PQ-365-son Qaror · 15.11.2023

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 9-sentabrdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4820-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-365
  • Qabul qilingan sana:15.11.2023
  • Kuchga kirgan sana:16.11.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/365/0853

Harbiy xizmatchilarning madaniy dam olishlarini yanada samarali tashkil etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimida madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi faoliyatni muvofiqlashtirish hamda qoʻllab-quvvatlashni takomillashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 9-sentabrdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4820-son qaroriga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Maʼnaviyat va maʼrifat markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Maʼnaviyat va madaniyat departamentini (keyingi oʻrinlarda — Departament) tashkil etish;

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Harbiy orkestr xizmatini Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Alohida namunali-koʻrgazmali harbiy orkestri etib qayta nomlash;

Departament huzurida Maʼnaviyat va madaniyatni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish;

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boʻlinmalarining (qoʻshinlarining) madaniyat va sanʼat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish vazifasini Departament zimmasiga yuklash.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Departament faoliyatini tashkil etish hamda Departament huzuridagi Maʼnaviyat va madaniyatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 15-noyabr,

PQ-365-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-noyabrdagi PQ-365-son qarorigaILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 9-sentabrdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4820-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. 1-bandda:

uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

toʻrtinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.

2. 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“3. Belgilansinki, 2023-yil 1-noyabrdan boshlab:

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Maʼnaviyat va maʼrifat markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Maʼnaviyat va madaniyat departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament) tashkil etiladi. Departament Mudofaa vazirligi boʻlinmalarining (qoʻshinlarining) madaniyat va sanʼat sohasidagi faoliyatini, maʼnaviyat va maʼrifat hamda madaniyat markazlari, harbiy orkestrlar, kutubxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va samarali boshqarishga, ularga madaniyat va sanʼat sohasidagi vazifalarni bajarishda koʻmaklashishga masʼul hisoblanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Harbiy orkestr xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Alohida namunali-koʻrgazmali harbiy orkestri etib qayta nomlanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Alohida namunali-koʻrgazmali harbiy orkestri, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli Departament boʻysunuviga oʻtkaziladi;

Departament huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda, Maʼnaviyat va madaniyatni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi.

Departament faoliyatini tashkil etish hamda Departament huzuridagi Maʼnaviyat va madaniyatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”.

3. 8-bandda:

a) ikkinchi va uchinchi xatboshilardagi “Majmua” soʻzi “Majmua va Departament” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Majmua hududida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Maʼnaviyat va madaniyat departamenti, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti, Alohida namunali-koʻrgazmali harbiy orkestri, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli bepul foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi”;

v) toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar tegishlicha beshinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;

g) yettinchi xatboshi “yodgorlik majmuasi” soʻzlaridan keyin “, Maʼnaviyat va madaniyat departamenti” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.