PQ-46-son Qaror · 07.02.2023

Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-46
  • Qabul qilingan sana:07.02.2023
  • Kuchga kirgan sana:08.02.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/46/0078

Inson huquqlari sohasidagi taʼlim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini ragʻbatlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etib, zoʻravonlik va nizolarning oldini olishda ham muhimdir.

2020 — 2024-yillarda inson huquqlari sohasida taʼlim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda.

Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi taʼlimni yanada takomillashtirish, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosini taʼminlash, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va oʻz vaqtida amalga oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 76-sessiyasi hamda Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi tashabbus va takliflarini amalga oshirish doirasida 2022-yil 5-6-dekabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari boʻyicha taʼlim” Global forumi oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha dolzarb masalalarni har tomonlama oʻrganish, ilgʻor xorijiy tajribani tahlil qilish hamda keng jamoatchilik muhokamasi, xalqaro va milliy maslahatlashuvlar natijasida ishlab chiqilgan:

Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi (keyingi oʻrinlarda — Milliy taʼlim dasturi) 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarning toʻliq, sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi koʻrsatib oʻtilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha Milliy komissiya (keyingi oʻrinlarda — Milliy komissiya) (A. Saidov) Milliy taʼlim dasturi va “Yoʻl xaritasi”ning amalga oshirilishi yuzasidan:

muntazam monitoring olib borib, chora-tadbirlar sifatli va oʻz vaqtida ijro etilishi boʻyicha taklif va tavsiyalarni tegishli vazirlik va idoralarga kiritib borsin;

doimiy ravishda aniq koʻrsatkichlar va erishilgan natijalar aks ettirilgan batafsil axborotning rasmiy veb-sahifalarda va ommaviy axborot vositalarida joylashtirib borilishini taʼminlasin;

har olti oyda Oliy Majlis palatalari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga umumlashtirilgan maʼlumot kiritib borsin;

axborot-tahliliy sharhlar tayyorlanishi, xorijiy tillarga tarjima qilinishi va eʼlon qilinishini taʼminlasin.

Belgilansinki, axborot-tahliliy sharhlar va ularning tarjimalarini chop etish va eʼlon qilish bilan bogʻliq xarajatlar Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziga (keyingi oʻrinlarda — Markaz) Davlat budjeti doirasida ajratiladigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.

4. “Yoʻl xaritasi”da belgilangan masʼul ijrochilar oʻzlariga yuklatilgan vazifalar ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oyning 5-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha Milliy komissiya ishchi organi — Markazga taqdim etib borsin.

5. Oliy Majlis palatalariga Milliy komissiyaning Milliy taʼlim dasturi va “Yoʻl xaritasi”ning ijro holati yuzasidan axborotini eshitish va tanqidiy muhokama qilib borish tavsiya etilsin.

6. 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab professional va oliy taʼlim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” boʻyicha tegishlicha oʻquv va maxsus kurslar joriy etilsin.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Markaz bilan birgalikda 2023-yil 1-iyunga qadar “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” boʻyicha oʻquv va maxsus kurslar joriy etiladigan professional va oliy taʼlim tashkilotlarining aniq roʻyxatini shakllantirsin hamda tegishli oʻquv dasturlarini takomillashtirish choralarini koʻrsin.

7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2023-yil 1-iyundan boshlab Markaz tomonidan har yili:

“Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi taʼlim va innovatsiyalar” milliy tanlovi oʻtkazib boriladi;

nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari, ayollar huquqlari, bola huquqlari va migrantlar huquqlari yoʻnalishlarida faoliyati mazkur shaxslar bilan bevosita bogʻliq boʻlgan tashkilotlarda oʻquv kurslari va seminar-treninglar tashkillashtiriladi.

Markaz:

a) uch oy muddatda:

Milliy tanlovni oʻtkazish boʻyicha Nizom va dasturni ishlab chiqsin hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishib, tasdiqlasin;

nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari, ayollar huquqlari, bola huquqlari va migrantlar huquqlari yoʻnalishlarida tegishli tashkilotlarda oʻquv kurslari va seminar-treninglarni oʻtkazish boʻyicha reja-grafikni tasdiqlasin;

b) 2023-yil 1-aprelga qadar:

“Oʻzbekistonda inson huquqlari va erkinliklari”, “Inson huquqlari”, “Bola huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari” turkum qoʻllanma va risolalarni tayyorlash va chop etish choralarini koʻrsin;

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda Inson huquqlari sohasida taʼlim olish boʻyicha elektron platformani yaratib, ishga tushirsin.

Belgilansinki, mazkur bandda nazarda tutilgan topshiriqlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Markazga Davlat budjeti doirasida ajratiladigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.

8. 2023-yil 1-martdan boshlab tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslari doimiy ravishda tashkil etilsin.

Markaz va Bosh prokuratura:

mazkur oʻquv kurslarini tashkil etish uchun masʼul etib belgilansin;

ikki hafta muddatda qiynoqqa solishga qarshi kurashish boʻyicha oʻquv kurslarini oʻtkazish grafigini tasdiqlasin.

9. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (O. Xasanov) Davlat boshqaruvi akademiyasi (A. Bekmurodov) bilan birgalikda:

2023-yil 1-maydan boshlab rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tenglik boʻyicha oʻquv kurslari (soatlari)ni joriy qilsin. Bunda, mazkur oʻquv kurslarini Inson huquqlari sohasida taʼlim olish boʻyicha elektron platformasi orqali tashkil etishga ruxsat etilsin;

2023-yil 1-aprelga qadar Markaz bilan birgalikda sohalarning oʻziga xosliklarini inobatga olgan holda inson huquqlari va gender tenglik masalalari boʻyicha oʻquv kurslari moduli va dasturini ishlab chiqsin.

10. Milliy komissiyaning:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida Inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar yoʻnalishini tashkil etish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlari fondini Markaz tomonidan inson huquqlari boʻyicha tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalar bilan doimiy taʼminlab borish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

11. Markaz Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlarini:

xalqaro shartnomalarning davlat tilidagi toʻplamlari;

inson huquqlari boʻyicha oʻquv, ilmiy-uslubiy va xalqaro nashrlar;

inson huquqlari sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar boʻyicha yuritilayotgan xronologiya materiallari bilan tizimli ravishda taʼminlab borsin.

12. Markazning joriy yilning fevral oyida mamlakatimizda “Inson huquqlari” haftaligini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Markaz:

a) bir hafta muddatda “Inson huquqlari” haftaligini oʻtkazish dasturini tasdiqlasin;

b) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda davlat taʼlim muassasalarida:

“Huquqiy savodxonlik oyligi” doirasida oʻtkaziladigan tadbirlarda “Yangi Oʻzbekiston va inson huquqlari” mavzusiga alohida eʼtibor qaratilishi;

2023-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan oʻtkaziladigan koʻrik-tanlovlarda ayollar, bola va yoshlar huquqlari masalalari qamrab olinishini taʼminlasin;

v) Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda mahallalarda yoshlar ishtirokida “Inson huquqlari — oliy qadriyat” mavzusida turli darajadagi maʼrifiy anjumanlar, davra suhbatlari, uchrashuvlarning oʻtkazilishi, shu jumladan ularning videokonferensaloqa orqali Markaz xodimlari ishtirokida tashkil etish;

g) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev) hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) bilan birgalikda “Inson huquqlari” haftaligini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish choralarini koʻrsin.

13. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ochiq stipendiya tanlovlari asosida xorijda bakalavriat, magistratura va doktoranturada taʼlim olish hamda malaka oshirish dasturlarining maqsadli koʻrsatkichlarini tuzishda inson huquqlari masalalari boʻyicha buyurtmachi vazirlik va idoralarning kadrlarga boʻlgan ehtiyojini hisobga olsin.

14. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Kuchimov), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev), Xalqaro press-klub (Sh. Qudratxoʻjayev):

ushbu qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻida tushuntirilishini;

Milliy taʼlim dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi xolis va toʻliq maʼlumotlarning keng jamoatchilikka tezkor yetkazilishini taʼminlasin.

15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Markaz direktori A.X. Saidov belgilansin.

Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 7-fevral,

PQ-46-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi PQ-46-son qaroriga 1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi

1-bob. Umumiy qoidalar

Oʻzbekistonda inson huquqlarini ragʻbatlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi doirasida shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni taʼminlash borasida maqsadli choralar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, inson huquqlari sohasida taʼlimni takomillashtirish yuzasidan muhim qadamlar qoʻyilmoqda.

2020 — 2024-yillarda inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Ushbu bosqich yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash hamda inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beruvchi taʼlim berishga qaratilgandir.

Inson huquqlari madaniyatini shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan 2019-yil 15-iyulda BMTning Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish boʻyicha Milliy harakatlar dasturi va uning ijrosi yuzasidan “yoʻl xaritasi” qabul qilindi.

Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonlik darajasini oshirish va baholash tartibi oʻrnatildi. Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz huzurida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari xodimlari uchun inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil qilindi.

Inson huquqlari sohasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, shuningdek, ushbu yoʻnalishda fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida “Inson huquqlari” (yuridik fanlar, sotsiologiya fanlari) ixtisosligi boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim instituti tashkil qilindi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, taʼlim muassasalarini aholi oʻrtasida umuminsoniy qadriyatlar, inson huquqlarini hurmat qilish va unga rioya qilish tamoyillarini ommalashtirish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy axborotdan foydalanishini taʼminlash jarayoniga keng jalb etish zarurati yuzaga keldi.

Oliy taʼlim muassasalarida, akademik litsey va texnikumlarda inson huquqlari, ayollar huquqlari va bola huquqlariga oid oʻquv kurslari va darsliklar joriy etilganlik holati hamda mazkur mavzularning oʻqitilish sifatini oʻrganish maqsadida monitoring oʻtkazildi. Monitoring natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, oliy taʼlim muassasalarida “Inson huquqlarini oʻrganish” maxsus oʻquv kursini oʻqitish toʻliq yoʻlga qoʻyilmaganligi, moliyalashtirish masalasi hal qilinmaganligi sababli fanlar mutaxassis boʻlmagan oʻqituvchilar tomonidan oʻqitilmoqda.

Jamiyatda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat hissining shakllanishi, xalqaro tashkilotlar tavsiyalarining bajarilishi uchun sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari xodimlarining inson huquqlari boʻyicha malakasini oshirish ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish lozim.

Xalqaro hujjatlar doirasida mamlakatimiz zimmasiga olgan majburiyatlarni, shuningdek, pandemiya va uning oqibatlari natijasida yuzaga kelgan tahdidlar va muammolarni inobatga olib, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida, oʻzida yangi yondashuvlarni, yangi metodologiyalarni va amaliyotni aks ettirgan inson huquqlari boʻyicha taʼlimni tashkil etish masalasi kun tartibiga qoʻyilmoqda.

Sohadagi kamchiliklar mamlakatimizda aholining, ayniqsa, yoshlarning inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirishga, ularda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat hissining shakllanishiga, davlat xizmatchilarining inson huquqlari va gender tenglik sohasidagi bilim va koʻnikmalarining oshishiga toʻsqinlik qilmoqda.

Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturini qabul qilish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu Milliy taʼlim dasturi inson huquqlari sohasida axborot berish, maʼrifat va oʻqitish tizimini bosqichma-bosqich kengaytirish va takomillashtirishga, kadrlar tayyorlash tizimini milliy qonunchilik va xalqaro standartlar talablari asosida sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.

2-bob. Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturining asosiy maqsad va vazifalari

Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturining (keyingi oʻrinlarda — Milliy taʼlim dasturi) asosiy maqsadi — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi Deklaratsiyasi qoidalari va inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirish, shuningdek, aholi barcha qatlamlarining inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi milliy va xalqaro standartlar toʻgʻrisida xabardorligini, ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishdan iboratdir.

Quyidagilar Milliy taʼlim dasturining asosiy vazifalari hisoblanadi:

yoshlarning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xabardorligini oshirish;

davlat organlari xodimlarining inson huquqlari va gender tenglik sohasidagi bilim va koʻnikmalarini oshirish;

inson huquqlari sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash;

aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining inson huquqlari sohasida xabardorligini oshirish;

inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish;

zamonaviy texnologiyalar, badiiy asarlar, ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya tizimining samaradorligini oshirish;

inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

3-bob. Milliy taʼlim dasturining asosiy yoʻnalishlari

1. Yoshlarning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xabardorligini oshirish yoʻnalishida:

“Inson huquqlari” haftaligini oʻtkazish;

mutaxassislik yoʻnalishlarini hisobga olgan holda inson huquqlari boʻyicha oʻquv dasturlar, oʻquv va uslubiy qoʻllanmalar tayyorlash;

inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi taʼlim yoʻnalishida innovatsion tanlovlar, oʻquvchi va talabalar uchun yozgi maktab, tanlovlar tashkil etish, ijtimoiy tadqiqotlar oʻtkazish.

2. Davlat organlari xodimlarining inson huquqlari va gender tenglik sohasidagi bilim va koʻnikmalarini oshirish yoʻnalishida:

rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari, gender tenglik masalalari boʻyicha oʻquv kurslarini (soatlari) joriy qilish;

huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun inson huquqlari, qiynoqqa qarshi kurashish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish;

Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalari toʻplamlarini davlat tilida chop etish;

Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda ishtirok etayotgan davlat organlari va tashkilotlar mutaxassislarining inson huquqlari xalqaro standartlari boʻyicha malakasini muntazam oshirib borishni tashkil qilish.

3. Inson huquqlari sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida:

pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimida inson huquqlari oʻquv kurslarini joriy qilish;

huquqshunos-pedagog taʼlim yoʻnalishini tashkil etish, shuningdek, “Inson huquqlari boʻyicha xalqaro huquq” magistratura mutaxassisligini takomillashtirish;

inson huquqlari ixtisosligi boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni takomillashtirish;

inson huquqlarining dolzarb masalalari boʻyicha amaliy, fundamental va innovatsion ilmiy loyihalar tanlovlarini oʻtkazish;

inson huquqlarining dolzarb masalalari boʻyicha xorijiy oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarning bakalavriat, magistratura va doktoranturasida mutaxassislarni oʻqitish hamda malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.

4. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining inson huquqlari sohasida xabardorligini oshirish yoʻnalishida:

nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari boʻyicha seminar-treninglar oʻtkazish;

ayollar va bola huquqlari boʻyicha oʻquv kurslari joriy qilish;

migrantlar huquqlari boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari xodimlari uchun oʻquv kurslari tashkil qilish.

5. Inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish yoʻnalishida:

inson huquqlari boʻyicha taʼlim yoʻnalishida davlat granti va ijtimoiy buyurtmalar tanlovini joriy qilish;

inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasida fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda turkum seminar-trening, davra suhbatlari oʻtkazish;

tadbirkorlar, fermerlar uchun inson huquqlari sohasida oʻquv kurslari tashkil qilish, turkum seminarlar oʻtkazish;

kasaba uyushmalari tizimida inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlari masalalarida oʻquv kurslari tashkil etish.

6. Zamonaviy texnologiyalar, badiiy asarlar, ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya berish tizimining samaradorligini oshirish yoʻnalishida:

maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlari uchun bola huquqlarini oʻrganish boʻyicha uslubiy qoʻllanma, koʻrgazmali materiallar yaratish;

Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi taʼlim va tarbiyani mustahkamlash, inson huquqlari milliy tizimi haqida turkum radio va teledasturlar, koʻrsatuvlar tashkil etish, inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasiga oid ijtimoiy video, audio roliklar yaratish;

axborot xizmatlari xodimlari va jurnalistlar uchun inson huquqlari boʻyicha oʻquv kurslari tashkil qilish;

inson huquqlari sohasida taʼlim olish boʻyicha elektron platformani yaratish.

7. Inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yoʻnalishida:

BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Kengashi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan inson huquqlari taʼlimi sohasida hamkorlikni rivojlantirish;

inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasida xalqaro anjumanlar tashkil etish, shuningdek, inson huquqlari boʻyicha xorijiy oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

4-bob. Milliy taʼlim dasturini amalga oshirish, bajarilishini monitoring qilish hamda moliyalashtirish mexanizmi

Milliy taʼlim dasturini amalga oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari ishtirok etadilar. Shuningdek, Milliy taʼlim dasturini amalga oshirishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha Milliy komissiya:

Milliy taʼlim dasturining barcha darajalarda oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlaydi;

Milliy taʼlim dasturining ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda inson huquqlari sohasidagi taʼlimni yaxshilashga qaratilgan saʼy-harakatlar toʻgʻrisida milliy va xalqaro jamoatchilikni keng xabardor qilishni tashkil etadi;

Milliy taʼlim dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni hamkorlikda amalga oshirish maqsadida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shu jumladan, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi bilan muloqot oʻrnatish choralarini koʻradi;

Milliy taʼlim dasturi va uni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning ijro holati yuzasidan axborotni har chorakda eshitib, tanqidiy muhokama qilib boradi.

Milliy taʼlim dasturini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da belgilangan masʼul ijrochilar oʻzlariga yuklatilgan vazifalar ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oyning 5-sanasiga qadar Milliy komissiyaning ishchi organi — Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazga taqdim etadi.

Oliy Majlis palatalari vazirlik va idoralar rahbarlarining Milliy taʼlim dasturi va uni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning ijro holati yuzasidan axborotini har olti oyda eshitib, tanqidiy muhokama qilib boradi.

Milliy taʼlim dasturining toʻliq va tizimli amalga oshirilishi seminarlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar doirasida ommaviy axborot vositalarida keng yoritib boriladi. Shuningdek, inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasida Oʻzbekistonda qabul qilinayotgan chora-tadbirlar hamda ularning natijalari toʻgʻrisida jamoatchilik hamda xalqaro hamjamiyat tizimli ravishda xabardor qilib boriladi.

Milliy taʼlim dasturini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik doirasida xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining mablagʻlari, grantlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar ham jalb qilinishi mumkin.

5-bob. Milliy taʼlim dasturining amalga oshirilishidan kutilayotgan natijalar

Milliy taʼlim dasturi doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish orqali quyidagi natijalarga erishish nazarda tutiladi:

aholining, ayniqsa yoshlarning inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, jumladan bu borada axborot tarqatish, taʼlim berish faoliyati yanada takomillashtiriladi, jamiyatda inson huquqlari madaniyati yanada yuksaladi;

inson huquqlari sohasidagi taʼlimning asosiy tamoyillari va uslublarini oʻzlashtirish hamda toʻliq tushunishga koʻmaklashiladi;

aholining turli guruhlari tomonidan inson huquqlari va erkinliklari, gender tenglik mazmun-mohiyatini tushunishga erishiladi;

davlat organlari xodimlari tomonidan inson huquqlarini amalda qoʻllash bilim va koʻnikmalarining shakllanishiga erishiladi;

inson huquqlari sohasida ilmiy-tadqiqot va oʻquv jarayonini takomillashtirish, taʼlim sifatini oshirishga erishiladi;

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi Deklaratsiyasi qoidalari qoʻllanilishi va Inson huquqlari boʻyicha Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichi amalga oshirilishiga koʻmaklashiladi;

inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasida xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish orqali mamlakatning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro reytinglar va indekslar boʻyicha koʻrsatkichlari yaxshilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi PQ-46-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturini amalga oshirish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.