Respublika hududlarini obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bogʻliq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish, xususan, joylarda ichki yoʻllar, ichimlik suv, elektr energiyasi va gaz taʼminotini, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma obyektlarini yaxshilash, shu asosda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha hududiy ishchi guruhlar tashkil etilib, ular tomonidan 9 370 ta mahallada aholining turmush darajasiga bevosita taʼsir koʻrsatuvchi eng dolzarb masalalar oʻrganilganligi va hududlar kesimida 2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturlari (keyingi oʻrinlarda — Dasturlar) ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlarini tizimli va rejali amalga oshirish maqsadida:
2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarning yigʻma parametrlari 1-ilovaga muvofiq;
2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturlari ijrosini muvofiqlashtirish yuzasidan Respublika ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda — Respublika ishchi guruhi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq;
2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturlarini amalga oshirish yuzasidan hududiy ishchi guruhlar (keyingi oʻrinlarda — Hududiy ishchi guruhlar) rahbarlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika ishchi guruhiga (A.J. Ramatov) Dasturlarning yigʻma parametrlariga, zarur hollarda, oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Hududiy ishchi guruhlar bilan birgalikda bir hafta muddatda Dasturlar doirasida amalga oshiriladigan loyihalarning roʻyxatlarini tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri Kengashlarida muhokama qilib, tasdiqlasin.
4. Dasturlar doirasida amalga oshiriladigan qurilish-taʼmirlash ishlari boʻyicha buyurtmachilar etib:
ichki avtomobil yoʻllari boʻyicha — Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tizimidagi buyurtmachi tashkilotlar;
ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimi obyektlari boʻyicha — “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” unitar korxonasi;
elektr energiyasi va gaz taʼminoti obyektlari hamda aloqa tarmoqlari boʻyicha — tegishincha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ va “Oʻzbektelekom” AK;
ijtimoiy soha obyektlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari idoralari, obodonlashtirish va tungi yoritish uskunalarini oʻrnatish ishlari va boshqa obyektlar boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari hamda ushbu obyektlarni saqlash bilan bogʻliq taʼmirlash ishlari boʻyicha — tegishli tarmoq korxonalari belgilansin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va boshqa buyurtmachi tashkilotlar 2022-yil 15-noyabrga qadar Dasturlar doirasida amalga oshiriladigan loyihalar (obyektlar)ning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va davlat ekspertizasidan oʻtkazish choralarini koʻrsin.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Dasturlar doirasida:
qurilish-taʼmirlash ishlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamgʻarmalari orqali moliyalashtiriladi. Bunda, mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan mahalliy budjetlarga budjetlararo transfertlar sifatida ajratiladi;
2022-yilda ajratilib, yil yakuniga qadar oʻzlashtirilmasdan qolgan mablagʻlar Davlat budjetiga qaytarilmaydi va ushbu mablagʻlar 2023-yilda Dasturlarda nazarda tutilgan obyektlarning qurilish-taʼmirlash ishlarini yakunlash uchun maqsadli yoʻnaltiriladi;
ajratilgan mablagʻlar loyiha-smeta hujjatlariga asosan aniqlangan ishlar hajmini moliyalashtirishga yetishmagan taqdirda, qoʻshimcha xarajatlar tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi;
moliyalashtirish uchun qurilish-taʼmirlash ishlarining manzilli roʻyxatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
7. Dasturlarni amalga oshirish doirasida:
bosh loyihachi tashkilotlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tanlov (tender) orqali aniqlansin;
bosh pudratchi tashkilotlar belgilangan tartibda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali hamda obyektlarni saqlash bilan bogʻliq taʼmirlash ishlari uchun jalb etiladigan tashkilotlar belgilangan tartibda tanlov (tender) orqali aniqlansin;
bosh loyihachi va bosh pudratchi tashkilotlarga, istisno tariqasida, qurilish-taʼmirlash ishlari uchun 30 foiz miqdorida oldindan toʻlov (avans) amalga oshirishga ruxsat berilsin.
8. Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, Moliya vazirligi Dasturlar doirasida qurilish-taʼmirlash ishlarini boshlash va amalga oshirish maqsadida:
2022-yil 15-noyabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamgʻarmalariga jami 1,7 trillion soʻm miqdorida mablagʻlarni oʻtkazib bersin;
kelgusida, ehtiyojga qarab, ushbu qurilish-taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish uchun qoʻshimcha 1 trillion soʻm miqdorida mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga Dasturlar doirasida ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanishni tizimli nazorat qilish hamda kreditor qarzdorliklar yuzaga kelishiga yoʻq qoʻymaslik yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
10. Belgilansinki:
tuman (shahar) sektorlari va boshqa hududiy tashkilotlar rahbarlari har oyda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga Dasturlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida hisobot berib boradi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri Kengashlari Dasturlar ijro etilishi holatining muntazam muhokama qilinishini va masʼul rahbarlarning tegishli hisobotlari eshitib borilishini taʼminlaydi;
Dasturlarga kiritilgan obyektlarni foydalanishga topshirish boʻyicha davlat qabul komissiyalari tarkibiga mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari kiritiladi va bajarilgan qurilish-taʼmirlash ishlarining hajmi va sifati boʻyicha jamoatchilik nazorati oʻrnatiladi.
11. Hududiy ishchi guruhlar rahbarlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan birgalikda ikki hafta muddatda mahallalar kesimida alohida reja-jadvallarni tasdiqlab:
har hafta joylarga chiqqan holda mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar oʻz vaqtida va samarali tashkil qilinishini nazoratga olsin, shuningdek, dolzarb muammolar hal etilayotganligi yuzasidan aholiga batafsil tushuntirish va tashviqot ishlarini tashkil etsin;
mahallalar infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning holatini, bu borada aholining fikr-mulohazalarini tizimli oʻrganib, mavjud muammolarni hal etish boʻyicha Respublika ishchi guruhiga takliflar kiritib borsin.
12. Respublika ishchi guruhi (A.J. Ramatov):
Dasturlar ijrosini va Hududiy ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtirib borsin, shu jumladan har bir loyiha (obyekt)ning amalga oshirilishini doimiy monitoring qilish, kechikayotgan loyiha (obyekt)larni joylarga chiqqan holda oʻrganish va aniqlanadigan muammoli masalalarni tizimli hal etish choralarini koʻrsin;
har oyda Dasturlar ijrosini tanqidiy muhokama qilib, Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
13. Dasturlar doirasida amalga oshiriladigan ishlar ustidan quyidagi nazorat tizimi yoʻlga qoʻyilsin:
Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi, Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi, Ichimlik suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi qurilish-taʼmirlash ishlarining sifati, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshiradi;
Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Dasturlar doirasida ajratilayotgan mablagʻlarning maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan tizimli davlat moliyaviy nazoratini amalga oshiradi;
Bosh prokuratura joylarda Dasturlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli ijro etilishi, shu jumladan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi, har bir loyiha (obyekt) boʻyicha mablagʻlarning maqsadli va samarali sarflanishi, qurilish-taʼmirlash ishlari sifatli bajarilishi, xarid qilish tartib-taomillari qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatadi;
mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, mahallalardagi hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari va yoshlar yetakchilari, ommaviy axborot vositalari va boshqa jamoat tashkilotlari Dasturlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati, sifati va koʻlami yuzasidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga jalb qilinadi.
Bosh prokuratura ikki hafta muddatda mazkur qaror doirasida hamda tashabbusli budjetlashtirish asosida moliyalashtiriladigan loyihalar (obyektlar)ni amalga oshirish jarayonlari samaradorligini oshirish, ushbu sohada davlat va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha qaror loyihasini kiritsin.
14. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning mazmun va mohiyati, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash orqali aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning koʻlami va islohotlarning natijalarini keng yoritib borish boʻyicha maqolalar, mavzuli koʻrsatuvlar va eshittirishlar tashkil qilsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilish, uning natijadorligini har oyda muhokama qilib borish va ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirishga masʼul etib Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov belgilansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har oy yakuni boʻyicha axborot berib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 25-oktabr,
PQ-408-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-oktabrdagi PQ-408-son qaroriga1-ILOVA
2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarning
* ushbu yigʻma parametrlar obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va tanlov (tender) savdolari natijalari boʻyicha aniqlashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-oktabrdagi PQ-408-son qaroriga2-ILOVA
2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturlari ijrosini muvofiqlashtirish yuzasidan respublika ishchi guruhi
Izoh.
Respublika ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Respublika ishchi guruhi oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida, zarur hollarda, boshqa tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarning rahbarlari hamda vakillarini jalb qilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-oktabrdagi PQ-408-son qaroriga3-ILOVA
2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturlarini amalga oshirish yuzasidan hududiy ishchi guruhlar rahbarlari
Izoh.
Hududiy ishchi guruhlar aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning tarkibiga mazkur lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Hududiy ishchi guruhlar oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida, zarur hollarda, boshqa tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarning rahbarlari hamda vakillarini jalb qilishi mumkin.