Hududlar oʻrtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, tuman va shaharlarni ularning sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib rivojlantirish boʻyicha yangicha yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, davlat koʻmagini berish tartibini takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Statistika agentligi hamda Savdo-sanoat palatasining 2023-yil 1-yanvardan boshlab:
1-ilovaga muvofiq respublika tuman va shaharlarini 5 ta toifaga ajratish;
tuman va shahar toifasidan kelib chiqib, tadbirkorlik subyektlariga soliq imtiyozlari, subsidiyalar va ularni qoʻllab-quvvatlashning boshqa choralarini qoʻllash tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Respublikaning 5-toifadagi tumanlarida roʻyxatdan oʻtgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik subyektlari (yirik soliq toʻlovchilar, doimiy muassasa, budjet tashkiloti va davlat korxonasi, ustav jamgʻarmasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan koʻproq miqdorda boʻlgan yuridik shaxslar bundan mustasno) 2026-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar:
a) foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz;
b) yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini mazkur soliqlar boʻyicha hisoblangan summaning 50 foizi miqdoridagi soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-269-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/269/1253-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
3. Belgilansinki, 2024-yil 1-martdan boshlab “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan umumiy belgilangan shartlar va qoidalar doirasida 4 va 5-toifadagi tumanlarda roʻyxatdan oʻtgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan kichik tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklarining Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori va asosiy stavkaning 1,75 baravaridan oshmagan stavkada milliy valyutada ajratiladigan kreditlari boʻyicha asosiy stavkaning 40 foizigacha miqdorida kompensatsiya taqdim etiladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son — 2024-yil 1-martdan kuchga kiradi)
4. Quyidagilar:
aholi va tadbirkorlik subyektlariga subsidiya ajratishning oshirilgan miqdorlari 2-ilovaga muvofiq;
tadbirkorlik faoliyatini tuman va shaharlarning toifalaridan kelib chiqib, qoʻllab-quvvatlash choralari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari hamda ilmiy tashkilotlarning ekspertlarini jalb qilgan holda:
2023-yil 1-oktabrga qadar baholash mezonlari va koʻrsatkichlari hamda hisoblash usullarining haqqoniyligi va shaffofligini taʼminlovchi tuman va shaharlarni tegishli toifalarga ajratishning axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) joriy qilsin. Bunda, axborot tizimini ishlab chiqish, ishga tushirish va uni qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar Iqtisodiyot va moliya vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
har uch yilda Davlat budjeti parametrlarini shakllantirish jarayonida tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatidan kelib chiqib, ularning toifalarini oʻzgartirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari hamda hududlarga taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, shuningdek, boshqa turdagi qoʻllab-quvvatlash choralarining (keyingi oʻrinlarda — davlat koʻmagi) samaradorligini baholash boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin.
Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq yil yakunlari boʻyicha:
tarmoq vazirlik va idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari sohani va (yoki) hududni rivojlantirish uchun berilgan alohida davlat koʻmagi samaradorligi toʻgʻrisidagi hisobotlarni har yili 1-martga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda har yili 1-aprelga qadar davlat koʻmagining samaradorligini baholash yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga tahliliy axborot kiritib boradi.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023-yil 1-iyulga qadar davlat koʻmagining manzilliligi va samaradorligini baholash tartibi hamda hisobot shakllarini tasdiqlasin. Bunda, baholashning asosiy mezonlari etib quyidagilar belgilansin:
yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari va yaratilgan ish oʻrinlari soni;
tovar (xizmatlar)ni realizatsiya qilish boʻyicha aylanmaning oʻsish surʼati;
koʻrilgan foyda va olingan dividendlar hajmi;
davlat koʻmagi berilgandan soʻng kiritilgan xususiy investitsiyalar hajmi.
8. Belgilab qoʻyilsinki:
a) barcha turdagi subsidiyalar “2+1” tamoyili asosida joriy etiladi. Bunda, subsidiya dastlabki ikki yil davomida taqdim etiladi va uni baholash natijalari boʻyicha samaradorlik koʻrsatkichlari ijobiy deb topilganda, subsidiyaning amal qilish muddati qoʻshimcha bir yilga uzaytiriladi;
b) amal qilish muddati belgilanmagan:
agrar va oziq-ovqat sohalarida faoliyat yuritayotgan yuridik va jismoniy shaxslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy yordam turlari, shu jumladan, subsidiyalar 2026-yil 1-yanvarga qadar;
boshqa subsidiyalar 2025-yil 1-yanvarga qadar joriy etilgan hisoblanadi;
(8-bandining “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi PF-7-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2025-y., 06/25/7/0051-son)
v) quyidagi hollarda subsidiyalar ular ajratilgan kundan boshlab Markaziy bankning asosiy stavkasida hisoblangan foiz toʻlovlari (penya) bilan subsidiya oluvchilardan qaytarib olinadi:
taqdim etilgan subsidiyalardan maqsadsiz foydalanilganda;
subsidiyalarni qoʻllash shartlariga rioya etilmaganda;
subsidiya olish uchun soxta hujjatlar taqdim etilganda.
Bunda, hisoblangan foiz toʻlovlari (penya) miqdori berilgan subsidiya miqdorining yarmidan koʻp boʻlmasligi shart.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga har yili ajratilgan subsidiyalardan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan subsidiya taqdim etuvchi vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotini eshitish amaliyotini joriy etish tavsiya etilsin.
10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib iqtisodiyot va moliya vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har olti oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 30-dekabr,
PF-287-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PF-287-son Farmoniga1-ILOVA
Ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib toifalarga ajratilgan Oʻzbekiston Respublikasi shahar va tumanlarining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PF-287-son Farmoniga2-ILOVA
Aholi va tadbirkorlik subyektlariga subsidiya ajratishning oshirilgan
Izoh: Ushbu jamgʻarmalar hisobidan beriladigan boshqa subsidiyalar boʻyicha amaldagi tartiblar saqlab qolinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PF-287-son Farmoniga3-ILOVA
Tadbirkorlik faoliyatini tuman va shaharlarning toifalaridan kelib chiqib, qoʻllab-quvvatlash choralari
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)