PQ-216-son Qaror · 25.04.2022

2022-2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-216
  • Qabul qilingan sana:25.04.2022
  • Kuchga kirgan sana:26.04.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/216/0343

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-60-son Farmoni bilan reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish, perinatal markazlarni zarur tibbiy texnika va buyumlar bilan jihozlash, ularni malakali kadrlar bilan taʼminlash vazifasi belgilandi.

Soʻnggi besh yil davomida amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosat onalik va bolalikni tizimli ravishda muhofaza qilish imkonini yaratdi, natijada onalar va goʻdaklar oʻlimining kamayishiga erishildi.

Shu bilan birga, olis hududlarda tibbiy yordamni maqsadli yoʻnaltirish tizimini yuqori darajada tashkil etish, onalar va bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatning samaradorligini oshirish, ambulator yordamni yanada yaxshilash, shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy yordamni rivojlantirish, tibbiy genetika hamda zamonaviy skrining dasturlarini joriy etish talab etilmoqda.

Onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, sogʻlom bola tugʻilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash, shuningdek, 2022-yil 18-mart kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar 2022 — 2026-yillarda onalar va bolalar salomatligini mustahkamlashning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

a) sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinida onalar va bolalar oʻrtasida kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va sogʻlomlashtirish dasturlarini amaliyotga joriy etish, shu jumladan:

sogʻlom farzand tugʻilishi, rivojlanishi va tarbiyasi masalalari boʻyicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish, toʻgʻri ovqatlanish hamda jismoniy faollikni oshirishni targʻib etish, sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini shakllantirish;

bolalar, homilador hamda emizikli ayollarni vitamin va minerallar bilan bepul taʼminlash hamda maqsadli skrining tadbirlari orqali kasalliklarning samarali profilaktikasini olib borish;

b) 2022 — 2026-yillarda onalar va bolalar uchun tibbiy xizmat koʻrsatiladigan obyektlarni rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

v) diagnostika va davolashning yuqori texnologiyali hamda innovatsion usullarini amaliyotga joriy etish hamda soha xodimlarining ilmiy salohiyatini muntazam oshirib borish.

2. 2022 — 2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:

quyidagilarni:

Nukus shahrida “Bolalar tibbiyot klasteri”;

yangidan tashkil etilayotgan 46 ta tumanlararo perinatal markazlarda chaqaloqlar reanimatsiyasi boʻlimi;

2022-yil 1-maydan boshlab tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari, shuningdek, Toshkent shahri oilaviy poliklinikalarida bolalar boʻlimi;

tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida amaldagi shtat birliklari doirasida bolalar anesteziologiya-reanimatsiya boʻlimlari hamda kechayu kunduz shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatuvchi pediatriya postlari;

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bolalarda irsiy-genetik, shu jumladan orfan kasalliklarga barvaqt tashxis qoʻyish boʻyicha Referens laboratoriya va hududlarda uning 17 ta mintaqaviy laboratoriyalarini tashkil etish;

Respublika perinatal markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar perinatal markazlari va bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida 2022-2023-yillarda jami 29 ta shoshilinch perinatal hamda shoshilinch pediatrik mobil navbatchi reanimatsion brigadalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

yangi tugʻilgan chaqaloqlarda eshitish nuqsonlarini erta aniqlashga qaratilgan audioskrining tadbirlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari va hududlardagi barcha tugʻuruq komplekslarida tatbiq etish;

audioskrining tadbirlari natijalarini tahlil qilish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etiladigan elektron kuzatuv (treking) markazlarini jihozlash.

Belgilansinki:

a) Nukus shahridagi “Bolalar tibbiyot klasteri” Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi binosini yangidan qurish orqali tashkil etiladi.

Bunda:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti klinikasi va Bolalar stomatologiya poliklinikasi “Bolalar tibbiyot klasteri” tarkibiga kiritilib, yagona boshqaruv yoʻlga qoʻyiladi;

“Bolalar tibbiyot klasteri” binosi 2023-yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi;

b) 46 ta tumanlararo perinatal markazlarda 6 oʻrindan kam boʻlmagan chaqaloqlar reanimatsiyasi boʻlimi qoʻshimcha shtat birliklari ajratish hisobidan tashkil etiladi;

v) tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari, shuningdek, Toshkent shahar oilaviy poliklinikalarida tashkil etiladigan bolalar boʻlimi mavjud shtat birliklari doirasida shakllantiriladi va unda pediatriya yoʻnalishi boʻyicha barcha tor soha mutaxassislari, maktab oʻquvchilariga xizmat koʻrsatish uchun shifokor-pediatrlar, bolalar shifokor-ginekologi, tegishli oʻrta tibbiyot xodimlari, vaksinatsiya xonasi xodimlari, “tibbiyot brigadalari”dagi pediatriya hamshiralari faoliyat yuritadi;

g) shoshilinch perinatal hamda shoshilinch pediatrik mobil navbatchi reanimatsion brigadalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun kechayu kunduz faoliyat yuritadigan qoʻshimcha navbatchilik postlari tashkil etiladi.

4. Oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan bolalar hamda homilador va tugʻish yoshidagi ayollarni yanada sifatli tibbiy xizmat bilan toʻliq qamrab olish uchun 2022-yil 1-iyuldan boshlab “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qoʻshimcha 3 600 ta, 2023-yil 1-yanvardan boshlab yana qoʻshimcha 4 900 ta oʻrta tibbiyot xodimlari (pediatriya hamshirasi va doya) shtatlari ajratilsin.

5. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) bilan birgalikda ikki oy muddatda oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tizimiga qoʻshilishi koʻzda tutilgan yangi shtatlardan kelib chiqib, shtat meʼyorlarini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-noyabrdagi “Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va koʻlamini yanada kengaytirish toʻgʻrisida”gi PQ-4513-son qarori bilan tashkil etilgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish kengashi (A.N. Aripov):

onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish boʻyicha qabul qilingan dasturlar hamda chora-tadbirlarning bajarilishini doimiy nazorat qilsin;

har chorakda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har bir viloyat, tuman (shahar) kesimida maʼlumot taqdim etib borsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda “Reproduktiv salomatlik, onalik va bolalik masalalari boʻyicha” respublika shtabi, 14 ta hududiy shtablar faoliyatini yoʻlga qoʻysin.

Hududlarda aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, onalar va bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat faoliyatini tizimli oʻrganish, tahlil qilish, kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf qilish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash hamda ijrosini nazorat qilish shtabning asosiy vazifalari hisoblansin.

7. Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi hududida ilik koʻchirish amaliyotini yoʻlga qoʻyish maqsadida 2022-yilda yangi maxsus amaliyot kompleksining binosini qurish va jihozlash uchun Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasidan zarur mablagʻ ajratilsin.

2022-yil 1-maydan boshlab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bemor bolalarga qarovchi shaxslar (ota-ona va boshqalar) uchun bepul ovqatlanish yoʻlga qoʻyilsin.

8. Moliya vazirligi ushbu qarorda koʻzda tutilgan tadbirlarni bajarish uchun har yili Davlat budjetidan zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh. Vafayev) Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) bilan birgalikda 2022 — 2025-yillar davomida 227 ta tugʻuruq kompleksi va 46 ta tumanlararo perinatal markazlarni toʻliq taʼmirlash va jihozlash uchun xalqaro moliya institutlarining grant va kredit mablagʻlarini jalb qilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

11. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Ushbu qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

13. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Toʻychiyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 25-aprel,

PQ-216-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi PQ-216-son qaroriga 1-ILOVA

2022 — 2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish boʻyicha

* Ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga koʻra obyektlar qiymati oʻzgarishi mumkin.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-sentabrdagi PQ-296-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2023-y., 07/23/296/0687-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi PQ-216-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-iyuldagi “Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3137-son qarorining 1-bandida:

a) ikkinchi xatboshidagi “Oʻzmedimpeks” davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzmedimpeks” DUK deb yuritiladi)” soʻzlari “Oʻzmedimpeks” masʼuliyati cheklangan jamiyati (keyingi oʻrinlarda “Oʻzmedimpeks” MCHJ deb yuritiladi)” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) toʻrtinchi xatboshi quyidagi mazmundagi toʻrtinchi — yettinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:

“tibbiyot mahsulotlarini sertifikatlashtirish faqatgina oʻrnatilgan tartibda akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlari tomonidan amalga oshiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha qabul qilingan qarorlari bilan tasdiqlangan Davlat dasturlarida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish hamda shu maqsadlar uchun ajratilgan budjet mablagʻlaridan oʻz vaqtida, maqsadli va samarali foydalanish, shuningdek, tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, reagentlar, reaktivlar, butlovchi qismlar, sarflov vositalari, dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida, davlat xaridlari Sogʻliqni saqlash vazirligi buyurtmasi asosida “Oʼzmedimpeks” MCHJ tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, “Oʼzmedimpeks” MCHJ uchun Moliya vazirligida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻi ochiladi hamda budjet mablagʻlari oluvchisi sifatida xarajatlar smetasi oʻrnatilgan tartibda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi;

markazlashgan tartibda xarid qilinadigan dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnikalar, maxsus tibbiy avtotransport vositalari xaridini amalga oshirish boʻyicha “Oʼzmedimpeks” MCHJ tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlov miqdori Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan kelishgan holda belgilanadi;

Sogʻliqni saqlash vazirligi buyurtmasiga asosan “Oʼzmedimpeks” MCHJ tomonidan import shartnomalari asosida dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnikalar hamda maxsus tibbiy avtotransport vositalarining xaridi “Oʼzmedimpeks” MCHJga xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki orqali akkreditiv toʻlov asosida amalga oshiriladi”;

v) beshinchi — yettinchi xatboshilar tegishincha sakkizinchi — oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin;

g) toʻqqizinchi xatboshidagi “Oʻzmedimpeks” DUKga” soʻzlari “Oʻzmedimpeks” MCHJga” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4890-son qarorida:

a) 5-bandda:

birinchi xatboshidan “va uning ijro etuvchi apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 46 nafar etib belgilansin” soʻzlari chiqarib tashlansin;

ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Jamgʻarmani saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish hajmi Davlat budjetidan kafolatlangan tibbiy xizmatlarni xarid qilish uchun ajratiladigan mablagʻlarning 2 foizi miqdorida belgilansin. Bunda, tibbiy xizmatlarni xarid qilish uchun ajratiladigan budjet mablagʻlari Jamgʻarmaning budjetdan tashqari mablagʻlari boʻyicha shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi va hisobot davri oxirida mablagʻlarning qoldigʻi Jamgʻarma ixtiyorida qoldiriladi”;

b) 7-bandda:

beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

oltinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin;

v) 8-bandda:

“b” kichik bandning uchinchi xatboshisi quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:

“Bunda, har bir birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasining jon boshiga moliyalashtirish hajmi tasdiqlangan bazaviy stavkalar asosida belgilanishini koʻzda tutish”;

“v” kichik bandda:

toʻrtinchi xatboshi quyidagi mazmundagi toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:

“Kuzatuv kengashiga oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlar berilsin:

Jamgʻarmani saqlash uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida Jamgʻarma tarkibiy tuzilmasi, shtat birliklari soni, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish shartlarini belgilash va shartnoma asosida mutaxassislar jalb qilish”;

beshinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishincha oltinchi — toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;

g) 3-ilovada:

19-banddan “, uning tarkibi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi” soʻzlari chiqarib tashlansin;

30-bandda “ish haqi fondi” soʻzlari “ajratilgan mablagʻlar” soʻzlari bilan almashtirilsin;

d) 4-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-maydagi “Sogʻliqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5124-son qarori quyidagi mazmundagi 17-1-band bilan toʻldirilsin:

“17-1. Sogʻliqni saqlash vaziriga ushbu qarorga muvofiq sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosarlari oʻrtasida taqsimlangan vazifalar va funksiyalarni, zarur hollarda qayta taqsimlash huquqi berilsin”.

4. Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 5-fevraldagi 31-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining turgʻun davolash-profilaktika muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish va uning uchun haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilova quyidagi mazmundagi 13-band bilan toʻldirilsin:

“13. Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalarga qarovchi shaxslar (ota-ona va boshqalar)”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.