Xalqaro moliya institutlari koʻmagida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini sifatli ishlab chiqish va samarali amalga oshirish uchun xorijiy va mahalliy maslahatchilar va konsalting kompaniyalarini jalb qilish maqsadida:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — YETTB) oʻrtasida YETTB boshqaruvida boʻlgan 5 yil muddatga (keyinchalik uzaytirish sharti bilan) Oʻzbekistonda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etish boʻyicha anglashuv memorandumi imzolanganligi va tegishli biznes-reja ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda YETTBning quyidagi takliflari maʼqullansin:
Jamgʻarma faoliyatini boshqarish uchun YETTB tomonidan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Jamgʻarmani boshqarish guruhini tuzish;
Jamgʻarmani boshqarish guruhi oʻz faoliyatida YETTBga hisobdor boʻlishi;
Jamgʻarmani YETTB tomonidan jalb etiladigan 10 mln yevro miqdoridagi grant va YETTB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga taqdim etiladigan 10 mln yevro miqdoridagi kredit mablagʻlari hisobidan shakllantirish;
Jamgʻarma tomonidan faqat tender asosida amalga oshiriladigan davlat-xususiy sheriklik (keyingi oʻrinlarda — DXSh) loyihalari boʻyicha ularning konsepsiyasi, moliyaviy modeli, loyihani baholash, tender hujjatlari va DXSh bitimlarini ishlab chiqish uchun maslahatchilar va konsalting kompaniyalarini (keyingi oʻrinlarda — konsultantlar) jalb qilish hamda tender jarayonlarini tashkil qilish va oʻtkazish, DXSh loyihalari bilan ishlaydigan mahalliy mutaxassislarni oʻqitish va DXSh sohasini rivojlantirish bilan bogʻliq boshqa maqsadlar uchun mablagʻlar ajratilishi;
Jamgʻarma hisobidan konsultantlarni YETTBning ichki xarid qoidalariga muvofiq jalb qilish;
DXSh loyihalari doirasida Jamgʻarmadan ajratilgan mablagʻlar, qoida tariqasida, tender savdolari natijasida aniqlangan xususiy sheriklar tomonidan Jamgʻarmaga qaytarilishi;
Jamgʻarma, shu jumladan Jamgʻarmani boshqarish guruhi faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
Jamgʻarma tomonidan umumiy qiymati 10 mln AQSh dollari ekvivalentidan ortiq boʻlgan DXSh loyihalari boʻyicha konsultantlar xizmati moliyalashtiriladi;
umumiy qiymati 10 mln AQSh dollari ekvivalentidan ortiq boʻlgan DXSh loyihalari “SOURCE” xalqaro platformasida joylashtirib boriladi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Jamgʻarma tomonidan konsultantlar xizmatlari moliyalashtiriladigan DXSh loyihalari roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda — roʻyxat) YETTB bilan kelishgan holda har yili 1-noyabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradi hamda mazkur roʻyxat har yili 1-dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
4. Roʻyxatga kiritilgan loyihalar boʻyicha davlat sherigi boʻlgan vazirlik va idoralar Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda DXSh loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida konsultantlarni jalb qilish uchun tegishli texnik topshiriqlar ishlab chiqilishi va Jamgʻarmaga taqdim qilinishini taʼminlasin.
5. Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J. Qoʻchqorovga YETTB bilan Oʻzbekistonda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish jamgʻarmasi boʻyicha hamkorlik shartnomasini tuzish hamda 10 mln yevro miqdoridagi qarz bitimini Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash vakolati berilsin.
6. Belgilansinki:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi YETTB tomonidan ajratiladigan qarz mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
ETTB tomonidan ajratiladigan qarz mablagʻlarini qaytarish, foiz, bir martalik boshlangʻich va boshqaruv, majburiyat uchun toʻlovlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
7. YETTB tomonidan ajratiladigan qarz mablagʻlarini qaytarish, foiz, bir martalik boshlangʻich va boshqaruv, majburiyat uchun toʻlovlarni amalga oshirishning prognoz jadvali ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi bilan YETTB oʻrtasida imzolangan qarz bitimi boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-sentabr,
PQ-307-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-307-son qaroriga ILOVA
ETTB tomonidan ajratiladigan qarz mablagʻlarini qaytarish, foiz, bir martalik boshlangʻich va boshqaruv, majburiyat uchun toʻlovlarni amalga oshirishning
* Qarz boʻyicha foizlarni hisoblab chiqishda 2023-yil 28-avgust holatiga 6 oylik Euribor 3,94 % ga teng deb hisoblanadi.
** Bir martalik boshlangʻich va boshqaruv toʻlovlari qarz mablagʻi hisobidan toʻlanadi.
*** Majburiyat uchun toʻlov qarz bitimi imzolangandan soʻng 60 kundan keyin hisoblanadi.
**** Toʻlov summalari qarzning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib aniqlanadi.