PF-76-son Farmon · 24.05.2023

Maʼmuriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-76
  • Qabul qilingan sana:24.05.2023
  • Kuchga kirgan sana:25.05.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/23/76/0296

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

Raqamli texnologiyalar vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;

Soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilishning asosiy yoʻnalishlari 2-ilovaga muvofiq;

Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlarni qayta tashkil etish va nomlash dasturi 3-ilovaga muvofiq;

Raqamli texnologiyalar vazirligining tashkiliy tuzilmasi 4 — 4b-ilovalarga muvofiq;

Raqamli texnologiyalar sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilab qoʻyilsinki, aholi, tadbirkorlik subyektlari hamda davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasidagi munosabatlarni raqamlashtirish, shuningdek, raqamli xizmatlar va servislardan foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida:

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — Yagona portal) raqamli xizmatlar va servislar koʻrsatish hamda ularning natijasini olishning yagona nuqtasi hisoblanadi;

Yagona portal orqali koʻrsatiladigan xizmatlardan foydalanish bosqichlari “3 qadam” tamoyili asosida maqbullashtiriladi;

2023-yil 1-dekabrga qadar fuqarolar raqamli xizmatlardan mustaqil ravishda foydalanishlari uchun imkoniyat yaratish maqsadida davlat xizmatlari markazlarida birinchi bosqichda 14 ta “Raqamli xizmat nuqta”lari tashkil etiladi;

2024-yil 1-yanvarga qadar raqamli xizmat va servislar, elektron toʻlovlar, media resurslar imkoniyatini birlashtirishni nazarda tutuvchi Yagona portal orqali xizmatlarni taqdim etishning yangi dasturiy taʼminot shakli joriy etiladi.

3. “Raqamli hukumat” tizimi doirasida:

a) Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan shakllantiriladigan davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini raqamlashtirish hamda hududlarni raqamli transformatsiya qilish boʻyicha ustuvor loyihalar amaliyotga tatbiq etiladi;

b) qogʻozsiz ish yuritishga oʻtish jarayonini jadallashtirish maqsadida “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi negizida ishlab chiqilgan “edo.ijro.uz” moduli orqali elektron hujjat aylanish tizimiga:

2023-yil 1-sentabrdan boshlab ijro etuvchi hokimiyatning markaziy apparatlari;

2024-yil 1-maydan boshlab ijro etuvchi hokimiyatning hududiy boʻlinmalari va ular tasarrufidagi tashkilotlar toʻliq oʻtkaziladi.

v) mazkur bandning “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan talablar Hisob palatasiga tatbiq etilmaydi.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi PF-117-sonli Farmoniga asosan “v” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2025-y., 06/25/117/0653-son)

4. Belgilansinki:

(4-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)

ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan tashkilotlarga ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish jarayonlarini raqamlashtirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish natijasida iqtisod qilingan mablagʻlar hisobidan loyiha uchun bevosita masʼul xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish mexanizmini joriy etish tavsiya etiladi;

b) 2023-yil 1-sentabrdan boshlab respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari axborot tizimlarida “Raqamli hukumat” tizimining yagona identifikatorlari hamda maʼlumotnomalar va tasniflagichlar registri axborot tizimida joylashtirilgan yagona umumdavlat maʼlumotnomalar va tasniflagichlardan foydalanishlari shart.

5. 2024-yil 1-yanvardan boshlab Raqamli texnologiyalar vazirligining quyidagi funksiyalari xususiy sektorga oʻtkazilsin:

aloqa sohasidagi binolar, inshootlar va boshqa obyektlar qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;

aloqa sohasidagi mahalliy, shaharlararo va xalqaro tarmoqlarni loyihalashtirish.

6. Belgilab qoʻyilsinki, 2023-yil 1-avgustdan boshlab:

axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xalqaro sertifikatga ega boʻlgan davlat organlari va boshqa budjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun masʼul xodimlariga oʻrnatilgan ustamalarga qoʻshimcha ravishda tashkilotlarning budjetdan tashqari va ish haqi fondi doirasidagi budjet mablagʻlari hisobidan lavozim maoshiga nisbatan 20 foiz miqdorda ustama toʻlanadi. Bunda, xalqaro sertifikat roʻyxati Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan shakllantiriladi va uning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;

Raqamli texnologiyalar vazirligining axborot texnologiyalari hamda raqamli xizmatlar joriy etilishi holatini baholash reytingi bilan qamrab olinmagan davlat organlari rahbarlarining raqamlashtirish boʻyicha oʻrinbosarlariga ushbu idoralarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan har oyda mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasining 30 foizi miqdorida ustama haq toʻlanadi.

7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan boshlab Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan har yarim yilda inson omilisiz shakllanadigan aholi va tadbirkorlik subyektlarining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi raqamli xizmatlar va servislardan qoniqish darajasi reytingi eʼlon qilib boriladi.

8. Raqamli texnologiyalar vazirligi va keng jamoatchilikning 7-may sanasini Oʻzbekiston Respublikasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi xodimlari kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlari 7-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

11. Raqamli texnologiyalar vazirligi uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 24-may,

PF-76-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-son Farmoniga 1-ILOVA

Raqamli texnologiyalar vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari

Quyidagilar Raqamli texnologiyalar vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi:

a) normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini tashkil etish;

b) raqamli texnologiyalarni joriy etish, telekommunikatsiya va pochta aloqasi sohalari, raqamli iqtisodiyot va raqamli hukumat dasturlarini amalga oshirish, kosmik va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, “davlat — fuqaro” va “davlat — tadbirkor” tamoyili asosida xizmat va servislarni raqamlashtirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, rivojlantirish va ustuvor yoʻnalishlarini belgilash;

v) respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat hamda xoʻjalik boshqaruvi organlarida axborot tizimlari va resurslarini joriy etish jarayonlarini muvofiqlashtirish;

g) raqamli industriyani rivojlantirish, mazkur sohada texnoparklar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash orqali mahalliy va xorijiy kompaniyalar uchun qulay sharoitlar yaratish;

d) telekommunikatsiya va pochta aloqasi infratuzilmasini boshqarish va ularning samarali ishlashini taʼminlash hamda telekommunikatsiya sohasida xizmat koʻrsatish faoliyatini muvofiqlashtirish;

e) telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash, axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya va pochta aloqasi xizmatlari sifati va axborot xavfsizligi sohasida davlat nazoratini amalga oshirish hamda ishonchli uchinchi taraf xizmatini koʻrsatish;

j) radiochastota spektridan foydalanish hamda mobil qurilmalarni roʻyxatga olishni tartibga solish, axborot xavfsizligi yoʻnalishini rivojlantirish;

z) raqamli texnologiyalar sohasida taʼlimni rivojlantirish, jumladan kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;

i) yoshlar, ayollar va aholining boshqa qatlamlarining raqamli bilim va koʻnikmalarini oshirish, mazkur sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish;

k) soha, tarmoq va hududlarni raqamlashtirishda ustuvor yoʻnalishlarni ishlab chiqish, sohalar kesimida raqamlashtirish boʻyicha oʻsish nuqtalarini aniqlash va amalga oshirish lozim boʻlgan loyihalarni shakllantirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-son Farmoniga 2-ILOVA

Soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilishning asosiy yoʻnalishlari

Quyidagilar soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilishning asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:

a) aholi, tadbirkorlik subyektlari hamda davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasidagi munosabatlarni raqamlashtirish, shuningdek, raqamli xizmatlar va servislardan foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratish;

b) davlat idoralari faoliyatini toʻliq raqamlashtirishni koʻzda tutuvchi “Elektron hukumat” tizimining yangi bosqichi — “Raqamli hukumat” tizimiga oʻtish;

v) axborot tizimlari va resurslari asosida hududlarda zamonaviy boshqaruv uslublarini joriy etishni nazarda tutuvchi “Raqamli hudud” dasturini amalga oshirish;

g) IT-industriya uchun qulay sharoit yaratish orqali mamlakatimizni “IT Xab”ga aylantirish va xizmatlar eksportini oshirish;

d) raqamli texnologiyalar boʻyicha aholining bilim va koʻnikmalarini oshirish hamda kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish;

e) zamonaviy va sifatli raqamli infratuzilmani rivojlantirish;

j) Axborot texnologiyalarini joriy etish va koʻrsatilayotgan elektron xizmatlar sifati ustidan samarali raqamli nazoratni yoʻlga qoʻyish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-son Farmoniga 3-ILOVA

Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlarni qayta tashkil etish va nomlash

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-son Farmoniga 4-ILOVA

Raqamli texnologiyalar vazirligining tashkiliy tuzilmasi

Izoh: *davlat aksiya paketi (ulushi) boʻyicha aksiyador (ishtirokchi) funksiyasi Strategik islohotlar agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-oktabrdagi PF-189-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.10.2025-y., 06/25/189/0978-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-son Farmoniga 4a-ILOVA

Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-son Farmoniga 4b-ILOVA

Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-son Farmoniga 5-ILOVA

Raqamlashtirish sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-son Farmoniga 6-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6065-son Farmonida:

a) 6-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:

“Bunda:

Ichki ishlar vazirligi 2024-yil 1-yanvardan ID-kartalarni olish boʻyicha anketalarni toʻldirishda ICAO hujjatlari talablarini hisobga olgan holda ingliz tilida fuqaroning familiya va ismini koʻrsatilishini;

Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi 2024-yil 1-yanvarga qadar taqdim etilgan barcha ID-kartalar boʻyicha jismoniy shaxslarning maʼlumotlar bazasida fuqaroning familiya va ismini ingliz tilidagi maʼlumotlari bilan toʻldirilishini taʼminlansin”;

b) 1-ilovaning 8-bandi quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“ingliz tilida familiya va ismi”;

uchinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishincha toʻrtinchi — toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6079-son Farmonida:

a) 3-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Bunda, Raqamli texnologiyalar vazirligi Muvofiqlashtirish komissiyasi ishchi organi vazifasini amalga oshiradi”;

b) 22-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

““Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasiTARKIBI

Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtganda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.”

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6191-son Farmoniga 1-ilovada 5 va 6 pozitsiyalari quyidagi tahrirda bayon etilsin:

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6208-son Farmoning 3-bandi “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi “25 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda isteʼmol kreditlari” va “Bunda, isteʼmol kreditlari” soʻzlaridan keyin “va mikroqarzlar” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6269-son Farmoniga 3-ilovaning 9-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayyon etilsin:

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-maydagi “Raqamli iqtisodiyot va “Elektron hukumat” tizimi infratuzilmalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4321-son qarorida 3-bandning “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“b) “Elektron hukumat” va raqamli iqtisodiyot tizimi doirasidagi loyihalarni amalga oshirish doirasida:

raqamli hukumat tizimiga oʻtish va uni rivojlantirish ishlarini oʻzaro muvofiqlashtirish — “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan;

raqamli hukumat sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, raqamli hukumat loyihalarini amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish — Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan;

axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari va elektron resurslarini yaratishga doir loyihalarni amalga oshirish va amaliyotga joriy etish hamda ularning uzluksiz ishlashini taʼminlash — vazirlik va idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi;”.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-maydagi ““Elektron hukumat” tizimi doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish sifatini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4328-son qarori 3-bandida:

a) quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:

“loyihalarni amalga oshirish natijasida ishlab chiqilgan axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini “Raqamli hukumat”ning axborot tizimlari va resurslari yagona reyestrida roʻyxatdan oʻtkazish va amaliyotga joriy etishga ularning texnik topshiriq va axborot xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “Kiberxavfsizlik markazi” DUKning ijobiy xulosalari olinganidan soʻng ruxsat beriladi;

ijobiy xulosaga ega boʻlmagan axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini foydalanishga qabul qilish, ishga tushirish hamda “Raqamli hukumat” doirasidagi tizimlar va servislar bilan integratsiya qilishga yoʻl qoʻyilmaydi”;

b) beshinchi-oltinchi xatboshilar tegishincha yettinchi va sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-martdagi “Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4642-son qarorining 5-bandi ikkinchi xatboshisidan “bir yillik” soʻzlari chiqarib tashlansin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-iyuldagi “Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4771-son qarorining 5-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har yili davlat mulkini ijaraga berishda Radio, uyali aloqa va peydjer aloqasi (inshootlarni hisobga olgan holda hudud doirasida) faoliyati boʻyicha stavkalar hamda qoʻllaniladigan oshiruvchi koeffitsiyentlar miqdori tasdiqlanishida bir yilga 1 kv.m. uchun ijara toʻlovi tayanch stavkasining oʻtgan yilga nisbatan oʻsish surʼati boshqa faoliyat turlari boʻyicha oʻrtacha oʻsish surʼatlari darajasida belgilanadi”.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-104-son qaroriga 2-ilova quyidagi mazmundagi 7-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-iyundagi “Aholiga tez tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-283-son qarorining 13-bandidagi “85 milliard” soʻzlari “25,5 milliard” soʻzlari bilan almashtirilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-avgustdagi “Zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-350-son qarorida:

a) 4-bandda:

birinchi va uchinchi xatboshilarda “isteʼmol kreditlari” soʻzlaridan keyin “va mikroqarzlar” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:

“isteʼmol kreditlari kompyuter sotayotgan tadbirkorlik subyekti hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;

mikroqarzlar yoshlarning arizalariga koʻra ularning bank kartalariga naqdlashtirish imkoniyatini cheklagan holda oʻtkaziladi”;

b) 7-bandning “b” kichik bandi hamda 8-bandida “isteʼmol kreditlari” soʻzlaridan keyin “va mikroqarzlar” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-357-son qarorida:

a) 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“8. 2022-yil 1-oktabrdan boshlab axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida IT-taʼlim xizmatlarini koʻrsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda eksportga yoʻnaltirish boʻyicha startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki tomonidan oʻtkaziladigan tanlov asosida 1 milliard soʻmgacha boʻlgan grantlar ajratish tartibi joriy qilinsin”;

b) 18-bandning ikkinchi xatboshisidagi “2023-yil 1-iyulga qadar” va “10 foizi” soʻzlari tegishincha “2023-yil 1-sentabrdan boshlab” va “2 foizi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 19-bandning “b” kichik bandida:

birinchi xatboshisidagi “axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov” soʻzlari “Raqamli texnologiyalar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

uchinchi xatboshisidagi “Bosh vaziriga” soʻzlari “Vazirlar Mahkamasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

g) 1-ilovaning 66-pozitsiyasi “Muddati” ustunidagi “2023-yil iyul” soʻzlari “2023-yil sentabr” soʻzlari bilan almashtirilsin;

d) 2-ilovaning 46-pozitsiyasi “Masʼul ijrochilar” ustunidan “Xavfsiz shahar” markazi” soʻzlari chiqarib tashlansin;

e) 3-ilovaning 23-pozitsiyasi “Muddati” ustunidagi “2023-yil oktabr”, “2023-yil noyabr” va “2023-yil dekabr” soʻzlari tegishincha “2023-yil dekabr”, “2024-yil avgust” va “2025-yil iyul” soʻzlari bilan almashtirilsin;

j) 8-ilovaning 6-pozitsiyasi “Muddati” ustunidagi “2023-yil may” soʻzlari “2023-yil noyabr” soʻzlari bilan almashtirilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-noyabrdagi “Kosmik tarmoqni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-429-son qarori 6-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Oʻzbekkosmos” agentligiga unga yuklatilgan qoʻshimcha vazifalarni inobatga olgan holda uning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash va xodimlarining mehnatini qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish uchun Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasidan qoʻshimcha mablagʻlar ajratilishi mumkin”.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-son Farmoniga 7-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim hujjatlari

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish toʻgʻrisida”gi PF-5806-son Farmonining 2 va 4-bandlari.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi F-5209-son farmoyishi.

3. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 781-son qarori 1-bandining ikkinchi xatboshisi, 2 va 8-bandlari.

4. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni roʻyxatga olish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 593-son qaroriga 4-ilovaning 93-bandi.

5. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-avgustdagi ““El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatiga hamda taʼlimga oid qonunchilik takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi 511-son qaroriga 1-ilovaning 11-bandi.

6. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-noyabrdagi “2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining kosmik tarmogʻini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 688-son qarorining 4-bandi va 3-ilovasi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.