Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;
Suv xoʻjaligi vazirligining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Suv xoʻjaligi sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Suv xoʻjaligi vazirligi tizimida:
a) Vazirlikning markaziy apparati:
suv xoʻjaligi sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqadi va uning amalga oshirilishini hamda bu borada mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini uslubiy jihatdan taʼminlaydi;
oʻz tizimiga va tashkiliy boʻysunuviga kiradigan ijro etuvchi hududiy organlari faoliyatini baholashning maqsadli koʻrsatkichlarini belgilaydi hamda ularga erishish ishlarini muvofiqlashtiradi;
huquqiy tartibga solish funksiyasi doirasida idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holati, hududlarning suv taʼminoti, yerlarning meliorativ holatiga oid muammolarni aniqlash va bartaraf etish tadbirlari amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi, oʻz vakolati doirasida huquqiy tartibga solish va nazorat funksiyalarini amalga oshiradi;
tarkibiy tuzilmalarni malakali kadrlar bilan toʻldirish, ularning bilim va koʻnikmalarini uzluksiz oshirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
mehnat faoliyatini amalga oshirish va mehnatga haq toʻlashning munosib va adolatli shart-sharoitlarini yaratadi;
suv xoʻjaligi sohasi boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda hududiy boʻlinmalarning xalq bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish yoʻnalishidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi va umumlashtiradi;
b) hududiy boʻlinmalar:
tegishli hududda suv xoʻjaligi sohasi boʻyicha yagona davlat siyosatini amalga oshirish hamda belgilab berilgan maqsadli koʻrsatkichlarga erishishga qaratilgan amaliy va manzilli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
suv xoʻjaligi obyektlarining texnik holati, hududning suv taʼminoti, yerlarning meliorativ holati va sohadagi muammolarni tahlil qilgan holda, ularni bartaraf etish hamda suv xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqishda va amalga oshirishda ishtirok etadi;
joylarda qonunchilik hujjatlari hamda topshiriqlar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash choralarini koʻradi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi va oʻz vakolati doirasida tegishli hududda davlat nazorati tadbirlarini amalga oshiradi.
3. Suv xoʻjaligi vaziriga oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot va taʼlim tashkilotlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini maslahatchi sifatida jalb etish huquqi berilsin.
4. Suv xoʻjaligi vazirligi (B. Kamalov), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (A. Karimov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda 2030-yil yakuniga qadar Suv xoʻjaligi vazirligining quyi (tuman) boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish, fermer xoʻjaliklari va boshqa suv isteʼmolchilariga suv yetkazib berish hamda suvning hisobini yuritish funksiyasining bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklikka oʻtkazilishini taʼminlasin.
Bunda, 2023-yil sentabr oyiga qadar:
tumanlarda suv resurslarini boshqarishni davlat-xususiy sheriklikka oʻtkazish shartlari hamda namunaviy shartnoma ishlab chiqilsin;
ushbu loyihalarning jozibadorligini oshirish boʻyicha aniq ragʻbatlantiruvchi mexanizmlar belgilab olinsin;
barcha tumanlarda suv resurslarini boshqarishni davlat-xususiy sheriklikka oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilsin.
5. Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) etib qayta nomlansin.
Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining tashkiliy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining quyidagi funksiyalari Inspeksiyaga oʻtkazilsin:
barcha yer usti suv obyektlarida suvning oqilona boshqarilishi, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalari (tartibi)ga rioya etilishi ustidan nazorat qilish;
suv xoʻjaligi sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish choralarini koʻrish borasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
barcha yer usti suv obyektlarida suvdan foydalanishga doir maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish.
Mazkur bandda belgilangan funksiyalarni samarali amalga oshirish maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining sunʼiy suv obyektlarida suvdan foydalanish nazoratini amalga oshiruvchi 159 ta shtat birligi Inspeksiyaga oʻtkazilsin.
7. Suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklarining Inspeksiyaning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boshqarmalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, Inspeksiyaning markaziy apparati faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hamda uning hududiy boshqarmalari faoliyati tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 29-dekabrdagi PF-221-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.01.2024-y., 06/24/221/0003-son)
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoniga asosan chiqarilish sanasi 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son)
8. Inspeksiyaga yer usti suvlaridan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini hamda suv olish tartibini buzish holatlari boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish, shuningdek, jismoniy shaxslarga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllash vakolati berilsin.
9. Belgilansinki, suv xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilganligi uchun Inspeksiya tomonidan vakolati doirasida qoʻllaniladigan jarimalar miqdorining 30 foizi respublika budjetiga va 70 foizi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
10. Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari hamda Suv omborlaridan foydalanish boshqarmalari faoliyatini moliyalashtirishni 2024-yil 1-yanvardan tegishli mahalliy budjetlardan Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan taqdim etilgan budjet soʻroviga asosan Respublika budjetiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
11. “Agrobank” ATB boshqaruvi raisi R. Mamatkulov boshchiligida suv xoʻjaligidagi islohotlarni jadallashtirish, suvdan foydalanishda zamonaviy tejamkor texnologiyalar va ilgʻor tajribalarni keng joriy etish boʻyicha loyiha ofisi tashkil qilinsin. Bunda:
a) Loyiha ofisiga quyidagi vakolatlar berilsin:
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tashabbusi bilan chiqqan tadbirkorlik subyektlarining loyiha tashabbuslarini Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birga koʻrib chiqish va amalga oshirish;
xorijiy malakali mutaxassislarni jalb qilish, “Suvchilar maktabi” faoliyatini yuritish hamda moliyalashtirish;
sohadagi mahalliy va xorijiy loyiha institutlari (kompaniyalari) bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlarni tashkil qilish hamda shartnomalar imzolash;
b) Loyiha ofisi:
suv xoʻjaligi sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida soha ilmiy xodimlariga 10 mlrd soʻm miqdorida grant ajratsin;
har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga suvni tejash va hisobga olishning ilgʻor tajribalarini joriy qilish boʻyicha axborot kiritib borsin.
12. Suv xoʻjaligi vazirligi (Sh. Xamrayev):
a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) va Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish maqsadida:
2023-2024-yillarda suv xoʻjaligi tashkilotlarini zarur kompyuter texnikalari, lokal tarmoqlar va zamonaviy server qurilmalari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
2025-yil 1-yanvarga qadar suv xoʻjaligi sohasidagi “Vaziyatlar markazi” axborot tizimini tubdan takomillashtirgan holda “Raqamli suv xoʻjaligi” yagona axborot tizimi yaratilishi va suv xoʻjaligi boʻyicha barcha dasturiy taʼminotlarning mazkur tizimga bosqichma-bosqich integratsiya qilinishini taʼminlasin;
b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2023-yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2024 — 2026-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlashni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 6-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
15. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 20-iyun,
PF-101-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi PF-101-son Farmoniga1-ILOVA
Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari
Quyidagilar Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi:
a) yer usti suv resurslarini boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, suvlarning zararli taʼsirining oldini olish va bartaraf etish boʻyicha ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish hamda tizimdagi rahbariy faoliyatni yakkaboshchilik asosida tashkil etish;
b) respublika aholisi, iqtisodiyot tarmoqlari va atrof-muhitning suvga boʻlgan muttasil oshib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun shart-sharoitlar yaratish, suv resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash;
v) Oʻzbekiston Respublikasida barcha yer usti suv resurslarini hisobga olish hamda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi boʻyicha nazoratni amalga oshirishga oid tegishli tadbirlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, suv balansini shakllantirish;
g) suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini hamda ishonchli ishlashini taʼminlash, sohani rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalar va texnik koʻmak mablagʻlari, shuningdek, malakali xorijiy ekspertlar va konsalting tashkilotlarini jalb qilish;
d) suv xoʻjaligi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini ekspertiza qilish hamda amalga oshirish ishlarini ilmiy-texnik qoʻllab-quvvatlash, sohada korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy va moliyaviy mexanizmlarini takomillashtirish;
e) qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanish salmogʻini oshirish, bunda ilgʻor xorijiy tajribalarni keng joriy qilib, davlat tomonidan ragʻbatlantirib borish, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash;
j) sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shu jumladan, suv resurslarini prognozlashtirish, ularning hisobini yuritish va takomillashtirish hamda shaffofligini taʼminlash, yirik suv xoʻjaligi obyektlarining raqamli texnologiyalar asosida boshqarilishini tashkil etish;
z) suv xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik va autsorsing mexanizmlarini keng joriy qilish, elektr energiyani tejash hamda sohaga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng jalb qilish, bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosida suvni yetkazib berish xarajatlarining bir qismini bosqichma-bosqich suv isteʼmolchilari tomonidan qoplash tizimiga oʻtish;
i) suv xoʻjaligi sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirishni tizimli tashkil etish, suv xoʻjaligi tashkilotlari bilan taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasidagi integratsiyani kuchaytirish, fan va texnika yutuqlarini amaliyotga joriy etishni taʼminlash;
k) transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish boʻyicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar va texnik koʻmak mablagʻlarini jalb qilish, shuningdek, suv xoʻjaligi sohasidagi xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish;
l) suv omborlari, sel-suv omborlari boshqa suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsizligi, ishonchli ishlashi hamda qoʻriqlanishi nazorat qilinishini taʼminlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi PF-101-son Farmoniga2-ILOVA
Suv xoʻjaligi vazirligining tashkiliy tuzilmasi
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari Qarshi magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi Markaziy dispetcherlik, kommunikatsiya va kadastr xizmati Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi Amu-Buxoro mashina kanalidan foydalanish boshqarmasi Axborot-tahlil va resurs markazi Suv xoʻjaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi Magistral kanallar (tizimlar) boshqarmalari Irrigatsiya tizimi boshqarmalari Fargʻona vodiysi magistral kanallaridan foydalanish boshqarmasi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti Tumanlar (Quvasoy shahri) irrigatsiya boʻlimlari Janubiy Mirzachoʻl kanalidan foydalanish boshqarmasi “Suvqurilishinvest” davlat muassasalari Nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari Zarafshon magistral tizimidan foydalanish boshqarmasi Meliorativ ekspeditsiyalar Qirgʻoq himoyalovchi dambalar va oʻzan rostlovchi inshootlar boshqarmasi Jizzax bosh nasos stansiyasi boshqarmasi Suv omborlaridan foydalanish boshqarmalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi PF-101-son Farmoniga3-ILOVA
Suv xoʻjaligi sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish boʻyicha
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.05.2024-y., 06/24/74/0332-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi PF-101-son Farmoniga4-ILOVA
Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining tashkiliy tuzilmasi
Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi Ekspertlar kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududiy boshqarmalari “Gidrotexnika inshootlarini diagnostikasi markazi” DUK
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi PF-101-son Farmoniga5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmoniga 1-ilovada:
a) “4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi” boʻlimida:
“Qishloq xoʻjaligi vazirligi” pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ Qishloq xoʻjaligi vazirligi 2 153 1 133 1 020 ”;
“Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi” pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ 5. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi 308 303 5 ”;
b) “5. Suv xoʻjaligi vazirligi” boʻlimida:
“Suv xoʻjaligi vazirligi” pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ Suv xoʻjaligi vazirligi 1 316 1 316 ”;
“Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi” pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ 1. Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi 182 182 ”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 21-noyabrdagi “Amu-Buxoro irrigatsiya tizimini qayta tiklash” loyihasini amalga oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2073-son qarorining rus tilidagi matni 1-bandining uchinchi xatboshisidagi “10 let (2014 — 2023 godi)” soʻzlari “11 let (2014 — 2024 godi)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 7-apreldagi “Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Surxondaryo viloyatida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash (Xazarbogʻ-Oqqapchigʻay kanallar tizimini qayta tiklash)” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2332-son qarorining rus tilidagi matnida:
a) 1-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “8 let (2015 — 2022 godi)” soʻzlari “9 let (2015 — 2023 godi)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-ilovada:
8-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ 8. Prodoljitelnost investitsionnogo perioda let 9 ”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 25-avgustdagi “Amu-Buxoro irrigatsiya tizimini tiklash” loyihasini amalga oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2396-son qaroriga 1-ilovaning rus tilidagi matnida:
a) 2.1-pozitsiyaning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ stroitelstvo truboprovodov dlya nasosnoy stansii Kiziltepa-1 tis. doll. SSHA 12 839,6 12 839,6 ”;
b) 2.4-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ 2.4 fizicheskiye nepredvidennie rasxodi tis. doll. SSHA 16 292,8 16 292,8 ”;
v) 8-pozitsiyadagi “2014 — 2023 gg.” soʻzlari “2014 — 2024 gg.” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5055-son qarorida:
a) 1 — 4-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
b) 6-bandda:
ikkinchi va uchinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi — oltinchi xatboshilar deb hisoblasin;
v) 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Markazning buyurtmanomalariga muvofiq uni belgilangan tartibda zarur aloqa vositalari, shu jumladan hukumat aloqa vositalari bilan hamda yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin”;
g) 1 — 11-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-144-son qarorining 8-bandida:
a) ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tarkibida 1 shtat birligidan iborat ichki audit guruhi bosh inspektori lavozimi (keyingi oʻrinlarda — ichki audit guruhi bosh inspektori) joriy etilsin”;
b) “a” kichik banddagi “ITHB ichki audit guruhlari” soʻzlari “ichki audit guruhi bosh inspektori” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) “b” kichik banddagi “ITHB ichki audit guruhlarining” soʻzlari “ichki audit guruhi bosh inspektorining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish hamda suv isteʼmolchilari orasidagi munosabatlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-145-son qarorining 5-bandi birinchi xatboshisidagi “2023-yil yakuniga qadar” soʻzlari “2026-yil yakuniga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-apreldagi “2023-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-113-son qarorining 4-ilovasi 25-pozitsiyasining “Amalga oshirish mexanizmi” ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yerlarning shoʻrlanish darajasini pasaytirish. Bunda:
14,3 ming km kollektor-drenaj tarmoqlarini taʼmirlash;
2,1 ming dona meliorativ quduqlarga yerosti suvlari minerallashuvini onlayn nazorat qiluvchi qurilmalarni oʻrnatish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻyicha shoʻrlangan maydonlar xaritasini ishlab chiqish”.
9. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha xarajatlarining bir qismini qoplash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 95-son qarorida:
a) 2-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tuman ishchi guruhlari tomonidan suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish ishlarini joylarda puxta oʻrganib, subsidiya ajratilishi yuzasidan tegishli hujjatlarni oʻz vaqtida rasmiylashtirilishini nazorat qilib borishga”;
b) 1-ilova quyidagi mazmundagi 21-band bilan toʻldirilsin:
“21. Paxta xom ashyosini yetishtirish uchun tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish boʻyicha “Agro-subsidiya” YAAT orqali talabgorlarga subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xulosalar Suv xoʻjaligi vazirligining Ichki audit, komplayens nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari ichki audit guruhi bosh inspektorlari tomonidan oʻrganiladi.
Suv xoʻjaligi vazirligining Ichki audit, komplayens nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari ichki audit guruhi bosh inspektorlari:
paxta maydonlarida tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish boʻyicha “Agro-subsidiya” YAAT orqali kelib tushgan talabgorlarga subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xulosalarni oʻn kunda tahlil qiladi;
agar taqdim etilgan hujjatlarda keltirilgan maʼlumotlarda kamchilik aniqlansa, joyiga chiqqan holda texnologiyaning ishlash jarayonini oʻrganadi;
paxta xom ashyosini yetishtirish uchun tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilgan talabgorlarga subsidiya ajratish yoki ajratmaslik toʻgʻrisidagi xulosalarni har besh kunda Suv xoʻjaligi vazirligining Suvni tejaydigan, ilmiy va innovatsion texnologiyalarni joriy qilish boshqarmasiga taqdim qilib boradi”;
v) Nizomga 4-ilovadagi Paxta, donli ekinlar, sabzavot ekinlari va kartoshka, poliz ekinlari va ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor oʻsimliklar uchun suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha xarajatlarining bir qismini qoplash sxemasida:
2-bosqichning “Chora-tadbirlar” bloki beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Talabgorlarga subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xulosalar rasmiylashtirilgandan soʻng “Agro-subsidiya” YAAT orqali tegishli vazirlik va idoralarga yuboriladi”;
3-bosqich chiqarib tashlansin;
4-bosqichning “Chora-tadbirlar” bloki birinchi xatboshisidagi “taqdim etilgan talabgorlar roʻyxatlarini” soʻzlari “Agro-subsidiya” YAAT orqali kelib tushgan xulosalarni” soʻzlariga hamda ikkinchi xatboshisidagi “roʻyxatlarga” soʻzi “xulosalarga” soʻzi bilan almashtirilsin;
5-bosqichning “Chora-tadbirlar” bloki birinchi xatboshisidagi “talabgorlar roʻyxatlarini” soʻzlari “xulosalarni” soʻzi bilan hamda ikkinchi xatboshisidagi “roʻyxatlarga” soʻzi “xulosalarga” soʻzi bilan almashtirilsin;
5-bosqichning “Chora-tadbirlar” bloki birinchi xatboshisidagi “va umumlashtiradi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi PF-101-son Farmoniga6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim hujjatlari
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi PF-5497-son Farmoniga 1-ilovaning 69-bandi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi “Suv resurslaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi va nazorat tizimini yanada takomillashtirish hamda suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6200-son Farmoni.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi PF-167-son Farmoniga 1-ilovaning 4-bandi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3672-son qarori.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari hamda 2020-2021-yillarga budjet moʻljallari toʻgʻrisida”gi PQ-4086-son qaroriga 33-ilovaning 8-bandi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5090-son qarori.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-oktabrdagi “Suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4486-son qarorining 13-bandi hamda 7-ilovasi.