PQ-399-son Qaror · 22.11.2024

Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-399
  • Qabul qilingan sana:22.11.2024
  • Kuchga kirgan sana:04.12.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/399/1000

[Koʻchirma]

Mamlakatimizda teatr sanʼatini yanada rivojlantirish, teatrlar faoliyatini takomillashtirish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohada ijodiy hamkorlik va erkinlikni taʼminlash, spektakllarning badiiy saviyasini oshirishni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, budjet mablagʻlari va boshqa resurslardan samarali foydalanish, sohaga jahon teatr sanʼatining ilgʻor tajribalari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish maqsadida:

1. 2025 — 2030-yillarda 1-ilovaga muvofiq:

buyuk tarixiy shaxslarning ibratli hayoti va ijodi, ularning bolaligi va yoshligini ifodalovchi milliy qahramon obrazlari;

insonning jamiyatdagi oʻrni va qadr-qimmatini targʻib etuvchi “Inson qadri uchun” ezgu gʻoyasi asosida yangi sahna asarlari yaratib borilsin.

Belgilansinki:

teatr jamoalari davlat buyurtmasi asosida yaratilgan spektakllar bilan reja asosida respublika boʻylab gastrol safarlariga yuboriladi;

teatr sanʼatining zamonaviy janr va yoʻnalishlaridagi spektakllarga ham davlat buyurtmasi berib boriladi;

davlat teatrlarida vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning buyurtmalari asosida ularning budjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan spektakllar sahnalashtiriladi.

2. 2025 — 2028-yillarda davlat teatrlari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va modernizatsiya qilishning manzilli dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda loyihalash va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda quyidagilar inobatga olinadi:

teatrning yoʻnalishi kelib chiqqan holda arxitektura-rejalashtirish, sahna mexanizmlari, tomosha zalining akustik talablarga javob berishi, zamonaviy raqamli va dasturlashtirilgan texnologiyalar bilan jihozlash va landshaft yechimlarini qoʻllash;

tashrif buyuruvchilar, xususan, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, turistlarga xizmat koʻrsatishni rivojlantirish;

teatrlarning zamonaviy yangi konsepsiyalari, sohaga xorijiy ilgʻor tajribalarni samarali qoʻllash.

3. Teatr sanʼatini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi 2025-2026-yillarda Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani asosida myuzikl yaratsin, uning tantanali premyerasini, alohida reja asosida mamlakatimiz va jahon boʻylab gastrollarini tashkil etsin.

5. Teatr sanʼatida ijodiy hamkorlikni rivojlantirish, dramaturglar va yosh rejissorlarni ragʻbatlantirish maqsadida:

dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot hamda yosh rejissorlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti va sanʼat arbobi Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofot taʼsis etilsin, ushbu mukofotlar boʻyicha tanlovlar har ikki yilda oʻtkazilib, ularning gʻoliblari mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlansin;

rejissor — dramaturg — kompozitor — rassom tamoyili asosida ijodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 2025-yildan boshlab har yili avgust oyida “Nigoh” ijodiy loyihasi amalga oshirilsin;

“Nigoh” ijodiy loyihasi doirasida hamkorlikda yaratilgan va ijodiy tanlov asosida aniqlangan eng yaxshi 5 ta asarni ushbu loyiha granti asosida teatrlarda sahnalashtirish hamda rejissor, dramaturg, kompozitor, rassomlarni moddiy ragʻbatlantirib borish amaliyoti joriy qilinsin;

milliy akademik musiqa sanʼatini rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida har ikki yilda milliy kompozitorlar tanlovi oʻtkazib borilsin.

6. Teatrlar bilan taʼlim tashkilotlarining uzviy hamkorligini yoʻlga qoʻyish maqsadida:

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga maqsadli qabul kvotalari teatrlardagi kadrlarga boʻlgan ehtiyojni inobatga olib belgilansin;

kasbiy taʼlim tashkilotlarining soʻnggi bosqich oʻquvchilari, uchinchi va toʻrtinchi bosqich bakalavr hamda magistratura talabalarining haftada kamida ikki kun teatrlarda amaliy mashgʻulotlar oʻtashi yoʻlga qoʻyilsin;

har yili davlat buyurtmasi uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida musiqiy teatr, dramatik va qoʻgʻirchoq teatri rejissorligi yoʻnalishi boʻyicha bitiruvchilarining beshtagacha eng yaxshi bitiruv malakaviy ishlari uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 100 barobarigacha miqdorda davlat buyurtmasi berib borilsin;

har yili beshtagacha maqsadli ilmiy-tadqiqot loyihalari belgilangan tartibda Davlat budjetidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilsin.

Madaniyat vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ushbu bandda belgilangan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlasin.

7. Teatr sanʼati hamda teatr tanqidchiligida “ustoz-shogird” anʼanalari va mahorat maktablarini rivojlantirish maqsadida teatr sanʼatidagi isteʼdodli va yuqori malakali ijodkorlar, teatrshunoslar va sanʼatshunoslarning mahorat maktablari tashkil etilsin.

Bunda:

mahorat maktablari tashkil etiladigan ijodkorlar roʻyxati Madaniyat vazirligi hayʼati qarori bilan tasdiqlanadi;

mahorat maktabini yaratgan ijodkorlar belgilangan tartibda asosiy ish joyining (tashkilotining) budjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida mahorat maktablarida oʻqitish samaradorligini baholash asosida qoʻshimcha ragʻbatlantirib boriladi;

mahorat maktablariga ularni tashkil etgan ijodkorlar faoliyat yuritadigan tashkilot obyektlaridan mahorat darslarini oʻtish uchun joy ajratiladi va boshqa zarur shart-sharoitlar yaratiladi;

mahorat maktablari xorijiy mutaxassislar bilan shartnomalar asosida ham tashkil etilishi mumkin.

8. Bolalar va oʻquvchi-talabalarning teatr sanʼatiga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish va ularning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish maqsadida:

a) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan:

maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar uchun stol usti, barmoq, qoʻlqopli va qoʻgʻirchoqli kichik sahna koʻrinishlarini sahnalashtirish hamda bolalar ijodiy jamoalari faoliyati yoʻlga qoʻyilsin;

davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida maktab teatr jamoalari tashkil etilsin hamda ular oʻrtasida “Turon” maktab teatri respublika tanlovi oʻtkazib borilsin;

“Barkamol avlod” bolalar maktablarida “Tasavvur” qoʻgʻirchoq teatri toʻgaraklari tashkil etilsin;

b) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oliy taʼlim muassasalarida talabalar teatr-studiyalari faoliyati kengaytirilsin hamda ular oʻrtasida teatr-studiyalar respublika koʻrik-festivali oʻtkazib borilsin.

Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan:

tadbirlarning yuqori bosqichlari teletanlov va tele-shou shaklida tashkil etiladi;

tadbirlarning respublika bosqichida 1, 2 va 3-oʻrinni egallagan jamoalar tegishli ravishda bazaviy hisoblash miqdorining 100, 70 va 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda bolalar va oʻquvchi-talabalarning yoshi, qiziqishlari, taʼlim-tarbiya olishi, ijodiy va intellektual rivojlanishini inobatga olib, 2025-yildan boshlab har yili 10 ta pyesa yaratib, ularning elektron toʻplamini tuzsin.

9. Madaniyat vazirligi huzuridagi Teatrlar faoliyati boʻyicha badiiy kengash tugatilib, spektakllarning janri va mavzusini inobatga olgan holda ixtisoslashgan badiiy-ekspert guruhlari tashkil etilsin va ular faoliyatiga mutanosib ravishda haq toʻlab borilsin.

Davlat teatrlarida bosh rejissor teatr badiiy kengashining rahbari hisoblansin (bundan badiiy rahbar lavozimi joriy etilgan teatrlar mustasno). Bosh rejissorning badiiy faoliyatiga teatr direktorining aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.

10. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri huzurida ushbu teatrning amaldagi shtat jadvali doirasida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Teatr rejissorlari akademiyasi tashkil etilsin.

Belgilansinki:

Teatr rejissorlari akademiyasi Madaniyat vazirligiga tegishli binolar, teatr sahnalari, dekoratsiya va boshqa jihozlardan oʻquv maqsadlarida bepul foydalanishi mumkin;

Teatr rejissorlari akademiyasi davlat buyurtmasi asosidagi spektakllarni sahnalashtirish jarayoniga ijodiy koʻmaklashadi;

Teatr rejissorlari akademiyasida davlat teatrlari rejissorlari har ikki yilda, shu jumladan, yangi tayinlangan rejissorlar oʻz faoliyatini boshlashidan oldin kamida ikki oy davomida individual dastur asosida amaliy mashgʻulotlardan oʻtadi, shuningdek, ushbu dastur doirasida yangi janr va yoʻnalishlardagi spektakllarni sahnalashtirish amaliy tajribadan oʻtkaziladi. Teatr rejissorlari faqat Teatr rejissorlari akademiyasida malaka oshiradi;

davlat teatrlarida bosh rejissorga nisbatan intizomiy jazolar qoʻllash Teatr rejissorlari akademiyasi bilan majburiy tartibda kelishgan holda amalga oshiriladi.

Madaniyat vazirligi ikki oy muddatda Teatr rejissorlari akademiyasi faoliyatini tashkil etsin, shuningdek, kelgusida uning samarali faoliyati olib borishiga har tomonlama koʻmaklashsin.

11. Teatrlar faoliyatiga tahliliy baho berish va teatr tanqidchiligini ragʻbatlantirish maqsadida quyidagilar joriy etilsin:

teatrshunoslik va sanʼatshunoslik yoʻnalishi doktorantlari hamda professor-oʻqituvchilarning har oyda kamida ikkita spektakl tomosha qilish va har chorakda kamida bir marotaba yangi spektakl koʻrigi va muhokamasida ishtirok etish;

har bir teatrga teatr tanqidchilari sifatida teatrshunos, sanʼatshunos, dramaturglarni jalb etish;

teatr tanqidchilari va dramaturglari klubini tashkil etish hamda har chorakda kamida bir marotaba badiiy tanqid va dramaturgiyani rivojlantirish boʻyicha davra suhbatlari, seminarlar va omma eʼtiborida boʻlgan sahna asarlari muhokamasini oʻtkazish.

Madaniyat vazirligi ikki oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan teatr tanqidchiligini ragʻbatlantirish tartibini belgilasin. Bunda har bir yangi asar boʻyicha mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida Madaniyat vazirligiga ajratiladigan budjet mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirish nazarda tutilsin.

12. Teatrlarda davlat buyurtmasi asosida spektakllarni sahnalashtirish hamda tarixiy va zamonaviy mavzular boʻyicha sahna asarlarini yaratishni ragʻbatlantirish maqsadida:

milliy mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning yuqori badiiy-gʻoyaviy saviyaga ega asarlarini teatrlarda sahnalashtirish maqsadida inssenirovka uchun har yili 10 tagacha davlat buyurtmasi berib borilsin;

har yili spektakllarni sahnalashtirish uchun nodavlat teatr va teatr-studiyalarga Madaniyat vazirligi tomonidan uning hisob-kitoblariga muvofiq davlat buyurtmasini berib borish yoʻlga qoʻyilsin;

2025-yildan boshlab, har ikki yilda tarixiy va zamonaviy mavzular boʻyicha “Eng yaxshi pyesalar” tanlovi tashkil etilsin va tanlovda gʻolib deb topilgan 20 ta eng yaxshi pyesalar teatrlarda sahnalashtirilib, har bir yoʻnalish boʻyicha tanlov gʻoliblariga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 barobarigacha miqdorda bir martalik mukofot puli berilsin;

jahon dramaturgiyasi namunalaridan tarjima qilingan asarlar boʻyicha har yili “Eng yaxshi tarjima sahna asarlari” tanlovi joriy etilsin va tanlov gʻoliblariga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 50 barobarigacha miqdorda bir martalik mukofot puli berilsin;

2027-yil yakuniga qadar madaniyat va sanʼat taʼlim muassasalari oʻquvchi-talabalari uchun taʼlim jarayonida foydalanadigan 50 tagacha xorijiy adabiyotlarni davlat buyurtmasi asosida oʻzbek tiliga tarjima qilish amaliyoti joriy qilinsin;

2025-yildan boshlab, har yili 25 nafar ijodiy va yordamchi xodimlarning xorijiy davlatlar teatrlarida mahoratini oshirishni yoʻlga qoʻyish tizimi joriy qilinsin.

13. Belgilansinki, 2025-yildan boshlab, Oʻzbekiston teatr jamoalarining milliy reytingi tuziladi hamda har yili 27-mart — Xalqaro teatr kunida eʼlon qilinadi.

Bunda:

teatr xodimlari milliy reytingga, shuningdek, Madaniyat vazirligi tomonidan belgilanadigan teatrlar ijodiy xodimlarining spektakl sahnalashtirish va ijro etish meʼyorlariga muvofiq holda ragʻbatlantiriladi;

milliy reyting teatrlar va ularning ijodiy xodimlarining faoliyatini baholash hamda yil davomida namoyish etilgan sahna asarlariga tomoshabinlarning munosabatlari asosida shakllantiriladi.

14. Aholi, ayniqsa, yoshlarning teatrlarga doimiy tashriflarini nazarda tutuvchi “Teatr — ibratxonadir” dasturi amalga oshirilsin. Belgilansinki, uning doirasida:

spektakllarning chiptalariga chegirmalar taqdim qilish va aksiyalar oʻtkazish tavsiya etiladi;

“Mahalla yettiligi” aʼzolari bilan birgalikda har oyda mahallalarda “Teatr kuni” tadbirlari oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi. Bunda ijodiy uchrashuvlar va teatrlashtirilgan kompozitsiya namoyishlari yoki teatrlarga tashriflar tashkil etiladi;

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi boʻlgan shaxslar davlat teatrlarining spektakllariga bepul kiritiladi.

15. Belgilab qoʻyilsinki, teatrga tomoshabinlarni jalb etishni ragʻbatlantirish maqsadida 2025-yildan boshlab:

teatrlar faoliyati, shu jumladan, ularda namoyish etilayotgan asarlarni reklama qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun davlat buyurtmasi asosida asarlarni yaratish uchun rejalashtirilgan budjet mablagʻlarining 10 foizigacha miqdorda mablagʻ yoʻnaltirishga;

chiptalarni realizatsiya qilishni autsorsing asosida amalga oshirishga;

teatrning asosiy faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmagan holda savdo nuqtalarini, pulli xizmatlar koʻrsatish shoxobchalarini, shu jumladan, reklama vositalarini joylashtirishga, tashrif buyuruvchilar uchun “Sahna ortiga sayohat” mavzusidagi ekskursiyalarni tashkil etishga;

teatrlar brendini yaratish, faoliyatini targʻib qilish, marketing va qoʻshimcha pulli xizmatlarni yoʻlga qoʻyishda xususiy sektor xizmatlaridan foydalanishga ruxsat beriladi.

Belgilansinki, davlat teatrlari tomonidan spektakl premyeralari kamida bir oy oldin eʼlon qilib boriladi.

16. Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi va Madaniyat vazirligining teatrlar faoliyatini ommalashtirish, ularga tashrif buyuruvchilarni ragʻbatlantirish maqsadida Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimi orqali sotilgan teatr chiptalari asosida sovrinli oʻyinlar tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

17. Mamlakatimizda musiqali teatr sanʼatini rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi hamda bu sohada erishayotgan ulkan yutuqlari uchun Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatriga “Akademik” maqomi berilsin.

18. Belgilansinki, 2026-yil yakuniga qadar Oʻzbekiston davlat yoshlar teatri faoliyati zamonaviy namunali teatr sifatida tashkil etiladi.

Bunda ushbu teatrda jahonning nufuzli teatrlaridagi eng ilgʻor tajribalar asosida zamonaviy koʻrinishdagi spektakllar, tomosha dasturlarini namoyish etish hamda uni teatr texnologiyalari bilan jihozlash nazarda tutiladi.

Madaniyat vazirligi Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda ushbu bandda belgilangan vazifalarning samarali bajarilishini taʼminlasin.

19. 2025-yil 1-yanvardan boshlab 2026-yil 31-dekabrga qadar huquqiy eksperiment tariqasida Oʻzbekiston davlat yoshlar teatri hamda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatriga moliyaviy, ijodiy va tashkiliy masalalarni mustaqil hal qilish vakolati berilsin.

Bunda:

amaldagi umumiy shtat birliklaridan koʻp boʻlmagan miqdorda va ish haqi fondi doirasida shtat birliklari soni va lavozimlar hamda Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan qoʻshimcha ragʻbatlantirish miqdorlari ushbu teatrlar tomonidan mustaqil belgilanadi;

ijodiy jarayonlarga mahalliy va xorijiy yuqori malakali ijodkor va mutaxassislar ushbu teatrlar tomonidan jalb etiladi;

ushbu teatrlar tomonidan teatrlar faoliyati bilan bogʻliq davlat xaridlari ular faoliyatining oʻziga xos jihatlarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi;

teatrlar direktori, badiiy rahbari, bosh rejissori faoliyati samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) Madaniyat vazirligi tomonidan belgilanadi;

shtat lavozimlaridan oqilona foydalanish holatini oʻrganish, shuningdek, badiiy, boshqaruv va yordamchi xodimlar attestatsiyadan oʻtkazilishi mumkin.

Ushbu teatrlar tomonidan namoyish etiladigan spektakllari soni, tomoshabinlarni jalb qilish hamda mablagʻ ishlab topish rejasi 2024-yildagi koʻrsatkichlarni kamida 20 foizga oshirilgan holda bajarilishi belgilanadi.

Madaniyat vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu bandda nazarda tutilgan masalalar boʻyicha teatrlarga amaliy yordam koʻrsatib borsin.

20. Vazirlar Mahkamasi 2025-yil sentabr oyiga qadar Toshkent shahrida davlat teatrlari uchun dekoratsiyalar va teatr jihozlarini saqlashga markazlashtirilgan ombor binosini belgilash, shuningdek, dekoratsiya va liboslar ishlab chiqarish sexlarini tashkil etish choralarini koʻrsin.

21. Madaniyat vazirligi va Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha xorijdan olib kelinadigan, teatrlarning faoliyati uchun zarur boʻlgan musiqa asbob-uskunalari, texnik jihozlar, dekoratsiyalar, chiroqlar, grim mahsulotlari va boshqa ashyolar 2030-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.

22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

23. Madaniyat vazirligi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

davlat teatrlarining bugungi zamonaviy va tez oʻzgarib borayotgan zamonda aholining madaniy ehtiyojlarini qanoatlantirish va maʼnaviyatini yuksaltirishdagi oʻrni va ahamiyatini chuqur tahlil qilib, ushbu maqsadlar uchun ajratilayotgan resurslardan samarali foydalanish boʻyicha takliflarni;

qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

24. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 22-noyabr,

PQ-399-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-399-son qaroriga2-ILOVA

2025 — 2028-yillarda davlat teatrlari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va modernizatsiya qilishning

Izoh: ushbu dasturga asosan yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal taʼmirlanadigan teatrlar binolari tomosha zallari akustika talablariga javob berishi, binolarni jihozlash ishlari zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshirilishi loyiha-smeta hujjatlarida alohida nazarda tutiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-399-son qaroriga3-ILOVA

Teatr sanʼatini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ-399-son qaroriga4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 4-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-2270-son qaroriga 35-ilovaning izoh qismi 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“3. Bolalar musiqa va sanʼat maktablarini saqlab turish bilan bogʻliq barcha xarajatlar (ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, kommunal xarajatlar) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab boriladi”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-112-son qarori quyidagi mazmundagi 2-1-band bilan toʻldirilsin:

“2-1. Madaniyat vazirligi tizimidagi bolalar musiqa va sanʼat maktablarining:

direktori, direktor oʻrinbosarlari, oʻqituvchi va konsertmeysterlarining ish haqi miqdorlari 2025-yil 1-yanvardan boshlab 10 foizga oshirilsin;

2025-yil 1-fevraldan boshlab kommunal xizmatlardan foydalanish boʻyicha belgilangan har oylik xarajatlar limiti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilsin.

Madaniyat vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-fevralga qadar:

a) bolalar musiqa va sanʼat maktablarida ota-onalar tomonidan bolalarning bolalar musiqa va sanʼat maktablarida oʻqishi uchun haq toʻlash va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.

Bunda mazkur mablagʻlar bolalar musiqa va sanʼat maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, maʼmuriy-boshqaruv xodimlari, barcha toifadagi xodimlarni moddiy ragʻbatlantirib borish, oʻquvchi, oʻqituvchi va konsertmeysterlarni respublika hamda xalqaro tanlovlar, festivallar, ijodiy mashgʻulotlarga yuborish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlashga yoʻnaltirilishi nazarda tutilsin;

b) bolalar musiqa va sanʼat maktablarida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadigan kommunal toʻlovlar boʻyicha har oylik limitni tasdiqlasin.

Belgilansinki:

mazkur bandning ijrosi uchun talab etiladigan xarajatlar Madaniyat vazirligi tomonidan taqdim etilgan hisob-kitoblarga muvofiq 2025-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi;

bolalar musiqa va sanʼat maktablari uchun kommunal xizmatlardan foydalanish boʻyicha belgilangan limitdan ortiq sarflangan kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar ota-onalar badali toʻlovlari hisobidan moliyalashtiriladi”.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-dekabrdagi “Opera va balet sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-64-son qarorida:

a) 7-bandning birinchi xatboshisidagi “toʻrtta” soʻzi “ikkita” soʻzi bilan almashtirilsin;

b) 9-bandning birinchi xatboshisidagi “har yili” soʻzlari “har ikki yilda bir marotaba” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

“Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri tomonidan 2022 — 2026-yillarda eng sara milliy, jahon opera va balet asarlarini sahnalashtirish repertuar

Izoh: zaruratga koʻra Madaniyat vazirligi yoki Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda ushbu rejaga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi”;

g) 6-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

“Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrining Vasiylik kengashi

Izohlar:

Vasiylik kengashi raisiga Vasiylik kengashi tarkibiga boshqa homiylar, metsenat va tadbirkorlik subyektlarini ularning tashabbusi asosida kiritish huquqi beriladi;

Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi”.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-329-son qarorida:

a) 6-ilovaning 11-pozitsiyasi chiqarib tashlansin;

b) 7-ilova quyidagi mazmundagi 20-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.