PQ-443-son Qaror · 19.12.2022

Elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-443
  • Qabul qilingan sana:19.12.2022
  • Kuchga kirgan sana:19.12.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/443/1099

“Yashil” texnologiyalarni barcha sohalarga faol joriy etish, elektromobillar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash orqali havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini qisqartirish maqsadida:

1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining respublika hududida elektr energiyasi manbalarida harakatlanuvchi transport vositalari (TIF TN kodi 8703 80) (keyingi oʻrinlarda — elektromobillar) hamda ichki yonuv dvigateli va tashqi elektr manbai orqali zaryadlanuvchi elektr motori yordamida harakatlanuvchi transport vositalarini (TIF TN kodlari 8703 60, 8703 70) (keyingi oʻrinlarda — gibrid avtomobillar) sanoat usulida ishlab chiqarishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Elektromobillar va gibrid avtomobillarni sanoat usulida ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashning quyidagi choralari qoʻllanilsin:

a) 2030-yil 1-yanvarga qadar:

respublikada ishlab chiqarilgan elektromobillar va gibrid avtomobillar utilizatsiya yigʻimidan;

belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha xorijdan olib kelinadigan elektromobillarning va gibrid avtomobillarning butlovchi qismlari (mashinokomplekt), xom ashyo va materiallar, uskunalar va texnologik jihozlarni, shu jumladan servis xizmati koʻrsatish uchun ehtiyot qismlarni bojxona bojidan ozod etish;

b) elektromobillar va gibrid avtomobillarni toʻliq siklda ishlab chiqarish jarayonlari oʻzlashtirilgunga qadar, biroq loyiha amalga oshirilishi boshlangan vaqtdan 24 oydan koʻp boʻlmagan vaqt mobaynida ishlab chiqaruvchilarga elektromobillarni va gibrid avtomobillarni bojxona boji va utilizatsiya yigʻimi toʻlamasdan, yaratiladigan ishlab chiqarish quvvatlarining 50 foizigacha, ammo yiliga 10 mingdan koʻp boʻlmagan miqdorda, yirik uzelli ishlab chiqarish uchun mashinokomplekt (SKD) yoki tayyor avtomobil (CBU) holatida olib kirishga ruxsat berish;

v) respublikada ishlab chiqarilgan va ichki bozorda sotilgan, elektromobil va gibrid avtomobillarni sotib olish uchun jismoniy shaxslarga milliy valyutada ajratiladigan bazaviy hisoblash miqdorining 1 200 baravaridan oshmaydigan kreditlar boʻyicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun kredit muddatining dastlabki 36 oyi davomida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan kompensatsiya toʻlash.

3. Mazkur qarorning 2-bandida nazarda tutilgan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari elektromobillar va gibrid avtomobillarni quyidagi talablar asosida sanoat usulida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadigan barcha investorlar va tadbirkorlik subyektlariga nisbatan teng tatbiq etilishi belgilab qoʻyilsin:

birinchi bosqichda, loyiha amalga oshirilishi boshlangan vaqtdan boshlab 24 oy mobaynida toʻliq ishlab chiqarish jarayonini oʻzlashtirish, jumladan avtomobil kuzovini payvandlash ishlarining kamida 50 foizini, boʻyash va yigʻish, shuningdek, avtomobillarni sinash jarayonlarini oʻzlashtirish;

ikkinchi bosqichda, loyiha amalga oshirilishi boshlangan vaqtdan boshlab 36 oy mobaynida butlovchi qismlarni, shu jumladan oynalar, oʻrindiqlar, ichki va tashqi plastik qismlar, eshik qoplamalari, priborlar paneli, old va orqa bamperlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish, shuningdek, mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya asosida mahalliylashtirish.

4. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bir oy muddatda elektromobillar va gibrid avtomobillar xarid qilish uchun olingan kreditlar boʻyicha foiz stavkasining bir qismini qoplash boʻyicha kompensatsiya toʻlash tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi elektromobillar va gibrid avtomobillar, ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil qilish va ularga servis xizmatini koʻrsatish uchun zarur texnologik asbob-uskunalarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan, oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar roʻyxatiga kiritib borsin.

6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga elektromobillar va gibrid avtomobillarni sanoat usulida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish istagini bildirgan investorlar bilan mazkur qarorning 3-bandida nazarda tutilgan talablarni inobatga olgan holda investitsiya shartnomalarini tuzish vakolati berilsin.

Bunda, mazkur qarorning 2-bandi “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan imtiyozlar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan investitsiya shartnomalarini tuzgan investorlarga, shuningdek, ular tomonidan yirik uzelli ishlab chiqarish uchun mashinokomplekt (SKD) yoki tayyor avtomobil (CBU) holatida olib kirilgan elektromobil va gibrid avtomobillarga nisbatan tatbiq etilishi belgilab qoʻyilsin.

7. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi elektromobillar va gibrid avtomobillarni sanoat usulida ishlab chiqarish boʻyicha mazkur qarorning 3-bandida belgilangan talablarning bajarilganligini xalqaro auditorlik va konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda har bir bosqich yakunlangandan soʻng ikki oy muddatda auditdan oʻtkazib borishni taʼminlasin.

Belgilansinki, sanoat usulida yigʻish talablari belgilangan muddatlarda bajarilmagan taqdirda mazkur qarorning 2-bandi “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan imtiyozlar boʻyicha hisoblangan mablagʻlar Davlat budjetiga toʻliq qaytariladi.

8. Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan korxonalar tomonidan avtotransport vositalarini biriktirish meʼyorlari doirasida elektromobillar va gibrid avtomobillarni 1-ilovaga muvofiq xarid qilishga ruxsat beriladi.

Bunda, mazkur xaridlar davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan sotib olinadigan avtotransport vositasining eng yuqori narxi boʻyicha oʻrnatilgan cheklovlar hamda ularning yangisiga almashtirish davri talabiga muvofiq amalga oshirilishi shart.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PQ-422-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

9. Elektromobillar va gibrid avtomobillarda yoʻlovchilarni tashish xizmatlarini koʻrsatuvchi jismoniy va yuridik shaxslar 2030-yil 1-yanvarga qadar litsenziya varaqalari berilganligi uchun davlat bojini toʻlashdan ozod etilsin.

10. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi, “Oʻzavtosanoat” AJ va sohada faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda ikki oy muddatda:

elektromobillar va gibrid avtomobillar, shuningdek, ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish hamda ularni ekspluatatsiya qilish boʻyicha xalqaro standartlarni joriy etish;

Yevropa, AQSH, Xitoy va eng ilgʻor ilmiy-sinov laboratoriyalariga ega boʻlgan boshqa davlatlarning sertifikatlashtirish organlari tomonidan elektromobillar, gibrid avtomobillar, elektr quvvatlantirish stansiyalari va ularning butlovchi qismlari boʻyicha berilgan muvofiqlik sertifikatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri tan olishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor idora va tashkilotlar bilan birgalikda 2023-yil 1-martga qadar mis sanoati klasterlarini rivojlantirish, mis xom ashyosidan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish orqali elektromobillar va gibrid avtomobillar uchun butlovchi qismlar, elektr quvvatlantirish stansiyalarining zamonaviy turlarini hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish dasturini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. “Oʻzavtosanoat” AJ:

2023-yil 31-yanvarga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti qoshida Elektromobillar va ularning infratuzilmasi boʻyicha ilmiy tadqiqot laboratoriyasini (keyingi oʻrinlarda — Laboratoriya) tashkil etsin;

2023-yilda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Energetika vazirligi bilan birgalikda Turin politexnika universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent kimyo-texnologiya institutining kamida 100 nafar professor-oʻqituvchilari, shuningdek, sohada faoliyat koʻrsatayotgan boshqa mutaxassislarning rivojlangan davlatlarda malaka oshirishlarini taʼminlasin.

(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

13. Belgilab qoʻyilsinki:

Laboratoriya shtat birliklari Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining professor-oʻqituvchilari va doktorantura izlanuvchilari hisobidan shakllantiriladi;

avtomobilsozlik va elektrotexnika sohasida tadqiqotlar olib borish uchun masʼul davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari Laboratoriyadan begʻaraz foydalanadi;

Laboratoriya faoliyati uchun chetdan olib kelinadigan kitoblar, dasturiy taʼminot mahsulotlari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari, laboratoriya uskunalari, boshqa turdagi anjomlar belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha bojxona bojidan ozod etiladi.

14. Respublikada elektromobillar va gibrid avtomobillarni sanoat usulida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hamda ulardan foydalanishni ommalashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

15. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir maslahatchisi B.F. Islamov belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 19-dekabr,

PQ-443-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-dekabrdagi PQ-443-son qaroriga 1-ILOVA

2023 — 2025-yillarda davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan korxonalar tomonidan xarid qilinadigan elektromobillar va gibrid avtomobillar boʻyicha

Izoh:

*avtotransport vositasining narxidan kelib chiqib, maqsadli koʻrsatkichlarning summasi oʻzgarishi mumkin;

**maqsadli koʻrsatkichlarda nazarda tutilgan elektromobillar va gibrid avtomobillar davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan xarid qilinishi mumkin;

***davlat budjetidan avtotransport vositalarini sotib olish uchun ajratiladigan mablagʻlar miqdori va korxonalarning moliyaviy holatidan kelib chiqib, sotib olinadigan avtotransport vositalari soni Vazirlar Mahkamasi tomonidan oʻzgartirilishi mumkin.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-dekabrdagi PQ-443-son qaroriga 2-ILOVA

Respublikada elektromobillar va gibrid avtomobillarni sanoat usulida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hamda ulardan foydalanishni ommalashtirish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.