PQ-216-son Qaror · 07.07.2023

Agrar sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-216
  • Qabul qilingan sana:07.07.2023
  • Kuchga kirgan sana:10.07.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/216/0457

Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, agrar sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash, inson resurslarini rivojlantirish va uning salohiyatidan samarali foydalanish, kafolatli mehnat bozorini shakllantirish maqsadida:

1. Sohadagi ilmiy tadqiqotlar mavzularini shakllantirish, ilm-fan natijalarini amaliyotga joriy qilish, kadrlar tayyorlashda agroklasterlar, kooperativlar va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalarining real ehtiyojlarini inobatga olishning quyidagi yangi mexanizmi 2023-yil 1-sentabrdan boshlab joriy etilsin:

a) oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik, ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, inson resurslarini rivojlantirish masalalari yangi tashkil etiladigan agroklasterlar, kooperativlar va sohadagi boshqa yirik korxonalar faoliyatini tashkil etishda litsenziya va ruxsat etish tartib-taomillari shartlaridan biri etib belgilanadi;

b) agrar fan va taʼlim sohasida samarali hamkorlik qilgan agroklasterlar, kooperativlar, xoʻjalik birlashmalari, boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalarini qoʻllab-quvvatlashning quyidagi tizimi yoʻlga qoʻyiladi, unga koʻra:

qoʻshma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish, ilm-fan yutuqlarini joriy etish boʻyicha agroklasterlar, kooperativlar va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari, nodavlat va notijorat tashkilotlari hamda oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillaridan iborat ilmiy-innovatsion guruhlar tashkil etiladi;

Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi huzurida xalqaro moliya institutlarining grantlari hisobidan ilmiy-innovatsion guruhlar tomonidan ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish, ilm-fan yutuqlarini joriy etish va tijoratlashtirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus fond (keyingi oʻrinlarda — Maxsus fond) tashkil etiladi. Bunda, Maxsus fond tomonidan birinchi bosqichda har bir loyihaning eng koʻp miqdordagi qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 1 500 baravari etib belgilanadi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A. Voitov) 2023-yil 1-sentabrga qadar ilmiy-innovatsion guruhlarni Maxsus fond mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish tartibini tasdiqlasin hamda 2023-2024-yillarda xalqaro moliya institutlarining 5 mln AQSh dollari miqdoridagi grant mablagʻlarini Maxsus fondga yoʻnaltirsin.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

2023-yil 1-sentabrdan boshlab idoraviy mansubligidan qatʼi nazar oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati sohasidagi oʻz yechimini kutayotgan muammolar boʻyicha xorijiy va mahalliy tajribani oʻrgangan holda ilmiy loyihalar va dissertatsiyalar mavzularini shakllantirish hamda ularni, qoida tariqasida, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan kelishish tizimi joriy qilinadi;

sohadagi dissertatsiyalar mavzulari muammolarning ilmiy-amaliy yechimiga qaratilgan boʻlishi, ularning natijadorligini taʼminlash, amaliyotga tatbiq qilish uchun masʼuliyat ushbu loyiha tayyorlangan muassasalar zimmasiga yuklatiladi;

2023-yildan boshlab, xalqaro moliya institutlarining qishloq xoʻjaligi va uning tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan investitsiya va grant (texnik koʻmak) loyihalarini shakllantirishda fan-taʼlim komponentlari, qoida tariqasida, koʻzda tutiladi.

3. Quyidagilar:

Agrar sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiyalash hamda uning samaradorligini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

Agrar sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiyalash boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I. Abduraxmonov), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A. Voitov):

a) 2023-yil 1-oktabrdan boshlab qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati sohasidagi barcha tadqiqotlar “Oziq-ovqat xavfsizligi, oziqlanish va mahsulotlar zararsizligi”, “Iqlim oʻzgarishiga moslashish va oqibatlarini yumshatish”, “Fermerlar daromadini oshirish va qoʻshilgan qiymat yaratish” yoʻnalishlari boʻyicha belgilangan dasturlar doirasida olib borilishini hamda eʼlon qilinadigan ilmiy faoliyatga oid dasturlar boʻyicha qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat yoʻnalishidagi loyihalarni Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan holda moliyalashtirishni va yil boshidan amalga oshirishni tashkil etsin;

b) qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat yoʻnalishidagi amaliy va innovatsion loyihalarni birgalikda moliyalashtirish tizimini joriy etsin;

v) uch oy muddatda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati sohalari boʻyicha loyihalarni shakllantirishning amaldagi mexanizmini qayta koʻrib chiqib, unga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;

g) Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi oliy taʼlim muassasalari toʻlov-kontraktlari tushumidan Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkazilgan ajratmalarni mazkur oliy taʼlim muassasalari oʻquv-uslubiy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirish choralarini koʻrsin;

d) xorijdagi yetuk ilmiy markazlar, kompaniyalar, universitetlar va institutlar bilan uzoq muddatli oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlari hamda agrar sohadagi dolzarb mavzular, jumladan qishloq xoʻjaligida geoaxborot va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy qilish boʻyicha qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish koʻlamini kengaytirsin;

e) Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev) bilan birgalikda 2023-yil yakuniga qadar qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati sohasi boʻyicha 2024 — 2027-yillarga moʻljallangan fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion ilmiy-texnik loyihalarni shakllantirsin va ularning grant tanlovlari belgilangan tartib va muddatlarda oʻtkazilishini taʼminlasin.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va tumanlarda faoliyat yuritayotgan “Agrobank” ATBning agromarkazlari va fermerlar maktablari, Savdo-sanoat palatasi tizimidagi sanoat parklari va inkubatsion markazlar, Agrosanoatni rivojlantirish agentligining hududiy boʻlinmalari, shuningdek, oʻsimliklar va veterinariya klinikalari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarni qamrab olgan holda agroxizmatlar markazlari tashkil etilsin.

(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)

Bunda 2023-2024-yillarda:

agroxizmatlar markazlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zarur laboratoriya-tahlil jihozlari bilan taʼminlash Jahon bankining “Oʻzbekiston Respublikasida qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida ajratiladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi;

agroxizmatlar markazlariga jalb etilgan yuqori malakali mutaxassislar, ilmiy va pedagog xodimlarning asosiy ish joyi saqlangan holda ularga bajarilgan ish hajmidan kelib chiqib, agrar tadbirkorlik subyektlari, xalqaro moliya institutlari va budjet mablagʻlari hisobidan ish haqlari va ustamalar toʻlash tizimi joriy etiladi.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-dekabrdagi PQ-420-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.12.2024-y., 07/24/420/1009-son)

7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Toshkent davlat agrar universiteti, Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetining Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti huzurida Buyuk Britaniya taʼlim tizimi asosida ixtisoslashgan Xalqaro maktab (keyingi oʻrinlarda — Xalqaro maktab) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda:

Xalqaro maktab oʻquvchilarining umumiy kontingenti, oʻquvchilarni qabul qilish tartibi xalqaro shartnoma talablari asosida Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetining Kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadi;

Xalqaro maktabga belgilangan sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻquvchilar 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab 1-sinfdan hamda 5-sinfdan qabul qilinadi;

Xalqaro maktabda taʼlim standarti, oʻquv reja va dasturlari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan kelishgan holda joriy etiladi;

Xalqaro maktab yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan mustaqil nodavlat umumtaʼlim muassasasi hisoblanadi hamda oʻz faoliyatini Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetining Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq amalga oshiradi;

Xalqaro maktab faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar (qurilish, oʻquv anjomlari, laboratoriya jihozlari va asbob-uskunalari hamda boshqalar bilan taʼminlash) Jahon bankining “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasidagi mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A. Voitov), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I. Abduraxmonov):

Yevropa Ittifoqining “Budjetni qoʻllab-quvvatlash” dasturi va Jahon banki ishtirokidagi “Oʻzbekiston Respublikasida qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida jalb etilgan grant mablagʻlari hamda xususiy sektor sarmoyalari hisobidan qishloq xoʻjaligi rivojlangan xorijiy davlatlarga iqtidorli talabalar, tadqiqotchilar va soha mutaxassislarini amaliyot oʻtashga (stajirovkaga), magistratura va doktoranturada oʻqish hamda malaka oshirishga yuborish choralarini koʻrsin;

Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev) bilan birgalikda agrar sohadagi oliy taʼlim muassasalari magistrantlarining tegishli mutaxassisliklar boʻyicha amaliy mashgʻulotlari 50 foizini ilmiy muassasalar va ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etsin.

Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, xususiy korxonalarga, istisno tariqasida, talabalarning oylik maosh toʻlanadigan malakaviy (ishlab chiqarish) amaliyotini tashkil etish tavsiya etilsin.

9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Samarqand viloyat hokimligining Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali negizida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda, mazkur institut Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialining barcha huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A. Voitov), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I. Abduraxmonov), Savdo-sanoat palatasi (D. Vahobov), Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (M. Ubaydullayev) agrar sohadagi oliy taʼlim muassasalarida xususiy sektorni jalb etgan holda ilmga asoslangan amaliyotga yoʻnaltirilgan agrotexnik, zooveterinariya va boshqa xizmatlar koʻrsatishni xorijiy tajribada oʻzini oqlagan “Spin-off”, “Soil-doktor” uslubiyoti asosida yoʻlga qoʻysin. Bunda:

professor-oʻqituvchilar rahbarligida talaba yoshlarning darsdan boʻsh vaqtida oʻz ixtisosligi boʻyicha nazariy bilimlarni amaliy koʻnikmalar bilan mustahkamlash hamda ularni ijtimoiy foydali mehnat bilan band qilish imkoniyatlarini yaratish nazarda tutiladi;

ushbu xizmatlarning axborot dasturiy taʼminotini ishlab chiqish xalqaro moliya institutlarining grant mablagʻlari hisobidan, moddiy-texnika bazalarini yaratish va kerakli jihozlarni xarid qilish oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan imtiyozli kreditlar hisobidan amalga oshiriladi.

11. Qishloq xoʻjaligi vazirligi:

a) 2023 — 2026-yillarda xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari hisobidan oʻquv-tajriba ishlarini tashkil etish maqsadida kichik texnoparklar tashkil etish uchun oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari talabnomalariga asosan qishloq xoʻjaligi texnikalari, jumladan mini-texnika va agregatlarini olib berish choralarini koʻrsin.

Bunda, Qishloq xoʻjaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash davlat markaziga beriladigan mashina va agregatlarning dastlabki namunalaridan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining yer maydonlarida oʻquv malakaviy va tajriba-sinov maqsadlarida, istisno tariqasida, bepul foydalaniladi;

b) bir oy muddatda Buyuk Britaniya taʼlim tizimi asosida Xalqaro maktabni tashkil etish hamda agrar sohadagi oliy taʼlim muassasalarida qoʻshma dasturlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Buyuk Britaniyaning “UK graduate” instituti, “Gloucestershire” (Glostershir) universiteti va “IQF — Integrated qualifications framework” xalqaro kompaniyasi bilan xalqaro bitimni imzolasin.

12. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fanlar akademiyasining:

agrar sohadagi muammolarning ilmiy-amaliy yechimlari bilan shugʻullanayotgan ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarida ilmiy izlanishlarni jadallashtirish va samaradorligini oshirish uchun idoralararo Qishloq xoʻjaligi fundamental tadqiqotlar markazini (Centre Of Excellence) hamda unda biotadqiqotlar va texnologiyalar boʻyicha zamonaviy laboratoriyalar majmuasini, shuningdek, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan qishloq xoʻjaligi ekinlarining birlashgan Genbankini tashkil etish;

oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda strategik ahamiyatga ega ekinlar seleksiyasi va urugʻchiligini ilmiy asosda yoʻlga qoʻyish maqsadida Toshkent davlat agrar universitetining Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi va urugʻshunoslik markazi, Oʻzbekiston-Vengriya kartoshkachilik ilmiy markazi, Oʻzbekiston-Serbiya qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻchiligi ilmiy markazi va Oʻzbekiston-Turkiya pistachilik ilmiy markazi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Dala ekinlari urugʻchiligi milliy tadqiqot majmuasi direksiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

(12-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son)

Belgilansinki, mazkur bandda nazarda tutilayotgan tuzilmalar faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar (qurilish, laboratoriya va qayta ishlash, qadoqlash jihozlari va asbob-uskunalari bilan taʼminlash) Jahon banki ishtirokidagi “Oʻzbekiston Respublikasida qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasidagi mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Dala ekinlari urugʻchiligi milliy tadqiqot majmuasi direksiyasi boshqaruv apparatining xodimlariga vazirlikning hududiy boʻlinmalari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari mos ravishda qoʻllanilsin.

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi PF-36-sonli Farmoniga asosan yigirma beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Natsionalnaya baza dannix zakonodatelstva, 16.02.2024 g., № 06/24/36/0130)

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

14. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi O.K. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 7-iyul,

PQ-216-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-iyuldagi PQ-216-son qaroriga1-ILOVA

Agrar sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiyalash hamda uning samaradorligini oshirish boʻyicha

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-iyuldagi PQ-216-son qaroriga2-ILOVA

Agrar sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiyalash boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash

Izoh: Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalar yuklangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-iyuldagi PQ-216-son qaroriga3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentabrdagi “Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5812-son Farmonida:

(1-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktabrdagi PF-158-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2024-y., 06/24/158/0839-son)

b) 4-ilova quyidagi mazmundagi 44-1-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

v) 6-ilovaning 86-pozitsiya chiqarib tashlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3953-son qaroriga ilovaning 33-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“33. Oʻrmon xoʻjaligi agentligi tizimidagi tashkilotlar va botanika bogʻlari hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan yetishtirilgan koʻchat va nihollar, shuningdek, ularni parvarish qilish boʻyicha xizmatlar”.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-avgustdagi “Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4421-son qarori 1-bandning oltinchi xatboshisidan “(extension center)” soʻzlari chiqarib tashlansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi “Agrar taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4795-son qarorida 1-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi oliy taʼlim muassasalariga sohada 5 yillik stajga ega boʻlgan xodimlarni tavsiyanoma asosida oʻqishga tavsiya etilganda oʻqish muddatini sirtqi taʼlim shaklida 4 yil etib belgilash hamda 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab toʻlov-kontrakt miqdorini kunduzgi taʼlim yoʻnalishidagi toʻlov-kontrakt (stipendiyasiz) miqdoriga tenglashtirish”;

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4975-son qaroriga 11-bandining oʻninchi xatboshisi chiqarib tashlansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 31-avgustdagi “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻrtasida taʼlim jarayoni hamda tarmoq tashkilotlari bilan ishlab chiqarish amaliyoti uzviyligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5241-son qaroriga 2-ilovaning 177-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-168-son qarorining 2-ilovasidan 508, 821, 1172, 1208, 1209, 1210-pozitsiyalar chiqarib tashlansin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-273-son qaroriga 2-ilovaning 17-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-maydagi “Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-237-son qarorining 1-ilovasi quyidagi mazmundagi 4.1-band toʻldirilsin:

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-yanvardagi “Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro institutini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-22-son qarori 18-bandining “v” kichik bandidagi “2023/2024 oʻquv yiliga qadar” soʻzlari “2023-2024-yillarda” soʻzlari bilan almashtirilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-102-son qarorining 1-ilovasidan 362-pozitsiya chiqarib tashlansin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-apreldagi “2023-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-113-son qaroriga 4-ilovaning 37-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

13. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 487-son qaroriga 3-ilovaning 2-bandidagi “a” kichik bandi quyidagi mazmundagi oltinchi va yettinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:

“fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik lavozim maoshiga (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda) — 30 foizgacha ustamalar belgilash;

fan doktori yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik lavozim maoshiga (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda) — 60 foizgacha ustamalar belgilash”*.

* mazkur ilovaning 13-bandi 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.