PQ-113-son Qaror · 05.04.2023

2023-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-113
  • Qabul qilingan sana:05.04.2023
  • Kuchga kirgan sana:06.04.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/113/0198

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2023-yilda amalga oshirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish orqali oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish, ichki bozorda aholi talabini taʼminlash va narxlar barqarorligini saqlash hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni iqtisodiy va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

1. Respublikada 2023-yil hosili uchun asosiy maydonlarning 3,2 mln gektar, takroriy maydonlarning 783 ming gektar, bogʻ-tok qator oralarining 140 ming gektar, dala chetlarining 34,6 ming gektar, lalmi yerlarning 373 ming gektar maydoniga qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish rejalashtirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahri, viloyatlar va tumanlar hokimlarining 2023-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning prognoz hajmlari toʻgʻrisidagi taklifi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

2. 2023-yil 15-apreldan boshlab eksperiment tariqasida xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablagʻlar hisobidan Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi huzuridagi “Agroservis operator” DUK orqali tashabbuskorlar loyihalarini moliyalashtirishning quyidagi yangi tizimi joriy etilsin, unga koʻra:

(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)

a) tashabbuskorlar tomonidan ishlab chiqilgan meva-sabzavotlarni saqlash, qayta ishlash, logistika quvvatlarini yaratish, shuningdek, yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish hamda maxsus texnikalarni, jumladan oziq-ovqat sanoatidagi texnologiyalarni xarid qilish yoʻnalishidagi loyihalar Agrosanoatni rivojlantirish agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tumandagi loyiha ofislariga taqdim etilib, Qishloq xoʻjaligi vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) yagona elektron axborot platformasi orqali “Agroservis operator” DUKka yetkaziladi. Bunda:

(2-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)

“Agroservis operator” DUK belgilangan tartibda loyihalarni shakllantiradi hamda Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markaziga taqdim etadi;

(2-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)

Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi belgilangan tartibda loyihalarni moliyalashtirishni tashkil etadi;

b) “Agroservis operator” DUK mazkur mablagʻlar hisobidan intensiv bogʻ va tokzorlar, agrologistika obyektlarini hamda texnologik liniyalarni (zamonaviy issiqxonalar, laboratoriyalar, kichik agrologistika markazlari, qayta ishlash quvvatlari), oziq-ovqat sanoatidagi liniyalarni qurib, tayyor holda tashabbuskorlarga lizing asosida topshiradi. Bunda lizing toʻlovi 10 foizi oldindan toʻlash, 10 foizi tashabbuskorlar ulushi, 80 foizi 10 yil davomida boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan amalga oshiriladi.

Belgilansinki, mazkur tartib doirasida ajratiladigan mablagʻlar:

milliy valyutada 14 foiz stavkada ajratiladi. Bunda AQSH dollariga nisbatan oʻzbek soʻmining valyuta kursi tebranishlari tufayli yuzaga keladigan xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan qoplanadi;

xorijiy valyutada jalb qilingan foiz stavkasiga bir foizlik punkt qoʻshilgan holda taqdim etiladi.

Vazirlik mazkur bandda nazarda tutilayotgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan 130 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni yoʻnaltirsin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

a) Vazirlikning Geoaxborot tizimida 8 ta asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi (paxta, gʻalla, sholi, piyoz, sabzi, kartoshka, makkajoʻxori hamda moyli ekinlar) mahsulotlarining ekilishini, vegetatsiya davrini monitoring va tahlil qilish amaliyoti joriy etiladi. Bunda, “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasi tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari bilan “Elektron hukumat” tizimining tegishli platformalari orqali oʻzaro integratsiya qilinadi.

Soliq qoʻmitasi, Kadastr agentligi, Bojxona qoʻmitasi bir oy muddatda oʻzining tegishli platformalari Vazirlikning yagona integratsion platformasiga integratsiya qilinishini taʼminlasin;

b) 2023-yil 1-iyunga qadar paxta, gʻalla, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlari raqamlashtiriladi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyilida xizmat koʻrsatish uchun “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etiladi.

Bunda, tijorat banklari imtiyozli kredit ajratishi uchun ularga “Agroplatforma” axborot tizimi orqali idoralararo elektron maʼlumot almashinuvi yordamida taqdim etilgan yer ijara shartnomalari yoki koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida Davlat reyestri koʻchirmalaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning vakillari boʻlgan jismoniy shaxslar 2-ilovadagi roʻyxatga muvofiq chakana savdo obyektlarida tovarlar xaridini amalga oshirganda va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali roʻyxatdan oʻtkazganda, ularning bank kartalariga har oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi miqdoridagi toʻlov oʻrniga, xarid summasida toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi respublika budjetidan qaytariladi. Bunda qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarish oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha boʻlgan xaridlar summasi doirasida amalga oshiriladi;

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)

mazkur bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan toʻlovlar respublika budjetining daromadlar qismida qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarishga rejalashtirilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi;

2023-yil 1-iyundan boshlab qishloq xoʻjaligi sohasidagi barcha subsidiyalar Vazirlikning “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-225-son qarori doirasida Agentlikning Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga 12 oy muddatga, shu jumladan 11 oylik imtiyozli davr bilan, 2023-yilda 400 milliard soʻm (birinchi yarim yillikda 200 mlrd soʻm) budjet ssudasini yillik 10 foiz stavkada ajratsin.

6. Vazirlik:

a) 2023-yil 1-noyabrga qadar xalqaro moliya institutlarining 2 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlari hisobidan hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, Marhamat, Toshloq, Mingbuloq, Nukus, Ellikqalʼa, Urganch, Buxoro, Xatirchi, Bulungʻur, Jomboy, Qamashi, Yakkabogʻ, Sherobod, Denov, Sharof Rashidov, Boyovut, Ohangaron va Chinoz tumanlarida xususiy sektorni jalb qilgan holda meva-sabzavot, kartoshka, poliz ekinlarini intensiv usulda yetishtirish boʻyicha koʻrgazmali dala maydonlarini tashkil qilish choralarini koʻrsin;

b) 2025-yil mart oyiga qadar xalqaro moliya institutlarining 3 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlari hisobidan Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti hamda Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti huzurida xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan oziq-ovqat va meva-sabzavotchilik yoʻnalishidagi laboratoriyani tashkil etsin;

(6-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-iyundagi PQ-233-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.06.2024-y., 07/24/233/0450-son)

v) har oyda bitta hududda xalqaro moliya institutlarining grant mablagʻlari hisobidan Bilim va innovatsiyalar milliy markazi, tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari va boshqa ilmiy muassasalarni jalb qilgan holda xorijiy va mahalliy malakali mutaxassislar ishtirokida meva-sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va moyli ekinlar, dorivor oʻsimliklar yetishtirish, ularni qayta ishlash, eksport qilish boʻyicha seminar-treninglar oʻtkazib borsin;

g) 2023-yil 1-noyabrga qadar Bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzurida Yuqori Chirchiq tumanida, agrar biznes sohasidagi mutaxassislar, tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan agroklasterlar, fermerlar, dehqon xoʻjaliklarining bilimlarini oshirish, ularda yangi zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha koʻnikmalarni shakllantirish, shuningdek, biznes loyihalarini tayyorlash boʻyicha agrar sohada biznes maktab tashkil qilsin.

Bunda, ushbu maktab “Agrobank” ATBning joylardagi agromarkazlari, maʼmuriy boʻysunuvidan qatʼi nazar, agrar sohadagi agromaslahat va tavsiyalarni berish faoliyatini olib borayotgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining tegishli tuzilmalari va ilmiy muassasalar bilan oʻzaro muvofiqlashgan holda tashkil etiladi;

d) respublika hududlaridagi oziq-ovqat bozorlari va savdo komplekslarida asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻsishi yuzasidan monitoring olib borsin hamda ushbu maʼlumotlarni Vazirlik saytida hamda ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilib borsin.

Bunda, Vazirlik huzurida asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini tahlil qilish markazi (yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan) tashkil etiladi.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Suv xoʻjaligi vazirligi, Vazirlik 2023-yilda 3-ilovada keltirilgan prognoz koʻrsatkichlariga muvofiq 100,4 ming gektar yer maydonlarining qishloq xoʻjaligida foydalanishga kiritilishini taʼminlasin.

8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hamda tumanlar hokimliklari, Vazirlik, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bir oy muddatda mahsulot yetishtiruvchilar bilan tayyorlov, taʼminotchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi, savdo-xarid tashkilotlari va qishloq xoʻjaligi kooperativlari oʻrtasida 2023-yil hosili uchun mahsulot yetkazib berish va xarid qilish boʻyicha shartnomalar tuzilishiga va ularning oʻz vaqtida bajarilishiga masʼul etib belgilansin.

9. Agentlik:

import qilinayotgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat import mahsulotlarini, shu jumladan 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini respublikada ishlab chiqarish va koʻpaytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashsin va xizmat koʻrsatsin;

Akademik Maxmud Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda 2023-yilda mevali bogʻ va uzumzorlar barpo etadigan fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalari talabidan kelib chiqqan holda muvofiqlik sertifikatiga ega mevali bogʻ va uzum koʻchatlari yetkazib berishni tashkil etsin;

hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, 2023-yil bahor va kuz oylarida har bir viloyatda oʻrtacha 250 — 300 gektardan namunaviy bogʻ-tokzorlar barpo etsin;

uch oy muddatda bogʻdorchilik va uzumchilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini toʻliq raqamlashtirgan holda ularning pasportlari yaratilishini taʼminlasin.

10. Suv xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda sugʻorish mavsumida tasdiqlangan suv olish limitlari doirasida qishloq xoʻjaligi ekinlarini suvga boʻlgan talabdan kelib chiqib, sugʻorish jadvallari asosida oʻz vaqtida suv bilan taʼminlasin.

11. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasida chorvaga ozuqa yetishtirish uchun aholiga dehqon xoʻjaligi yuritish maqsadida beriladigan yerlarning maydoni 2 gektardan 5 gektarga oshiriladi.

12. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2023-yilda amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

14. Vazirlik ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Vazirlik bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 5-aprel,

PQ-113-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-apreldagi PQ-113-son qaroriga 1-ILOVA

Respublikada 2023-yil hosili uchun barcha toifa xoʻjaliklari tomonidan yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-apreldagi PQ-113-son qaroriga 2-ILOVA

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan jismoniy shaxslar tomonidan sotib olinganda qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi qaytarib beriladigan ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari

(2-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)

1. Qoʻy goʻshti

2. Parranda goʻshti

3. Mol goʻshti

4. Tuxum

5. Oʻsimlik yogʻi

6. Un

7. Shakar

8. Dori vositalari va tibbiy xizmatlar.

(2-ilova Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi PQ-13-son qaroriga asosan 6 — 8-bandlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.01.2024-y., 07/24/13/0013-son)

*Izoh: mahsulotlar (tovarlar va xizmatlarning) identifikatsiya kodlari (MXIK) asosida aniqlanadi va ushbu kodlar Soliq qoʻmitasi tomonidan mustaqil belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-apreldagi PQ-113-son qaroriga 3-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2023-yilda qayta foydalanishga kiritiladigan va oʻzlashtiriladigan yer maydonlarining

*Izoh: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-27-son Farmonida 2023-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda jami 100 ming gektar yer maydonlari qayta foydalanishga kiritilishi belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-apreldagi PQ-113-son qaroriga 4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2023-yilda amalga oshirish boʻyicha

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-apreldagi PQ-113-son qaroriga 5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-maydagi “Respublika hududlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4709-son qarorining 3-bandi “v” kichik bandining uchinchi xatboshisidagi “Qoramozor hududidan 20 gektar” soʻzlari “Qizilmozor” hududidan 25 gektar” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4803-son qarorining 5-bandi oltinchi xatboshisidagi “Qishloq xoʻjaligi vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini amalga oshirish boshqarmasi” soʻzlari “Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-20-son qarori 1-bandining “a” kichik bandidagi “196 655” raqami “92 655” raqami bilan almashtirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish va ularni xarid qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-225-son qarorida:

a) 1-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilaridagi “100 milliard” soʻzlari “400 milliard” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 2-bandda:

ikkinchi xatboshi “dorivor oʻsimliklar” soʻzlaridan keyin “tut, pilla” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Bunda, olingan qarz mablagʻlarini oʻz vaqtida qaytargan, ijobiy kredit tarixiga ega, qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratgan tadbirkorlik subyektlariga qarz mablagʻlari foiz stavkasini bir foiz bandga tushirgan holda 13 foiz miqdorida taqdim etiladi”.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi “Dehqon xoʻjaliklari tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-373-son qarorida:

a) 2-bandning birinchi xatboshisi, 4-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi va 5-bandning ikkinchi xatboshisidagi “95 169” raqami “92 655” raqami bilan almashtirilsin;

b) 1-ilovada:

2-pozitsiyada:

“Jami yer maydoni, gektar” ustunidagi “18 470” raqami “14 470” raqami bilan almashtirilsin;

“2023-yilda” ustunidagi “10 052” raqami “6 052” raqami bilan almashtirilsin;

“Jami” pozitsiyasida:

“Jami yer maydoni, gektar” ustunidagi “196 655” raqami “192 655” raqami bilan almashtirilsin;

“2023-yilda” ustunidagi “96 655” raqami “92 655” raqami bilan almashtirilsin;

v) 1.2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Andijon viloyati tumanlarida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.