PQ-292-son Qaror · 04.09.2023

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-292
  • Qabul qilingan sana:04.09.2023
  • Kuchga kirgan sana:05.09.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/292/0675

Oʻtgan ikki yilda oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlari natijasida tadbirkorlik sohasida koʻplab tizimli muammolar hal etildi, shu jumladan biznes yuritishni soddalashtirish, soliq yukini kamaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish tizimi va infratuzilma yaratish hamda mulk huquqini taʼminlash boʻyicha izchil ishlar amalga oshirildi.

Tadbirkorlik subyektlarini mikro, kichik, oʻrta va yirik toifalarga, tuman va shaharlarni 5 ta toifaga ajratish orqali tadbirkorlikni manzilli qoʻllab-quvvatlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Joriy yilning 18-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida tadbirkorlardan kelib tushgan qariyb 6 mingta murojaatda koʻtarilgan tizimli muammolarning yechimiga qaratilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish hamda ochiq muloqotda belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish maqsadida:

1. Quyidagi yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

kichik biznesga yangi imkoniyatlar yaratish;

oʻrta biznesni barqaror iqtisodiy oʻsish garoviga aylantirish;

yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot bilan kirish;

yuqori daromadli korxonalarni koʻpaytirish;

sodda soliq maʼmuriyatchiligi va byurokratiyadan xoli qulay muhit yaratish.

2. “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki negizida “Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik tijorat banki (keyingi oʻrinlarda — Biznesni rivojlantirish banki) tashkil etilsin va uning faoliyati ustuvor ravishda kichik biznes subyektlarining loyihalarini moliyalashtirish va ularga kompleks xizmatlar koʻrsatishga yoʻnaltirilsin.

3. Biznesni rivojlantirish banki huzurida quyidagilar tashkil etilsin:

xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari va xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali istiqbolli kichik biznes loyihalarini amalga oshiradigan “Kichik biznesni rivojlantirish jamgʻarmasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati;

kichik tadbirkorlik subyektlariga biznes loyihalarini ishlab chiqish, moliyalashtirish va ishga tushirishga koʻmaklashish, ularga konsalting xizmatlarini koʻrsatishga masʼul boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 14 ta kichik biznesga koʻmaklashish markazlari.

4. Belgilansinki, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlik subyektlari loyihalarini kengaytirish va yangi kichik biznes loyihalarini ishga tushirish maqsadida:

Biznesni rivojlantirish banki tomonidan vakolatli banklar bilan birgalikda kichik biznes loyihalari uchun qulay shartlarda 7 yilgacha boʻlgan muddatlarda kreditlar ajratiladi;

ijobiy kredit va soliq tarixiga ega hamda kichik biznesga koʻmaklashish markazlari yordamida loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini kengaytirish uchun kreditlar ajratishda ularga garov talabi 50 foizga kamaytiriladi.

5. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining sanoat sohalarida “140 ta ilgʻor sanoat korxonasi” dasturini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan:

a) “140 ta ilgʻor sanoat korxonasi” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlarining loyihalarini moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada yillik 4 foiz, milliy valyutada yillik 10 foiz stavkada 10 yil muddatgacha kredit mablagʻlari ajratiladi;

b) yangi turdagi yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish va mavjud quvvatlarni kengaytirishga qaratilgan sanoat loyihalariga:

xorijiy valyutada yillik 5 foiz, milliy valyutada yillik 10 foiz stavkada 10 yilgacha muddatga kredit mablagʻlari;

xorijiy valyutada yillik 4 foiz, milliy valyutada yillik 10 foiz stavkada 1 yilgacha muddatga aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun kredit mablagʻlari ajratiladi.

7. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ikki oy muddatda “140 ta ilgʻor sanoat korxonasi” dasturini amalga oshirish jarayonlarini raqamlashtirishni nazarda tutuvchi, shu jumladan ushbu dasturga kiritilgan sanoat loyihalarini tadbirkorlik subyektlariga ochiq tanlov asosida taklif qilish imkoniyatiga ega elektron platformani ishga tushirsin.

8. Belgilansinki:

a) qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy summasi oʻrnini qoplashda (qaytarishda) soliq uzilishi (tax gap) koeffitsiyentini qoʻllash amaliyoti taqiqlanadi;

b) qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha maxsus roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish tartibi bekor qilinadi (bundan amalga oshirilayotgan bitimlar (operatsiyalar) xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga nomuvofiq boʻlgan holatlar mustasno);

v) foyda soligʻi boʻyicha har oy boʻnak toʻlovlarini toʻlashi lozim boʻlgan tadbirkorlik subyektlari daromadining chegaraviy miqdori 5 milliard soʻmdan 10 milliard soʻmga oshiriladi;

g) 2024-yil 1-yanvardan boshlab:

iqtisodiy sudlar tomonidan soliq organlari ishtirokida koʻrilayotgan ishlar maʼmuriy sudlar yurisdiksiyasiga oʻtkaziladi;

soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddati besh yildan uch yilga tushiriladi.

9. Kameral soliq tekshiruvini oʻtkazishda quyidagilar taqiqlansin (bundan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi oʻrnini qoplash (qaytarish)da oʻtkaziladigan kameral soliq tekshiruvlari mustasno):

soliq toʻlovchining hududiga kirish;

soliq toʻlovchining hududini va binolarini koʻzdan kechirish;

soliq toʻlovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish;

soliq toʻlovchining hujjatlari va buyumlarini olib qoʻyish.

10. Belgilab qoʻyilsinki, 2024-yil 1-yanvardan boshlab:

aholi va tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar boʻyicha qarzdorlikni undirish boʻyicha sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, mazkur kreditlar boʻyicha foizlar va neustoyka hisoblanishi toʻxtatiladi;

toʻlov miqdori kredit majburiyatlarini bajarish uchun yetarli boʻlmaganda, mablagʻlarni, birinchi navbatda, mutanosib ravishda muddati oʻtgan asosiy qarz va foiz qarzdorliklarini, ikkinchi navbatda joriy toʻlov uchun hisoblangan foizlar va asosiy qarzni, keyingi navbatlarda neustoyka va ijro xarajatlarini qoplashga yoʻnaltirish tartibi oʻrnatiladi.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashining (keyingi oʻrinlarda — Jamoatchilik kengashi) quyidagi takliflari maʼqullansin:

(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-229-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/229/1090-son)

Jamoatchilik kengashining yigʻilishlarini oyiga kamida bir marotaba oʻtkazib borish;

tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan oʻtkazishdan oldin Jamoatchilik kengashi muhokamasidan oʻtkazish.

12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi:

viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda har bir hududning Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli investitsiya loyihalari roʻyxatini va bu borada tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutuvchi “Qoraqalpogʻistonda biznes qiling” dasturini amalga oshirish boʻyicha qaror loyihasini;

2024-yil 1-aprelga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2024-yildagi ochiq muloqotini Qoraqalpogʻiston Respublikasida tashkil qilish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Quyidagilarga:

vazirlik va idoralar rahbarlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga — “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish;

Bosh vazir oʻrinbosarlari J. Xodjayev va J. Qoʻchqorovga — “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni toʻliq hajmda amalga oshirish boʻyicha vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining oʻz vaqtida va puxta ishlab chiqilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.

14. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

“Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish holati har oyda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida koʻrib chiqiladi hamda yuzaga kelayotgan muammolar yechimi va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar uchun tegishli masʼullarga chora koʻrib boriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Nazorat inspeksiyasi “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar masʼul vazirlik va idoralar tomonidan belgilangan muddatlarda va sifatli ijro etilishini taʼminlaydi.

15. Vazirlar Mahkamasi (J. Xodjayev) bir oy muddatda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot doirasida bildirilgan tashabbus va takliflarni amalga oshirish natijasida tadbirkorlarning faoliyatida yuz bergan ijobiy oʻzgarishlarni yoritib borish yuzasidan media-reja tasdiqlasin.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari tasdiqlangan media-reja asosida amalga oshirilgan ishlar va ularning natijalarini ommaviy axborot vositalari hamda Internet sahifalarida keng yoritib borsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2022-yildagi “ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-364-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

17. Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qoʻchqorov belgilansin.

Qaror ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 4-sentabr,

PQ-292-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-sentabrdagi PQ-292-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha

Izoh: normativ-huquqiy hujjatlarning turlari tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-229-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/229/1090-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-sentabrdagi PQ-292-son qaroriga3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2022-yildagi “ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-364-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. 2-banddan “2-ilovaga muvofiq tarkibda” soʻzlari chiqarib tashlansin.

2. 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.