Mahallalarni qoʻllab-quvvatlashni yanada takomillashtirish, mahallabay ishlashga masʼul boʻlgan shaxslar faoliyatini samarali tashkil etish va ularning hamkorligini taʼminlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 127-moddasiga muvofiq fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishda koʻmaklashish maqsadida:
1. Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda mahalla fuqarolar yigʻinlari raislarining:
respublika, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlarini shakllantirish;
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasini (keyingi oʻrinlarda — Uyushma), uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) boʻlimlarini tashkil etish;
Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida 5 ta shtat birligidan iborat boʻlgan “Mahalla yettiligi” faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻlimini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Uyushmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
mahallaning xalq bilan davlat oʻrtasidagi “koʻprik” vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishiga koʻmaklashish;
mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirish, uning jamiyatdagi oʻrni va rolini kuchaytirish, mahalla boshqaruvida aholining faol ishtirokini taʼminlash;
har bir fuqaro oʻzi va oilasining kelajagi, moliyaviy ahvoli va farovonligini taʼminlashda masʼuliyatni sezishi, boqimandalikka oʻrganmaslik hissini yanada kuchaytirish boʻyicha targʻibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish;
fuqarolarni oʻz uyi va koʻchasini ozoda saqlashga, milliy qadriyat va urf-odatlarni hurmat qilishga chaqirish, maʼnaviy va maʼrifiy ishlarda mahallaning oʻrnini kuchaytirish, aholi oʻrtasida oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash choralarini koʻrish;
“mahalla yettiligi” tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda ularni ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish uchun safarbar etishda koʻmaklashish;
mahallalardagi muammolarning oʻz vaqtida va samarali yechilishida davlat organlari va tashkilotlarining mahallalardagi vakillarining saʼy-harakatlarini birlashtirish, muvofiqlashtirish va yoʻnaltirish;
mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish, kambagʻal oilalarga ajratilayotgan budjet mablagʻlari va boshqa mablagʻlarning maqsadli va manzilli yoʻnaltirilishini taʼminlash;
mahallalarning moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash, ularga ajratiladigan mablagʻlarni markazlashgan tarzda taqsimlash, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
mahalla masʼullarining malakasini oshirish, ularda zamonaviy boshqaruv koʻnikmalari shakllanishiga koʻmaklashish.
3. Belgilansinki:
Respublika mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashiga Bosh vazir, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar) mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlariga tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi va hokimlar raislik qiladi;
Uyushma raisi maqomi, tibbiy, transport va maishiy taʼminoti sharoitlari boʻyicha Bosh vazir oʻrinbosariga, Uyushma raisining oʻrinbosarlari vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)
Uyushmaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) boʻlimlari rahbarlari maqomi, tibbiy, transport va maishiy taʼminot sharoitlari boʻyicha tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosariga, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimi oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
4. Mahallaning jamiyat hayotidagi oʻrnini oshirish hamda sohada boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan “mahalla yettiligi”ni tashkil qiladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)
5. “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” (keyingi oʻrinlarda — daftarlar) orqali ijtimoiy yordam koʻrsatish va subsidiyalar ajratishda byurokratiyadan xoli va mahallaning hamjihatligini aks ettiruvchi quyidagi yangi tartib joriy etilsin:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-17-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2025-y., 06/25/17/0127-son)
jismoniy shaxslarni daftarlarga kiritish, shuningdek, daftarlar, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hamda Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi orqali ijtimoiy yordam koʻrsatish va subsidiyalar ajratish “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori asosida amalga oshiriladi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-17-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2025-y., 06/25/17/0127-son)
har oyning 5-sanasiga qadar daftarlar uchun mablagʻlarni taqsimlovchi masʼul tashkilotlar tomonidan jamgʻarmalarda shakllangan mablagʻlar mahalladagi aholi soni, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar soni, nogironligi boʻlgan shaxslar soniga mutanosib ravishda tegishliligi boʻyicha har bir mahalla kesimida taqsimlanadi;
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
Eʼtibor bering. 5-bandning uchinchi xatboshisiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni bilan 2026-yil 1-fevraldan kuchga kirishi belgilangan oʻzgartirish mavjud.
5-ilovada keltirilgan ijtimoiy yordam turlarini koʻrsatish va subsidiyalar ajratish “mahalla yettiligi”ning kollegial qarorlari asosida amalga oshiriladi;
hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va ijtimoiy xodim ularga yuklatilgan vazifalar yuzasidan jismoniy shaxslarni tegishli daftarlarga kiritish va chiqarish hamda ijtimoiy yordam koʻrsatish va subsidiyalar ajratish boʻyicha hujjatlarni shakllantirib, mahalla “yettiligi”ning boshqa barcha aʼzolariga koʻrib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritadi;
“Temir daftar” Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan yuritiladi;
“Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi tomonidan koʻrsatiladigan yordamlar fuqarolarning ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish va shunday vaziyatga tushganlarni ogʻir vaziyatdan chiqarish maqsadida ijtimoiy xodim tomonidan mahalla “yettiligi”ga koʻrib chiqish uchun kiritilgan holda koʻrsatiladi;
ijtimoiy yordam va subsidiyalar aholining kambagʻallikdan chiqishini taʼminlash uchun maqsadli va manzilli yoʻnaltirilishi hamda qarorlar qabul qilinishida ochiqlik, haqqoniylik, ijtimoiy adolat va shaffoflik tamoyillariga rioya qilinishi uchun “mahalla yettiligi” masʼul va javobgar boʻladi;
“mahalla yettiligi”ning faoliyati asosiy samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) boʻyicha alohida baholanadi. Bunda koʻrsatkichlar mazkur xodimlarning ish beruvchilari tomonidan Uyushma bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
mahalla raislari hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektorlari faoliyatini KPI asosida baholashda 20 foiz ball berish huquqiga ega boʻladi.
6. Belgilansinki, 2024-yil 1-yanvardan boshlab “mahalla yettiligi” aʼzolarining ish haqini asosiy ish joyidan berish tartibi saqlab qolingan holda KPI asosida baholash natijalaridan kelib chiqib, ular moddiy ragʻbatlantirilib boriladi.
7. 2024-yil 1-yanvardan boshlab barcha tuman va shaharlarda “Mahalla budjeti” tizimi amaliyotga joriy etilsin. Bunda:
a) har bir mahalladagi Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasiga quyidagi mablagʻlar yoʻnaltiriladi:
jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi va yer soligʻi boʻyicha undirilgan mablagʻlarning (noturar joylar boʻyicha undiriladigan mol-mulk soligʻi va yer soligʻi bundan mustasno) 10 foizi;
mahalla idoralari orqali koʻrsatilgan davlat xizmatlari uchun undirilgan yigʻimning 10 foizi;
mahalla hududida sanitariya qoidalarini buzganlik va noqonuniy qurilish uchun undirilgan jarimalarning 10 foizi;
(7-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-iyul)
mahalladagi hududi 5 000 kvadrat metrgacha boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini hokimi yordamchisi onlayn-buyurtmanomasiga asosan toʻgʻridan-toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotishdan tushadigan mablagʻlar, baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda;
(7-band “a” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)
mahallaning mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olinadigan mablagʻlar;
Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda belgilanadigan boshqa mablagʻlar;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlari Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasi mablagʻlarini qayta taqsimlagan holda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda ortda qolayotgan mahallalarga yoʻnaltirishi mumkin.
8. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 21-dekabr,
PF-209-son
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2026-y., 06/26/116/0620-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi PF-209-son Farmoniga 5-ILOVA
“Mahalla yettiligi”ning kollegial qarorlari asosida koʻrsatiladigan ijtimoiy yordam va ajratiladigan subsidiyalar
* Ushbu roʻyxatda koʻrsatilgan yordam va subsidiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlari bilan belgilangan.
** Ijtimoiy yordam koʻrsatish va subsidiya ajratish boʻyicha hujjatlarni “mahalla yettiligi”ga koʻrib chiqish uchun hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi tayyorlaydi va kiritadi.
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)