PQ-88-son Qaror · 27.02.2024

Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-88
  • Qabul qilingan sana:27.02.2024
  • Kuchga kirgan sana:28.02.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/88/0159

Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash mexanizmlarini soddalashtirish hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining (keyingi oʻrinlarda — Ijtimoiy himoya milliy agentligi) hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining quyidagi takliflari maʼqullansin:

2024-yil 1-mayga qadar elektr yuritmali kreslo-aravacha, velo kreslo-aravacha, sanitariya uskunalari bilan jihozlangan mexanik kreslo-aravacha, yurish moslamasi (rollator), toʻrt oyoqli hassa, ovozli termometr va tonometr hamda boshqa vositalarni inobatga olgan holda davlat tomonidan kafolatlangan tarzda taʼminlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari (keyingi oʻrinlarda — protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari) turlarini 18 tadan 30 taga kengaytirish;

2024-yil 1-maydan boshlab protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari xaridi uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablagʻlar miqdorini bozor konyunkturasidan kelib chiqib oʻrtacha uch baravargacha, ayrim vositalarning turlarini esa oʻn baravargacha oshirish.

2. Belgilansinki:

a) 2024-yil 1-maydan boshlab:

nogironligi boʻlgan shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi alohida tibbiy xulosa rasmiylashtirmasdan nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma asosida belgilanadi;

(2-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-apreldagi PF-69-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2026-y., 06/26/69/0420-son)

b) 2024-yil 1-mayga qadar Toshkent shahri va Samarqand viloyatida, 2024-yil 1-oktabrga qadar respublikaning boshqa barcha hududlarida muhtoj shaxslarni protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan vaucher asosida taʼminlash tartibi joriy etiladi, unga muvofiq:

muhtoj shaxslarni protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash elektron tijorat orqali amalga oshiriladi;

elektron tijorat orqali protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga buyurtma bera olmaydigan muhtoj shaxslarga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar tomonidan koʻmak berib boriladi;

vaucher asosida reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini oʻzining elektron savdo maydonchasida realizatsiya qilish istagini bildirgan elektron savdo maydonchasining operatorlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan jalb etiladi;

vaucher qiymati bilan sotib olingan protez moslamalari va reabilitatsiya vositalarining narxi oʻrtasida hosil boʻlgan salbiy farq muhtoj shaxslarning oʻz hisobidan qoplanadi, ijobiy farq hosil boʻlganda esa muhtoj shaxslarga uning 20 foizini ragʻbatlantirish sifatida olish imkoniyati taqdim etiladi. Bunda, mazkur ragʻbatlantirish mablagʻlari jismoniy shaxslarning soliq solinadigan jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi;

v) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlaridagi ijtimoiy xodimlar guruhlari tomonidan ishlab chiqilgan individual tartibdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatish rejalariga muvofiq protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlangan muhtoj shaxslarni taʼlim va sportga jalb etish hamda ularning bandligini taʼminlash kabi yoʻnalishlarda ijtimoiy hayotga moslashtirish choralari koʻriladi.

3. Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining protez moslamalari va reabilitatsiya vositalarini yetkazib beruvchi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

2024-yil 1-martdan boshlab xorijiy ishlab chiqaruvchilarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalarini, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizalarini koʻrib chiqqanlik va tegishli guvohnoma berganlik uchun undiriladigan yigʻimlar miqdorini 50 foizga kamaytirish;

2027-yil 1-yanvarga qadar 1-ilovaga muvofiq roʻyxat asosida protez moslamalari va ularning butlovchi, ehtiyot qismlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarordan kelib chiqib, Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlangan fuqarolarning aniq hisobini yuritib borish hamda homiylik qiluvchi subyektlarning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

2024-yil 1-oktabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari Davlat budjeti, budjetdan tashqari mablagʻlar va homiylik xayriyalari hisobidan protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlangan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni doimiy ravishda “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga majburiy tartibda kiritib boradi;

muhtoj shaxslar protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan homiylik xayriyalari hisobiga taʼminlanganligi homiylik subyektlari (jismoniy va yuridik shaxslar) tomonidan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlarga maʼlum qilinganda, ular tomonidan homiylik subyektlariga muhtoj shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalaridan foydalanishi, taʼlim va sportga jalb etilishi, ularning ijtimoiylashuvi holati yuzasidan maʼlumot taqdim etib boriladi.

5. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan elektron tijorat orqali vaucher asosida taʼminlashni toʻxtatmagan holda, 2024-yil 1-apreldan 2026-yil 1-aprelga qadar elektr yuritmali kreslo-aravacha va eshitish moslamalarini markazlashtirilgan tartibda xarid qilish va muhtoj shaxslarga yetkazib berish vakolati berilsin.

6. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Fanlar akademiyasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda 2024 — 2025-yillar davomida protez moslamalari va reabilitatsiya vositalarini ishlab chiqarish va sohadagi muammolarni tadqiq qilish boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish choralarini koʻrsin.

7. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-fevralga qadar muhtoj shaxslarni protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan “Ijtimoiy karta” orqali taʼminlash tizimini joriy etish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

8. Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash tizimini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

10. Ijtimoiy himoya milliy agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori M.P. Olloyorov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 27-fevral,

PQ-88-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-fevraldagi PQ-88-son qaroriga 1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishida qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadigan protez moslamalari va ularning butlovchi, ehtiyot qismlari

Izoh: Ijtimoiy himoya milliy agentligining takliflariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi protez moslamalari va ularning butlovchi, ehtiyot qismlari roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-fevraldagi PQ-88-son qaroriga 2-ILOVA

Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash tizimini yanada takomillashtirishga doir

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-fevraldagi PQ-88-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5217-son qarorida:

a) 2-bandda:

oʻn ikkinchi xatboshidan “, 20 ming dona yigʻma Brayl alifbosi” soʻzlari chiqarib tashlansin;

oʻn uchinchi xatboshidagi “2022-2023-yillarda 12 mingta” soʻzlari “2022-yilda 6 mingta” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 3-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-noyabrdagi PQ-22-son qarori bilan tasdiqlangan Nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida hisobga olish va koʻrikdan oʻtkazishning elektron axborot tizimini yaratish va kadrlar salohiyatini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning 11 va 13-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi “2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-436-son qaroriga 3-ilovaning 61-pozitsiyasi “Ijro muddati” ustuni uchinchi va toʻrtinchi xatboshilaridagi “2023-yil dekabr” hamda “2024-yil yanvar” soʻzlari “2024-yil aprel” soʻzlari bilan almashtirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-fevraldagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-74-son qarorining 3-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-sentabrdagi “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-319-son qaroriga 2-ilovada:

12-pozitsiyaning “Ijro muddati” ustunidagi “2024” raqami “2025” raqami bilan almashtirilsin;

14-pozitsiyaning “Ijro muddati” ustunidagi “2024-yil fevral” soʻzlari “2024-yil aprel” soʻzlari bilan almashtirilsin.

6. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:

a) 2-ilovada:

quyidagi mazmundagi 40 — 42-bandlar bilan toʻldirilsin:

“40. Kuchli ifodalangan nuqsonlarga olib kelgan shizofreniyaning barcha turlari.

41. Kuchli ifodalangan shaxsiyat oʻzgarishlariga olib kelgan epilepsiya kasalligi.

42. Parkinson kasalligi kuchli ifodalangan regid qaltiroq turi”;

izoh qismining birinchi bandi ikkinchi xatboshisidagi “3, 19b, 24, 26, 33, 34 va 36-bandlardan” soʻzlari “3, 19b, 24, 26, 33, 34, 36, 40, 41 va 42-bandlardan” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 4-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI IJTIMOIY HIMOYA MILLIY AGENTLIGI

Izoh.

1. Nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma nogironlik pensiyasini tayinlash uchun BTPJning tegishli boʻlimiga elektron tizim orqali yuboriladi.

2. Kasbiy mehnat layoqati yoʻqotilganligi toʻgʻrisida maʼlumot faqat mehnatda mayib boʻlgan yoki kasb kasalligiga chalingan shaxslar uchun beriladi.

3. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatda mayib boʻlgan yoki kasb kasalligiga chalingan shaxslarning kasbiy mehnat layoqati yoʻqotilishi darajasini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 6-bandiga muvofiq mehnatda mayib boʻlish yoki kasb kasalligiga bogʻliq boʻlmagan holda yangi aniqlangan kasallik oqibatida nogironlik guruhi ogʻirlashtirilganda nogironlik sababi “umumiy kasallik” deb belgilanadi, oldin aniqlangan kasbiy mehnat layoqatining yoʻqotilishi darajasi esa bemorning koʻrikdan oʻtish kunidagi holatiga asosan qayta koʻrib chiqiladi.”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.