Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-noyabrdagi “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-13-son qaroriga muvofiq, “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda import oʻrnini bosuvchi, eksportbop ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish maqsadida:
1. Buxoro viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Kadastr agentligining:
ilovaga muvofiq Gʻijduvon tumanidagi 150,8 gektar hamda Romitan tumanidagi 200 gektar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan boʻsh turgan yaylov va boʻz yer maydonlarini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazish;
Gʻijduvon tumanidan 150,8 gektar va Romitan tumanidan 200 gektar, jami 350,8 gektar boʻsh yer uchastkalarini ajratish hisobiga “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Buxoro viloyati hokimligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Kadastr agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qaror talablaridan kelib chiqib davlat yer kadastri maʼlumotlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
3. Buxoro viloyati hokimligi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi mablagʻlari hisobiga bir oy muddatda “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasining yangi hududlari (keyingi oʻrinlarda — “Gʻijduvon” EIZning yangi hududlari) bosh rejasi ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini taʼminlasin.
Bunda:
bosh reja loyihasini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi etib “Gʻijduvon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi belgilanadi;
bosh reja loyihasini ishlab chiqish Buxoro viloyati mahalliy budjeti mablagʻlari hamda Buxoro viloyati hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
bosh reja loyihasini ishlab chiqish boʻyicha loyiha tashkiloti tender (tanlov) savdolari natijasiga koʻra aniqlanadi.
4. Belgilansinki, “Gʻijduvon” EIZning yangi hududlarida:
investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ajratish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-dekabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5600-son Farmoniga muvofiq elektron onlayn-auksion savdolari orqali amalga oshiriladi;
infratuzilma obyektlarini qurish ishlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-dekabrdagi “Hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4929-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
infratuzilma obyektlarini qurish-taʼmirlash ishlari boʻyicha buyurtmachi vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5101-son qarorida belgilangan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi;
qishloq xoʻjaligidan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun ajratiladigan yerlarda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligining oʻrnini qoplash uchun kompensatsiya toʻlovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.
5. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ va Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda “Gʻijduvon” EIZning yangi hududlari tasdiqlangan bosh rejaga asosan:
uch oy muddatda 2023-2024-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl infratuzilmasi bilan taʼminlash lozim boʻlgan obyektlar roʻyxatini shakllantirsin va tasdiqlasin;
2023-yil 1-aprelga qadar amalga oshiriladigan obyektlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqsin va oʻrnatilgan tartibda kelishish ishlarini yakunlasin.
6. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Qudratov hamda Buxoro viloyati hokimi B.K. Zaripov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 11-yanvar,
PQ-3-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-yanvardagi PQ-3-son qaroriga ILOVA
Buxoro viloyatining Gʻijduvon va Romitan tumanlari hududidagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkaziladigan yer uchastkalari