PF-18-son Farmon · 20.01.2024

Yoshlar siyosati va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-18
  • Qabul qilingan sana:20.01.2024
  • Kuchga kirgan sana:22.01.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/24/18/0054

Yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, sportni rivojlantirish boʻyicha dolzarb muammolarni samarali hal etish, ushbu sohalardagi davlat va nodavlat tashkilotlarning hamkorlikdagi faoliyatini takomillashtirish va muvofiqlashtirish, shuningdek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da sifatli amalga oshirish hamda yoshlarga oid davlat siyosati yoʻnalishida belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) Yoshlar ishlari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidan Vazirlar Mahkamasi boʻysunuviga oʻtkazilsin;

b) Yoshlar siyosati va sport vazirligi negizida Sport vazirligi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar siyosati va sport boshqarmalari negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sport boshqarmalari tashkil etilsin.

2. Belgilansinki, Sport vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi tegishliligi boʻyicha Yoshlar siyosati va sport vazirligining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

3. Quyidagilar:

Sport vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq;

Sport vazirligining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Yoshlar ishlari agentligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari 3-ilovaga muvofiq;

Yoshlar ishlari agentligining tashkiliy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki:

tegishincha Sportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Sport vazirligi hamda uning tizimidagi budjet tashkilotlari huzurida, Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy boʻlinmalari hamda Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti huzurida mablagʻlarni shakllantirish va ulardan foydalanishning amaldagi tartibini toʻliq saqlab qolgan holda yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan budjetdan tashqari jamgʻarma sifatida faoliyat yuritadi;

sport sohasiga hamda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita taʼsir qiladigan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari, shuningdek, Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan barpo etiladigan yoshlarga oid infratuzilmalar, sport obyektlari va inshootlarining loyiha hujjatlari tegishlicha Sport vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi bilan majburiy ravishda kelishiladi.

5. Sport vazirligi Toshkent shahri, Abdulla Qodiriy koʻchasi, 2-uy manzili boʻyicha, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahri, Alisher Navoiy koʻchasi 11b-uy manzili boʻyicha joylashtirilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-apreldagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida yoshlar siyosati va sport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-114-son qarori 1-bandining ikkinchi, toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari, shuningdek, qarorga 1, 3 va 4-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

8. Sport vazirligi Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 20-yanvar,

PF-18-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-yanvardagi PF-18-son Farmoniga 1-ILOVA

Sport vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari

Quyidagilar Sport vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi:

a) sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, unda ishtirok etuvchi davlat organlarining ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda mazkur sohada qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

b) sohaga oid kompleks dasturlarni ishlab chiqish hamda sport sohasida faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash;

v) aholi oʻrtasida sportni ommalashtirish va sogʻlom turmush tarziga keng jalb etish, sport taʼlimi tizimini takomillashtirish, sport turlari boʻyicha yuqori natijador sportchilar zaxirasini yaratish;

g) Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirish, nufuzli xalqaro musobaqalarda sportchilarning muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash;

d) sport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sohani bosqichma-bosqich raqamlashtirish, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

e) sport sohasida xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash, xalqaro shartnomalar tayyorlash, tuzish va bajarish haqida takliflar taqdim etish;

j) normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini tashkil etish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-yanvardagi PF-18-son Farmoniga 2-ILOVA

Sport vazirligining tashkiliy tuzilmasi

(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-iyundagi PF-94-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2024-y., 06/24/94/0447-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-yanvardagi PF-18-son Farmoniga 3-ILOVA

Yoshlar ishlari agentligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari

Quyidagilar Yoshlar ishlari agentligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi:

a) yoshlar bilan bogʻliq soha va yoʻnalishlarda yagona davlat siyosatini, strategik yoʻnalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

b) mahallalarda yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish boʻyicha belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish;

v) yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni ilm-fan va innovatsiyalarga keng jalb etish;

g) yoshlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;

d) yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qilish;

e) yoshlarning intellektual rivojlanishga boʻlgan intilishlarini qoʻllab-quvvatlash va bu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirib borish;

j) yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, zamonaviy kasb-hunar, raqamli iqtisodiyot koʻnikmalarini puxta egallashlari uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish, ularni ish bilan taʼminlash jarayonlariga koʻmaklashish;

z) yoshlar ishlari sohasida xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash, xalqaro shartnomalar tayyorlash, tuzish va bajarish haqida takliflar taqdim etish;

i) normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini tashkil etish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-yanvardagi PF-18-son Farmoniga 4-ILOVA

Yoshlar ishlari agentligining tashkiliy tuzilmasi

Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalari Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti Tuman (shahar) yoshlar ishlari boʻlimlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-yanvardagi PF-18-son Farmoniga 5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-269-son Farmoni 12-bandining oʻninchi xatboshisidagi “Yoshlar siyosati va sport vazirligi” soʻzlari “Sport vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmonida:

a) 1-ilovada:

“15. Yoshlar siyosati va sport vazirligi” boʻlimi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

15. Sport vazirligi Sport vazirligi 469 469 shu jumladan vazir oʻrinbosarlari soni 3 3 ”;

quyidagi mazmundagi 24-boʻlim bilan toʻldirilsin:

“ 24. Yoshlar ishlari agentligi Yoshlar ishlari agentligi 776 776 shu jumladan direktor oʻrinbosarlari soni 3 3 ”;

b) 2-ilovada:

15-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“15. Sport vazirligi”;

15.1-pozitsiya chiqarib tashlansin;

quyidagi mazmundagi 27-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

“27. Yoshlar ishlari agentligi”;

v) 2a-ilovada:

15-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“ 15. Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi Sport vazirligi Minsporta ”.

15.1-pozitsiya chiqarib tashlansin;

quyidagi mazmundagi 27-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

“ 27. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Yoshlar agentligi Agentstvo molodeji ”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.