PQ-331-son Qaror · 25.07.2022

Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik mikromarkazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-331
  • Qabul qilingan sana:25.07.2022
  • Kuchga kirgan sana:26.07.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/331/0675

Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni har tomonlama koʻllab-quvvatlash, ularning faoliyat yuritish sharoitlarini yaxshilash, avvalambor ishsizlik darajasi yuqori boʻlgan mahallalarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishini jadallashtirish hamda ushbu asosda doimiy ish joylari tashkil etilishini taʼminlash va aholi daromadlarini oshirish maqsadida:

1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mahallalarda yuridik shaxs maqomiga ega sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik mikromarkazlarini (keyingi oʻrinlarda — mikromarkazlar) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar:

Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik yoʻnalishlarida tashkil etiladigan mikromarkazlarning manzilli roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik yoʻnalishlaridagi mikromarkazlarni istiqbolda tashkil etish reja-grafigi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

a) mikromarkazlar mahallalar yoki mahallalarning tutash hududlarida boʻsh turgan davlat mulki obyektlari negizida yoki qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer maydonida (keyingi oʻrinlarda — yer uchastkasi) tashkil qilinadi;

b) har bir mikromarkaz maydoni davlat mulki obyektining 150 kvadrat metridan yoki yer uchastkasining 0,1 gektaridan oshmasligi lozim, bunda davlat mulki obyekti yoki yer uchastkasi maydoni belgilangan miqdordan oshganda, bir hududda bir nechta mikromarkazlardan iborat mikromarkazlar kompleksi tashkil qilinishi mumkin;

v) mikromarkazlar zaruratga qarab har bir mahalla uchun alohida yoki bir nechta mahallalar uchun aholiga qulay boʻlgan joylarda tashkil qilinadi;

g) mikromarkazlarni tashkil qilish davlat mulki obyektlari va yer uchastkalarini belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali tadbirkorlarga ijara huquqi asosida berish yoʻli bilan amalga oshiriladi;

d) mikromarkazlarni tashkil qilish uchun davlat mulki obyektlari va yer uchastkalari quyidagi shartlar asosida tadbirkorlarga 5 yil muddatga ijaraga beriladi:

oʻz mablagʻlari hisobidan davlat mulki obyektini rekonstruksiya qilish yoki kapital taʼmirlash yoxud yer uchastkasida bino-inshootlarni qurish;

davlat mulki obyekti va yer uchastkasida tasdiqlangan namunaga muvofiq mikromarkaz tashkil etish hamda ijara muddati mobaynida belgilangan faoliyatni amalga oshirish;

tashkil etilgan mikromarkazda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha kamida 10 ta yoki chorvachilik yoʻnalishi boʻyicha kamida 3 ta ish oʻrnini yaratish va taʼminlab borish;

e) davlat mulki obyekti yoki yer uchastkasini ijaraga berish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangan kundan boshlab 6 oy mobaynida mikromarkazni tashkil etish boʻyicha zarur choralar koʻrilmaganligi yoki ijara muddati mobaynida shartnoma shartlari bajarilmaganligi davlat tomonidan shartnomaning bir tomonlama bekor qilinishiga asos boʻladi.

Bunda, shartnoma shartlari bajarilmaganligi sababli shartnoma bekor qilinganda, tadbirkorning rekonstruksiya, kapital taʼmirlash va qurilish xarajatlari qoplanmaydi hamda tegishli obyekt yoki yer uchastkasi belgilangan tartibda qayta elektron onlayn-auksionga chiqariladi;

j) tadbirkorlar ular tomonidan mazkur bandning “d” kichik bandida belgilangan shartlar toʻliq bajarilganidan soʻng:

oʻz mablagʻlari hisobiga yer uchastkasida qurilgan bino-inshootlarga (ularning qismlariga) mulk huquqini rasmiylashtirish;

davlat mulki obyektlarini rekonstruksiya qilish va (yoki) kapital taʼmirlash ishlarining xarajatlari chegirib tashlangan holda belgilangan tartibda aniqlanadigan baholash qiymati boʻyicha ushbu obyektlarni xususiylashtirish huquqiga ega boʻladi.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:

Qurilish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda davlat mulki obyektlari va yer uchastkalarida tashkil etiladigan mikromarkazlarning namunaviy shaklini tasdiqlasin;

manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur qarorga 1-ilovadagi davlat mulki obyektlari (Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazilgan holda) va yer uchastkalari belgilangan tartibda elektron onlayn-auksionga chiqarilishini taʼminlasin;

manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan birgalikda doimiy ravishda mikromarkazlarni zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya va transport tarmoqlari bilan taʼminlashga oid chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda 2022-yil 1-dekabrga qadar mazkur qarorga 2-ilovaga asosan mikromarkazlarni istiqbolda tashkil etish uchun boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va yer uchastkalarining manzilli roʻyxatini shakllantirsin.

5. Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda hamda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimlarining yordamchilarini faol jalb qilgan holda:

doimiy ravishda mikromarkazlarni tashkil etish uchun boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va yer uchastkalarini aniqlab borsin hamda roʻyxatini shakllantirsin;

2023-yil 1-aprelga qadar kelgusi yillar uchun mikromarkazlarni tashkil etish reja-grafigini (manzilli roʻyxatini) Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

6. Belgilansinki:

mikromarkazlarning arxitektura-rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish, shu jumladan yer uchastkalarini tanlash va ajratish boʻyicha materiallarni tayyorlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasining budjeti hamda viloyatlar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobiga loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda amalga oshiriladi;

mikromarkazlarni zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya va transport tarmoqlariga ulash hamda ularni qurish respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi;

mikromarkazlar foydalanishga topshirilgan kundan boshlab 3 yil muddatga tashkil etilgan mikromarkazlar obyektlari va ular joylashgan yer uchastkalari boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va mol-mulk soligʻi uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qoʻllaniladi.

7. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi:

ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini, shuningdek, aholi va tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishini taʼminlasin.

8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

9. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 25-iyul,

PQ-331-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-iyuldagi PQ-331-son qaroriga 1-ILOVA

Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik yoʻnalishlarida tashkil etiladigan mikromarkazlarning

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-iyuldagi PQ-214-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 07/23/214/0457-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-iyuldagi PQ-331-son qaroriga 2-ILOVA

Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik yoʻnalishlaridagi mikromarkazlarni istiqbolda tashkil etish

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-iyuldagi PQ-214-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 07/23/214/0457-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.