PQ-108-son Qaror · 01.03.2024

Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-108
  • Qabul qilingan sana:01.03.2024
  • Kuchga kirgan sana:04.03.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/108/0171

Sugʻurta bozorini yanada rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali sugʻurta xizmatlarining ommabopligini va sifatini oshirish, shuningdek, sohani tartibga solishni yanada takomillashtirish maqsadida:

1. 2024-yil 1-sentabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

sugʻurtaning barcha turlari boʻyicha sugʻurta (qayta sugʻurta) shartnomalarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali roʻyxatdan oʻtkazish va sugʻurta polislarini ushbu tizim orqali rasmiylashtirish majburiy hisoblanadi;

barcha sugʻurta turlari boʻyicha sugʻurta polislarini faqat qogʻoz shaklda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi;

sugʻurta polislarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali rasmiylashtirmaslik ularni haqiqiy emas deb topishga asos boʻladi hamda sugʻurtalovchi tomonidan litsenziya talablari va shartlarini bir marta qoʻpol ravishda buzish hisoblanadi;

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sugʻurtalovchilar tomonidan koʻrsatiladigan sugʻurta xizmatlari sifati boʻyicha sugʻurtalovchilar reytingini yuritadi va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.

2. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi sugʻurta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

Sugʻurtalovchilarning tabaqalashtirilgan ustav kapitalining eng kam miqdorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) va Sugʻurta toʻlovlarini kafolatlash jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) barcha sugʻurta polislarini roʻyxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi, shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasi transport vositalarini sugʻurtalash” avtomatlashtirilgan axborot tizimi, Oʻzbekistonning yagona sugʻurta portali, Sugʻurta polislarining yagona reyestri va “E-Sugurta servis” yagona mobil ilovasini Jamgʻarma tomonidan Agentlik balansiga begʻaraz balans qiymatida oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Bunda, yangi axborot tizimlarini xarid qilish, ularning toʻliq ishlashini taʼminlash va saqlash, shu jumladan dasturiy taʼminotlarni ishlab chiqish va axborotlarni aktuallashtirish (yangilash) bilan bogʻliq boshqa tashkilotlar va mutaxassislarning xizmatlariga haq toʻlash Agentlik mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

4. Quyidagilarga shartnomalarning oʻz vaqtida rasmiylashtirilishini taʼminlash majburiyati yuklatilsin:

Soliq qoʻmitasi va Transport vazirligiga ish beruvchining va tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomalarini;

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi hamda Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasiga tegishliligi boʻyicha xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariya yuz bergan taqdirda boshqa shaxslarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomalarini;

(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 06/24/224/1068-son)

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga obyektlarni davlat mablagʻlari va hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga barpo etishda qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sugʻurta qilish shartnomalarini.

Agentlik sugʻurtaning yuqorida koʻrsatilgan turlari boʻyicha shartnomalarning majburiy tuzilishi boʻyicha tegishli tizimni (modullar, dasturiy mahsulotlar) ishlab chiqish va joriy etish uchun masʼul etib belgilansin.

Bunda, mazkur bandning beshinchi xatboshisida koʻrsatilgan vazifalar bajarilishini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar Agentlik mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

5. Agentlik:

2025-yil 1-yanvardan boshlab sugʻurtalovchilarning hisobotlarini soddalashtirish, avtomatlashtirish va yagona axborot tizimida shakllantirishga bosqichma-bosqich oʻtish choralarini koʻrsin;

sugʻurta tavakkalchiligi darajasiga sezilarli taʼsir koʻrsatuvchi holatlardan kelib chiqqan holda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta tariflarini aktuar hisob-kitoblarga asosan qayta koʻrib chiqib, uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda sugʻurta mukofotlarini hisoblashni avtomatlashtirish, sugʻurtalovchini tanlash huquqi bilan elektron shaklda shartnomani majburiy tuzish imkoniyatini yaratish orqali majburiy sugʻurta shartnomalarini tuzish jarayonlari soddalashtirilishini taʼminlasin;

ikki oy muddatda sugʻurta qildiruvchilarni (jabrlanuvchilarni) majburiy sugʻurta shartnomalaridan kelib chiqadigan daʼvolar boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod etish boʻyicha qonun loyihasini kiritsin.

6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

shartnomalarni tuzish, sugʻurta mukofotlarini hisoblashni avtomatlashtirish va sugʻurta hodisalari boʻyicha arizalarni elektron shaklda yuborish tizimini ishlab chiqish va ishga tushirish uchun qonunchilik hujjatlari talablariga, shuningdek, Agentlikning texnik shartlari va talablariga muvofiq keladigan tashkilotlarni hamkorlik kelishuvi asosida jalb etishga ruxsat beriladi;

2024-yil 1-sentabrdan boshlab mazkur qarorning 5-bandida nazarda tutilgan majburiy sugʻurta shartnomalarini tuzish Agentlikning, manfaatdor vazirlik va idoralarning, shuningdek, boshqa jalb qilingan tashkilotlarning axborot tizimlari orqali ommaviy oferta shaklida amalga oshiriladi.

7. Bosh prokuratura Agentlik bilan birgalikda majburiy sugʻurta toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining aniq va bir xilda bajarilishi ustidan taʼsirchan nazoratni oʻrnatsin.

8. Belgilansinki, 3-ilovaga muvofiq belgilanadigan sugʻurtalovchilarning (qayta sugʻurtalovchilarning) kalendar badallari mablagʻlari Agentlikka yoʻnaltiriladi.

Bunda, sugʻurtalovchilar (qayta sugʻurtalovchilar) tomonidan 2023-yil uchun toʻlanmagan kalendar badallarining tegishli summalari Agentlikning shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazilishi lozim.

9. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Agentlik bilan birgalikda milliy sugʻurta bozori ehtiyojlaridan kelib chiqib, uch oy muddatda ilgʻor xorijiy tajriba asosida oliy taʼlimning milliy standartlari va taʼlim dasturlarini qayta koʻrib chiqish orqali bakalavriatning sugʻurta ishi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddatini tayanch boʻlmagan fanlarni qisqartirish hisobiga toʻrt yildan uch yilgacha qisqartirish boʻyicha tegishli takliflar kiritsin.

10. Agentlik, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi 2024-yil 1-iyuldan Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot tizimlarida tegishli modullarni ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi va Agentlikning yagona axborot tizimlari bilan integratsiya qilish orqali qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi (toʻliq qurilish davri uchun) mavjud boʻlmagan taqdirda, davlat budjeti mablagʻlari va Hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga barpo etiladigan obyektlarni moliyalashtirishga yoʻl qoʻymaslikni taʼminlasin.

11. Agentlik 2025-yil 1-yanvarga qadar ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrgangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin:

yuridik shaxslarning koʻchmas mulkini tabiiy va texnogen ofatlardan majburiy sugʻurta qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;

takaful tamoyillarini va mahsulotlarini bosqichma-bosqich joriy etish;

yuklatilgan sugʻurta turlarini bosqichma-bosqich kengaytirish;

“Yashil sugʻurta” (Green insurance) mahsulotlarini joriy etish;

ixtiyoriy tibbiy sugʻurtaning qamrovini oshirish va yanada rivojlantirish.

12. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Agentlik, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ushbu qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini, shuningdek, sugʻurta madaniyati va aholining sugʻurta xizmatlariga ishonchini oshirishga qaratilgan mavzuli koʻrsatuvlar va eshittirishlar tashkil etilishini taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 5-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

15. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 1-mart,

PQ-108-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-martdagi PQ-108-son qaroriga 1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi sugʻurta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-martdagi PQ-108-son qaroriga 2-ILOVA

Sugʻurtalovchilarning tabaqalashtirilgan ustav kapitalining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-martdagi PQ-108-son qaroriga 3-ILOVA

Kalendar badali miqdorini aniqlash va toʻlash

1. Sugʻurta (qayta sugʻurta) tashkilotlari har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan xabardor qilingandan soʻng besh ish kuni ichida Agentlikning shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga tegishli miqdorda pul mablagʻi oʻtkazish yoʻli bilan kalendar badalini toʻlaydi.

2. Kalendar badali stavkasi sugʻurta (qayta sugʻurta) tashkilotlari sof sugʻurta mukofotlarining 0,2 foizi miqdorida belgilanadi.

3. Har bir oʻtgan chorak uchun sof sugʻurta mukofotlari toʻgʻridan-toʻgʻri sugʻurta va birgalikda sugʻurta (sugʻurta tashkilotining birgalikda sugʻurtalash shartnomasida belgilangan ulushi) boʻyicha sugʻurta mukofotlari hamda kiruvchi qayta sugʻurta mukofotlari yigʻindisidan chiquvchi qayta sugʻurta mukofotlarini chegirib tashlagan holda hisoblanadi.

4. Kalendar badalining 80 foizi miqdoridagi mablagʻ sugʻurtalovchilar (qayta sugʻurtalovchilar) bankrot deb topilganda, sugʻurta qildiruvchilarga (sugʻurtalangan shaxslarga, naf oluvchilarga) sugʻurta (qayta sugʻurta) toʻlovlarining yoki qaytarilishi lozim boʻlgan sugʻurta mukofotlarining yetishmagan qismini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

Kalendar badal summasining qolgan qismi quyidagi maqsadlarga yoʻnaltiriladi:

sugʻurta bozorini rivojlantirishga, aholining sugʻurta bozoriga ishonchini oshirishga va jamiyatda sugʻurta madaniyatini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlarni tashkil qilish, shuningdek, xalqaro darajadagi ekspertlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda sugʻurta faoliyati masalalari boʻyicha seminarlar, konferensiyalar va forumlarni tashkil etish;

Agentlik rahbarlari va xodimlarini oʻqitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan xorijda tashkil qilish;

milliy va xorijiy mutaxassislarni, xalqaro va xorijiy tashkilotlarni, shuningdek, konsalting tashkilotlarini jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;

Agentlikning joriy xarajatlarini moliyalashtirish;

Agentlikning idora qilish va boshqaruv funksiyalarini amalga oshirish bilan bogʻliq sarflar, shu jumladan, elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yuritish boʻyicha xarajatlarni qoplash;

axborot tizimlarini ishlab chiqish, sotib olish, joriy etish va ulardan foydalanish, shuningdek, dasturiy taʼminotni ishlab chiqish va axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlarni aktuallashtirish (yangilash) bilan bogʻliq uchinchi tomon tashkilotlari va mutaxassislarining xizmatlariga haq toʻlash xarajatlarini qoplash;

axborot xavfsizligi sohasidagi xarajatlarni, shu jumladan muhandislik va konsalting xizmatlari uchun toʻlovlarni, maʼlumotlarni qayta ishlash xizmatlarini va boshqalarni moliyalashtirish;

Agentlik faoliyatini yaxshilashga yoʻnaltirilgan vakillik va tadbirlar xarajatlarini (videoroliklar, davriy nashrlar, broshyuralar, bukletlar, kitoblar, toʻplamlar tayyorlash, konferensiyalar, davra suhbatlari, seminarlar va hokazolarni oʻtkazish) qoplash;

xodimlarga ish haqi toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish: jumladan mukofotlash, qoʻshimcha toʻlovlar va ustamalar toʻlash, shuningdek, ijtimoiy taʼminlash;

Agentlik xodimlariga sugʻurta sohasida va (yoki) Agentlik tizimida koʻp yillik xizmatlari uchun mukofotlar toʻlash;

xodimlarga moddiy yordam koʻrsatish.

5. Kalendar badallarining vaqtinchalik boʻsh mablagʻlari tijorat banklarining depozitlariga joylashtirilishi mumkin.

6. Ushbu Tartibda nazarda tutilmagan maqsadlarda Agentlikning hisobvaraqlaridan kalendar badali mablagʻlarini oʻtkazish va vaqtinchalik olish taqiqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-martdagi PQ-108-son qaroriga 4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-maydagi “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-872-son qarorida 3-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“sugʻurtalovning, sugʻurta brokerining hamda ular alohida boʻlinmalarining rahbarlari va bosh buxgalterlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlar Sugʻurtalovchining, sugʻurta brokerining hamda ular alohida boʻlinmalarining rahbariga va bosh buxgalteriga qoʻyiladigan malaka talablari toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan malaka talablariga mos kelgan taqdirda tayinlanadi (saylanadi)”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4412-son qarori 4-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“vakolatli davlat organi sugʻurtalovchilar tomonidan qoʻllanilayotgan sugʻurta tariflarini, isteʼmolchilarning sugʻurta xizmatlari sifatidan qoniqishi darajasini, shuningdek, sugʻurta mahsulotlarining samaradorligini tahlil qilish asosida sugʻurta zaxiralarining qabul qilinayotgan tavakkalchiliklarga maqbulligini taʼminlaydigan sugʻurta zaxiralarining minimal darajasini belgilaydi, shuningdek, aktuar hisob-kitoblarga asoslangan tavsiyaviy xarakterdagi sugʻurta tariflarining minimal miqdorini oʻrnatish huquqiga ega”.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-oktabrdagi “Sugʻurta bozorini raqamlashtirish va hayot sugʻurtasi sohasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5265-son qarorining 2-bandi uchinchi xatboshisidagi “2024-yil” soʻzlari “2028-yil” soʻzlari bilan almashtirilsin.

4. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 24-iyundagi “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi 141-son qarorida:

a) 2-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 24-iyundagi 141-son qaroriga 2-ILOVA

Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha toʻlovlarni kafolatlash jamgʻarmasining Kuzatuv kengashi

Izoh: Jamgʻarma kuzatuv kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, Jamgʻarma kuzatuv kengashi tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi”;

b) 3-ilova izoh qismining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Jamgʻarma kuzatuv kengashi zarur hollarda Jamgʻarma direksiyasi tuzilmasi va soniga oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega”.

5. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 24-iyundagi 177-son qarori bilan tasdiqlangan Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish qoidalariga 1-ilovada:

a) Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi kirish qismidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi” soʻzlari “sugʻurta sohasida vakolatli davlat organi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 11-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Ish beruvchi mazkur sugʻurta shartnomasini imzolash orqali shartnoma tuzilganidan boshlab besh ish kuni ichida sugʻurta mukofoti toʻlanmagan hollarda sugʻurtalovchi tomonidan ish beruvchining hisob raqamidan sugʻurta mukofotini soʻzsiz tartibda bank muassasasi orqali undirib olinishiga roziligini bildiradi”.

6. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-sentabrdagi 266-son qarori bilan tasdiqlangan Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish qoidalariga 2-ilovada:

a) Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi kirish qismidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi” soʻzlari “sugʻurta sohasida vakolatli davlat organi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 12-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Tashuvchi mazkur sugʻurta shartnomasini imzolash orqali shartnoma tuzilganidan boshlab besh ish kuni ichida sugʻurta mukofoti toʻlanmagan hollarda sugʻurtalovchi tomonidan tashuvchining hisob raqamidan sugʻurta mukofotini soʻzsiz tartibda bank muassasasi orqali undirib olinishiga roziligini bildiradi”;

7. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida yagona nizomga 6-ilovaning 9-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-martdagi PQ-108-son qaroriga 5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 10-apreldagi “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-618-son qarorining 2-bandi va 2-ilovasi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-oktabrdagi “Sugʻurta bozorini raqamlashtirish va hayot sugʻurtasi sohasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5265-son qaroriga ilovaning 14-pozitsiyasi.

3. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 1060-son qarorining 1 — 6-bandlari hamda qarorga 1 — 3-ilovalar.

4. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-dekabrdagi 694-son qarori bilan tasdiqlangan Elektron turdagi sugʻurta xizmatlarini koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 40-bandi.

5. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 4-avgustdagi “Yongʻinlar profilaktikasi samaradorligini oshirish va yongʻin xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 332-son qarorining 8-bandi hamda ilovaning 9-pozitsiyasi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.