Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektorni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, davlat aktivlarini shaffof holda xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish maqsadida:
1. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda davlat ishtirokidagi korxonalar bilan birgalikda 60 ga yaqin vazirlik, idora va 2 mingdan ortiq davlat ishtirokidagi korxonalarning 12 mingdan ortiq ulushlari va koʻchmas mulk obyektlari yalpi xatlovdan oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining, vazirlik, idora hamda xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining davlat aktivlarini boshqarish yoʻnalishidagi asosiy vazifalaridan biri etib, boʻsh turgan, samarasiz foydalanilayotgan va asosiy faoliyat sohasiga taalluqli boʻlmagan aktivlarni aniqlash boʻyicha xatlov ishlarini muttasil amalga oshirish va ulardan samarali foydalanish choralarini koʻrish belgilansin.
2. Quyidagilar:
Xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi xususiylashtiriladigan aksiya paketlari (ulushlari) roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Ommaviy savdolar orqali sotiladigan koʻchmas mulk obyektlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) mazkur qarorning 1 va 2-ilovalaridagi obyektlarni bosqichma-bosqich savdoga chiqarish grafiklarini tasdiqlasin.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2023-y., 06/23/42/0177-son)
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2022-yil 1-apreldan boshlab, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchilari (keyingi oʻrinlarda — hokim yordamchilari) tomonidan oʻz hududlarida boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyekti yoki yer uchastkalari aniqlangan hollarda, ular:
hududi 5 000 kvadrat metrgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyekti boʻlganda — hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi;
(3-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari (keyingi oʻrinlarda — yer uchastkalari) boʻlganda — “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuborilgan onlayn-buyurtmanoma tegishli idoralar tomonidan belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi hamda ijobiy xulosa berilgan taqdirda, toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi;
(3-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-yanvardagi PF-13-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2023-y., 06/23/13/0051-son)
b) vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli boʻlgan, uch oydan ortiq foydalanilmasdan boʻsh turgan obyekt, ijtimoiy obyektlar bundan mustasno, Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqariladi;
v) hududi 10 000 kvadrat metrgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotishdan tushgan mablagʻlar, baholash va sotish xarajatlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi tasarrufiga oʻtkaziladigan qismi chegirilgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasining budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlariga hamda obyekt joylashgan tuman (shahar) budjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi, ushbu bandning “g” kichik bandida koʻrsatilgan holatlar hamda xususiylashtirish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga qabul qilib olingan davlat ishtirokidagi korxonalarning koʻchmas mulk obyektlari bundan mustasno;
(3-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)
g) mahalladagi hududi 5 000 kvadrat metrgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan sotishdan tushadigan mablagʻlar, baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda, tegishli mahallalarning Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmalariga oʻtkaziladi.
(3-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirlik, idora va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari Agentlik va Kadastr agentligi bilan birgalikda:
doimiy ravishda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari, shuningdek, ustav kapitalining 50 foizi va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda — davlat ishtirokidagi korxonalar) hamda davlatga tegishli boʻsh turgan, samarasiz foydalanilayotgan va asosiy faoliyatga oid boʻlmagan aktivlarni (keyingi oʻrinlarda — aktivlar) aniqlash boʻyicha xatlov ishlarini davom ettirsin;
uch oy muddatda aniqlangan aktivlarni bosqichma-bosqich savdoga chiqarish boʻyicha Davlat tender komissiyasiga takliflar kiritib borsin.
5. Agentlik, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi:
2022-yil 1-mayga qadar “Universal Mobile Systems” MCHJni baholash va sotish jarayoniga xalqaro konsalting, auditorlik va investitsiya maslahatchisi, investitsiya banki yoki boshqa ixtisoslashgan kompaniyani (keyingi oʻrinlarda — professional tashkilot) jalb etgan holda, 2023-yil 1-aprelga qadar uni xususiylashtirish choralarini koʻrsin;
ikki hafta muddatda “Oʻzdonmahsulot” AK tarkibidagi don korxonalarini Agentlikka oʻtkazgan holda, ommaviy savdolar orqali sotish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni Davlat tender komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin. Bunda, 25 ta don korxonasini 2022-yil 1-iyulga qadar, qolganlarini esa joriy yilning yakuniga qadar bosqichma-bosqich savdoga chiqarsin;
2022-yil 1-apreldan boshlab “Oʻzagroservis” AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning koʻchmas mulk obyektlari, zarur hollarda, ularni alohida lotlarga boʻlgan holda, elektron onlayn-auksion savdolariga baholangan qiymatda chiqarilishini taʼminlasin;
2022-yil 1-aprelga qadar “Oʻzagrolizing” AJning operatsion samaradorligini oshirish, mavjud qarzdorliklarini tarkibiy oʻzgartirish, jamiyatning likvidliligi va toʻlov qobiliyatini taʼminlashni nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
6. “Oʻzagrokimyohimoya” AJ va hududiy “Agrokimyohimoya” AJlarni tugatish boʻyicha Respublika komissiyasi (Sh.M. Gʻaniyev) hamda Agentlik ikki oy muddatda “Oʻzagrokimyohimoya” AJ va hududiy “Agrokimyohimoya” AJlarning tegishli bino va inshootlari, shu jumladan Agentlikka oʻtkazilgan holda, elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlasin.
7. Strategik islohotlar agentligi davlat ulushi mavjud tijorat banklarini kompleks transformatsiya qilish va xususiylashtirish orqali bank sektorida davlatning ulushini kamaytirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-maydagi PF-5992-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2020 — 2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini izchil davom ettirgan holda:
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-iyuldagi PQ-253-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 07/23/253/0548-son)
2024-yil 1-martga qadar “Qishloq qurilish bank” ATBning aksiyalarini ommaviy joylashtirishni (IPO) taʼminlasin;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-iyuldagi PQ-253-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 07/23/253/0548-son)
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi PQ-149-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2026-y., 07/26/149/0395-son)
2025-yil 1-yanvarga qadar AT “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” ATB, AT “Aloqabank”, “Agro bank” ATB, “Oʻzmilliybank” AJlarning aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO) ishlarini tashkillashtirsin.
(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-iyuldagi PQ-253-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 07/23/253/0548-son)
Mazkur bandda belgilangan vazifalarning ijrosini sifatli va oʻz muddatida taʼminlashga tegishli tijorat banklarining boshqaruv raislari (A. Muratov, S. Annaklichev, N. Saydullayev, Sh. Otaboyev, O. Butayev, K. Irisbekova, R. Mamatkulov, A. Mirsoatov) shaxsan masʼul hisoblanadi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimlari:
a) Qurilish vazirligi, Kadastr agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Agentlik bilan birgalikda 2022-yil 1-aprelga qadar 3-ilovadagi yer uchastkalarini oʻrganib chiqib, ularning ustuvor ravishda mulk huquqi asosida, mulk huquqi asosida imkoni boʻlmaganlarini ijara huquqi asosida savdoga chiqarishni taʼminlasin. Bunda, Qurilish vazirligi va Kadastr agentligi yer uchastkalarini mulk huquqi asosida savdoga chiqarishda yer uchastkalariga qoʻyiladigan shaharsozlik talablari bajarilishiga alohida eʼtibor qaratsin;
b) Kadastr agentligi, Qurilish vazirligi va Agentlik bilan birgalikda mazkur qarorning 3-ilovasiga muvofiq:
2022-yil 1-iyulga qadar “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimida idoralararo kelishuvda turgan yer uchastkalari;
joriy yil yakuniga qadar boʻsh yer uchastkalarini qoʻshimcha ravishda aniqlagan holda ularning belgilangan tartibda mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlasin.
Bosh vazir oʻrinbosari J. Qoʻchqorov yer uchastkalarining mulk va ijara huquqi asosida sotilishi holatidan kelib chiqib, hududlarda kelgusi oyda savdoga chiqariladigan yer uchastkalarining reja-grafigini oyma-oy tasdiqlab borsin va uning ijrosini qatʼiy nazoratga olsin.
9. Belgilansinki:
davlat aktivlarini xususiylashtirishda ularning boshlangʻich narxini eʼlon qilmagan holda talabgorlarni muzokaralarga ommaviy taklif qilish yoʻli bilan, shu jumladan professional tashkilotlarni jalb qilgan holda sotish uslubi joriy etiladi. Bunda, professional tashkilotlarni jalb qilish orqali xususiylashtiriladigan davlat aktivlari roʻyxati Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tasdiqlanadi;
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
professional tashkilotlarni jalb etgan holda qiymati 10 million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan aktivlar boʻyicha investorlarning takliflari Agentlik va boshqa davlat organlari ishtirokisiz, jalb qilinadigan professional tashkilotlar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilinadi;
talabgorlarni muzokaralarga ommaviy taklif qilish yoʻli bilan sotiladigan davlat koʻchmas mulk obyektlari yoki davlat ulushi boʻyicha investorlar takliflari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali qabul qilinadi, bundan qiymati 10 million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan aktivlarni professional tashkilotlarni jalb etgan holda sotish holatlari mustasno;
(9-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
xalqaro nufuzga ega auditorlik kompaniyalarining Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan shuʼba korxonalarining baholash hisobotlari haqqoniyligini ekspertizadan oʻtkazish talab etilmaydi;
davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli ulushlar va koʻchmas mulk obyektlarini sotishdan va ijaraga berishdan, shuningdek, yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini sotishdan tushadigan mablagʻlar xususiylashtirish va ijaraga berish natijalari toʻgʻrisidagi axborotda davlat aktivlarini xususiylashtirishdan va ijarasidan tushumlar sifatida inobatga olinadi;
Agentlik va uning hududiy organlaridan davlat koʻchmas mulk obyektlarini ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga yagona mulkiy majmua sifatida xususiylashtirish boʻyicha murojaat kelib tushganda, hududning shaharsozlik talablaridan kelib chiqqan holda, Qurilish vazirligi tomonidan bir hafta muddatda tegishli xulosa taqdim etiladi;
davlat ishtirokidagi korxonalar va ular tarkibidagi tashkilotlarning bino, inshootlari yoki boshqa aktivlarini davlat organlariga oʻtkazilishi tovarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma sifatida qaralmaydi va iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydigan bepul tovar berilishiga tenglashtiriladi;
(9-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
davlat koʻchmas mulk obyektlarini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olgan va sotib olish toʻlovini toʻliq amalga oshirgunga qadar “tasarruf etish huquqisiz” davlat orderi berilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻi mazkur obyektlarga nisbatan tasarruf etish huquqi toʻliq oʻtgandan soʻng toʻlanadi;
xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlarini, jumladan ularning tovar-moddiy boyliklari, pul mablagʻlari va boshqa mol-mulklarini ular sotilgunga qadar butligini saqlash boʻyicha moddiy javobgar shaxs etib, ularni balansda saqlovchi tashkilotlar (korxonalar)ning birinchi rahbarlari belgilanadi. Bunda Agentlikka mazkur talabning ijrosi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish yuklatiladi.
10. Moliya vazirligi davlat ishtirokidagi korxonalar rahbarlari, Agentlik bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorning 1, 2, 4-ilovalaridagi davlat ishtirokidagi korxonalar aktivlarining davlat organlariga oʻtkazilishini taʼminlasin.
11. Agentlik, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining Toshkent shahar hokimligi “Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi” davlat unitar korxonasini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga qoʻshish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda, Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi Agentlikka hamda Toshkent shahar hokimligiga hisobdorligi belgilansin.
Belgilansinki, Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi Markazning barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Agentlik ikki oy muddatda Markazning barcha huquq va majburiyatlari, pul mablagʻlari, asosiy vositalari, mol-mulklari, jumladan koʻchmas mulk obyektlari va xoʻjalik jamiyatlaridagi ulushlarini belgilangan tartibda Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga oʻtkazgan holda qoʻshilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirlik va idoralar ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Agentlik bilan birgalikda ushbu qarorning ahamiyatini va uni amalga oshirish jarayonini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortiqov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 18-mart,
PQ-168-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-168-son qaroriga 1-ILOVA
Xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi xususiylashtiriladigan aksiya paketlari (ulushlari)
Izoh: Davlat ishtirokidagi korxonalar ustav kapitalidagi davlat hamda xoʻjalik jamiyatlari ulushi ular tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga topshirilgan aktivlarning sotilgan qiymatiga kamaytiriladi. Bunda sotilgan qiymat qoldiq (balans) qiymatidan yuqori boʻlgan taqdirda, davlat va xoʻjalik jamiyati ulushlari balans qoldiq (balans) qiymati miqdoriga kamaytiriladi.
Davlat ulushi ustun mavqega ega boʻlgan korxonalarning ulushlari belgilangan tartibda boshqaruv organlari qarorlari asosida balans qiymatida ustav fondidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga Agentlikka oʻtkazilib, yaxlit paketda savdoga chiqariladi.
Davlat komissiyasi ulushlarni Agentlikka oʻtkazish va sotish mexanizmlarini oʻzgartirish huquqiga ega.
“Oʻzavtosanoat” AJning tarkibiy korxonalari va ularning ulushlarini Agentlikka oʻtkazish va sotish mexanizmlari Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
* Yangi tashkil etiladigan xoʻjalik jamiyatining ustav kapitali unitar korxonalarning amaldagi ustav kapitali miqdorida belgilanadi.
** Yangi tashkil etiladigan xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitali oxirgi hisobot davridagi ushbu aktivlarning balans qiymati boʻyicha shakllantiriladi.
*** Korxonani moliyaviy sogʻlomlashtirishga qaratilgan tashqi boshqaruv taomili yakunlangandan soʻng savdoga chiqariladi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-329-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.10.2023-y., 07/23/329/0765-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-168-son qaroriga 2-ILOVA
Ommaviy savdolar orqali sotiladigan koʻchmas mulk obyektlari
Izoh: Mazkur ilovada nazarda tutilgan davlat ishtirokidagi korxonalar ustav kapitalidagi davlat hamda xoʻjalik jamiyatlari ulushi ular tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga topshirilgan aktivlarning sotilgan qiymatiga kamaytiriladi. Bunda, sotilgan qiymat qoldiq (balans) qiymatidan yuqori boʻlgan taqdirda, davlat va xoʻjalik jamiyati ulushlari qoldiq (balans) qiymati miqdoriga kamaytiriladi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarning koʻchmas mulk obyektlari ularni balansda saqlovchi tashkilotlar tomonidan Agentlikka oʻtkaziladi va ushbu obyektlarni saqlash xarajatlari ular sotilgunga qadar obyektni topshirgan balansda saqlovchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi.
Mazkur ilova va kadastr hujjatlarida aktivlarning nomlanishida va bino-inshootlar egallagan maydoni koʻrsatkichlarida tafovut mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu aktivlar kadastr hujjatlari asosida sotiladi.
Davlat komissiyasi obyektlarni Agentlikka oʻtkazish va sotish mexanizmlarini oʻzgartirish huquqiga ega.
“Oʻzavtosanoat” AJning tarkibiy korxonalari va ularning obyektlarini Agentlikka oʻtkazish va sotish mexanizmlari Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Mazkur ilovada nazarda tutilgan “Oʻzdonmahsulot” AK tarkibidagi korxonalar aktivlarining balans (qoldiq) qiymati ularni sotishdan tushgan mablagʻlar hisobidan baholash va sotish xarajatlarini chegirgan holda tegishli balansda saqlovchi korxonalarga qoplab beriladi. Bunda:
sotilgan qiymat aktivlarning balans qiymatidan past boʻlganda, sotilgan qiymati tegishli balansda saqlovchi korxonalarga qoplab beriladi;
don korxonalariga ularning aktivlari qiymatini toʻlab berish qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliqqa tortish obyekti hisoblanmaydi.
* Obyektlarni sotishdan tushgan mablagʻlarning tegishli qismi Xalq taʼlimi vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga koʻra, Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi qaroriga muvofiq Toshkent shahri, Uchtepa tumani, Algoritm dahasi, 31-mavzeda joylashgan Logistika markazi loyihasini moliyalashtirish uchun “Xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi”ga maqsadli yoʻnaltiriladi.
** “Oʻzdonmahsulot” AK va uning tizimidagi korxonalarning Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi oldidagi qarzdorliklari obyektni rekonstruksiya qilish uchun “Oʻzdonmahsulot” AK tomonidan sarflangan mablagʻlar miqdoriga kamaytiriladi.
*** Obyektlarni sotishdan tushgan mablagʻlarning tegishli qismi Mudofaa vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga koʻra, Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi qaroriga muvofiq Mudofaa vazirligining qurilish-taʼmirlash xarajatlariga maqsadli yoʻnaltiriladi.
**** Oʻzbekiston Milliy axborot agentligini Toshkent shahar, Mirobod tumani, Matbuotchilar koʻchasi, 32-uy manzilidagi Matbuot uyiga joylashtirish orqali Mirobod tumani, Buyuk Turon koʻchasi, 42-uydagi maʼmuriy bino bilan yagona mulkiy majmua sifatida savdoga chiqariladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-168-son qaroriga 3-ILOVA
2022-yilda mulk huquqi asosida auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalari
* Qurilish vazirligi va Kadastr agentligining shaharsozlik hujjatlaridan kelib chiqib, tayyorlagan xulosasi mavjud yer uchastkalari mulk huquqi asosida auksion savdolariga chiqariladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-168-son qaroriga 4-ILOVA
Ustav kapitalida davlat ulushi mavjud korxonalarning davlat boshqaruvi organlariga oʻtkaziladigan aktivlari
Izoh: Davlat ishtirokidagi korxonalar ustav kapitalidagi davlat hamda xoʻjalik jamiyatlari ulushi ular tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Moliya vazirligiga topshirilgan aktivlarning qoldiq (balans) qiymatiga kamaytiriladi. Bunda, Davlat komissiyasi aktivlarni Agentlik va Moliya vazirligiga oʻtkazish mexanizmlarini oʻzgartirish huquqiga ega.
(4-ilova izohining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2023-y., 06/23/42/0177-son)
Mazkur ilovaga muvofiq davlat organlariga oʻtkaziladigan aksiya paketlari (ulushlari)dan samarali foydalanish va sotish masalasi Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlat komissiyasi qarori asosida amalga oshiriladi.
(4-ilova izohining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PF-42-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2023-y., 06/23/42/0177-son)
* ustav kapitalidagi davlat ulushi aksiyador vakolatlarini amalga oshirish uchun ishonchnoma asosida Moliya vazirligiga boshqaruvga beriladi.
** Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga:
koʻchmas mulk obyektlari bepul foydalanish huquqi bilan oʻtkaziladi;
davlat ulushi ishonchli boshqaruvga beriladi.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-168-son qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi nizomning 59-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“59. Davlat sherigi 30 yillik muddatga bitim tuzilgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida bitimni roʻyxatdan oʻtkazadi va obyektni balansida saqlovchiga yuboradi.”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-iyuldagi “Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4771-son qarorining 5-bandi:
a) quyidagi mazmundagi oʻn birinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Markaz va uning hududiy boshqarmalari balansiga qabul qilingan obyektlardan samarali foydalanish, xususiylashtirish va ijaraga berishda ularning jozibadorligini oshirish maqsadida budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan taʼmirlash, jihozlash va kommunikatsiya tizimlariga ulash kabi ishlarni amalga oshirishi mumkin”;
oʻn birinchi va oʻn ikkinchi xatboshilar tegishli ravishda oʻn ikkinchi va oʻn uchinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) quyidagi mazmundagi oʻn toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Amal qilish muddati tugagan elektron savdolar orqali rasmiylashtirilmagan ijara shartnomalarining muddati (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumatning tegishli qarorlari asosida va kichik sanoat zonalari hududidagi davlat mulki boʻyicha tuzilgan ijara shartnomalari bundan mustasno) kelgusi davr uchun uzaytirilmaydi va ushbu shartnomalar boʻyicha tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berilgan davlat mulklari, balansda saqlovchilarning roziligi talab qilinmasdan 2022-yil 1-iyuldan boshlab elektron savdolarga chiqariladi”.
3. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-oktabrdagi 215-son qarori bilan tasdiqlangan Davlatga tegishli aksiyalar paketlarini (ulushlarni) ishonchli boshqaruvga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 10-bandida:
a) toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan boshqariladigan, shuningdek ishonchli boshqaruvga berilgan davlatga tegishli aksiyalar paketlarini saqlash va ularni “depo” hisob raqamiga oʻtkazish boʻyicha Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi xizmatlari uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasidan haq toʻlanadi”;
b) quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Moliya vazirligining davlat aksiya paketlarini saqlash va ularni “depo” hisob raqamiga oʻtkazish boʻyicha Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi xizmatlari uchun Moliya vazirligi tomonidan haq toʻlanadi”.
4. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-maydagi 404-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 3-bandning “b” kichik bandidagi “yer uchastkalariga egalik qilish huquqi va” soʻzlari “qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkasiga boʻlgan ijara va mulk huquqi hamda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 11-bandda:
birinchi xatboshidagi “6-bandiga” soʻzlari “6 va 7-bandlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “davlatga tegishli” soʻzlari “Agentlik boshqaruvidagi davlatga tegishli” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi “2021 — 2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 166-son qarorining 5-bandi “a” kichik bandi birinchi xatboshisida “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvarda PQ-3487-son qarori bilan tasdiqlangan Tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) xarid qilishning alohida tartibi belgilanadigan, xoʻjalik jamiyatlari va strategik ahamiyatga ega korxonalarning” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-iyuldagi PQ-5171-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonlari alohida tartibda nazorat qilinadigan ayrim korporativ va budjet buyurtmachilari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-maydagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarning aktivlaridan samarali foydalanishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 266-son qarorida:
a) 1-ilovasining 73, 74, 83, 84, 100, 183, 190, 192, 250 — 252, 260, 276, 351, 376, 377, 382, 387, 416, 420, 440, 464, 502, 506, 507, 528, 558, 570-pozitsiyalari chiqarib tashlansin;
b) 2-ilovada:
quyidagi mazmundagi 49-1-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
izoh qismi quyidagi tahrirdagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Hududi 10 000 kvadrat metrgacha boʻlgan obyektlarni sotishdan tushgan mablagʻlar, baholash va sotish xarajatlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi tasarrufiga oʻtkaziladigan qismi chegirilgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasining budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlariga hamda obyekt joylashgan tuman (shahar) budjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.”.
v) 3-ilovada:
12-pozitsiya chiqarib tashlansin;
izoh qismi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Berilayotgan aktivlarning tashkiliy-huquqiy shakli va/yoki ulush miqdori oʻzgargan taqdirda, aktivlarni berish ushbu oʻzgartirishlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi”.