PF-26-son Farmon · 21.02.2025

Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-26
  • Qabul qilingan sana:21.02.2025
  • Kuchga kirgan sana:24.02.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/25/26/0170

Mamlakatimizda zamonaviy uy-joylar qurish koʻlamini hamda ipoteka mahsulotlari turlarini kengaytirib borish muhim ahamiyatga ega boʻlib, ushbu sohadagi islohotlar aholining turmush darajasini yanada yaxshilashga, urbanizatsiya jarayonlarining rivojlanishiga va pirovardida iqtisodiyotning oʻsishiga xizmat qiladi.

Jumladan, soʻnggi 5 yilda umumiy maydoni 21,7 million m-2 boʻlgan koʻp kvartirali uy-joylar barpo etilib, aholining uy-joy sotib olishiga koʻmaklashish uchun 67 trillion soʻmlik ipoteka kreditlari ajratildi hamda ushbu maqsadlarga Davlat budjetidan 44 trillion soʻm yoʻnaltirildi.

Daromadi yuqori boʻlmagan 64 mingdan ortiq fuqaroga 3,5 trillion soʻmdan ortiq subsidiya mablagʻlari toʻlab berildi.

Shu bilan birga, soʻnggi yillarda aholi soni yiliga qariyb 800 ming nafarga, yangi oilalar soni esa 300 mingtaga ortayotgani uy-joyga boʻlgan talabni qondirish boʻyicha ishlarni jadallashtirishni taqozo etmoqda.

Shuningdek, respublikadagi koʻp kvartirali uy-joy fondining qariyb 40 foizini tashkil etayotgan 2-3 qavatli uylar oʻrniga, yuqoriga (vertikal) oʻstirish tamoyili asosida ijtimoiy soha obyektlari va yashil maydonlarga ega zamonaviy uy-joylar qurish uchun yetarlicha imkoniyatlar mavjud.

Shunga koʻra, hududlarda uy-joylarni urbanizatsiya va renovatsiya tamoyillariga muvofiq qurish koʻlamini kengaytirish, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etishni jadallashtirish, ipotekani moliyaviy resurslar bilan taʼminlashda kapital bozorining rolini oshirish hamda tijorat banklari tomonidan ajratiladigan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishni davom ettirish maqsadida:

1. 2025-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturining (keyingi oʻrinlarda — Dastur) asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

hududlarda jami 8,1 million m-2dan iborat 135 ming kvartirali uy-joylarni qurish;

ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sonini 1,5 baravarga oshirish va mazkur maqsadlarga Davlat budjetidan 2,5 trillion soʻm yoʻnaltirish;

uy-joy va ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan taʼminlash uchun 20,9 trillion soʻm miqdoridagi ipoteka kreditlarini ajratish;

“Yangi Oʻzbekiston” va boshqa massivlarda koʻp kvartirali uy-joylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash uchun Davlat budjetidan 700 milliard soʻm hamda tijorat banklarining oʻz mablagʻlari hisobidan 3,0 trillion soʻm miqdoridagi mablagʻlarni yoʻnaltirish.

2. 2025-yilda “Yangi Oʻzbekiston” va boshqa massivlarda koʻp kvartirali uy-joylar qurishning maqsadli koʻrsatkichlari 1 va 1a-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, 2025-yil 1-martdan boshlab “Yangi Oʻzbekiston” massivlari uchun yangi hududlar urbanizatsiya tamoyillariga muvofiq quyidagi mezonlarni inobatga olgan holda tanlanadi:

massivning tuman (shahar) markazida yoki unga yaqin (2 kilometrgacha) boʻlgan yaxlit bitta hududda joylashganligi hamda ushbu hududda istiqomat qiluvchi aholining uy-joyga talabi mavjudligi;

(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.02.2026-y., 06/26/29/0195-son)

massivning muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmalari bilan taʼminlanganligi yoki mavjud infratuzilmalarga yaqinligi;

massiv tashkil etilmoqchi boʻlgan hududda kamida 70 ming kishi istiqomat qilishi;

massivdagi jami kvartiralarning umumiy maydoni kamida 100 ming m-2 boʻlishi hamda 7 qavatdan kam boʻlmagan uylar qurilishi rejalashtirilganligi;

koʻp kvartirali uy-joylarni qurish xarajatlarining kamida 2 foizi uy-joylar atrofida yashil hududlar yaratishga yoʻnaltirilganligi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini tashkil etish maqsadida tanlangan hududlar ushbu bandda nazarda tutilgan mezonlarga muvofiqligi uchun shaxsan masʼul etib belgilansin.

3. 2025-yil 1-maydan boshlab “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish doirasida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) yer uchastkalarini koʻp kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish boʻyicha auksion savdolarida qatnashish, koʻp kvartirali uy-joylarni qurish va ularni realizatsiya qilishga faqat qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchi yuridik shaxslarga ruxsat etiladi;

b) yer uchastkalarini koʻp kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish boʻyicha auksion savdolari ofertasida loyiha oldi hujjatlari tayyorlashga 15 kunlik, loyiha ishlarini bajarishga 2 oylik va qurilish ishlarini boshlashga 3 oylik muddat belgilanadi, shuningdek, unda qurilishni yakunlash va obyektni foydalanishga qabul qilish muddatlari koʻrsatiladi. Bunda:

yer uchastkalari koʻp kvartirali uy-joylarni qurib bitkazish va foydalanishga qabul qilish muddatiga realizatsiya qilinadi;

oferta talablarini bajarmagan auksion savdosi gʻolibidan yer uchastkasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 6-sentabrdagi PF-135-son Farmoniga 4-ilovada belgilangan tartibda qaytarib olinadi va takroran auksion savdolariga qoʻyiladi;

v) auksion savdolarida yer uchastkasini koʻp kvartirali uy-joy qurish uchun ijaraga olgan yuridik shaxslar ijaraga olgan paytdan boshlab 12 oy davomida ushbu yer uchastkasi boʻyicha yer soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi.

Bunda koʻp kvartirali uy-joy belgilangan muddatda qurilib, foydalanishga topshirilmasa, imtiyozdan foydalanilgan davr uchun yer soligʻi 2 baravar miqdorda undiriladi;

g) “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida tijorat binolarini qurishga moʻljallangan yer uchastkalari umumiy maydonining kamida 10 foiz qismi uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalari bilan birga yagona lot sifatida auksion savdolariga chiqariladi.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarining yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari loyihalarini ishlab chiqish va qurishda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratsin:

yangi quriladigan infratuzilma inshootlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari va energiya tejovchi uskunalaridan keng foydalanish;

koʻp kvartirali uy-joylar va ijtimoiy soha muassasalarining elektr energiya taʼminotiga xususiy operatorlarni jalb qilish;

yangi barpo etiladigan massivlarning issiqlik taʼminotini qurishda muqobil issiqlik tizimlaridan (issiqlik nasoslari, quyosh suv isitish qurilmalari va boshqalar) keng foydalanish;

oqova suv tozalash tizimlarida texnologik qayta tozalangan suvlarni massivlar hududini obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, irrigatsiya va boshqa maqsadlarga yoʻnaltirishni yoʻlga qoʻyish.

5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bankning 2025-yil 1-martdan boshlab:

tijorat banklari tomonidan “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp kvartirali uy-joylar qurilishini amalga oshiruvchi qurilish tashkilotlariga aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun 12 oylik imtiyozli davr bilan 24 oy muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan koʻpi bilan 2 foiz bandga yuqori stavkada kreditlar ajratish;

ushbu kreditlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 12 oylik imtiyozli davr bilan 24 oy muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladigan mablagʻlar hisobidan bosqichma-bosqich qayta moliyalashtirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

6. Quyidagilarning:

“Oʻzmilliybank” AJ, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, “Asakabank” AJ, AT “Aloqabank” va “Turonbank” ATBning 2025-yil 1-dekabrga qadar mustaqil ravishda xorijdan jalb qilingan 310 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar hisobidan qurilish tashkilotlarini aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash uchun 2 yilgacha muddatga kreditlar ajratish;

“Agrobank” ATB, “Mikrokreditbank” ATB, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB, AT “Xalq banki”ning 2025-yil 1-mayga qadar xorijdan 200 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni jalb qilish va yil yakuniga qadar ushbu resurslar hisobidan qurilish tashkilotlarining aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun kreditlar ajratish toʻgʻrisidagi tashabbuslari qoʻllab-quvvatlansin.

7. Belgilansinki, koʻp kvartirali uy-joylarni foydalanishga qabul qilish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida 2025-yil 1-maydan boshlab:

a) qurilishni boshlashdan foydalanishga ruxsatnoma berishga qadar boʻlgan jarayonlar toʻliq onlayn rejimida “Shaffof qurilish” tizimida amalga oshiriladi;

b) qurilishi tugallangan koʻp kvartirali uy-joydan foydalanishga ruxsatnoma berishda faqat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya), hamda davlat yongʻin nazorati organlaridan xulosa olinadi. Bunda:

buyurtmachi tomonidan ishlab chiqilgan dastlabki loyiha hujjatlari shaharsozlik ekspertizasidan oʻtkazishdan oldin sanitariya-epidemiologiya xizmati, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari bilan kelishiladi;

qurilish-montaj ishlarining kelishilgan loyiha hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi Inspeksiya tomonidan belgilangan tartibda nazorat qilinadi;

Inspeksiya zarur hollarda boshqa idoralarning mutaxassislarini jalb qilishi mumkin;

v) Inspeksiyada roʻyxatdan oʻtgan va u tomonidan nazorat qilinadigan koʻp kvartirali uy-joylarni foydalanishga ruxsatnoma berishdan oldin instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish amaliyoti bekor qilinadi.

Bunda qurilish davrida koʻp kvartirali uy-joyni sinovdan oʻtkazgan laboratoriya tomonidan zilzilabardoshlikka doir instrumental-texnik tekshiruv xulosasi taqdim etiladi.

8. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi:

2025-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahrida, tajriba tariqasida, koʻp kvartirali uy-joylarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish hamda arxitektura rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish jarayonlarini birlashtirsin hamda buning hisobiga ushbu ishlar uchun talab etiladigan vaqtni 2 baravarga qisqartirsin;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda toʻrt oy muddatda koʻp kvartirali uy-joylarni qurish uchun yer uchastkasini realizatsiya qilishdan boshlab ulardan foydalanishga ruxsatnoma berishgacha boʻlgan barcha bosqichlarni qamrab oluvchi raqamli platformani test rejimida ishga tushirsin.

9. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi “yashil” standartlar (mezonlar) asosida qurilish loyihalari va qurilgan uy-joylarni baholash hamda sertifikatsiyalash boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi:

2025-yil 1-mayga qadar “yashil” standartlar asosida qurilish loyihalari va qurilgan uy-joylarni baholash hamda sertifikatlash tizimini joriy etsin;

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “yashil” standartlar asosida koʻp kvartirali uy-joylarni qurgan va uylarning ushbu standartga mosligini tasdiqlovchi vakolatli organning xulosasiga ega boʻlgan qurilish tashkilotlarga soliq imtiyozlarini berish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.

10. Markaziy bank 2025-yil 1-maydan boshlab tijorat banklari tomonidan qurilish tashkilotlarining “yashil” standartlar asosida koʻp kvartirali uy-joylarni barpo etish boʻyicha loyihalarini moliyalashtirish uchun Markaziy bank asosiy stavkasidan 2 foiz band yuqori foiz stavkada kreditlar ajratish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur kreditlarni qayta moliyalashtirish maqsadida Dastur doirasida uy-joylar qurilishi uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan tijorat banklariga ularning talabnomalariga koʻra Markaziy bank asosiy stavkasida zarur resurslar ajratib borsin.

11. 2025-yil 1-martdan boshlab renovatsiya asosida koʻp kvartirali uy-joylarni barpo etishning quyidagi tartibi joriy etilsinki, unga muvofiq:

a) renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan soʻng ruxsat beriladi;

b) mulkdorlarga, ularning xohishiga koʻra, quyidagi kompensatsiya turlaridan biri taqdim etiladi:

buzilayotgan turarjoy obyektlari oʻrniga ularning maydonidan kam boʻlmagan renovatsiya dasturiga muvofiq yangi quriladigan turarjoylardan yashash uchun tayyor holdagi kvartiralarni mulk huquqi asosida berish hamda qurilish davrida koʻchish, shu jumladan, boshqa turarjoy obyektini vaqtinchalik ijaraga olish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻliq qoplash;

buzilayotgan turar va noturar joy obyektining bozor qiymatini toʻliq qoplab berish;

renovatsiya loyihasi tashabbuskori bilan kelishilgan holda boshqa turdagi kompensatsiyani taqdim etish.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2025-yil yakuniga qadar renovatsiya dasturlari asosida 20 ming hamda 2026-yil yakuniga qadar — 30 ming kvartirali uy-joylar barpo etilishini taʼminlasin.

12. Quyidagilar:

2025-yilda ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun resurs ajratishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

2025-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar toʻlashning maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;

2025-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

13. Belgilansinki, Dastur doirasida:

2025-yilda banklar tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi PF-70-son Farmonida belgilangan miqdorlarda va shartlarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladi;

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Markaziy bank bilan birgalikda ipoteka kreditlari boʻyicha qoʻshimcha mahsulotlar joriy qilish va ushbu mahsulotlarni belgilangan tartibda moliyalashtirishga ruxsat beriladi;

ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratish yuzasidan arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2025-yil 3-martdan 1-noyabrga qadar qabul qilinadi;

2026-yil 1-yanvardan boshlab “eskrou” tizimi doirasida kamida 50 foizga qurilgan koʻp kvartirali uy-joylardan kvartiralar sotib olish uchun kreditlar ajratishga hamda ushbu kreditlar boʻyicha Davlat budjetidan subsidiyalar toʻlashga ruxsat etiladi. Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ulushdor jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlarni qayta moliyalashtirish huquqi beriladi.

Vazirlar Mahkamasi rasmiy daromadga ega boʻlmagan fuqarolarga ipoteka kreditini ajratish maqsadida ularning toʻlov qobiliyatini xarajatlar orqali skoring qilish tartibini takomillashtirish uchun “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsion platformasiga manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan zarur maʼlumotlarning oʻz vaqtida va uzluksiz kiritilishini taʼminlasin.

14. Markaziy bank, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining:

xalqaro moliya institutlariga Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berish;

“Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJning (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) ustav kapitalini 5-ilovaga muvofiq oshirish;

Kompaniya huzurida ipoteka obligatsiyalarini chiqarishga ixtisoslashtirilgan maxsus vakolatli tashkilot faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

ipoteka obligatsiyalarini chiqarish amaliyotini tartibga solishni nazarda tutuvchi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini joriy etish;

maxsus vakolatli tashkilotga ipoteka kreditlari jamlanmalari bilan taʼminlangan va yuqori likvidli aktiv maqomiga ega boʻlgan ipoteka obligatsiyalarini chiqarishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

15. Maxsus vakolatli tashkilotning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

tijorat banklaridan sotib olingan aktivlarni (ipoteka kreditlari jamlanmalarini) balansga qabul qilish;

tijorat banklaridan balansga qabul qilingan aktivlar (ipoteka kreditlari jamlanmalari) hisobini yuritish;

tijorat banklarining ipoteka kreditlari jamlanmalari taʼminoti ostida ipoteka obligatsiyalarini chiqarish;

tijorat banklarida maxsus hisob raqam ochish orqali ipoteka kreditlari jamlanmalari va ipoteka obligatsiyalari boʻyicha majburiyatlarni hisob-kitob qilish;

ipoteka obligatsiyalari emissiyasini amalga oshirish.

16. Belgilab qoʻyilsinki, “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida:

a) maxsus vakolatli tashkilotning ipoteka obligatsiyalari “Toshkent” respublika fond birjasi” AJda joylashtiriladi va ularning muomalasi ushbu birja orqali amalga oshiriladi.

Bunda Markaziy bank va tijorat banklari oʻrtasidagi ipoteka obligatsiyalari hamda Kompaniyaning obligatsiyalari bilan REPO operatsiyalarni “Oʻzbekiston respublika valyuta birjasi” AJ orqali amalga oshirishga ruxsat etiladi;

b) Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti va norezidenti boʻlgan yuridik shaxslarning ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari va ular qoshidagi maxsus vakolatli tashkilotlar tomonidan 2030-yil 1-yanvarga qadar emissiya qilingan obligatsiyalar boʻyicha hisoblangan daromadlari foyda soligʻidan ozod qilinadi.

Bunda ushbu imtiyoz mazkur obligatsiyalar muomalada boʻlgan davrda hisoblangan barcha daromadlarga tatbiq etiladi;

v) Kompaniya va maxsus vakolatli tashkilotga ishtirokchi tijorat banklarining avtomatlashtirilgan dasturiy tizimidagi tegishli ipoteka kreditlari bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlaridan foydalanish huquqi beriladi.

17. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Kompaniya soʻrovlariga asosan ushbu Farmonga 2-ilovada belgilangan mablagʻlar hisobidan Kompaniyaga 20 yilgacha muddatga Markaziy bank asosiy stavkasidan 1 foiz bandga yuqori stavkada kredit resurslari ajratilishini taʼminlasin.

Belgilansinki:

ushbu resurslar birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun 20 yilgacha muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan koʻpi bilan 6 foiz bandga yuqori boʻlgan stavkalarda ajratilgan va Kompaniya tomonidan belgilangan shartlarga mos boʻlgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi;

“yashil taʼmir” kreditining foiz stavkasini pasaytirish uchun Kompaniyaga xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan resurslar bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ajratiladigan resurslarni aralashtirib ishlatishga ruxsat beriladi.

18. 2025-yil 1-apreldan boshlab Kompaniyaning ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari boʻyicha aksiyador huquqini amalga oshirish vakolati Iqtisodiyot va moliya vazirligiga berilsin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Markaziy bank va Kompaniya bilan birgalikda 2025-yil 1-iyulga qadar Kompaniyaning ustav kapitaliga Davlat budjeti hisobidan kelgusi toʻrt yil davomida 1 trillion soʻm ajratish hamda 2030-yilga kelib uning ustav kapitalini 5 trillion soʻmga yetkazish boʻyicha reja-grafik ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yilda:

qoʻshimcha aksiyalarni chiqarish va ularni nominal qiymatida amaldagi aksiyadorlar oʻrtasida joylashtirish orqali Kompaniyaning ustav kapitali 1,4 trillion soʻmga yetkazilishini;

Kompaniyaning qoʻshimcha chiqarilgan aksiyalarini sotib olish uchun Davlat budjeti hisobidan kamida 100 milliard soʻm ajratilishini taʼminlasin.

19. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Markaziy bank hamda Kompaniya bilan birgalikda 2025-yil 1-avgustga qadar xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda quyidagilarni nazarda tutuvchi Uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning milliy strategiyasi loyihasini ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

urbanizatsiya jarayonlari bilan uzviy bogʻliq holda uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirishda davlat siyosatini yuritishning maqsad va vazifalarini belgilash;

uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirish tamoyillari va istiqbollarini belgilashda bozorning barcha ishtirokchilari uchun manfaatlar muvozanatini taʼminlash;

kapital bozoridan ipoteka bozoriga uzoq muddatli resurslarni jalb etishning barqaror tizimini shakllantirish va bosqichma-bosqich nodavlat sektor ulushini oshirish choralarini belgilash;

ulush kiritish va ipoteka krediti asosida uy-joylarni sotib olishning ishonchli va samarali infratuzilmasini yaratish;

uy-joylar qurilishida energiya samarador qurilish materiallaridan foydalanishni ommalashtirish.

20. Koʻp kvartirali uy-joylar qurish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer toifasidan tegishincha aholi punktlarining yerlari va sanoat maqsadlariga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilayotgan yer maydonlari roʻyxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida 2026-yil 1-yanvarga qadar ushbu Farmon bilan toifasi oʻzgarayotgan sugʻoriladigan yer uchastkalari maydonining 5 baravari miqdorida 7-ilovaga muvofiq yangi yerlar oʻzlashtirilishini taʼminlasin.

Belgilansinki, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yangi yer uchastkalari Kadastr agentligi tomonidan belgilangan tartibda hisobga olinganidan soʻng oʻzlashtirilgan hisoblanadi.

21. Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

22. Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi koʻp kvartirali uy-joylar qurilishining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini qatʼiy nazorat qilib, har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

23. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov, Markaziy bank raisi T.A. Ishmetov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.

Farmon ijrosini nazorat qilish hamda ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 21-fevral,

PF-26-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi PF-26-son Farmoniga1-ILOVA

2025-yilda “Yangi Oʻzbekiston” va boshqa massivlarda koʻp kvartirali uy-joylar qurishning

Izoh: 2025-yilda “Yangi Oʻzbekiston” va boshqa massivlarda koʻp kvartirali uy-joylar qurishning maqsadli koʻrsatkichlariga zarur hollarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi Rayosati bayoni bilan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi PF-26-son Farmoniga1a-ILOVA

2025-yilda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp kvartirali uy-joylar qurishning

Izoh: 2025-yilda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp kvartirali uy-joylar qurishning maqsadli koʻrsatkichlariga zarur hollarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi Rayosati bayoni bilan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi PF-26-son Farmoniga2-ILOVA

2025-yilda ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun resurs ajratishning

Izoh: 2025-yilda ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun resurs ajratishning maqsadli koʻrsatkichlariga zarur hollarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi PF-26-son Farmoniga3-ILOVA

2025-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar toʻlashning

Izoh: 2025-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar toʻlashning maqsadli koʻrsatkichlariga zarur hollarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi PF-26-son Farmoniga4-ILOVA

2025-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi PF-26-son Farmoniga5-ILOVA

“Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJning ustav kapitalini oshirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi PF-26-son Farmoniga6-ILOVA

Koʻp kvartirali uy-joylar qurish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer toifasidan tegishincha aholi punktlarining yerlari va sanoat maqsadlariga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilayotgan yer maydonlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-fevraldagi PF-26-son Farmoniga7-ILOVA

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida 2026-yil 1-yanvarga qadar yangi oʻzlashtiriladigan yer uchastkalari

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.