2022-yilning birinchi choragida oʻtkazilgan tashabbusli budjetlashtirish jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlash hamda ular tomonidan ilgari surilgan loyihalarda aks ettirilgan dolzarb muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish va fuqarolarning ushbu jarayonlarda faolligini yanada oshirish maqsadida:
1. 2022-yilning birinchi choragida oʻtkazilgan tashabbusli budjetlashtirish jarayoni natijalari boʻyicha fuqarolar tomonidan ilgari surilgan 2 215 ta loyiha gʻolib deb topilganligi va ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 1,1 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2022-yil fevral-mart oylari davomida oʻtkazilgan tashabbusli budjetlashtirish jarayonlarida har biri 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib deb topilmagan 139 ta loyihani amalga oshirish uchun qoʻshimcha ravishda 85,4 milliard soʻm mablagʻni ilovaga muvofiq tuman (shahar)larga ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilansinki, ushbu mablagʻlar Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan 2022-yilda oʻtkaziladigan nazorat tadbirlarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari boʻyicha mablagʻlar hisobidan yoʻnaltiriladi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari:
mazkur qarorga muvofiq qoʻshimcha ajratilayotgan mablagʻlarning bir kun muddatda Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasiga oʻtkazilishini hamda Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini taʼminlasin;
har oy yakuni bilan kelgusi oyning 10-sanasiga qadar ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tashabbusli budjet tadbirlari moliyalashtirilishi va bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni jamoatchilikka eʼlon qilib borsin.
4. Belgilansinki:
jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlar oʻz vaqtida moliyalashtirilishi va bajarilishini baholash har chorak yakuni boʻyicha xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari tomonidan amalga oshiriladi;
hisobot yili yakuni boʻyicha Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarning bajarilishini yakuniy nazoratdan oʻtkazadi;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi PF-99-sonli Farmoni tahririda)
tuman (shahar) hokimlari tashabbusli budjetlashtirish asosida amalga oshirilayotgan loyihalarning natijalari boʻyicha ommaviy axborot vositalarida muntazam hisobot berib boradi.
Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlar bajarilishi yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining hisobotlarini Oliy Majlis Senatida har chorak yakunida eshitib borish amaliyoti joriy etilsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari boʻyicha gʻolib deb topilgan loyihalarda belgilangan ishlarning toʻliq va sifatli amalga oshirilishi, oʻz vaqtida moliyalashtirilishini nazorat qilish uchun shaxsan masʼul etib belgilansin.
6. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda gʻolib deb topilgan loyihalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha maʼlumotlarni keng jamoatchilikka muntazam ravishda yetkazish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-aprel,
PQ-197-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-apreldagi PQ-197-son qaroriga ILOVA
2022-yilning fevral-mart oylari davomida oʻtkazilgan tashabbusli budjet jarayonlarida har biri 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib deb topilmagan 139 ta loyihani amalga oshirish uchun ajratilayotgan mablagʻlar