Aholining ijtimoiy zaif qatlamlari uchun ijtimoiy xizmatlar va yordamlarning sifatini oshirish va ulardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, shuningdek, Jahon banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) 2024-yil 24-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (keyingi oʻrinlarda — XTU) oʻrtasida:
“Aholining zaif qatlamlarini integratsiya qilish uchun Oʻzbekistonning innovatsion ijtimoiy himoya tizimi (INSON)” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) amalga oshirish uchun 30 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan 100 mln AQSh dollari miqdorida kredit ajratish toʻgʻrisida bitim imzolanganligi;
2 mln AQSh dollari miqdorida grant ajratish toʻgʻrisida bitim imzolanganligi va mazkur bitim doirasida XTU Erta taʼlim sohasida hamkorlik boʻyicha trast jamgʻarmasi tashkilotining grant agenti sifatida qatnashishi;
b) loyihaning umumiy qiymati 148,9 mln AQSh dollarini, bunda loyihani amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining ulushi 46,9 mln AQSh dollari ekvivalentini tashkil etishi;
v) loyihani amalga oshirish muddati 5 yil (2024 — 2029-yillar) etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Aholining zaif qatlamlarini integratsiya qilish uchun Oʻzbekistonning innovatsion ijtimoiy himoya tizimi (INSON)” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga muvofiq;
“Aholining zaif qatlamlarini integratsiya qilish uchun Oʻzbekistonning innovatsion ijtimoiy himoya tizimi (INSON)” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan ajratilgan qarzni qaytarish, shuningdek, qarz boʻyicha foizlar, xizmat koʻrsatish uchun va majburiyatlar boʻyicha vositachilik haqi toʻlovlarini toʻlashning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziriga mazkur qarorga muvofiq jalb etiladigan kredit va grant mablagʻlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi nomidan moliyaviy bitim va grant bitimlarini imzolash, zaruratga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) takliflari asosida moliyaviy va grant bitimlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Agentlik kredit hamda grantlardan maqsadli va samarali foydalanish uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
loyihani amalga oshirish davrida Agentlik huzurida loyiha doirasidagi qarz mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan 6 ta shtat birligidan iborat boʻlgan Loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etiladi;
Loyihani amalga oshirish guruhiga loyihani amalga oshirish doirasidagi ishlar va xizmatlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash, XTU kredit mablagʻlaridan foydalanishni nazorat qilish hamda hisobini yuritish vazifalari yuklanadi;
ajratilgan qarzni qaytarish, shuningdek, qarz boʻyicha foizlar, xizmat koʻrsatish uchun va majburiyatlar boʻyicha vositachilik haqi toʻlovlarini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
loyihani amalga oshirish doirasida ijtimoiy xizmatlar, axborot tizimlarini joriy etishga boʻlgan talablar Agentlik tomonidan belgilanadi.
5. Agentlik Loyihani amalga oshirish guruhini malakali mutaxassislar bilan toʻldirishni taʼminlasin.
6. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Agentlikning buyurtmanomalariga binoan loyihani amalga oshirish doirasida jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi oʻrtasida imzolangan qarz va grant bitimlarining kuchga kirishi uchun yuridik xulosa talab qilingan taqdirda, Adliya vazirligi qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli yuridik xulosa taqdim etilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Agentlik direktori M.P. Olloyorov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 16-iyul,
PQ-256-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-iyuldagi PQ-256-son qaroriga 1-ILOVA
“Aholining zaif qatlamlarini integratsiya qilish uchun Oʻzbekistonning innovatsion ijtimoiy himoya tizimi (INSON)” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari
* Yakuniy xarajatlar koʻrsatkichlari tovar va xizmatlarni yetkazib berish boʻyicha tender natijalariga koʻra aniqlanadi.
** 2-komponent doirasida kredit mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan tajriba-sinov tadbirlari yakunlangandan soʻng, ilk tashkil etilgan hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari (HIXM) ish samaradorligi baholanadi. Muvaffaqiyatli deb topilgan ijtimoiy xizmat turlarini taqdim etishni davom ettirish uchun HIXMlarining shu faoliyat bilan bogʻliq operatsion faoliyat xarajatlari Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi (loyihani amalga oshirilish davrida: 30 063 ming AQSh dollari ekvivalentida).
*** Yakuniy xarajatlar koʻrsatkichlari Davlat budjeti hisobidan qoplanishi koʻzda tutilgan soliqlar va bojlardagi oʻzgarishlar va loyihaning xarid rejasidagi oʻzgarishlar natijalariga koʻra aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-iyuldagi PQ-256-son qaroriga 2-ILOVA
“Aholining zaif qatlamlarini integratsiya qilish uchun Oʻzbekistonning innovatsion ijtimoiy himoya tizimi (INSON)” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan ajratilgan qarzni qaytarish, shuningdek, qarz boʻyicha foizlar, xizmat koʻrsatish uchun va majburiyatlar boʻyicha vositachilik haqi toʻlovlarini toʻlashning
* Majburiyat uchun toʻlov qarz bitimi imzolangandan soʻng 60 kundan keyin hisoblanadi.
** Toʻlov summalari qarzlarning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib aniqlanadi.