan 1211 qisqa raqamli “ishonch telefoni” orqali birgina 2021-yilning oʻzida 100 mingga yaqin xotin-qizlarning murojaatlari hal etildi.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda uning 14 ta hududiy va 14 ta namunali tumanlararo markazlari tashkil etilib, mazkur maskanlarda 50 mingga yaqin xotin-qizlarga psixologik, yuridik, tibbiy va boshqa turdagi yordamlar koʻrsatildi.

2020-2021-yillarda mahalla faollari tomonidan ajralish yoqasiga kelib qolgan 50 mingga yaqin oilalar yarashtirildi, 20 mingdan ziyod oilada nikoh qonuniylashtirildi, 6 mingga yaqin oilaning notinchligiga barham berildi.

Barcha tumanlar va shaharlarda Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari tashkil etildi. 2021-yil davomida ushbu markazlar tomonidan 90 mingdan ortiq nikohlanuvchi shaxslar oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodiyoti va budjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari boʻyicha bepul oʻqitildi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston taraqqiyotning yangi bosqichiga oʻtishi davrida barcha xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash tizimini yuqori bosqichga koʻtarish hamda jamiyatda xotin-qizlar oʻrni va rolini yanada oshirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Biroq, bugungi kunda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishda quyidagi muammolar saqlanib qolmoqda:

xotin-qizlarning, ayniqsa, qishloq joylardagi xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish, ishsiz xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga oʻqitish, ish bilan taʼminlash, ularni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish ishlari tizimli yoʻlga qoʻyilmagan;

yordamga muhtoj boʻlgan va ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan nogironligi boʻlgan ayollar va oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksa yoshdagi ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatish, ularni ehtiyojmandlik holatidan chiqarishga qaratilgan ishlar samarali tashkil etilmagan;

yashash sharoitini yaxshilashga muhtoj 15 ming nafar xotin-qizlarning muammolari toʻliq hal etilmagan;

xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini oshirish, ular tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga sabab boʻlgan omillar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga hamda huquqiy oqibatlarini targʻib qilishga qaratilgan tadbirlar koʻlami yetarli emas;

ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar va kam taʼminlangan oilalarga tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, ularga subsidiyalar ajratish va bandligini taʼminlash uchun imtiyozli kreditlar (shu jumladan, mikrokreditlar) ajratish tartib-taomillari boʻyicha targʻibot ishlari hamda uslubiy-amaliy koʻmaklashish tizimida sustkashliklar mavjud;

hududlarda, ayniqsa, chekka qishloqlarda tibbiy yordamga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarga tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish, ahvoli ogʻir boʻlgan bemor xotin-qizlarni oʻz vaqtida aniqlash, ularni davolash hamda nogironlik belgilari aniq namoyon boʻlgan xotin-qizlarni koʻrikdan oʻtkazish davriyligi muntazam tusga ega emas;

boquvchisini yoʻqotgan hamda ajralish yoqasida turgan oilalarda, toʻliqsiz oilalarda voyaga yetayotgan farzandlarning, shuningdek, uzoq muddatga yashash joyidan chiqib ketgan ayollarning oilalarida voyaga yetayotgan farzandlarning muammolarini oʻrganish va hal etishga koʻmaklashish, ijtimoiy-psixologik qoʻllab-quvvatlash ishlari tashkil etilmagan;

jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan xotin-qizlarni kasb-hunarlarga oʻqitish, ularning bandligini taʼminlash hamda boshqa muammolarini oʻz vaqtida hal etish choralari talab darajasida emas;

hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda voyaga yetayotgan qizlarning iqtidorlarini oʻz vaqtida aniqlash, ularni roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish tizimi joriy etilmagan;

mahallalarda voyaga yetayotgan qizlar va yosh kelinlar oʻrtasida oila, turmush madaniyati, tibbiy madaniyat, milliy qadriyatlarni eʼzozlash, oilalarni mustahkamlashda qaynonalarning rolini oshirish kabilar boʻyicha targʻibot ishlari samarali yoʻlga qoʻyilmagan;

mahallalardagi “Ayollar maslahat kengashlari” tomonidan xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish va ularning oʻz vaqtida hal etilishi ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, ijtimoiy faolligini oshirish borasida ularga uslubiy-amaliy koʻmaklashish va ragʻbatlantirish amaliyoti joriy etilmagan.

3-bob. Milliy dasturni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari

Quyidagilar Milliy dasturni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi.

I. Xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish

Xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish.

Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash.

Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish.

Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish.

Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan va ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash.

Chet elga ishlash uchun ketgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, odam savdosining oldini olish.

Xotin-qizlarning manfaatlarini himoya qilish, onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha qabul qilingan xalqaro konvensiyalar va milliy qonunchilik normalari ijrosini monitoring qilish.

II. Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish

Xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularning tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash.

Xotin-qizlarning salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish.

Davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning oʻrni va mavqeyini yanada mustahkamlash.

Xotin-qizlarning taʼlim olishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish, ilm-fan sohasida ayollarning rolini yanada oshirish.

Xotin-qizlar oʻrtasida sportni ommalashtirish, madaniy hordiq chiqarishlari uchun qoʻshimcha shart-sharoit yaratish.

Nuroniy onaxonlarni eʼzozlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash va faolligini oshirish.

III. Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash

Nogironligi boʻlgan yoki nogironligi boʻlgan farzandni tarbiyalovchi ayollarni qoʻllab-quvvatlash.

Uy-joyini taʼmirlashga muhtoj hamda noturar joylarda yashaydigan ehtiyojmand xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash.

Boquvchisi boʻlmagan ehtiyojmand xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash.

Oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksa yoshdagi ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va tadbirkorligini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish.

IV. Oila institutini mustahkamlash

Oila institutini mustahkamlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish.

Oila institutini mustahkamlash va rivojlantirish masalalari boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish.

Demografik rivojlanishni ragʻbatlantirish va oila farovonligi darajasini oshirish.

Oilaning tarbiyaviy-taʼlim salohiyatini mustahkamlash, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash.

Oilalarga taʼsirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam koʻrsatishning samarali tizimini yaratish.

V. Xotin-qizlar orasida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish

Xotin-qizlar orasida qonuniylik va huquq-tartibotni taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy usul va shakllarini tatbiq etish.

Ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

4-bob. Milliy dasturni amalga oshirish

Milliy dastur uch bosqichda: 2022-2023-yillar, 2024-2025-yillar va 2026-yil davomida amalga oshiriladi, bunda:

a) birinchi bosqichda (2022-2023-yillar) tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratishga hamda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga qaratilgan quyidagi chora-tadbirlar bajariladi:

xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish maqsadida masofaviy ish usuli va moslashuvchan ish grafigida ishlash mexanizmlari joriy etiladi;

uzoq muddatga xorijga chiqib ketayotgan ota-onalar tomonidan farzandiga vasiy yoki homiy tayinlashning majburiy tartibi oʻrnatiladi;

mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketgan xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimi takomillashtiriladi;

xotin-qizlar orasidagi ishsizlik darajasini kamaytirish uchun ular davlat hisobidan kasb-hunarga oʻqitiladi;

ish bilan band boʻlmagan xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish va oʻzini oʻzi band qilish boʻyicha kompleks choralar koʻriladi;

iqtidorli yosh xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tizimi yaratiladi;

respublika va hududlarda “Yetakchi ayollar muloqoti” platformasi tashkil etiladi;

xorijdagi vatandoshlardan iborat “Oʻzbekistonlik vatandosh xotin-qizlar kengashi” tashkil etiladi;

vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari va taʼlim muassasalarida xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahat kengashlarining faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;

qurilish, transport, kommunal, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalaridagi kollej va texnikumlarda kasb (mutaxassislik) egallash istagida boʻlgan xotin-qizlarning toʻliq davlat granti asosida taʼlim olishlari taʼminlanadi, 3 yoshgacha farzandi boʻlgan talaba-qizlarga masofaviy taʼlim olish imkoniyati yaratiladi;

“Ayollar daftari”ga kiritilgan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj I va II guruh nogironligi boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlarning uy-joy sharoitlari yaxshilanadi, shuningdek, qaramogʻida nogironligi boʻlgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlarga doimiy daromad manbaiga ega boʻlishda koʻmaklashiladi;

umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim, professional taʼlim tashkilotlarining tegishli fanlari tarkibiga oila qadriyatlari va oila psixologiyasiga oid mavzular kiritiladi;

notinch va kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Oilaviy sayohat” turistik paketlari joriy etiladi;

notinch oilalar uchun oilaviy psixologlar yordamini koʻrsatish tizimi joriy etiladi;

b) ikkinchi bosqichda (2024-2025-yillar) barcha sohalarda gender tenglikka erishish hamda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash ishlarini yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan quyidagi chora-tadbirlar bajariladi:

xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirish bilan bogʻliq mavjud infratuzilmalarni mustahkamlash va yangilarini tizimli ravishda barpo etish ishlari jadallashtiriladi;

Milliy dastur doirasida belgilangan maqsad va vazifalarning “mahallabay” ijrosi ustidan monitoring olib borish tizimi yanada takomillashtiriladi;

v) uchinchi bosqichda (2026-yil) xotin-qizlarning huquqiy, tibbiy, psixologik savodxonligini oshirish hamda ilmiy-madaniy iqtidori va ijodkorligini qoʻllab-quvvatlash hisobiga inson kapitali sifatini yaxshilashga qaratilgan quyidagi chora-tadbirlar bajariladi:

Milliy dasturning asosiy natijalariga erishish, maqsadli parametrlari koʻrsatilgan inson kapitalini yetakchi rivojlangan mamlakatlarda qabul qilingan mezonlarga muvofiq baholash tartibiga oʻtiladi;

xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirish uchun indikatorlar yaratiladi.

5-bob. Milliy dasturni qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish

Milliy dastur quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:

masʼul ijrochilarning budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar kreditlari (qarzlari), grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

6-bob. Kutilayotgan natijalar

Milliy dasturning amalga oshirilishi kelgusida quyidagi natijalarga olib kelishi kutilmoqda:

“Bir million dasturchi” loyihasida ishtirok etadigan xotin-qizlar soni 30 foizga yetkaziladi;

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xotin-qizlar bandligiga koʻmaklashish maqsadida 14 ta hududda kooperativlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining magistraturasiga oʻqishga tavsiya etilgan nomzodlar orasida xotin-qizlar ulushi 30 foizgacha yetkaziladi;

oliy taʼlim muassasalarida psixolog mutaxassislarga ehtiyoj yuqori boʻlgan sohalar boʻyicha qabul parametrlari 30 foizga oshiriladi;

tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining 46 ta tugʻuruq boʻlimi negizida tumanlararo perinatal markazlar tashkil etiladi;

respublikada istiqomat qilayotgan 337 mingdan ziyod xotin-qizlarni tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olish koʻlami kengaytiriladi, ularni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlarida ambulator reabilitatsiya qilish mexanizmlari joriy etiladi;

xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslari takomillashtiriladi, xalqaro konvensiyalar va milliy qonunchilik normalari ijrosi qatʼiy nazoratga olinadi;

gender tenglikka erishish darajasi boʻyicha dunyo mamlakatlari reytingida mamlakatimizning oʻrni sezilarli oshiriladi;

xotin-qizlarning tazyiq va zoʻravonlikka uchrashining oldi olinadi;

jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan xotin-qizlarning jamiyat hayotiga moslashuvchanligi oshadi;

chet elga ishlash uchun chiqib ketgan xotin-qizlarni huquqiy qoʻllab-quvvatlash yoʻlga qoʻyiladi;

odam savdosining oldi olinadi;

xotin-qizlar orasida ishsizlik darajasi kamayadi, ayollar tadbirkorligi oshib, kambagʻallik qisqartiriladi;

ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning turmushi yaxshilanadi;

nogironligi boʻlgan yoki nogironligi boʻlgan farzandi mavjud ayollar, uy-joysiz, boquvchisi boʻlmagan, oʻzgalar parvarishiga muhtoj ayollar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanadi;

xotin-qizlarning salomatligi mustahkamlanadi, onalik va bolalik muhofaza qilinadi;

davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning oʻrni va mavqeyi yanada mustahkamlanadi;

xotin-qizlarning taʼlim olishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratiladi, ilm-fan sohasida ayollarning oʻrni oshadi;

xotin-qizlarning sport bilan shugʻullanishi va madaniy hordiq chiqarishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratiladi;

oila instituti mustahkamlanadi, oilalardagi maʼnaviy-axloqiy muhit yaxshilanadi va ajrimlar soni kamayadi;

xotin-qizlar orasida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklar oldi olinadi;

xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish borasida fuqarolik jamiyati institutlari roli oshadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmoniga2-ILOVA

2022 — 2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha Milliy dasturni 2022-2023-yillarda amalga oshirishga qaratilgan

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-dekabrdagi PF-243-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2025-y., 06/25/243/1128-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmoniga3-ILOVA

Mehnat resurslari zich boʻlgan qishloq joylarining reyestriga kiritilgan hududlardagi xotin-qizlar bandligini taʼminlagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan koʻchmas mulk ijaraga olinganda beriladigan imtiyozlar

Izoh

Mazkur ilovada nazarda tutilgan imtiyozlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijara toʻlovlaridan imtiyozga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga tatbiq qilinmaydi. Tadbirkorlik subyektlari ushbu roʻyxatda keltirilgan imtiyozlarning bittasidan foydalanishi mumkin.

Tadbirkorlik subyektlari tomonidan ushbu roʻyxatda belgilangan maydonga nisbatan:

kam maydondan foydalanilganda, haqiqatda foydalanilgan maydonga nisbatan imtiyoz qoʻllaniladi;

koʻp maydondan foydalanilganda, imtiyoz faqat belgilangan maydonga nisbatan qoʻllaniladi.

* Istisno tariqasida elektron savdolarni oʻtkazmasdan ijaraga beriladi.

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmoniga4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi PQ-4235-son “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 5 va 6-bandlari, shuningdek, unga 1-ilova.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-martdagi PQ-5020-son “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 1 va 2-bandlari, shuningdek, unga 1-ilova.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.