PF-109-son Farmon · 12.08.2024

Faktoring xizmatlari bozorini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-109
  • Qabul qilingan sana:12.08.2024
  • Kuchga kirgan sana:14.08.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/24/109/0613

Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishning koʻchar aktivlarga asoslangan instrumentlarini rivojlantirish orqali kichik va oʻrta biznes subyektlari faoliyati uzluksizligini taʼminlash imkoniyatlarini yanada oshirish maqsadida:

1. Markaziy bank tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan birgalikda Xususiy huquqni unifikatsiya qilish xalqaro institutining (UNIDROIT) Faktoring boʻyicha namunaviy qonuni asosida Oʻzbekistonda faktoring xizmatlari bozorini rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Markaziy bankning pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (keyingi oʻrinlarda — faktoring) faoliyatini amalga oshiruvchi faktoring tashkilotlarini tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Faktoring tashkiloti faoliyati nobank kredit tashkiloti sifatida reyestrga kiritish vositasida Markaziy bankda hisob roʻyxatidan oʻtgandan keyin amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.

3. Belgilansinki, 2025-yil 1-yanvardan boshlab:

a) quyidagilarga ruxsat etiladi:

mijozning kontragenti norezident boʻlganda faktoring operatsiyalarini xorijiy valyutada amalga oshirishga;

kredit tashkilotlariga faktoring shartnomalari boʻyicha sotib olingan pul talabnomalarini qayta sotishga (refaktoring);

b) pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish boʻyicha taqiqni buzganlik uchun javobgarlik bekor qilinadi;

v) voz kechilgan huquqqa boʻlgan talabnomalarning ustuvorligini taʼminlash maqsadida pul talabnomasidan voz kechish toʻgʻrisidagi xabarnomalar garov reyestrida roʻyxatga olinadi;

g) qarzdorning roziligisiz pul majburiyatining valyutasi va toʻlov amalga oshiriladigan mamlakat oʻzgartirilishi mumkin emas.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ushbu Farmonning 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan talablardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tegishli qonun loyihasini kiritsin.

4. Markaziy bankning Faktoring xizmatlari elektron platformasini (keyingi oʻrinlarda — Faktoring platformasi) joriy qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Faktoring platformasida quyidagi imkoniyatlar nazarda tutilsin:

tadbirkorlik subyektlari tomonidan faktoring xizmatlaridan foydalanish uchun pul talabnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumot va hujjatlarni kiritish;

pul talabnomasiga asos boʻlgan hujjatlarning haqiqiyligini tekshirish, shuningdek, qarzdorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tezkor yigʻish va ularning real vaqt rejimida tahlil qilinishini taʼminlash orqali moliyalashtirish jarayonini avtomatlashtirish;

kredit tashkilotlari tomonidan taʼminot zanjiri ishtirokchilariga faktoring xizmatlari koʻrsatilishi uchun qulay, tezkor va xavfsiz texnologik infratuzilmani taqdim etish.

5. Faktoring platformasida pul talabnomalarining haqiqiyligini tekshirish, ularni roʻyxatdan oʻtkazish, qarzdorning toʻlovga qobiliyatliligini baholash va faktoring, jumladan, xalqaro faktoringni amalga oshirish imkoniyatlarini yaratish maqsadida:

a) quyidagilar Markaziy bank va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali Faktoring platformasiga integratsiya qilinishi va axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin:

Soliq qoʻmitasi — elektron hisobvaraq-fakturalar maʼlumotlar bazasi, elektron tovar-transport yuk xati tizimi hamda yuridik shaxslarning moliyaviy hisobotlarini olish imkoniyati bilan soliq toʻlovchilarning elektron bazasini;

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Bojxona qoʻmitasi — Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda — TSOYAEAT).

Bunda Markaziy bank soʻroviga koʻra boshqa vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarining Faktoring platformasiga integratsiya qilinishi lozimligi belgilansin;

b) Markaziy bank kredit tashkilotlari Faktoring platformasiga ulanishi va ushbu platforma orqali raqamli faktoring xizmatlarini koʻrsatishni yoʻlga qoʻyishni taʼminlasin;

v) ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan korxonalarda aksiyador (ishtirokchi, muassis) funksiyasini amalga oshiruvchi vazirlik va idoralar ushbu korxonalarning Faktoring platformasiga ulanishi va tender hamda eng yaxshi takliflarni tanlash orqali tuzilgan hamda muddatli toʻlov koʻzda tutilgan shartnomalar boʻyicha hisobvaraq-fakturalarning platformaga joylashtirib borilishini taʼminlasin.

6. Belgilansinki, kredit tashkiloti boʻlmagan shaxslar tomonidan tashkil etiladigan faktoring elektron platformalarining axborot tizimlari xavfsizligi, kiberxavfsizlik va ularni IT auditdan oʻtkazish boʻyicha talablar Markaziy bank tomonidan oʻrnatiladi.

7. Tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlarining faktoring xizmatlarini ommalashtirish va rivojlantirish, sohaga oid standartlarni ishlab chiqish, faktoring bozori ishtirokchilari oʻrtasida aloqalarni mustahkamlash maqsadida Faktoring milliy assotsiatsiyasini (keyingi oʻrinlarda — Assotsiatsiya) tashkil etish haqidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.

Markaziy bank Assotsiatsiya bilan birgalikda mahalliy va xalqaro bozorlardagi soʻnggi tendensiyalarni tahlil qilib, faktoringni rivojlantirish choralari koʻrilishi hamda sohadagi masalalar vakolati doirasida hal qilib borilishini taʼminlasin.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Savdo-sanoat palatasi, xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda faktoring sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda sohadagi yetakchi xorijiy banklar va faktoring kompaniyalari bilan aloqalar oʻrnatishga koʻmak bersin.

8. Belgilab qoʻyilsinki, tashqi savdo operatsiyalarida faktoringni keng qoʻllash imkoniyatini yaratish maqsadida:

a) 2025-yil 1-yanvardan boshlab eksport kontrakti boʻyicha debitor qarzdorlikni sotib olish toʻgʻrisidagi shartnoma asosida:

faktoring xizmatlarini koʻrsatuvchi kredit tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — moliya agentlari) rezident boʻlganda, ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlar TSOYAEATga eksport kontrakti boʻyicha valyuta mablagʻlarini oluvchi sifatida kiritiladi hamda aktivlarni repatriatsiya qilish toʻgʻrisidagi talabning bajarilishini taʼminlash majburiyati mazkur moliya agentlariga oʻtadi;

moliya agentlari norezident boʻlganda, aktivlarni repatriatsiya qilish toʻgʻrisidagi talabning bajarilishini taʼminlash majburiyati eksport qiluvchida qoladi. Bunda eksport kontraktlari boʻyicha debitor qarzdorlikni sotib olish shartnomasi asosida norezident moliya agentidan mablagʻ kelib tushganda, aktivlarni repatriatsiya qilish toʻgʻrisidagi talab bajarilgan hisoblanadi;

koʻrsatilgan xizmatlar uchun moliya agentlari tomonidan ushlab qolinadigan pul talabnomasi summasining 10 foizidan ortiq boʻlmagan miqdordagi mukofot puli (diskont) debitorlik qarzi sifatida hisobga olinmaydi;

b) eksport qiluvchining norezidentga (qarzdorga) nisbatan eksport shartnomasidan kelib chiqadigan xorijiy valyutadagi pul talablari evaziga rezident boʻlgan moliya agenti tomonidan milliy valyutada pul mablagʻlari berilganda, eksport qiluvchilar uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlarining amaldagi tartibi saqlab qolinadi.

9. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Faktoring xizmatlari bozorini rivojlantirish “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlari xodimlarining faktoring xizmatlariga oid bilim va kasbiy mahoratlarini oshirish uchun qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil qilish, faktoring xizmatlarini ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining faktoring xizmatlaridan xabardorligini oshirish, faktoringning afzalliklari yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish;

Markaziy bank tomonidan kredit tashkilotlariga faktoring operatsiyalari hisobini yuritish, garov reyestrida roʻyxatdan oʻtkazish, Faktoring platformasida ishlash boʻyicha tushuntirishlar berish va faktoring bozori holati sharhini eʼlon qilib borish;

Savdo-sanoat palatasi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Bojxona qoʻmitasi tomonidan xalqaro faktoring operatsiyalarini TSOYAEATda roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha qoʻllanmalar ishlab chiqish, xorijiy banklar va faktoring kompaniyalari bilan hamkorlik oʻrnatish.

10. Faktoring xizmatlari bozorini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari sifatida quyidagilar belgilansin:

faktoring xizmatlari hajmini 3 yil davomida 10 baravarga oshirish;

2026-yil yakuniga qadar davlat ulushi mavjud banklar tomonidan koʻrsatilgan faktoring xizmatlari ulushini jami moliyalashtirish hajmida 3 foizga yetkazish.

11. Markaziy bank manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Markaziy bank raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 12-avgust,

PF-109-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi PF-109-son Farmoniga ILOVA

Faktoring xizmatlari bozorini rivojlantirish

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.