PQ-416-son Qaror · 08.11.2022

Arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-416
  • Qabul qilingan sana:08.11.2022
  • Kuchga kirgan sana:09.11.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/416/1001

Arxitektura-qurilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini ilgʻor xorijiy tajriba hamda xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish, taʼlim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish hamda taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishning oʻzaro integratsiyasini mustahkamlash maqsadida:

1. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Qurilish vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

Toshkent arxitektura-qurilish institutini Toshkent arxitektura-qurilish universiteti etib qayta tashkil etish va uni muhandislik, arxitektura, qurilish hamda qurilish materiallari texnologiyalari yoʻnalishlariga ixtisoslashtirish;

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutini Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti etib qayta tashkil etish hamda uni madaniy meros obyektlarini tiklash, dizayn, arxitektura, qurilish, urbanizatsiya va muhandislik yoʻnalishlariga ixtisoslashtirish;

Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitetlar) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimiga oʻtkazish.

2. Quyidagilar Universitetlarning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

arxitektura-qurilish va muhandislik sohalarida xalqaro kasb standartlari asosida oliy maʼlumotli mutaxassislar hamda ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha uzluksiz taʼlim tizimini yaratish;

oʻquv jarayoniga xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish, talabalarning kasbiy kompetensiyalarni chuqur egallashini taʼminlash;

professor-oʻqituvchilar, doktorantlar va magistrantlarning xorijiy davlatlarning yetakchi taʼlim muassasalarida ilmiy stajirovka oʻtashi va malaka oshirishi, shuningdek, talabalar almashinuvi dasturlari asosida tahsil olishini tashkil etish;

taʼlim va tadqiqotni uygʻunlashtirish orqali iqtisodiyot tarmoqlari uchun ilgʻor innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda ularning transferi boʻyicha samarali tizimni shakllantirish;

qurilish muhandisligi, arxitektura, dizayn va shaharsozlik yoʻnalishlari boʻyicha tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, ilmiy loyihalarni amalga oshirish va ishlanmalarni tijoratlashtirish, taʼlim, fan va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini taʼminlash;

taʼlim-tarbiya jarayonlarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida olib borish, talabalarda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat va sadoqat, xalq manfaatlari uchun xizmat qilish tuygʻusi bilan yashaydigan kadrlarni tarbiyalash.

3. Universitetlarda taʼlim jarayonlarini xalqaro standartlar asosida tashkil etish boʻyicha Istanbul texnika universiteti va Yildiz texnika universiteti hamda boshqa nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan muzokaralar olib borilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Universitetlarda taʼlim tizimini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirish va taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishning oʻzaro integratsiyasini rivojlantirish boʻyicha quyidagi ishlar amalga oshirilsin:

a) taʼlim tizimini takomillashtirish yoʻnalishida:

oʻquv jarayonlari davlat, ingliz va boshqa xorijiy tillarda kredit-modul tizimi asosida olib boriladi;

talabalarning kasbiy va shaxsiy kompetensiyalarini rivojlantirish maqsadida individual taʼlim trayektoriyasi ishlab chiqiladi;

xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning akkreditatsiyasidan oʻtgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarining taʼlim dasturlari asosida oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi;

fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan, bakalavriatning soʻnggi ikki bosqichida tahsil olayotgan talabalar uchun turdosh taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshimcha taʼlim dasturlarini oʻzlashtirish imkoniyati yaratiladi;

talabalarning arxitektura, qurilish, muhandislik, dizayn yoʻnalishlari boʻyicha xalqaro kasbiy sertifikatlarni olishi yoʻlga qoʻyiladi;

b) ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirish yoʻnalishida:

ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan Oliy ilm-fan maktabi tashkil etiladi;

mentorlik modeli asosida kafedralarning nufuzli xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorligi yoʻlga qoʻyiladi;

Universitetlarga ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar tuzish va ularning tarkibini tasdiqlash huquqi beriladi, ushbu kengashlar tomonidan ilmiy daraja va ilmiy unvonlarni mustaqil berish yoʻlga qoʻyiladi;

mutaxassislik kafedralari huzurida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tarmoq korxonalari buyurtmalari asosida xizmat koʻrsatish hamda ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirishga xizmat qiluvchi tadqiqot va rivojlanish markazlari tashkil etiladi. Bunda, tadqiqot va rivojlanish markazlarining ilmiy mahsulotlarni tijoratlashtirishdan ishlab topgan mablagʻlari toʻligʻicha ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, laboratoriyalarni tashkil etish hamda professor-oʻqituvchilarni moddiy ragʻbatlantirish uchun sarflanadi;

v) taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishning oʻzaro integratsiyasini rivojlantirish yoʻnalishida:

mutaxassislik kafedralari tarmoq korxonalari, tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot muassasalariga biriktiriladi hamda hamkorlikda professor-oʻqituvchilar va iqtidorli yuqori kurs talabalarining amaliy koʻnikmalarini oshirish, tadqiqot natijalarini sinovdan oʻtkazish va ilmiy loyihalardagi ishtiroki yoʻlga qoʻyiladi;

iqtidorli bitiruvchi kurs talabalari tanlov asosida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni davom ettirishi hamda homiylik va Universitetlarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan bitiruv oldi amaliyotini nufuzli xorijiy kompaniyalarda oʻtashi yoʻlga qoʻyiladi;

yuqori kurs talabalari va magistrantlar ish haqi toʻlanadigan tizim orqali band qilinadi hamda ular respublika hududlarida amalga oshirilayotgan qurilish loyihalariga jalb etiladi;

talabalar tomonidan startap va biznes loyihalarni tayyorlash, ilmiy loyihalarda ishtirok etish, tadqiqot natijalarini sinovdan oʻtkazish tarmoq tashkilotlari hamkorligida amalga oshiriladi.

4. 2023-yil 1-yanvardan boshlab Universitetlarga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berilsin.

Bunda, Universitetlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-60-son va “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-61-son qarorlari normalari tatbiq etiladi.

5. Quyidagilar:

Universitetlarni transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritalari” 1 va 2-ilovalarga muvofiq;

Universitetlarni 2025-yilga qadar rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 3 va 4-ilovalarga muvofiq;

Universitetlarning mutaxassislik kafedralarini hududdagi tarmoq korxonalari, tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot muassasalariga biriktirish jadvali 5 va 6-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Universitetlarda kuzatuv kengashlari tashkil etilsin va ularning tarkibi 7 va 8-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

6. Universitetlar tuzilmasida Strategik rivojlantirish boʻyicha birinchi prorektor lavozimi joriy etilsin va quyidagilar uchun masʼul etib belgilansin:

universitetni transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlash;

universitetning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari oʻquv dasturlarini nufuzli xalqaro tashkilotlarning akkreditatsiyasidan oʻtkazish;

universitetni xalqaro tan olingan reyting tashkilotlarining roʻyxatiga kiritishga qaratilgan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;

universitetning oʻquv, ilmiy, maʼmuriy va moliya-xoʻjalik jarayonlarini toʻliq raqamlashtirishni tashkil etish;

universitet brendini yanada ommalashtirish, unda olib borilayotgan akademik, ilmiy va maʼrifiy jarayonlarni milliy va xalqaro maydonda keng targʻib etish.

7. Universitetlarning kuzatuv kengashlari (O. Abduraxmanov):

a) bir oy muddatda Strategik rivojlantirish boʻyicha birinchi prorektor lavozimlariga malakali mutaxassislarni jalb etsin;

b) ikki oy muddatda:

Universitetlar professor-oʻqituvchilarini tanlov asosida ishga qabul qilish, ular bilan muddatli shartnoma tuzish tartibi hamda faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari (KPI)ni tasdiqlasin;

Universitetlarning qayta tashkil etilishi munosabati bilan professor-oʻqituvchilar, maʼmuriy-boshqaruv va oʻquv-yordamchi xodimlar tarkibini tanqidiy qayta koʻrib chiqsin hamda Universitetlarga yuqori malakali, halol va tashabbuskor kadrlarni jalb etish choralarini koʻrsin;

Universitetlar ilmiy kengashlari faoliyatini tashkil etish tartibini va Universitetlar mablagʻlaridan foydalanish tartibini tasdiqlasin;

v) 2023-yil 1-martga qadar bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini xalqaro taʼlim va kasb klassifikatorlariga muvofiq maqbullashtirsin;

g) Universitetlarni transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”da belgilangan vazifalar ijrosini oʻz vaqtida sifatli taʼminlash, rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlariga erishish hamda xalqaro tan olingan reyting tashkilotlarining roʻyxatiga kiritish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirsin va doimiy nazorat oʻrnatsin.

8. Belgilansinki, Universitetlarning transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar 2023-2024-yillar davomida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ravishda maqsadli moliyalashtiriladi:

yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining taʼlim dasturlarini joriy etish;

oʻquv dasturlarini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning akkreditatsiyasidan oʻtkazish;

salohiyatli chet ellik va (yoki) vatandosh professor-oʻqituvchilarni shartnoma asosida Universitetlarning boshqaruv, taʼlim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga jalb etish;

xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazalariga ulanish va ulardan foydalanish;

professor-oʻqituvchilarni yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish.

Moliya vazirligi Universitetlar kuzatuv kengashlarining hisob-kitoblariga asosan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan zarur mablagʻlarning ajratilishini taʼminlasin.

9. Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Texnopark tashkil etilsin va uning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan texnologik va innovatsion gʻoyalarga yoʻnaltirilgan startap loyihalarni yaratish hamda amaliyotga joriy etish;

arxitektura va qurilish sohasida raqobatbardosh energiya tejamkor qurilish materiallarini ishlab chiqarish va dasturiy xizmatlar koʻrsatishni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni ragʻbatlantirish;

yosh olimlarning ilmiy izlanishlari va maqsadli loyihalar doirasida milliy va xorijiy tashkilotlarning, shu jumladan ilmiy va taʼlim muassasalarining buyurtmanomalari asosida arxitektura, qurilish konstruksiyalari va materiallari, muhandislik kommunikatsiyalari, qurilish fizikasi va boshqa yoʻnalishlarda ilmiy tajriba va tadqiqotlar olib borish;

iqtisodiyot tarmoqlarining yetakchi kompaniyalari mutaxassislari ishtirokida sohaning dolzarb masalalariga bagʻishlangan mahorat darslari, treninglar va malaka oshirish kurslari, shuningdek, ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar oʻtkazish.

10. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti huzurida Inkubatsiya markazi tashkil etilsin va uning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

yosh olimlar, iqtidorli talabalar hamda professor-oʻqituvchilarning innovatsion va startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash;

talabalarni innovatsion faoliyat bilan shugʻullanishga jalb etish, ularda boshlangʻich tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish;

sohaga oid ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish, shartnoma asosida konsalting xizmatlarini koʻrsatish, xalqaro grantlar loyihalarini jamoaviy bajarish orqali milliy va xalqaro darajadagi muammolar yechimida ishtirok etish;

ilmiy-tadqiqot loyihalari va gʻoyalarini ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish orqali universitetni rivojlantirishga mahalliy va xorijiy investorlarni jalb etish va ular bilan oʻzaro hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish.

11. Texnopark va Inkubatsiya markazi tegishli universitet taʼsischiligida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi va universitetning tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi.

Bunda, Texnopark va Inkubatsiya markazi faoliyati ularning xoʻjalik faoliyatidan olinadigan daromadlari, mahalliy va xorijiy grantlar, Universitetlarning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

12. Toshkent shahar hokimligi va Samarqand viloyati hokimligi 2023-yil 1-mayga qadar mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan tegishliligi boʻyicha Texnopark va Inkubatsiya markazini Universitetlar kuzatuv kengashlari bilan kelishgan holda zarur vositalar bilan jihozlasin va ularning faoliyatini yoʻlga qoʻysin.

13. Arxitektura, qurilish, muhandislik sohalari rahbar kadrlari, mutaxassislari va ishchi kasb egalarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish maqsadida:

Toshkent arxitektura-qurilish instituti huzuridagi Qurilish sohasidagi menejerlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi negizida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Kasbiy faoliyatni rivojlantirish markazi;

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti huzuridagi Arxitektura-qurilish yoʻnalishidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Jizzax politexnika instituti qoshidagi Arxitektor-loyihachilar va quruvchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazi negizida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti huzurida Kasbiy faoliyatni rivojlantirish markazi tashkil etilsin.

(13-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-iyundagi PF-104-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2026-y., 06/26/104/0563-son)

14. Belgilansinki:

a) Universitetlarga tegishli litsenziya talablari va shartlarini bajargan holda, quyidagi litsenziyalanadigan faoliyat turlarini amalga oshirish huquqi beriladi:

uy-joy-xoʻjalik hamda sanoat qurilishi uchun obyektlar va komplekslar loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;

bino va inshootlarning texnik holatini tekshirish;

arxitektura yodgorliklarini taʼmirlash uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini asrashga doir faoliyat;

b) 2026-yil 1-yanvarga qadar davlat buyurtmachilari Universitetlar tomonidan amalga oshiriladigan quyidagi ishlar (xizmatlar)ni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida xarid qilishi mumkin:

qurilish obyektlarini loyihalash uchun texnik topshiriqlarni tayyorlash;

qurilish uchun muhandislik-qidiruv ishlarini (geodeziya, geologiya, geotexnika qidiruvlari va boshqalar) amalga oshirish;

qurilish uchun loyihaoldi ishlarni (tarixiy, madaniy, antropologik, sotsiologik va ekologik tadqiqotlar) bajarish;

qurilish obyektlarining eskiz (konseptual) loyihasini tayyorlash;

qurilish obyektlarining ishchi loyiha hujjatlarini (faqat I — III xavf-xatarlar toifalariga mansub boʻlgan obyektlar uchun) ishlab chiqish;

moddiy madaniy meros obyektlarini asrashga doir ishlarni amalga oshirish va ularni loyihalash;

v) Universitetlar:

oʻziga tegishli bino va inshootlarni qurish, kapital taʼmirlash va rekonstruksiya qilish ishlarining buyurtmachisi hisoblanadi;

buyurtmachi sifatida funksiyalarni bajarish doirasida mustaqil injiniring kompaniyalari va mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy kompaniyalarni jalb etishi mumkin;

g) Toshkent arxitektura-qurilish universitetiga davlat buyurtmachilari, davlat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar, ustav fondida davlat ulushi mavjud boʻlgan jamiyatlar va davlat korxonalariga qurilish, shaharsozlik va arxitektura sohalarida ilmiy-tadqiqot, loyiha-qidiruv ishlari, muhandislik-texnik tahlil, laboratoriya sinovlari oʻtkazish, texnik xulosa, konsepsiya, bosh reja, master reja, eskiz loyiha, loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish yuzasidan pullik xizmat koʻrsatish huquqi beriladi.

(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 7-iyuldagi PQ-252-sonli qaroriga asosan “g” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.07.2026-y., 07/26/252/0741-son)

15. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi shaharsozlik normalari va qoidalarini qayta koʻrib chiqish, ularni amaliyotda qoʻllash bilan bogʻliq muammolarni tahlil qilish va xalqaro normativ-texnik hujjatlarga muvofiqlashtirish ishlariga shartnoma asosida Universitetlarni jalb qilish choralarini koʻrsin.

(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-iyundagi PF-104-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2026-y., 06/26/104/0563-son)

16. 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Olmaliq arxitektura-qurilish texnikumi Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tasarrufiga, Samarqand arxitektura-qurilish texnikumi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti tasarrufiga oʻtkazilsin.

17. Belgilansinki, texnikumlarda:

taʼlim dasturlari tegishliligi boʻyicha Universitetlar tomonidan xorijiy taʼlim dasturlari asosida mustaqil ravishda shakllantiriladi;

davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari 50 foizni tashkil etadi;

toʻlov-kontrakt miqdori, uni toʻlash muddatlarini belgilash va kadr buyurtmachilari ehtiyojiga muvofiq toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha qabul kvotasini shakllantirish Universitetlar kuzatuv kengashlari tomonidan amalga oshiriladi.

18. Innovatsion rivojlanish vazirligi 2023 — 2025-yillarda Universitetlar professor-oʻqituvchilari, magistr va doktorantlarining belgilangan tartibda tanlov natijalariga koʻra xorijiy nufuzli oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga ilmiy stajirovkaga yuborilishini tashkil etsin.

19. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Universitetlarning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, zarur hollarda, yangi oʻquv binolari va talabalar turar joylarini qurish hamda ularni jihozlash loyihalarining 2023-yil va kelgusi yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.

20. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

Prezident taʼlim muassasalari agentligi bilan birgalikda 2023-yil 1-yanvarga qadar 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Universitetlar huzuridagi akademik litseylar oʻquv dasturlarini “International Advanced Levels” xalqaro dasturi asosida ishlab chiqish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Universitetlarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, taʼlim-tarbiya jarayonlarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida olib borish, talabalarda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni shakllantirish masalalarini nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va amalga oshirsin;

Qurilish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

21. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov, Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev va Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 8-noyabr,

PQ-416-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-noyabrdagi PQ-416-son qaroriga 1-ILOVA

Toshkent arxitektura-qurilish universitetini transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-noyabrdagi PQ-416-son qaroriga 2-ILOVA

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetini transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish boʻyicha

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-iyuldagi PQ-209-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2025-y., 07/25/209/0559-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-noyabrdagi PQ-416-son qaroriga 4-ILOVA

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetini 2025-yilga qadar rivojlantirishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-noyabrdagi PQ-416-son qaroriga 5-ILOVA

Toshkent arxitektura-qurilish universitetining mutaxassislik kafedralarini hududdagi tarmoq korxonalari, tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot muassasalariga biriktirish

Izoh: Mazkur kafedralar va biriktirilayotgan tarmoq korxonalar, tashkilotlar va muassasalar roʻyxatiga universitet Kuzatuv kengashi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Tarmoq korxonalari, tashkilotlar va muassasalar hamda fakultet kafedralari oʻrtasida hamkorlik ikki tomonlama kelishuv asosida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-noyabrdagi PQ-416-son qaroriga 6-ILOVA

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetining mutaxassislik kafedralarini hududdagi ilmiy-tadqiqot muassasalari, tarmoq korxonalari va tashkilotlariga biriktirish

Izoh: Mazkur kafedralar va biriktirilayotgan tarmoq korxonalari, tashkilotlar va muassasalar roʻyxatiga Universitet Kuzatuv kengashi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Tarmoq korxonalari, tashkilotlar va muassasalar hamda fakultet kafedralari oʻrtasida hamkorlik ikki tomonlama kelishuv asosida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-noyabrdagi PQ-416-son qaroriga7-ILOVA

Toshkent arxitektura-qurilish universiteti Kuzatuv kengashining

Izoh: Universitetning Kuzatuv kengashi tarkibi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

Kuzatuv kengashi aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan, zarur hollarda, uning tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

(7-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-iyuldagi PQ-209-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2025-y., 07/25/209/0559-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-noyabrdagi PQ-416-son qaroriga 8-ILOVA

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti Kuzatuv kengashining

Izoh: Universitetning Kuzatuv kengashi tarkibi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.

Kuzatuv kengashi aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan, zarur hollarda, uning tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.