Soʻnggi yillarda xalq hokimiyatchiligini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish borasida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining (keyingi oʻrinlarda — mahalliy Kengashlar) hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini tashvishga solayotgan dolzarb masalalarni hal etish boʻyicha vakolatlarining takomillashayotganligi, shuningdek, yangilangan Konstitutsiyada mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilishi belgilanganligidan kelib chiqib, “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyilini roʻyobga chiqarish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilansin:
(a) mahalliy darajada xalq hokimiyatchiligini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish, jumladan, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish;
(b) fuqarolarning mahalliy boshqaruvda keng ishtirok etishiga oid demokratlashtirish jarayonlarini mustahkamlash, ijro hokimiyati organlarining mahalliy xalq vakillari oldidagi hisobdorligini oshirish;
(v) hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida nomarkazlashtirish va Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari hamda tuman va shahar Kengashlari vakolatlarini muvozanatli taqsimlash, har bir boʻgʻindagi mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining vazifa va funksiyalarini aniq belgilash;
(g) hududlararo savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari xalqaro hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlash.
II. Dasturiy hujjatlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari
2. Quyidagilar:
(a) Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
(b) Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tashabbuskorligini yanada oshirish maqsadida quyidagi vakolatlarni Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga oʻtkazish boʻyicha takliflarga rozilik berilsin:
(a) davlat koʻchmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara toʻlovining eng kam stavkalarini belgilash;
(b) dafn etish joylarini saqlash qoidalarini va dafn etish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tariflar miqdorini tasdiqlash;
(v) ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish;
(g) yoʻllarning ayrim qismlarida harakatlanish tezligini oshirishga yoki kamaytirishga (tegishli yoʻl belgilari oʻrnatib) ruxsat berish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) budjet loyihasini ishlab chiqishda mahalliy budjet xarajatlarining muayyan qismini mahalliy Kengash deputatlarining bevosita tashabbusi asosida shakllantirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
(b) Oliy Majlis palatalari huzuridagi yoshlar parlamentlari tajribasidan kelib chiqqan holda, jamoatchilik asosida mahalliy Kengashlar qoshida Yoshlar guruhlari tashkil etiladi;
(v) mahalliy Kengash huzurida nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda ilmiy doiralar vakillaridan iborat jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan Maslahat guruhlari tashkil etiladi;
(g) mahalliy Kengashlar kotibiyatlari faoliyatini tashkiliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan mustaqil moliyaviy hisob-kitob tizimi joriy etiladi;
(d) Xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi oʻrinbosari instituti tashkil etiladi.
5. Konsepsiya doirasida quyidagi takliflarni amalga oshirishga rozilik berilsin:
(a) viloyat, Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimi oʻrinbosarligiga nomzodlarni tegishli mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalarida dastlabki tarzda muhokama qilish, Kengash sessiyalarida nomzodlar tomonidan oʻz yoʻnalishlari boʻyicha hududni rivojlantirish dasturlarini taqdim etish tartibini joriy etish;
(b) mahalliy Kengashlarda deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining ayrim muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan axborotlarini eshitish boʻyicha “Kengash soati” institutini joriy qilish;
(v) mahalliy Kengashlar faoliyatining tashkiliy-moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash masalalarini mahalliy budjet parametrlarida alohida koʻrsatish orqali mehnatga haq toʻlash, ragʻbatlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash shartlarini mahalliy ijro etuvchi hokimiyat darajasidan past boʻlmagan holda belgilash;
(g) mahalliy Kengashlarning Reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiyalariga Kengash qarori bilan lavozimga tasdiqlanadigan, tayinlanadigan, lavozimga tayinlanishida Kengash roziligi olinadigan mansabdor shaxslar tomonidan odob-axloq normalarini buzganlik boʻyicha ishlarni koʻrib chiqish huquqini berish;
(d) Mahalliy Kengash qarorlarini qabul qilish jarayonlarining ochiqligini taʼminlash maqsadida fuqarolarning sessiya ishini bevosita kuzatish imkoniyatini yaratish. Bunda mahalliy Kengash sessiyalarida fuqarolarning sessiya ishiga aralashish huquqisiz kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi tartibini belgilash.
III. Axborot va dasturiy taʼminot
6. Raqamli texnologiyalar vazirligi bosqichma-bosqich “E-Kengash” elektron platformasini “qulaylik — soddalik — xavfsizlik” tamoyili asosida doimiy takomillashtirib borsin. Bunda “E-Kengash” elektron platformasida quyidagi asosiy imkoniyatlar boʻlishi nazarda tutilsin:
(a) mahalliy Kengashlar faoliyatiga doir hujjatlarni xavfsiz elektron arxiv platformasida (blockchain) saqlash imkoniyatini joriy etish;
(b) katta hajmli maʼlumotlar bilan ishlashda jamlangan namunaviy hujjatlar, tahliliy maʼlumot, hisobot va axborotlardan foydalanishni yoʻlga qoʻyish orqali qaror loyihalarini ishlab chiqish jarayonida tezkorlik va qulaylik yaratish;
(v) “E-Kengash” elektron platformasini turli tashqi xavflardan himoya qilish, axborot xavfsizligini taʼminlash va kiberhujumlarning oldini olish nuqtai nazaridan takomillashtirish;
(g) “E-Kengash” elektron platformasida hujjatlarni tasdiqlash va imzolashda Kengash raisini biometrik identifikatsiyalash (Face ID) texnologiyalarini joriy etish;
(d) sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida mahalliy Kengashlar qaror loyihalarini tayyorlash va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini muhokama qilib borish tavsiya etilsin.
8. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ushbu Konsepsiya doirasida amalga oshiriladigan ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 23-iyun,
PF-98-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi PF-98-son Farmoniga1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish
1-bob. Umumiy qoidalar
Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari (keyingi oʻrinlarda — mahalliy Kengashlar) faoliyatini samarali transformatsiya qilish, mahalliy Kengashlarning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (keyingi oʻrinlarda — Oliy Majlis Senati) va boshqa davlat organlari bilan hamkorligini rivojlantirish, mahalliy Kengashlar faoliyatida jamoatchilikning keng ishtirokini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PF-28-son “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Konsepsiya Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirishning maqsad va ustuvor vazifalari, istiqboldagi yoʻnalishlarini belgilaydi hamda sohaga oid chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish uchun asos boʻladi.
2-bob. Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari tizimining joriy holati va mavjud muammolar
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida davlat boshqaruvi va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etish, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish, vakillik organlari nazoratining samarali va taʼsirchan mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish borasida izchil ishlar olib borildi.
Xalq hokimiyatchiligini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish borasida mahalliy Kengashlarga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini tashvishga solib kelayotgan dolzarb masalalarni hal etish hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatish boʻyicha qator qoʻshimcha vakolatlar berildi.
Mahalliy Kengashlar faoliyatini tashkiliy, axborot-tahliliy va texnik qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2020-yilda mahalliy Kengashlarda doimiy asosda faoliyat yurituvchi kotibiyatlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Yangilangan Konstitutsiyaga asosan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga oʻz faoliyatini amalga oshirishda koʻmaklashish Oliy Majlis Senatining mutlaq vakolatlaridan biri sifatida belgilandi. Senat tarkibida Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiya, Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi tashkil etildi. Ular tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida tashkiliy, huquqiy, uslubiy va boshqa maslahat yordamlari koʻrsatib kelinmoqda.
Oliy Majlis Senati tomonidan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan 20 dan ortiq qarorlar qabul qilindi va mahalliy Kengashlar faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy asoslar mustahkamlandi.
Mahalliy Kengashlarning faoliyatiga oid 700 dan ortiq qonunchilik hujjatlari qayta koʻrib chiqilib, 300 dan ortiq funksiyalarni maqbullashtirish choralari koʻrildi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PF-28-son “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model — “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilishga qaratilgan qator qoidalar belgilab berildi.
Jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etish, xalqning bevosita ixtiyori asosida qaror qabul qilish talab etiladigan jami 33 ta vakolat mahalliy Kengashlar ixtiyoriga oʻtkazildi.
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, mahalliy Kengash deputatlari bilan fuqarolar oʻrtasida elektron muloqot maydonini yaratish, norma ijodkorligi faoliyatini soddalashtirish maqsadida “E-Kengash” elektron platformasi joriy etildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari, mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratildi hamda hokimiyatlar boʻlinishiga oid konstitutsiyaviy tamoyilning mahalliy darajada ham belgilanishiga erishildi.
2024-yil oktabr oyidagi saylov yakunlari boʻyicha shakllangan navbatdagi chaqiriq Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida birinchi marotaba Kengash raislari saylandi.
Amalga oshirilgan yuqoridagi islohotlar bilan birga, yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda mazkur qoidalarni amaliyotga faol tatbiq etish, mamlakatimiz demokratik taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlarini takomillashtirish va amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shuningdek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilab olingan maqsadlar mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning xohish-irodasini ifoda etuvchi institutga aylantirishni, mahalliy vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlarini aniq taqsimlagan yangi modelni yoʻlga qoʻyishni taqozo etmoqda.
Ayni paytda erishilgan natijalar bilan bir qatorda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatiga doir oʻz yechimini kutayotgan quyidagi dolzarb muammolar belgilangan maqsadlarni amalga oshirishga salbiy taʼsir etmoqda:
birinchidan, mahalliy Kengashlarning amaldagi maqomi oʻzaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini taʼminlashda yangilangan Konstitutsiyaning hokimiyatlar boʻlinishi tamoyilini toʻlaqonli ravishda amalga oshirish imkonini bermayapti;
ikkinchidan, mahalliy budjet, hududlarni rivojlantirish, investitsiya dasturlarini shakllantirish, ularning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishda mahalliy Kengash deputatlarining rolini oshirish taqozo etilmoqda;
uchinchidan, mahalliy Kengashlar tomonidan vazirlik va idoralarning quyi boʻgʻinlari, ayniqsa, tuman va shahar boʻlinmalari faoliyati samaradorligini baholash, ularga nisbatan taʼsir choralarini belgilashning huquqiy asoslari yetarli emas;
toʻrtinchidan, mahalliy Kengashlar oʻz vakolatlari doirasidagi masalalar boʻyicha qaror loyihalarini tayyorlash, kelishish, tasdiqlash boʻyicha yagona tartibni belgilash ehtiyoji mavjud;
beshinchidan, qonun ijodkorligi jarayonida mahalliy Kengashlarning faolligini oshirish lozim;
oltinchidan, hudud manfaatlariga oid muhim va dolzarb masalalarni hal etishda mahalliy Kengashlar hamda Oliy Majlis Senatining hamkorligini yanada kuchaytirish, hududiy muammolarni Senat orqali Hukumat darajasiga olib chiqib hal etish tizimini takomillashtirish zarurati mavjud;
yettinchidan, mahalliy Kengash deputati faoliyatini amalga oshirishning kafolatlari, ularni ijtimoiy himoyalash mexanizmlari yetarlicha tartibga solinmagan;
sakkizinchidan, mahalliy Kengash deputatlarining malaka va amaliy koʻnikmasini oshirib boradigan, oʻzaro tajriba almashadigan tizim mavjud emas;
toʻqqizinchidan, mahalliy Kengashlarning moddiy-texnika bazasi va kadrlar resursini mustahkamlashga ehtiyoj mavjud.
3-bob. Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari tizimini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yoʻnalishlari
1-§. Mahalliy Kengashlar, ularning organlari hamda deputatlarining nazorat faoliyatini takomillashtirish, budjet va hududlarni rejalashtirish jarayonlaridagi ishtirokini kuchaytirish
Mahalliy Kengashlar, ularning organlari hamda deputatlarining nazorat faoliyatini takomillashtirish, budjet va hududlarni rejalashtirish jarayonlaridagi ishtirokini kuchaytirish yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
1) mahalliy Kengashlarda deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining ayrim muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan axborotini eshitish boʻyicha “Kengash soati” institutini joriy etish;
2) viloyat, Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimi oʻrinbosarligiga nomzodlarni tavsiya etishda tegishli mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari xulosasini olish hamda Kengash sessiyalarida ular tomonidan oʻz yoʻnalishlari boʻyicha hududni rivojlantirish dasturlarini taqdim etish tartibini joriy etish;
3) mahalliy Kengashlar nazorat tadbirlari yakunlari boʻyicha hokim va ijro hokimiyati organlari mansabdor shaxslariga qoʻllaniladigan taʼsir choralarini kuchaytirish;
4) maʼmuriy, budjet va fiskal nomarkazlashtirish asosida hududlarning maʼmuriy va moliyaviy mustaqilligini yanada oshirish orqali ular tashabbuskorligini kuchaytirish. Bunda tuman (shahar) mahalliy budjetlariga ayrim turdagi davlat bojlari, majburiy yigʻimlar, toʻlovlar, jarimalar va ajratmalarni yoʻnaltirish masalasini koʻrib chiqish;
5) mahalliy Kengashlarda budjet mablagʻlari nazoratini amalga oshirish tartibini takomillashtirish, jumladan, respublika budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalaridan hududlarga ajratilayotgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatish;
6) mahalliy budjetni shakllantirish jarayoniga deputatlarni faol jalb etish orqali aholining turmush farovonligini oshirish, mahalliy Kengash deputatlarining tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tizimini yaratish;
7) mahalliy Kengashlar nazorat vakolatlarini amalga oshirish tartib-taomillarini ishlab chiqish;
8) mahalliy Kengashlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining hisobotlarini eshitish tizimini takomillashtirish, bunda hisobotlarni (axborotlarni) eshitishning davriyligini qayta koʻrib chiqish, ayrimlarini zaruratga koʻra eshitish tartibiga oʻtkazish.
2-§. Aholi muammolari va hudud manfaatlariga oid muhim va dolzarb masalalarni hal etishni “mahalla yettiligi” — tuman (shahar) Kengashi — viloyat Kengashi — Senat” tamoyili asosida kuchaytirish
Aholi muammolari va hudud manfaatlariga oid muhim va dolzarb masalalarni hal etishni “mahalla yettiligi” — tuman (shahar) Kengashi — viloyat Kengashi — Senat” tamoyili asosida kuchaytirish yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
1) respublika darajasida hal etiladigan hudud manfaatlariga oid muhim va dolzarb masalalarni Oliy Majlis Senati muhokamasiga olib chiqish tartibini (ijro muddati, ijro uchun masʼullar, amalga oshirish shakli) belgilash;
2) mahalliy Kengashlarning qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflarini Oliy Majlis Senatiga kiritish tartibini ishlab chiqish;
3) qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy Kengashlarni keng jalb etish, har bir qonun boʻyicha ularning fikrini olish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
4) mahalliy Kengashlarning nazorat-tahlil faoliyati samaradorligini oshirishda Oliy Majlis Senati Kengashi hamda mahalliy Kengashlar hamkorligini kengaytirish;
5) mahalliy Kengashlar raislarining Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlariga raislik qilish va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashishni samarali tashkil etishga koʻmaklashish vakolatini taʼminlash boʻyicha huquqiy asoslarni yaratish;
6) hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha dasturlarni shakllantirishda deputat va “mahalla yettiligi”ning ishtirokini taʼminlash tizimini joriy etishni nazarda tutish.
3-§. Mahalliy Kengashlarning norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatini takomillashtirish, qarorlar ishlab chiqishda keng jamoatchilikning keng ishtirokini taʼminlash
Mahalliy Kengashlarning norma ijodkorligi sohasidagi faoliyatini takomillashtirish, qarorlar ishlab chiqishda keng jamoatchilikning keng ishtirokini taʼminlash yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
1) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari qarorlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari hamda ilmiy doiralar vakillari salohiyatidan foydalanishning samarali mexanizmini yaratish;
2) mahalliy Kengash qarorlarini qabul qilish jarayonlarining ochiqligini taʼminlash maqsadida fuqarolarga sessiya ishini bevosita kuzatish imkoniyatini yoʻlga qoʻyish;
3) saylov huquqiga ega boʻlgan kamida ming nafar fuqarolar tuman (shahar) Kengashiga, kamida 5 ming nafar fuqaro viloyat va Toshkent shahar Kengashiga koʻrib chiqilishi shart boʻlgan elektron murojaat kiritishi huquqini berish.
4-§. Mahalliy Kengashlar deputatlarining maqomi va faoliyatining asosiy kafolatlarini yanada kuchaytirish
Mahalliy Kengashlar deputatlarining maqomi va faoliyatining asosiy kafolatlarini yanada kuchaytirish yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
1) mahalliy Kengash deputatining deputatlik faoliyatining kafolatlarini bir yil davomida takroran buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralarini kuchaytirish;
2) mahalliy kengash deputatining deputatlik faoliyati bilan bogʻliq ishlar bilan shugʻullanishi uchun uning asosiy ish joyi boʻyicha ish beruvchilarning masʼuliyatini oshirish. Bunda tashkilotlarning rahbarlari tomonidan deputatlikka saylangan xodimlariga mahalliy Kengash sessiyasi, doimiy komissiyalari, partiya guruhlari majlislarida ishtirok etish, saylovchilari bilan uchrashuvlar, fuqarolar qabullarini oʻtkazishga toʻsqinlik qilishiga yoʻl qoʻyilmasligini belgilash;
3) “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasi normalarini amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
4) mahalliy kengash deputatining tegishli viloyat, Toshkent shahri, tuman va shahar hududida joylashgan, moneliksiz kirishi mumkin boʻlgan korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar doirasini va kirish tartibini aniq belgilash;
5) mahalliy Kengash deputati uchun odob-axloq qoidalarida deputatlarning qarorlar qabul qilish jarayonida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishga oid aniq normalarni belgilash.
5-§. Mahalliy Kengashlar faoliyatining tashkiliy-institutsional asoslarini takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash
Mahalliy Kengashlar faoliyatining tashkiliy-institutsional asoslarini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
1) Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari deputatligiga saylash tartibini takomillashtirish;
2) xalq deputatlari viloyatlar Toshkent shahar Kengashlari hamda tuman (shahar) Kengashlari vakolatlarini aniq taqsimlash. Bunda har bir boʻgʻindagi mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining vazifa va funksiyalarini aniq belgilash hamda takrorlanishlarning oldini olish;
3) mahalliy Kengashlar sessiyalari oraligʻida tezkor masalalarni hal etish maqsadida Kengash rayosati institutini joriy etish va rayosat tomonidan koʻrib chiqiladigan masalalar doirasini aniq belgilash;
4) xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi oʻrinbosari institutini jamoatchilik asosida joriy etish hamda uning vakolatlarini belgilash;
5) mahalliy Kengashlarning Reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiyasiga Kengash qarori bilan lavozimga tasdiqlanadigan, tayinlanadigan, lavozimga tayinlanishida Kengash roziligi olinadigan mansabdor shaxslar tomonidan odob-axloq normalarini buzganlik boʻyicha ishlarni koʻrib chiqish vakolatini berish;
6) mahalliy kengashlar qoshida Yoshlar guruhlarini tashkil etish;
7) mahalliy Kengashlar faoliyatini tashkiliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari kotibiyatlarida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan mustaqil moliyaviy hisob-kitob tizimini joriy etish;
8) mahalliy Kengash kotibiyatlari xodimlari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida ularni ragʻbatlantirish turlarini kengaytirish;
9) mahalliy Kengashlarning bosqichma-bosqich moddiy-texnik taʼminotini mustahkamlash;
10) mahalliy Kengash deputatlari va ularning kotibiyatlari mutaxassislarining malaka va koʻnikmalarini tizimli oshirib borish dasturlarini joriy qilish.
6-§. Mahalliy Kengashlar faoliyatida oʻzaro va xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish
Mahalliy Kengashlar faoliyatida oʻzaro va xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
1) mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini oshirish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida oʻzaro hamkorlik mexanizmlarini belgilash;
2) mahalliy Kengashlar deputatlarining uyushma yoki birlashmalarga birlashishining huquqiy asosini yaratish;
3) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari xalqaro hamkorligining huquqiy asoslarini belgilash;
4) mahalliy Kengashlarning xalqaro darajadagi vakillik organlari uyushmalariga aʼzoligini yoʻlga qoʻyish masalasini oʻrganish;
5) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining transchegaraviy hamkorligini kuchaytirish.
7-§. Mahalliy Kengashlar faoliyatini toʻliq raqamlashtirish, “E-Kengash” elektron platformasini takomillashtirish
Mahalliy Kengashlar faoliyatini toʻliq raqamlashtirish, “E-Kengash” elektron platformasini takomillashtirish yoʻnalishida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
1) mahalliy Kengashlar faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida “E-Kengash” elektron platformasidan foydalanish funksiyalarini bosqichma-bosqich soddalashtirib borish;
2) mahalliy Kengashlar sessiyalarida ovoz berish tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish;
3) mahalliy Kengashlar faoliyatida elektron hujjat aylanish toʻliq “E-Kengash” platformasida yuritilishini yoʻlga qoʻyish;
4) keng jamoatchilik va OAVga mahalliy Kengashlar sessiyalarini kuzatish imkoniyatini kengaytirish maqsadida sessiyalarni “E-Kengash” platformasining mahalliy Kengashlar sahifalari orqali onlayn translyatsiya qilish amaliyotini tizimli yoʻlga qoʻyish;
5) mahalliy Kengashlar faoliyatining samaradorlik koʻrsatkichlarini ishlab chiqish hamda ushbu koʻrsatkichlar asosida “E-Kengash” elektron platformasida ularning elektron reytingi yuritilishini tashkil etish;
6) mahalliy Kengash qarorlarini ijrochilarga yetkazish va ularning ijrosini nazorat qilish jarayonlarini raqamlashtirish;
7) mahalliy kengashlar sessiya hamda majlislari davomida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda elektron stenogramma yuritish va avtomatik bayonnomalarni shakllantirish imkoniyatini yaratish.
4-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
Konsepsiya doirasida belgilangan vazifalarni bajarish orqali Oʻzbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirishda quyidagi natijalarga erishish nazarda tutilmoqda:
mahalliy Kengashlar hamda mahalliy Kengashlar deputatlarining nazorat faoliyati samaradorligini oshirishga erishiladi;
mahalliy Kengashlar tomonidan hudud manfaatlariga oid hamda aholi tomonidan koʻtarilayotgan muhim va dolzarb masalalarni hal etish boʻyicha imkoniyatlar kengaytiriladi;
mahalliy Kengash qarorlarini qabul qilish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflik taʼminlanadi;
mahalliy Kengashlarning norma ijodkorligi faoliyati sifati oshadi;
mahalliy Kengash faoliyatida nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda ilmiy doiralar vakillarining faol ishtiroki taʼminlanadi;
mahalliy Kengashlar deputatlari va kotibiyati xodimlarining malakasini tizimli ravishda oshirib borish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari xalqaro hamkorligining huquqiy asoslari yaratiladi;
raqamlashtirish orqali mahalliy Kengashlar faoliyati yanada takomillashtiriladi, sohada saylovchilar va deputatlar oʻrtasidagi munosabatlarda qulaylikka erishiladi, byurokratiyaning oldi olinadi;
mahalliy Kengashlar deputatlari faoliyatining kafolatlari kuchaytiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-iyundagi PF-98-son Farmoniga2-ILOVA
Oʻzbekistonda Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha