PQ-102-son Qaror · 24.03.2023

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-102
  • Qabul qilingan sana:24.03.2023
  • Kuchga kirgan sana:29.03.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/102/0176

Soʻnggi yillarda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish orqali xususiy mulkchilikni kengaytirish, samarasiz ishlayotgan va istiqbolsiz korxonalarni tugatish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, oxirgi uch yilda ustav fondida davlat ulushi mavjud 300 ga yaqin xoʻjalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari (keyingi oʻrinlarda — davlat ishtirokidagi korxonalar) va 1 600 dan ortiq koʻchmas mulk obyektlari xususiylashtirildi, 650 dan ortiq korxonalar tugatildi va 160 tasi qayta tashkil etildi.

Xususiy sektor muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatayotgan va raqobat rivojlangan sohalarda davlat ishtirokini yanada qisqartirish maqsadida:

1. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Davaktiv agentligi) tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, vazirlik va idoralar, davlat ishtirokidagi korxonalar bilan birgalikda 30 mingdan ortiq davlat muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning tizim korxonalari hamda koʻchmas mulk obyektlari tahlil qilinib, ularni qisqartirish boʻyicha taklif ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Quyidagilar:

ommaviy savdolar orqali toʻliqligicha sotiladigan 1 001 ta korxonaning aksiya paketlari (ulushlari) roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)

ommaviy savdolar orqali sotiladigan 1 046 ta davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning koʻchmas mulk obyektlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

munitsipal mulk obyektlarini belgilash mezonlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)

5. Belgilansinki:

a) fond birjasiga chiqarilgan davlat aksiya paketlarini sotishga va oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga faqat savdo jarayonlarida kamida ikkita ishtirokchi qatnashganda ruxsat beriladi;

b) barcha davlat muassasalarining asosiy vositalarini sotish yoki ijaraga berish “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi;

v) 2023-yil 1-iyuldan boshlab, jismoniy shaxslarga “Davlat mulki” axborot tizimi orqali maydoni 2 000 metr kvadratgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn auksion savdolariga chiqarish boʻyicha ariza berish huquqi beriladi;

g) 2023-yil 1-sentabrdan boshlab:

koʻchmas mulk obyektlari va davlat ulushlari xususiylashtirilganligi toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi order va sertifikat Davlat xizmatlari markazlari va (yoki) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali QR-kod qoʻyilgan holda beriladi;

onlayn auksion savdolarida davlat mulki obyektlarini sotib olgan xaridorlar bilan shartnomalar savdo natijasi boʻyicha bayonnoma asosida “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron shaklda (shu jumladan elektron raqamli imzo orqali) rasmiylashtiriladi;

har chorakda tegishli vazirlik va idoralar xodimlarining joyiga chiqqan holda investitsiya majburiyatlarining bajarilishini oraliq monitoring qilish tartibi bekor qilinadi;

investitsiya majburiyatlarining bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni qogʻoz shaklida taqdim etish tartibi bekor qilinib, tegishli davlat organlari va tashkilotlarning elektron bazasini “Davlat mulki” axborot tizimiga integratsiya qilish va tadbirkorlar elektron tizimga kiritadigan maʼlumotlar orqali hisobotlarni olish yoʻlga qoʻyiladi.

6. Vazirlar Mahkamasi:

a) ikki hafta muddatda tugatiladigan va qayta tashkil etiladigan davlat ishtirokidagi korxonalar va davlat muassasalari roʻyxati;

b) uch oy muddatda mazkur qarorga 3-ilovaga muvofiq munitsipal mulk obyektlarini belgilash mezonlarini inobatga olib:

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga asosan tasarruf etiladigan respublika mulklarining roʻyxati;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri Kengashlari hamda ular bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan tasarruf etiladigan davlat mulki obyektlarining roʻyxati tasdiqlanishini taʼminlasin.

7. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Davaktiv agentligi bilan birgalikda mazkur qarorga 1-ilovada keltirilgan korxonalarga berilgan eksklyuziv huquqlarni xatlovdan oʻtkazib, ularni bekor qilish boʻyicha takliflar kiritib borsin.

8. Davaktiv agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda 2023-yil 1-sentabrga qadar davlat ixtiyoridagi istirohat bogʻlarini xatlovdan oʻtkazib, ularning faoliyatini tubdan takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

Bunda, hududlardagi barcha davlat istirohat bogʻlarining tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzurida davlat muassasasi shaklida “Istirohat bogʻlarini boshqarish direksiyalari”ni tashkil etgan holda ularga oʻtkazilishi nazarda tutilsin.

9. Davaktiv agentligi (A. Ortiqov):

a) 2023-yil 1-iyunga qadar maydoni 2 000 metr kvadratgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini jismoniy shaxslar arizalari boʻyicha xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn-auksion savdolariga chiqarish tartibini tasdiqlasin;

b) quyidagilarni:

2023-yil 1-iyulga qadar respublika mulki va maʼmuriy-hududiy tuzilmalar mulki (munitsipal mulk) obyektlarini boshqarish toʻgʻrisidagi qaror loyihasini;

2023-yil 1-avgustga qadar Adliya vazirligi bilan birgalikda Davlat uy-joy fondiga qarashli uydagi kvartiraga (uyning bir qismiga) mulk huquqini eʼtirof etish vakolatini mahalliy hokimliklarga oʻtkazishni nazarda tutgan holda, Davlat uy-joy fondiga qarashli uydagi kvartirani (uyning bir qismini) xususiylashtirish boʻyicha yagona davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy reglament loyihasini;

uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 24-mart,

PQ-102-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-102-son qaroriga 1-ILOVA

Ommaviy savdolar orqali toʻliqligicha sotiladigan korxonalarning aksiya paketlari (ulushlari)

Izoh:

1. Sotilishi belgilangan aksiya paketlari (ulushlar) miqdori, korxonaning tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgargan taqdirda, aktivlarning sotilishi oʻzgarishlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi.

2. Ushbu ilovada koʻrsatilgan davlat ishtirokidagi korxonalarining ustav kapitalida davlat ulushi ustun mavqega ega boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining ulushlari mavjud boʻlganda, ushbu ulushlar yaxlit paket sifatida savdoga chiqariladi.

3. Xoʻjalik jamiyatlarining unitar korxonalari va boshqa tashkilotlarini masʼuliyati cheklangan jamiyat etib oʻzgartirilayotganda uning mulklari inventarizatsiyadan oʻtkaziladi va jamiyat ustav kapitalining miqdori mulklarini baholashdan oʻtkazmagan holda soliq organlariga taqdim etilgan oxirgi buxgalteriya balansi maʼlumotlariga asosan uning amaldagi ustav kapitali miqdorida belgilanadi.

4. “Oʻzbekneftgaz” AJning aktivlari Davaktiv agentligi tomonidan sotiladi va sotishdan tushgan mablagʻlar “Oʻzbekneftgaz” AJning alohida gʻaznachilik hisobraqamida yigʻiladi hamda jamiyatdagi davlat ulushiga hisoblangan dividend bilan hisob-kitob qilinadi.

5. Mazkur ilovada koʻrsatilgan aktivlarni savdoga chiqarishda, zarur hollarda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ularni sotish shartlari belgilanishi mumkin.

6. Mazkur ilovada koʻrsatilgan davlat ishtirokidagi korxonalar roʻyxati va ulushlar miqdoriga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining buyrugʻi bilan oʻzgartirish kiritiladi yoki ular roʻyxatdan chiqariladi.

7. Mazkur ilovadagi korxonalarning ulushlari bozor uchun jozibador boʻlmagan va uch oy muddatda sotilmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining buyrugʻi bilan ularning mol-mulklari mulkiy majmua sifatida savdoga chiqarilishi mumkin.

(1) davlat va xoʻjalik jamiyatlarining ustun mavqeyi saqlangan holda ommaviy savdolar orqali sotiladi;

(2) “Maxamcorp International S.L.” kompaniyasi (Ispaniya) bilan yuzaga kelgan kelishmovchiliklar boʻyicha amalga oshiriladigan yakuniy choralar natijasida sotishga chiqariladigan ulush miqdori oʻzgarishi mumkin;

(3) ustav kapitalida davlat ulushi ustun mavqega ega boʻlgan korxonalarga tegishli aksiyalar paketi ularning ustav kapitalidagi davlat ulushini balans qiymatiga kamaytirish hisobiga davlat nomidan aksiyador funksiyasini bajaruvchi davlat organlariga oʻtkaziladi;

(4) ustav kapitalida davlat ulushi ustun mavqega ega boʻlgan korxonalarga tegishli aksiyalar paketi (ulushlar) ommaviy savdolar orqali sotiladi;

(5) ustav kapitalidagi davlat ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazilgan holda xususiylashtiriladi;

(6) “Oʻzbekneftgaz” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini balans qiymatiga oshirish hisobiga beriladi;

(7) professional futbol klublarining ustav kapitalidagi davlat va xoʻjalik jamiyatlari ulushlarini xususiylashtirish boʻyicha salohiyatli investorlarning takliflari kelib tushganda, belgilangan tartibda ommaviy savdolar orqali sotiladi;

(8) davlat ulushini sotishdan tushgan mablagʻlarning bir qismi, baholash va sotish xarajatlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladigan qismi chegirilgan holda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi faoliyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi va tizim korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlariga maqsadli sarflanadi;

(9) Korxonaning koʻchmas-mulk va boshqa aktivlari ommaviy savdolarga chiqariladi.

(10) Ulushni begonalashtirish boʻyicha sud jarayonlari yakuniga yetkazilgandan soʻng, sotishga chiqariladigan ulush miqdori begonalashtirishdan keyin qolgan miqdorda belgilanadi.

8. Mazkur ilovada nazarda tutilgan “Oʻzdonmahsulot” AK tarkibidagi korxonalar aktivlarining balans (qoldiq) qiymati ularni sotishdan tushgan mablagʻlar hisobidan baholash va sotish xarajatlarini chegirgan holda tegishli balansda saqlovchi korxonalarga qoplab beriladi. Bunda:

sotilgan qiymat aktivlarning balans qiymatidan past boʻlganda, sotilgan qiymati tegishli balansda saqlovchi korxonalarga qoplab beriladi;

don korxonalariga ularning aktivlari qiymatini toʻlab berish qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliqqa tortish obyekti hisoblanmaydi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

(1a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PF-67-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-102-son qaroriga 2-ILOVA

Ommaviy savdolar orqali sotiladigan davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning koʻchmas mulk obyektlari

Izoh:

1. Mazkur ilovada koʻrsatilgan roʻyxatga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining buyrugʻi bilan oʻzgartirish kiritilishi yoki aktivlar roʻyxatdan chiqarilishi mumkin.

2. Mazkur ilova va kadastr hujjatlarida aktivlarning nomlanishida hamda bino va inshootlar egallagan maydoni koʻrsatkichlarida yoki balansda saqlovchisida tafovut mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu aktivlar kadastr hujjatlari asosida sotiladi.

3. Mazkur ilovada koʻrsatilgan aktivlarni savdoga chiqarishda, zarur hollarda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ularni sotish shartlari ham belgilanishi mumkin.

4. “Oʻzbekneftgaz” AJning aktivlari Davaktiv agentligi tomonidan sotiladi va sotishdan tushgan mablagʻlar “Oʻzbekneftgaz” AJning alohida gʻaznachilik hisobraqamida yigʻiladi hamda jamiyatdagi davlat ulushiga hisoblangan dividend bilan hisob-kitob qilinadi.

(1) Obyektlarni sotishdan tushgan mablagʻlar, baholash va sotish xarajatlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladigan qismi chegirilgan holda Bosh prokuraturaning rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.

(2) Obyektlarni sotishdan tushgan mablagʻlar, baholash va sotish xarajatlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladigan qismi chegirilgan holda Davlat xavfsizlik xizmatining rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.

(3) Obyektlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi balansiga oʻtkazilgan holda savdoga chiqariladi hamda ularni sotishdan tushgan mablagʻlar, baholash va sotish xarajatlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladigan qismi chegirilgan holda Xalq taʼlimi sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.

(4) Obyektlarni sotishdan tushgan mablagʻlar, baholash va sotish xarajatlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladigan qismi chegirilgan holda Mudofaa vazirligining qurilish-taʼmirlash xarajatlariga maqsadli yoʻnaltiriladi.

(5) Obyektlar baholangan qiymatda “Oʻzbekiston pochtasi” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish hisobiga beriladi.

(6) Obyektni sotish shartlari Tabiat resurslari vazirligi tomonidan taqdim etiladi.

(7) Obyektni sotishdan tushgan mablagʻlar, baholash va sotish xarajatlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladigan qismi chegirilgan holda Toshkent viloyati Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri qurilishi ishlarini moliyalashtirish uchun Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasiga maqsadli yoʻnaltiriladi.

Obyektni sotish “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri maʼmuriy binosining qurilish ishlari toʻliq yakunlanganidan soʻng amalga oshiriladi.

(8) Obyektlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi balansiga oʻtkazilgan holda savdoga chiqariladi hamda ularni sotishdan tushgan mablagʻlar, baholash va sotish xarajatlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladigan qismi chegirilgan holda Sogʻliqni saqlash vazirligining maxsus hisob raqamiga maqsadli yoʻnaltiriladi.

(9) Obyektni ommaviy savdolarda sotish shartlari va shakllari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi buyrugʻiga muvofiq belgilanadi.

(10) Obyektni ommaviy savdolarda sotish shartlari va shakllari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasi qaroriga muvofiq belgilanadi.

Bunda, potensial xaridor tomonidan barpo etilishi rejalashtirilgan loyiha (obyekt) hududidan 2 ming metr kvadrat qismi maʼmuriy bino sifatida tayyor holda (Full construction) Madaniyat va turizm vazirligiga davlat mulki sifatida bepul topshiriladi.

(11) Obyekt “Nanjin DNB Equipments” MCHJ qoʻshma korxonasidagi davlat ulushini oshirish hisobiga mulk huquqi bilan beriladi.

(12) Obyektni ommaviy savdolarda sotish shartlari va shakllari Madaniyat va turizm vazirligi takliflari asosida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi buyrugʻiga muvofiq belgilanadi.

(13) Obyektni sotishdan tushgan mablagʻlar baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda Qishloq xoʻjaligi boshqarmasi, hududiy qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar markazi hamda Gʻallaorol, Paxtakor va Zarbdor tumanlarida tashkil etilayotgan agroxizmatlar markazlarining yangi binolari va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligining maxsus hisob raqamiga maqsadli yoʻnaltiriladi.

5. Mazkur ilovada nazarda tutilgan “Oʻzdonmahsulot” AK tarkibidagi korxonalar aktivlarining balans (qoldiq) qiymati ularni sotishdan tushgan mablagʻlar hisobidan baholash va sotish xarajatlarini chegirgan holda tegishli balansda saqlovchi korxonalarga qoplab beriladi. Bunda:

sotilgan qiymat aktivlarning balans qiymatidan past boʻlganda, sotilgan qiymati tegishli balansda saqlovchi korxonalarga qoplab beriladi;

don korxonalariga ularning aktivlari qiymatini toʻlab berish qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliqqa tortish obyekti hisoblanmaydi.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-102-son qaroriga 3-ILOVA

Munitsipal mulk obyektlarini belgilashning

I. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar munitsipal mulk obyektlari

1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahri xalq deputatlari kengashlariga operativ boshqaruv huquqi asosida tegishli mol-mulk.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari mol-mulki.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari mablagʻlari va budjetdan tashqari jamgʻarmalarning mablagʻlari.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan mol-mulk, jumladan muhandislik infrastrukturasi obyektlari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli intellektual mulk obyektlari.

5. Muassisi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hisoblangan davlat unitar korxonalari va davlat muassasalariga operativ boshqaruv huquqi asosida tegishli mol-mulk.

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining xoʻjalik jamiyatlari ustav fondlaridagi (ustav kapitalidagi) ulushlari.

7. Nogironligi boʻlgan shaxslar, qariyalar va fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoya etilmagan boshqa toifalariga xizmat koʻrsatuvchi ixtisoslashgan davlat tibbiy-ijtimoiy muassasalari.

II. Tuman (shahar) munitsipal mulk obyektlari

1. Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga operativ boshqaruv huquqi asosida tegishli mol-mulk.

2. Tuman (shahar) hokimliklari mol-mulki.

3. Xiyobonlar va botanika bogʻlari.

4. Tuman (shahar) budjetlarining hamda budjetdan tashqari jamgʻarmalarning mablagʻlari.

5. Tuman (shahar) mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan mol-mulk, shuningdek, tuman (shahar) munitsipal mulk obyektlariga tegishli intellektual faoliyat natijalari.

6. Muassisi tuman (shahar) hokimliklari hisoblangan davlat unitar korxonalari va davlat muassasalariga operativ boshqaruv huquqi asosida tegishli mol-mulk.

7. Tuman (shahar) hokimliklarining xoʻjalik jamiyatlar ustav fondlaridagi (ustav kapitalidagi) ulushlari.

8. Tumanlar (shaharlar) xalq taʼlimi boʻlimlari, madaniyat, sport va maktabgacha taʼlim boʻlimlari, shuningdek, ular tasarrufidagi maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim, maktabdan tashqari taʼlim va sport muassasalari va ularning mol-mulklari.

9. Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari va ularning tasarrufidagi muassasalar hamda tarkibiy boʻlinmalari (statsionar davolash boʻlinmalari, shifo oʻringa ega boʻlmagan dispanserlar, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar, oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokorlik punktlari), sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining tuman (shahar) boʻlimlari va ularning mol-mulklari.

10. Xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalari.

11. Munitsipal kommunal uy-joy fondi, kommunal xizmat koʻrsatuvchi davlat tashkilotlari.

12. Dafn etish joylari.

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.