Samarqand shahrining meʼmoriy qiyofasini yanada yaxshilash va obodonlashtirish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligini oshirish, shuningdek, shaharning turizm salohiyatidan samarali foydalanish, zamonaviy biznes, moliyaviy va turistik infratuzilmalarni jadal rivojlantirishni taʼminlash hamda servis xizmatlar turlari va sifatini oshirish maqsadida:
1. Vazirlar Mahkamasi, Samarqand viloyati hokimligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining:
Samarqand shahri “Shirin” massivi hududida 2023 — 2030-yillarda “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini (keyingi oʻrinlarda — Shaharcha) barpo etish;
Samarqand viloyati hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklida “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish direksiyasini (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Shaharchani barpo etish ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-avgustdagi “Respublika hududlarida “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3895-son qaroriga muvofiq amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Direksiyaga quyidagi huquqlar berilsin:
Shaharchani barpo etish boʻyicha manzilli dasturlarni ishlab chiqish hamda tasdiqlash;
davlat sherigi sifatida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim talablarini vakolatli davlat organlari bilan kelishgan holda belgilash;
kommunal boshqarish, investitsion faoliyat, marketing, baholash, geologiya qidiruv, topografik suratga olish, bino va inshootlar texnik holatini tekshirish xizmatlarini koʻrsatish;
Shaharcha hududida isteʼmolchilarga koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar tariflarini Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda belgilash;
Shaharchani barpo etish davrida investorlarga shartnoma asosida servis, sanitariya-gigiyena, muhandislik-kommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish, ularni transport infratuzilmasi obyektlari va yordamchi inshootlar bilan taʼminlashni tashkil qilish;
obyektlarni loyihalashtirish va qurilish ishlarida ishtirok etish, mualliflik nazorati va texnik nazoratni amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassis va konsultantlarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida jalb qilish.
4. Belgilansinki:
Direksiya tuzilmasi, xarajatlar smetasi va shtatlar jadvali Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tasdiqlanadi;
Direksiyaga Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri bilan kelishilgan holda Samarqand viloyati hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;
Direksiya direktorining oʻrinbosari Samarqand viloyati hokimi bilan kelishilgan holda Direksiya direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Direksiyani saqlash va xodimlar mehnatiga haq toʻlash xarajatlari uchun belgilangan tartibda ajratilgan mablagʻlar yetishmagan taqdirda, qoʻshimcha xarajatlar Samarqand viloyati mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Samarqand viloyati hokimligi bir oy muddatda “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish direksiyasining ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengash 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin va uning zimmasiga qonunchilikka muvofiq “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini barpo etish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha komissiyaning vazifalarini bajarish yuklansin.
Muvofiqlashtiruvchi kengashga:
Shaharchani barpo etish doirasida xalqaro konsultantlar va ekspertlar, arxitektorlar, konstruktorlar, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlarini eng yaxshi takliflarni tanlash tartibida, tanlashning elektron shakliga amal qilmagan holda jalb qilish toʻgʻrisida;
ayrim obyektlar boʻyicha qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda (parallel ravishda) amalga oshirishga ruxsat berish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish huquqi berilsin.
6. Samarqand shahri hokimligi va “Agrobank” ATBning “Shirin” massivi hududida buzilayotgan turar va noturar joy obyektlarining kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish maqsadida ajratilgan 100 milliard soʻm kredit hamda unga hisoblangan foizlarni amaldagi shartnoma shartlari asosida bir yil imtiyozli davr bilan uch yil muddatga Direksiyaga qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
7. Shaharchani barpo etish doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun Direksiyaga shaxsiy gʻazna hisobvaragʻini ochishga ruxsat berilsin.
8. “Mahalla” xayriya jamoat fondi va Samarqand viloyati hokimligining 2023-yil 1-sentabrga qadar Direksiyaga “Mahalla” xayriya jamoat fondining Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan budjetdan tashqari gʻazna hisobvaragʻiga tushgan homiylik mablagʻlari hisobidan 9 yil muddatga 150 milliard soʻm foizsiz qarz ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-iyundagi PQ-219-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.06.2026-y., 07/26/219/0588-son)
Bunda, ushbu mablagʻlar:
jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplashga, Shaharcha uchun zarur infratuzilma obyektlarini barpo etishga, ijtimoiy soha obyektlarini qurishga yoʻnaltiriladi;
Samarqand viloyati mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan 2028-yildan boshlab har chorak oxirida teng ulushlarda “Mahalla” xayriya jamoat fondiga qaytariladi.
(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-iyundagi PQ-219-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.06.2026-y., 07/26/219/0588-son)
9. “Oʻzmilliybank” AJ, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB va “Asakabank” AJning 2023-yil 1-oktabrga qadar Direksiyaga loyihani amalga oshirishning uzluksizligini taʼminlashga, shu jumladan pul oqimlaridagi vaqtinchalik uzilishlarni qoplash va aylanma mablagʻlarini toʻldirishga yoʻnaltiriladigan jami 100 million AQSH dollari ekvivalentida milliy valyutada 7 yil muddatga revolver kreditlar ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
10. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 2024-yil 1-aprelga qadar avtomobil yoʻllari, ichimlik va oqova suv taʼminoti, elektr energiyasi, tabiiy gaz va aloqa tarmoqlarini qurish maqsadida xalqaro moliya institutlari kreditlarini va davlat-xususiy sheriklik asosida investorlar mablagʻlarini jalb etsin.
Samarqand viloyati hokimligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Shaharcha hududida ijtimoiy soha obyektlarini qurish uchun har yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan zarur mablagʻlarni ajratib borish hamda bu boradagi ishlarni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish yuzasidan belgilangan tartibda takliflarni kiritib borsin.
11. Samarqand viloyati hokimligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ bilan birgalikda respublika budjeti hamda tarmoq korxonalari mablagʻlari hisobidan Shaharchaning tasdiqlanadigan master rejasiga (batafsil rejalashtirish loyihasiga) muvofiq Shaharcha uchun zarur infratuzilma, shu jumladan magistral ichimlik va oqova suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz, yoʻl-transport hamda irrigatsiya tarmoqlari qurilishini taʼminlasin.
12. Samarqand viloyati hokimligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligining Shaharchani barpo etish rejalashtirilayotgan 665,15 gektar yer maydonidan 2-ilovaga muvofiq jami 84,8 gektar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi xulosasi qabul qilinsin.
Kadastr agentligi mazkur bandda nazarda tutilgan yer uchastkalari belgilangan tartibda davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin ularning yer fondi toifasiga tegishli oʻzgartirish kiritilishi va bu haqida davlat yer kadastri maʼlumotlarida qayd etilishini taʼminlasin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Shaharchani barpo etish maqsadida yer uchastkalari davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan soʻng, shu jumladan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda toʻliq qoplangandan soʻng, ushbu yerlardan boshqa maqsadlarda foydalaniladi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning ushbu qarorga muvofiq toifasi oʻzgartirilganligi munosabati bilan qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari oʻrnini qoplash boʻyicha kompensatsiya toʻlovlari undirilmaydi, elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadigan yer uchastkalari bundan mustasno.
13. Samarqand viloyati hokimligi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida 2031-yil 1-yanvarga qadar 3-ilovaga muvofiq har yil yakunida teng ulushlarda ushbu qaror bilan toifasi oʻzgartirilayotgan sugʻoriladigan yer uchastkalari maydonining besh baravari miqdorida yangi yerlar oʻzlashtirilishini va sugʻoriladigan yerlar toifasiga oʻtkazilishini taʼminlasin.
14. Samarqand viloyati hokimligining Samarqand shahri “Qorasuv” massivi hamda Samarqand tumani “Qorasuv” mahallasi hududidan oʻtuvchi “Samarqand — Buxoro — Turkmanboshi” M-37 avtomobil yoʻli hamda M-37a Samarqand halqa yoʻlini tutashtiruvchi 2-toifali avtomobil yoʻlini qurish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda:
yoʻl qurilishi bilan bogʻliq xarajatlar 2024-yil va keyingi yillarda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan;
yoʻl qurilishi munosabati bilan buzilishga tushgan turar va noturar joy obyektlarini koʻchirish (buzish) uchun zarur boʻlgan kompensatsiya toʻlovlari Oʻzbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
15. Shaharchani barpo etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish doirasida 2026-yil 1-iyulga qadar Direksiya, investorlar, bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha chetdan olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar uchun bojxona boji toʻlashdan ozod qilinsin.
16. Direksiyaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini xarid qilish, respublikaga olib kirish hamda ulardan belgilangan tartibda foydalanishga ruxsat berilsin.
17. Samarqand viloyati hokimligi:
a) Shaharchaning master rejasi belgilangan tartibda tasdiqlangandan soʻng ikki oy muddatda Samarqand shahrining bosh rejasini qayta koʻrib chiqib, natijasi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. Bunda, Shaharcha va Samarqand shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish xususiyatlari, tabiiy-iqlim sharoitlari, aholi soni prognozi hamda transport va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora-tadbirlari inobatga olinsin;
b) Shaharchani barpo etish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilishini taʼminlasin. Bunda:
birinchi navbatda “Shirin” massivi hududida buzilishga tushgan turar va noturar joylar oʻrnida obyektlar qurilishi;
qishloq xoʻjaligi yerlarida obyektlarning qurilish ishlari oxirgi navbatda hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va yigʻishtirish ishlari yakunlangandan soʻng amalga oshirilishi koʻzda tutilsin;
v) tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Samarqand viloyatining Samarqand va Oqdaryo tumanlaridan zarur yer maydonlarini Samarqand shahri tarkibiga oʻtkazish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tegishli qarorlari loyihalarini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
g) Samarqand tumani Qoradaryo sohili boʻyida investorlar tomonidan qurilib, foydalanishga topshiriladigan koʻrgazma zali va qoʻshimcha binolar Direksiyaga tekin foydalanish huquqi asosida ajratilishini taʼminlasin;
d) Direksiyaga 2 ta xizmat avtotransport vositasi hamda zarur tashkiliy texnika va jihozlar ajratilishini taʼminlasin.
18. Shaharcha Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari roʻyxatiga kiritilsin.
19. Samarqand viloyati hokimligi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
20. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 20-iyul,
PQ-233-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyuldagi PQ-233-son qaroriga1-ILOVA
“Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengash
1. A.N. Aripov — Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi 2. E.O. Turdimov — Samarqand viloyati hokimi, Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi oʻrinbosari 3. B.I. Zakirov — qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri 4. Sh.D. Kudbiyev — iqtisodiyot va moliya vaziri 5. L.Sh. Kudratov — investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri 6. A.B. Voitov — qishloq xoʻjaligi vaziri 7. Sh.R. Xamrayev — suv xoʻjaligi vaziri 8. Sh.X. Shermatov — raqamli texnologiyalar vaziri 9. I.R. Mahkamov — transport vaziri 10. J.T. Mirzamahmudov — energetika vaziri 11. A.H. Qoʻldoshev — favqulodda vaziyatlar vaziri 12. N.N. Saydullayev — Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari 13. A.J. Ortiqov — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori 14. Sh.Sh. Sharaxmetov — Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi 15. F.J. Poʻlatov — Kadastr agentligi direktori 16. B.X. Elmurodov — “OʻzshaharsozlikLITI” DUK bosh direktori 17. S.A. Usmanbekov — “Oʻzmilliybank” AJ boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari 18. A.A. Akbarjonov — “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari 19. S.Z. Talibjonov — “Asakabank” AJ boshqaruvi raisining oʻrinbosari 20. Lavozimiga koʻra — “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish direksiyasi direktori, Muvofiqlashtiruvchi kengash kotibi
Izoh:
Muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyuldagi PQ-233-son qaroriga2-ILOVA
“Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish uchun toifasi oʻzgartirilayotgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari
T/r Hudud nomi Yer uchastkalari egalari va yerdan foydalanuvchilar nomi Kontur raqami Yer maydoni, ga shu jumladan: sugʻoriladigan yerlar koʻp yillik daraxtzorlar yaylov yerlari qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan boshqa yerlar Jami: 210,04 30,1 8,4 46,3 125,24 1. Oqdaryo tumani “Shukur Toshloq” f/x 320 9,2 7,7 1,5 2. 322 8,9 7,9 1,0 3. 323 6,8 6,3 0,5 4. Aholi punkti 321 1,1 1,1 5. “Shodi-M” f/x 324 1,5 1,3 0,2 6. “Oqdaryo Agro pilla” MCHJ 325 6,4 5,9 0,5 7. Tuman hokimligi zaxirasi 326 0,5 0,2 0,3 8. Aholi punkti 327 3,1 3,1 9. 335 0,6 0,6 10. “Yurtim koʻzmunchogʻi” f/x 336 1,1 1,0 0,1 11. 337 0,8 0,8 12. Aholi punkti 338 3,3 3,3 13. 339 3,1 3,1 14. Oqdaryo tumani Aholi punkti 340 0,7 0,7 15. 341 1,7 1,7 16. 342 4,7 4,7 17. Tadbirkorlikka berilgan (noturar joy obyektlari) 383q 7,0 7,0 18. 384 2,2 2,2 19. “Boshdarxon bogʻlari” f/x 391q 2,7 2,7 20. 403q 3,6 3,3 0,3 21. Tuman hokimligi zaxirasi 391q 2,1 2,1 22. Tadbirkorlikka berilgan (noturar joy obyektlari) 392q 1,1 1,1 23. 393 1,44 1,3 0,14 24. “Shoxista Shirinliklari” MCHJ 397 6,9 6,1 0,8 25. “Nabiyev Asalbek invest” MCHJ 402q 0,8 0,8 26. “Mirzo Maxmat maskani” f/x 14,5 14,5 27. “Ulugʻ Birlashuv” MCHJ 5,0 5,0 28. “Ablaqul Qodir Sharif Agro” MCHJ 2,0 2,0 29. “Graver Menedjment” MCHJ 20,0 20,0 30. “Yangiobod Maxayo Ganiyeva bogʻi” f/x 10,0 10,0 31. “Shoxrux Yangiobod baligʻi” f/x 10,0 10,0 32. Samarqand markaziy oʻrmon xoʻjaligi 6,0 6,0 33. Tuman hokimligi zaxirasi 32,2 32,2 34. Davlat zaxirasidagi yerlar 29,0 29,0 Toifasi oʻzgartiriladigan yer maydonlari (ga) 84,8
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyuldagi PQ-233-son qaroriga 3-ILOVA
“Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish bilan bogʻliq oʻzlashtirilishi va sugʻoriladigan yerlar toifasiga oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan yangi yer maydonlari
T/r Hudud nomi Yer fondi toifasi oʻzgartirilguniga qadar yerdan foydalanuvchining nomi Kontur raqami Jami yer maydoni, ga Oʻtkaziladigan yer fondi toifasi Oʻzlashtirish uchun joriy etiladigan texnologiya 1. Samarqand viloyati Nurobod tumani “Sariqul” MFY “Sariqul Mego Agro” MCHJ 163 50 Sugʻoriladigan yerlar 10 dona tik quduqlar qaziladi 189k 53 165 117 Jami: 220